Sof ijtimoiy ne’mat - bu barcha fuqarolar tomonidan, jamoa tomonidan iste’mol qilinadigan ne’mat bo’lib, ushbu iste’mol alohida insonning ushbu ne’mat uchun pul to’lashi yoki to’lamasligiga bog’liq emas.
Sof ijtimoiy mahsulot ikki xil xususiyatga ega: iste’mol qilishda tanlanmaslik va iste’moldan ajratilmaslik. SHunday xususiyatga ega bo’lgan ijtimoiy ne’matga armiya va militsiya xizmati kiradi. Iste’molda tanlanmasligi xususiyati shuni bildiradiki, sof ijtimoiy ne’matni bir kishi tomonidan iste’mol qilinishi boshqa bir kishining ushbu ne’mat iste’molini kamaytirmaydi. Iste’moldan ajratilmaslik xususiyati shundan iboratki, hech bir kishiga iste’mol qilish (hatto u ushbu iste’mol uchun to’lashdan voz kechsa ham) man qilinmaydi. Sof xususiy ne’mat - bu shunday ne’matki, uning har birligi ma’lum to’lovga sotiladi. Sof ijtimoiy ne’matning sof xususiy ne’matdan asosiy farqi - u bo’laklarga bo’linmaydi va bo’laklarga bo’linib ham sotilmaydi. Sof ijtimoiy mahsulotning bo’laklariga narx belgilash ham mumkin emas. Sof ijtimoiy mahsulotga bo’lgan umumiy talabni aniqlash ham o’ziga xosdir.
Sof ijtimoiy mahsulotga bo’lgan talab chizig’i jami mahsulotning chekli nafliligini ifodalaydi (15.1-rasm). Iste’molchilar soni qancha bo’lishidan qat’iy nazar, ular barcha sof ijtimoiy ne’matni iste’mol qiladi. Lekin, har bir shaxs sof ijtimoiy ne’matni iste’mol qilishdan har xil naf oladi. Sof ijtimoiy mahsulotga bo’lgan umumiy talab shaxslar oladigan chekli yutuqlarni (mavjud hajmdan oladigan) vertikal bo’yicha qo’shish orqali aniqlanadi