Jahon iqtisodiyoti globallashuvining bosqichlari
Bosqichlar
|
Bosqichlarning xususiyatlari
|
I-bosqich. 1870-1920 yillar
|
Xom-ashyo manbalarining egallanishi.
Tabiiy resurslarning kapital va to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni eksport qiluvchi mamlakatlar nazorati ostidagi hududlarda ishlatilishi.
|
II-bosqich.
1920-1970 yillar
|
Yangi bozorlarning vujudga kelishi va egallanishi.
Xorijiy investitsiyalarni tayyor mahsulotlar eksportiga yo’naltirilgan ishlab chiqarishlarga safarbar etilishi.
|
III-bosqich.
1970 yildan hozirgi davrgacha
|
Sanoati rivojlangan mamlakatlarda tabiiy resurslarga egalik qilishdan tashqari quyidagi maqsadlarning yuzaga kelishi:
investitsiyalar tarkibini samarali taqsimlash;
global yoki hududiy iqtisodiy integratsiya afzalliklaridan foydalanish;
qo’shimcha texnologik, tashkiliy yoki bozor imkoniyatlariga ega bo’lish;
global raqobatbardoshlikni oshirish va mustahkamlash.
|
Globallashuv jarayonini rivojlantiruvchi asosiy omillar sifatida quyidagilarni ajratib ko’rsatish mumkin:
Ishlab chiqarish, fan-texnika va texnologik omillar:
ishlab chiqarish ko’lamining keskin kuchayishi;
ishlab chiqarishning yangi texnologik usullariga – yuqori, ilmiy sig’imli texnologiyalarga o’tish;
mahsulotlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchlari harakatidagi to’siqlarga barham berilishi;
mahsulotlar va xizmatlarni tezlik bilan tarqatishni ta’minlovchi transport va aloqaning sifatli tizimi yaratiladi;
ilmiy va intelektual bilimlarni almashishning samarali tizimi vujudga keladi.
Tashkiliy omillar;
ishlab chiqarish-xo’jalik faoliyatini amalga oshirishning xalqaro shakli sifatida transmilliy korporatsiyalarning yuzaga kelishi;
nohukumat tashkilotlarining ko’p millatli yoki jahon darajasiga chiqishi;
ko’p millatli kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning global iqtisodiyotda asosiy rol o’ynovchi xususiy yoki davlat tashkiloti sifatida o’zgarishi.
Iqtisodiy omillar:
kapital bozori, mahsulotlar va xizmatlar savdosining erkinlashuvi hamda jahon savdosini erkinlashtiruvchi va protektsionizm siyosatini cheklovchi iqtisodiy erkinlashuvning boshqa shakllarini keng joriy etilishi;
kapital to’planishi va markazlashuvining kuchayishi, hosila moliyaviy instrumentlar bilan bog’liq operatsiyalarning oshishi, valyutaviy bitimlarni amalga oshirish vaqtining keskin qisqarishi;
xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan makroiqtisodiy siyosatning yagona mezonlarini joriy etilishi va boshqa iqtisodiy siyosatga oid talablarning bir xillashtirilishi;
standartlashtirish tendentsiyasining kuchaytirilishi. Barcha mamlakatlar tomonidan texnologiya, ekologiya va moliyaviy tashkilotlar faoliyatida, shuningdek, buxgalteriya va statistik hisobotlar tizimida yagona standartlardan foydalanishning keng joriy etilishi.
Axborot omillari:
moliyaviy, iqtisodiy ilmiy-texnik hamda ishlab chiqarishga oid ma’lumotlarni almashinish tizimining tubdan o’zgarishi. Ma’lumotlarni taqdim etish, qabul qilish va qayta ishlashning mutlaqo yangi tizimlarining yuzaga kelishi va rivojlanishi nou-xau va professional xizmatlarni o’z ichiga olgan moliyaviy va mahsulot bozorlarini birlashtiruvchi global tarmoqni yaratishga yordam berdi.
bitta markaz orqali turli mamlakatlarda joylashgan ishlab chiqarishlarni boshqarishga imkon beruvchi tizimning shakllanishi;
mahsulotlarni realizatsiya qilishning yangi shakllari vujudga kelishi.
Yuqoridagi qayd etilgan omillar ta’siri natijasida globallashuv jarayoni kuchaygan holda jahon iqtisodiyotining barcha soha va bo’g’inlarini egallab boradi.
Jahon iqtisodiyotida zamonaviy globallashuv jarayonlari eng avvalo sanoati rivojlangan mamlakatlar mavqeini mustahkamlab, ularga qo’shimcha afzalliklar beradi. Xalqaro mehnat taqsimoti doirasida globallashuv jarayonining kengayishi iqtisodiy past rivojlangan mavqeini salbiy o’zgarishiga sabab bo’lib, ularni globallashuv jarayonini sub’ektlariga emas, balki ob’ektlariga aylantirishi mumkin. Demak, globallashuv jarayonining alohida mamlakatlar iqtisodiyotiga ijobiy ta’sirinining darajasi ushbu mamlakatlarning jahon iqtisodiyotida tutgan o’rniga bog’liqdir.
Jahon iqtisodiyotining globallashuv darajasini quyidagi ko’rsatkichlar yordamida ifodalash mumkin:
xalqaro tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish hajmi hamda uning o’sish sur’atlari;
to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar hajmi va dinamikasi;
kapitalning xalqaro markazlashuvi hajmi va dinamikasi;
yirik, murakkab xalqaro investitsiya loyihalari (loyihaviy moliyalashtirish) hajmi va dinamikasini mazkur loyihalarning umumiy ko’rsatkichiga (ham ichki, ham tashqi)nisbati;
tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi hajmi va dinamikasini yalpi milliy mahsulotga nisbati;
patentlar, litsenziyalar, nou-xau bilan bog’liq xalqaro operatsiyalar miqyosi;
bank va boshqa kredit muassasalarining xalqaro operatsiyalar hajmi va dinamikasini ularning umumiy faoliyati hajmi va dinamikasi hajmiga nisbati;
xalkaro fond bozorlari hajmi va dinamikasi;
valyuta bozorlari hajmi va dinamikasi.
Makroiqtisodiy darajadagi globallashuv davlatlar va integratsion birlashmalarning iqtisodiy faolligini oshirib, savdo va investitsiya munosabatlaridagi to’siqlarni bartaraf etgan holda erkin savdo hududlarini tashkil etish asosida yuzaga keladi.
Globallashuv jarayonlari davlatlararo xo’jalik yuritish uchun iqtisodiy, huquqiy, axborot va siyosiy miqyosdagi o’zaro kelishuvlarni qamrab oladi.
Bundan tashqari globallashuv jarayoni dunyoning yirik mintaqalarida xo’jalik yuritishning bozor tizimini maqsadli shakllantirishga qaratilgan davlatlararo muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qamrab oladi.
Mikroiqtisodiy darajadagi globallashuv kompaniyalar faoliyatining ichki bozordan tashqarida kengayishi natijasida yuzaga keladi. Ko’pgina yirik transmilliy korporatsiyalar global miqyosda harakat qiladi va shu jihatdan transmilliy korporatsiyalar globallashuv jarayonining sub’ekti bo’lib, uni harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi.
Globallashuv jarayonining afzalliklari sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:
globallashuv xalqaro raqobatning kuchayishini yuzaga keltirdi. Bozorlarning kengayishi va undagi raqobat jarayonining kuchayishi nafaqat milliy darajada balki, jahon miqyosida ishlab chiqarishning o’sishini rag’batlantiruvchi xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuviga hamda ixtisoslashishiga olib keladi.
ishlab chiqarish tarmoqlarida tejamkorlikning ortishi. Bu holat, narxlarni pasayishi va xarajatlarni qisqarishiga, pirovardida barqaror iqtisodiy o’sishga olib kelishi mumkin.
globallashuvning ijobiy jihatlaridan yana biri – erkin savdodan keladigan yutuq barcha mamlakatlarni qanoatlantiradi;
xorijiy davlatlarning ilg’or ilmiy-texnik, texnologik yangiliklarini amaliyotga tatbiq etish natijasida iqtisodiy barqarorlikka erishilishi;
globallashuv jarayonida xalqaro raqobat kuchayib milliy bozordagi ichki raqobatchilarga tashqi bozordagi kuchli raqiblar ham qo’shiladi va natijada narxlarni pasaytirish va yuqori sifatli mahsulotlarni tanlash imkoniyatini beradi;
globallashuv jarayoni xorijiy davlatlarning ilg’or ilmiy-texnik, texnologik va nisbatan kam xarajat talab qiladigan yangiliklarni amaliyotga tadbiq etish imkoniyatini beradi Bunda jahon miqyosidagi innovatsiyalarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etilishiga imkon yaratiladi.
Globallashuv jarayonining salbiy oqibatlarini yuzaga keltiruvchi muammolar sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:
globallashuv afzalliklarining milliy iqtisodiyotlar alohida tarmoqlari o’rtasida bir xil taqsimlanmasligi;
milliy iqtisodiyotda sanoatlashishning sekinlashuvi;
ayrim mamlakatlarda milliy iqtisodiyotni nazorat qilish jarayoni mustaqil hukumatdan boshqalarga, jumladan kuchliroq davlatlarga yoki transmilliy korporatsiyalar ixtiyoriga o’tishi;
jahon miqyosida milliy iqtisodiyotlarning o’zaro bog’liqligi tufayli global beqarorlikning yoki mintaqaviy darajada moliyaviy sohadagi beqarorlikning yuzaga kelishi. Milliy iqtisodiyotlarda yuzaga keluvchi iqtisodiy turg’unliklar yoki inqirozlarning mintaqaviy hatto global darajada salbiy oqibatlarga olib kelishi;
globallashuv milliy va jahon iqtisodiy rivojlanishining beqarorligi va notekisligini kuchaytiradi. Ushbu holat milliy xo’jalik majmualarining global bozor sharoitlarida samarali faoliyat yurita olmaydigan eksportga yo’naltirilgan ishlab chiqarish bo’g’inlariga bo’linishi bilan bog’liq;
globallashuv davlatning makroiqtisodiy darajada tartibga solish rolini sezilarli darjada cheklaydi va davlatning ichki, tashqi iqtisodiy aloqalarga ta’sir ko’rsatishining an’anaviy dastaklarini o’zgartirib yuboradi;
globallashuv ishlab chiqarish va iste’molda salbiy tashqi omillarning ommaviy tarqalishiga olib keladi. TMKlarning global jahon bozorlariga chiqishi va globallashuv jarayonidan foyda olishga intilishi borasidagi kuchli raqobat ularning atrof-muhitni ifloslantiruvchi ishlab chiqarish yoki sog’liq uchun zararli transgen mahsulotlarni yaratish kabi jamiyat uchun zararli faoliyat bilan shug’ullanishlariga olib keladi.
Globallashuv jarayoni mamlakatlar uchun yuqorida qayd etilganlardan tashqari yana ko’plab muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Jumladan:
rivojlanayotgan mamlakatlarda texnologik jarayon ortda qolishining kuchayishi;
ijtimoiy-iqtisodiy qatlamlarga ajralishning ortishi, marginalizatsiya xatari (jahon darajasidagi iqtisodiy o’sishdan qolib ketishning kuchayishi);
aholining asosiy qismida qashshoqlashuvning ortishi;
moliyaviy barqarorlik darajasi past bo’lgan mamlakatlar o’rtasidagi bog’liqlikning kuchayishi;
TMKlar tomonidan mamlakatlarda milliy iqtisodiy siyosatni yuritishga to’sqinlik qilinishi;
kelajakdagi taraqqiyotga to’sqinlik qiluvchi tashqi qarz darajasining o’sishi va boshq.
Dostları ilə paylaş: |