Portlatish skvajinalarini portlovchi modda bilan zaryadlash va portlatish usullarini tanlash Karerlarda asosan portlovchi modda zaryadining uzaytirilgan konstruksiyasidan foydalanilib, mazkur kontruksiyadagi zaryadlar quyidagi yutuqlarga ega:
Yaqin kunlargacha karerlarda asosan bir tekis to‘ldirilgan kolonkali zaryadlar qo‘llanilar edi. Kon jinsi massivini bunday kontruksiyadagi zaryad bilan portlatilganda pog‘ona yuqori qismida nogabaritlar ko‘p miqdorda hosil bo‘lishi bilan bir qatorda zaryad yaqinida kon jinslarining haddan tashqari maydalanib ketishi kuzatilardi. Bunda zaryad portlatilganda uning yaqinida katta hajmdagi juda maydalanib ketgan kon jinslari hosil bo‘ladi. Bunday bo‘lishiga asosiy sabab zaryad joylashgan kamerada portlash gazsimon mahsulotlarining yuqori bosim ostida tarqalishidir. Portlashdan so‘ng kon jinslarining bunday notekis maydalanishi ular bilan ishlashda muammolarni keltirib chiqaradi. Kon jinsi massivining bir tekisda maydalanishi ta’minlash uchun akad. N.V. Melnikov va t.f.d. L.N.Marchenko havoli bo‘shliqlar bilan bo‘lingan uzilma zaryad konstruksiyasini taklif qilishgan bo‘lib, unga ko‘ra zaryad ikki yoki undan ham ko‘proq bo‘laklarga bo‘linib ularning orasida havoli bo‘shliq qoldiriladi. Skvajinada havoli bo‘shliqni hosil qilish portlashning qattiq muhitdagi xarakterini o‘zgarishiga olib keladi: portlash bosimining tiqizligi sezilardi darajada kamayib, zaryad atrofidagi kon jinslari o‘ta maydalanib ketishining oldi olinadi; portlashning kon jinsi massiviga faol ta’sir ko‘rsatish vaqti cho‘ziladi; zaryad pastki va yuqori qismlari portlashidan hosil bo‘ladigan kuchlanish to‘lqinlarining interferensiyasi kuzatiladi. Bunda havoli bo‘shliq portlashning boshlang‘ich davrida hosil bo‘ladigan bosimni kamaytiruvchi kompensator vazifasini bajaradi. Portlash impulsi parametrlarining bunday o‘zgarishi hisobiga zaryad kamerasi atrofidagi kon jinslarining haddan tashqari maydalanib ketishi kamayadi, ya’ni portlashda ajralib chiqadigan energiya kon jinsi massiviga bir tekis ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu xulosa har xil kon-geologik sharoitlarda o‘tkazilgan tajriba ishlarida o‘z tasdig‘ini topgan. Shunday qilib havoli bo‘shliq bilan bo‘laklangan zaryadlar portlatilganda zaryad yuqori va pastki qismidan hosil bo‘lgan kuchlanish to‘lqinlarining o‘zaro kesishishi natijasida kon jins massivining maydalanish darajasi yaxshi va bir tekis bo‘lishiga olib kelishi muqarrar.
Qalmoqir karerida skvajina zaryadlari konstruksiyasi havoli bo‘shliqlarsiz bo‘lib skvajinalarni portlovchi modda bilan zaryadlash ishlari maxsus zaryadlash mashinalari yordamida mexanizatsiyalashgan holda amalga oshiriladi.
Bunda zaryadlash ishlarini boshlashdan oldin burg‘ulab tayyorlangan blok bo‘yicha hisoblash ishlari amalga oshirilib, portlatish ishlariga buyruq chiqqandan so‘ng zaryadlash ishlari bajariladi. Portlatish ishlarini amalga oshirish uchastkasi muhandis-texnik xodimi har smena boshida portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodimlar va zaryadlash mashinalari haydovchilarini burg‘ulab tayyorlangan blokdagi skvajinalar seriyasini zaryadlash va ularni portlatishga tayyorlash to‘g‘risidagi barcha hujjatlar bilan tanishtirish bilan bir qatorda portlatish ishlarini xavfsiz amalga oshirish yuzasidan yo‘riqnoma o‘tadi. Portlovchi modda portlatiladigan blokka kon ustasi yoki portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodim kuzatuvi ostida zaryadlash mashinasi yordamida olib kelinadi va zaryadlash ishlari bajariladi. Zaryadlash mashinasining harakatlanish marshruti kon ustasi yoki portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodim tomonidan ko‘rsatib turiladi. Zaryadlash mashinasi zaryadlanadigan skvajina ustiga haydab kelinganidan so‘ng portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodim uni zaryadlashga tayyorlaydi.
Bunda portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodim zaryadlash mashinasi shlanglarini skvajinaga tushirib, haydovchiga aralashtirish kamerasi yuritgichini ishga tushirish haqida xabar beradi. Shundan so‘ng haydovchi tomonidan 1200 ayl/min chastotada ishlovchi yuritgich ishga tushirilib operator tomonidan portlovchi modda massasini aniqlash pulti kuzatib turiladi (bunda yuritgichga mahkamlangan shnek aylanish soniga qarab portlovchi modda massasi aniqlanadi). Portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodim ko‘rsatmasiga binoan operator tomonidan shnek ishga tushiriladi.
Skvajinaga yuborilayotgan zaryad massasi hisoblagich ko‘rsatgichi bo‘yicha nazorat qilib turiladi. Zaryadlashni pult orqali boshqarish qurilmasi qo‘l yordamida va avtomatik rejimda ishlashga mo‘ljallangan. Skvajinalar ma’lum balandlikkacha zaryadlangandan so‘ng portlatish ishlarini amalga oshiruvchi xodim skvajina ichiga jangavor zaryadni tushuradi va shundan so‘ng skvajinaning qolgan qismiga portlovchi modda zaryadi quyiladi.
Agar skvajina ichidagi suv sathi 0.5 m gacha bo‘lsa skvajina Emulgit-30 portlovchi moddasi bilan 0.5 m dan ortiq bo‘lsa Emulgit-60 portlovchi moddasi bilan zaryadlanadi. Bunda skvajinadagi suv sathining balandligi 0.5 m da ortiq bo‘lganda shlang suv sathidan pastroqqacha tushirilib keyin zaryadlash ishlari amalga oshiriladi.
Zaryadlash mashinasida portlovchi modda tamom bo‘lgandan so‘ng portlatish ishlarini olib boruvchi bosh portlatuvchi mashinani zaryadlash blokidan chiqib ketishiga ruxsat beradi.
Agar blokda zaryadlash ishlari tugagandan so‘ng zaryadlash mashinasida portlovchi modda ortib qoladigan bo‘lsa u yo‘riqnomaga muvofiq o‘rnatilgan tartibda omborxonaga qaytariladi.
Smena so‘ngida haydovchi-operatorlar maxsus joyda zaryadlash mashinasi shneki va bunkerlarini suv yordamida yuvib tozalaydilar. Qishki mavsumda havo harorati 00S dan past bo‘lganda ushbu ishlar siqilgan havo yordamida amalga oshiriladi.
Bizga ma’lumki, portlovchi modda zaryadlarini portlatish usullari zaryadga berilayotgan boshlang‘ich impuls manbasiga bog‘liq holda olovli, elektr, elektr-olovli va detonatsiya pligi yordamida amalga oshirilishi mumkin. Qalmoqir karerida SINV tizimiga kiruvchi detonatsiya pligi bilan portlatish usuli qabul qilingan.