9- MAVZU: Biznes g’oyalarni shakllantirish va amalga oshirish
REJA: 1.Biznes g’oyalar: mazmuni, turlari shakllantirish bosqichlari.
2.Biznes g’oyalarni amalga oshirish shartlari.
3.Biznes g’oyani amalga oshirishda risklar
BIZNES-REJA Oldingi mavzulardan ma’lum bo‘ldiki, tadbirkorlik faoliyati muayyan darajada tavakkalchilik, risk bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra, tadbirkordan biron-bir xo‘jalik qarori qabul qilish, masalan, bankdan kredit olish, asbob-uskuna, moddiy resurslarni sotib olishdan oldin uni har tomonlama, puxta o‘ylab ko‘rish, tegishli hisob-kitob ishlarini amalga oshirish talab etiladi. Odatda, bunday hisob-kitob qilish, ma’lum chora-tadbirlarni amalga oshirish ketma-ketligini belgilab olish jarayoni biznesni rejalashtirish deb ataladi. Biznesni rejalashtirish natijasida tayyorlangan tashkiliy-iqtisodiy tavsifdagi hujjat biznes-reja deb nomlanadi.
Biznes-reja– tadbirkorlik faoliyatini boshlashdan avval uning tavsifi, faoliyat davri, ko‘zda tutilayotgan sarf-xarajat va kutilayotgan foyda kabi muhim jihatlari bayon etilgan tashkiliy-iqtisodiy tavsifdagi hujjat. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, biznes-reja har qanday tadbirkorlik faoliyati uchun muhim va zarurdir. Agar tadbirkor o‘z faoliyatini biznesrejasiz
boshlasa, mo‘ljallangan maqsadga erisha olmasligi mumkin. Biznes- reja tadbirkorlik faoliyatining xaritasi hisoblanib, uning aniq maqsadi, yo‘nalishlari va asosiy bosqichlarini belgilab beradi. Tadbirkorlik faoliyati boshlanganidan keyin olingan natijalar reja bilan solishtirib boriladi, mavjud muammolar aniqlanadi. Aks holda, tadbirkorlik faoliyatini boshqarish qiyinlashib ketadi.
Biznes-reja tuzish uning ishtirokchilaridan katta bilim, faoliyatga oid ma’lumotlar, yangi texnologiyalar va bozorlarni bilishni talab etadi. Biznes-reja tuzishda barcha jihatlarni e’tiborga olmaslik yoki ayrim kam chiliklarni yashirish hisob-kitob ishlarini chalkashtiradi. Bu esa korxona faoliyatini izdan chiqarishi yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli biznes-reja tuzishda malakali mutaxassislar, masalan, huquqshunoslar, iqtisodchilar, buxgalterlar, texnologlar xizmatlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir.