Boburiylar davrida diplomatik va elchilik munosabatlari



Yüklə 14,8 Kb.
tarix02.12.2023
ölçüsü14,8 Kb.
#171211
Boburiylar davrida diplomatik va elchilik munosabatlari-fayllar.org


Boburiylar davrida diplomatik va elchilik munosabatlari


BOBURIYLAR DAVRIDA DIPLOMATIK VA ELCHILIK
MUNOSABATLARI
Mo`minov Ziyovuddin
Ter Du tarix fakulteti magistranti
Ilmiy rahbar: t.f.d. E.Qobilov
ziyomuminov@umail.uz, +998996790109


Annоtatsiya: Mazkur maqolada Boburiylar davrida Hindiston va Turkiston, qo`shni davlatlar bilan diplamatik aloqalari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Hindiston va Movarounnahr munosabatlarining aynan siyosiy jihatdan qilgan aloqalarining yorqin namunasi sifatida Boburiylar sulolasi davrini ko‘rishimiz mumkin.
Kalit so‘zlar: Movorounnahir, Bobur, Akbarshoh, Ko`chkinchixon, “Boburnoma”, Hindiston, Turkiston, Buxoro, Eron, diplomatiya, Markaziy Osiyo, Hindikush, Zafarnoma, elchi.
Markaziy Osiyoda tashkil topgan sulolalar nafaqat mintaqa davlatchiligi tarixida balki, qo‘shni mintaqalar davlatchiligi rivojida ham muhim rol o‘ynagan. Ana shunday davlatlardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan bunyod etilgan davlatdir. Mazkur davlat bepoyon mintaqalarga yoyilmagan bo‘lsa-da, u o‘z saltanatining sultoni, buyuk imperatori darajasiga ko‘tarildi. O‘z mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib, uni mohirlik bilan amalga oshirib, haqli ravishda buyuk bo‘lgan Boburiylar imperiyasiga Hindistonda asos soldi va mamlakatda odilona siyosat yurgizib diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga harkat qilib xalqaro munosabatda mamlakatlar bilan do‘stona munosabatni o‘rnatdi.

O’rta Osiyo, Eron va Hindiston bilan diplomatik aloqalar Temuriy hukmdorlar davridan taraqqiy topgan edi. Ayniqsa, temuriy hukmdorlardan Shohruh Mirzo (1376-1447) va Ulug’bek Mirzolar davrida (1409-1449) o’zaro elchilik almashinuvlari qizg’in kechgan.


Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonda yirik davlatiga asos solindi. Uning vorislaridan Humoyun va Akbarshohlar davrida Movarounnahr aloqalari yangidan jonlanishiga sabab bo’ldi. Buxoro xoni Abdullaxon davrida esa (1557-1598) Sibir va Sharq mamlakatlaridan Hindiston bilan munosabatlar taraqqiy qildi.
Boburiy sulolarning hammasi maulim tarajada elchilik aloqalariga e`tibor bergan.
O’rta Osiyo va Hindiston o’rtasidagi aloqalar Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda o’z davlatini vujudga keltirganidan keyin (1526 yil) yanada rivojlandi. Bobur uning lashkarboshi va saroy ahllari Hindistonga o’nlab qarindoshlarini olib bordilar. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida ta’kidlaganidek: “1528 yil 18 dekabrda shanba kuni qo’shni Eron va Shayboniylar davlatidan kelgan elchilar sharafiga ziyofat tashkil etilgan. Ularga turli-tuman sovg’a-salomlar hadya etildi. Har uchchala mamlakat o’rtasida do’stlik va o’zaro savdo-sotiq munosabatlarini o’rnatish haqida shartnoma imzolangan. Boburning o’zi ham xorijiy mamlakatlar
bilan iqtisodiy va madaniy hamkorliklardan manfaatdor bo’lgan. Ayniqsa, savdosotiq avj oldi. Xalqimiz o’rtasida keng tarqalgan “doka”, “banoras” matolari Hindiston shaharlari Doka, Banoras nomlari bilan bog’liq. O’rta Osiyodan Hindistonga turli meva-chevalar olib borib sotilgan. Qovun tarvuz, handalak, bodring, uzum, anor, oshqovoq, mosh, no’xat kabi o’simliklar Bobur va uning vorislari davrida Turkistondan olib borilgan. Hindistonning yosh ayollari va qizlari Bobur davridan boshlab O’rta Osiyoda kiyiladigan lozim va ko’ylak kiya boshlaydilar. Hindlar dasturxonida o’zbeklarning turli taom va nonlari ham qo’yiladi: ularda “tandir non”, “chapatti somsa”, “kichiri”, “palov”, “holva”, “kabob” kabi taomlar ham bor1.
Bobur nafaqat ona yurti qolaversa, Yevropa bilan ham hamkorlik, o`zaro elchilik aloqalarini o’rnatishga harakat qiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston taxtiga o`tirganidan keyin o’zining elchilarini Rossiya davlatiga yuboradi. Uning elchilari Volga bo’ylariga yetib keladilar. Qishloqlarning biridan panoh topadilar. Ba’zi sabablarga ko’ra Rossiya davlati bilan Bobur davlati o’rtasidagi diplomatik munosabatlar o’rnatilmaydi. Bobur elchilari kelib to’xtagan qishloq esa “Boburina” nomi bilan atalgan2.
Z.M.Bobur mohir sarkarda edi balki, buyuk diplomat ham bo`lgan Hintistonni zabt rtishda rojalar bilan elchilik aloqalari o`rnatgan va tinchlik siyosatini olib borgan.
Boburiylar sulolasiga mansub hukmdorlar to‘g‘risida so‘z borar ekan, ularning Turkistonni o‘zlarining “haqiqiy” ona yurtlari va temuriylardan meros qolgan hududlar deb qarashlariga ham ahamiyat berish joiz bo‘ladi.
Boburiylarning Markaziy Osiyoga bo‘lgan bunday munosabatlarining sababini amerikalik olim Richard Folts shunday tariflaydi: “Mo‘g‘ul imperatorlarining o‘z “ona yurtlari” bo‘lgan Markaziy Osiyoga nisbatan ko‘rsatgan sog‘inch hislarini ifoda etishlariga, ular o‘zlarini “Hind” dunyosining bir bo‘lagi deya olmasliklari emas, balki yo‘qotgan dunyolarining markazi, ya’ni nafaqat Hindistonni, balki Eron, Suriya, natoliya va ichki Osiyoning dasht yerlarini ham o‘z ichiga olgan Temur imperiyasining gullab-yashnagan poytaxti - Samarqandni yo‘qotganliklari sabab bo‘lgan, deb o‘ylaymiz”3.
Boburning insonparvarligi, mard, jasur, tashabbuskor, strateg, tadbirkorligi va axloqiy fazilatlari uning kuchli shaxs bo‘lganligi kelgusidagi yutuqlariga asos bo‘lib xizmat qilgan. U har qanday vaziyatlarda ham yengilgan raqibini hurmat qilgan. Uning diplomatiyasida manfaatli hamkorlik, bugun ko‘tarilayotgan yagona makon barpo etish va integratsiya tushunchalari ustuvor bo‘lgan. Boburning qat'iyati, tirishqoqligi, maqsadga intiluvchanligi va imkoniyatdan maksimal foydalanganligi, tezkorligi diplomatik yutuqlarining muhim omillaridan hisoblanadi. Muzokaralar orqali nizolarni bartaraf etish Bobur diplomatiyasining muhim yutug‘i bo‘lib, uning strategiyasi diplomatiyasini kuchaytirishga xizmat qildi. Boburiylar o‘z davrining boshqa hukmdorlaridan farqli ravishda maslahat va kengashga tayanib diplomatik asoslarni kuchaytirgan. U nizoli masalalarda vaqtni cho‘zib diplomatiya yo‘lini tutgan va raqibining to‘g‘ri xulosaga kelishiga imkon bergan. Har qanday sharoitda ham uning diplomatiyasida talofatsiz maqsadga erishish bosh g‘oya bo‘lgan. Bobur vaziyatlarga qarab diplomatiyaning nasihat, ogohlantirish, qo‘rqitish va ovoza tarqatish kabi usullaridan foydalangan.
O’rta Osiyo bilan Hindiston o’rtasidagi diplomatik munosabatlar Boburning farzandi Humoyun zamonida biroz susaydi. Chunki, Humoyun G’arbiy savdo yo’llarini qo’lga kiritish uchun Gujarat sultoni Bahodirshoh va Shimoliy Hindiston taxti da’vogarlaridan biri afg’on Mahmud Lo’diy bilan urushlar olib bordi.
Agar Bobur, Humoyun davrida o’zaro hamkorlik, mutaxassislarni jalb qilish, savdo-sotiq qilish kabi yo’nalishlarda olib borgan bo’lsa, Akbarshohdan boshlab (1556-1605) o’zaro elchilik aloqalari o’rnatildi. Buxoro xoni Abdullaxon qudratli Akbarshoh davlati bilan diplomatik aloqalar o’rnatish tashabbusi bilan chiqdi. Ikki davlat o’rtasidagi elchilik almashinuvlari haqidagi ma’lumotlar Abulfayz Allamiyning “Ayni Akbarshoh” (“Akbarshoh tarixi”) va Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” kabi asarlaridan olish mumkin. Buxoro xoni Abdullaxon (15571,1598) Hindiston bilan do’stona munosabatlarni o’rnatishga o’z siyosiy maqsadlari nuqtai-nazaridan qaragan. Ikki buyuk davlat o’rtasida joylashgan Eron masalasi va savdo-dotiq yo’llaridagi asosiy shahar bo’lgan Balxni (Afg’oniston) egallagani uchun kurash olib borgan. U o’z elchilarini 1572 yilda Akbarshoh huzuriga sovg’a salomlar bilan yubordi. Xo’ja Oltomish boshchiligidagi Abdullaxon elchilari sovg’a salomlar bilan birga Akbarshohga xon nomidan maktub olib keldilar.
Markaziy Osiyo bilan Hindiston o’rtasidagi siyosiy aloqalar XVI asrning oxiri va XVII asr boshlaridan e`tiboran muntazam diplomatik munosabatlarga asoslanadi. O’z zamonasining ancha kuchli davlatlaridan sanalgan Abdullaxon saltanati Movarounnahr, Xurosonning bir qismi va Badaxshon o’lkasini o’z ichiga olardi, boburiylar imperiyasining g’arbiy tumanlari Kobul va Badaxshon o’lkalarigacha cho’zilgan edi. Shunday qilib, XVI asr va XVII asr boshlarida Hindiston va Markaziy Osiyoda tashkil topgan davlatlar bir-birlari bilan qo’shni edilar. Bu davrda Eronda davlat boshida safaviylardan bo’lgan shoh Abbos (1587 – 1628) turardi. Eron shoh Abbos zamonida kuchli mamlakatga aylangan edi. O’sha zamonda shoh Abbos, bir tomondan Boburiylar imperiyasiga va ikkinchi tomondan Abdullaxon davlatiga qarshi kurashayotgan edi. Bu hol har ikki qo’shni davlatni safaviylarga qarshi kurashda birlashish va ittifoq tuzishini taqozo etgan edi. Buning natijasida har ikki davlat o’rtasida muntazam diplomatik munosabatlar o’rnatildi. 1572-yili Buxoro xonligining Xo’ja Altamish boshliq elchilari Akbar saroyiga yetib keldi va Buxoro xoni Abdullaxonning ikki mamlakat o’rtasidagi do’stlik aloqalarini mustahkamlash to’g’risidagi xabarini Hindiston hukmdoriga yetkazdi. Bu elchilikdan maqsad boshqa qo’shni davlatlar hujumi xavfiga qarshi ittifoq tuzish bo’lgan edi.
Akbar Buxoroga javoban o’z elchisini yuborishga shoshilmadi. Shunga qaramay, 1577-yili Abdullaxon Akbar saroyiga Abdurahim boshliq ikkinchi elchisini yubordi. Akbar bunga javoban Mirzo Po’lat boshliq elchisini Buxoroga jo’natdi. Bu elchilarning vazifalari butunlay siyosiy masalalarga qaratilgan bo’lib, boburiylar Erondagi Qandahorni, Buxoro xoni esa Badaxshonni o’z davlati tarkibiga qo’shib olishni rejalashtirgan edilar. Akbar esa Badaxshonni Abdullaxon tasarrufiga o’tishidan norozi edi. Akbar Buxoro elchilarini 1586-yili 14-martda qabul qiladi. Akbar hukmronligining 30 yilida (ya`ni 1586-yil) Hindistonning O’rta Osiyodagi rasmiy kishisi Muhammad Hakim Hindistonga Mirzo Shohruh va Mirzo Sulaymon boshliq elchilarni yuboradi. 1587-yilda esa Markaziy Osiyodan Akbar saroyiga Mir Quraysh boshliq rasmiy elchilar yuboriladi. Elchilar Hindiston chegarasiga yetib kelganlarida chegara ma`murlari ularni samimiy kutib oladi. Hind elchilari Akbarning Abdullaxon nomiga yozgan xatini va bir lakx (yuz ming) rupiy tanga va boshqa qimmatbaho zebu ziynatlardan iborat tuhfalarni olib keldilar.
Shoh Jahon (1628 – 1659) Buxoro xonligi bilan yaxshi munosabat o`rnatishga intilgan. U 1632- yili Balxdan kelgan Vaqqos Xoji elchiligiga javoban kelasi yili Balxga Tarbiyatxon boshliq hind elchilarini yuboradi.
Buxoro xoni Subxonqulixon (1680 – 1702) ham Hindistonga elchi Mir Abdurahmon Xo’ja Sadirni yuboradi. U Avrangzeb nomiga yozilgan maktubida “Son-sanoqsiz va mash`um dushmanlar Buxoro hududiga hujum qilib, jannatmakon Samarqandni toptadilar, ammo tez orada isyonchilarning qilmishlari barbod bo’ldi va ular pok o’lkadan ildizi bilan yulib tashlandi, shu bois ushbu hushxabarni Sizga yetkazmoq niyatida Hindistonga elchi Mir Abdurahmon Xo’ja Sadr yuborildi” deb bitilgan edi . Boburiylar davrida Hindistonning Xiva xonligi bilan o’zaro munosabatlari ham diqqatga sazovordir. Xiva xoni Abulg’ozi Bahodirxon (1644 – 1664) Xiva va Hindiston davlatlari o’rtasida diplomatik va savdo munosabatlarini mustahkamlash uchun Shohbobo va Shohjonlarni elchi qilib Hindistonga yuboradi Hindiston va Xiva xonligi o’rtasida diplomatik aloqalar o’rnatishda tashabbus ko’pincha Hindiston tomonidan ko’rsatilar edi. 1670-yil sentyabrda Hindistondan Urganchga Bahodir ismli elchi yuboriladi. O’z navbatida, 1680-yilda Urganch elchisi Xon Mirza Hindistonga yetib boradi4.
Xulosa qilib shuni qayd qilish mumkinki, O’rta Osiyo va Hindiston o’rtasida qadimdan davom etib kelayotgan aloqalar aynan Hindistonda temuriylar sulolasining davomchilari bo’lgan boburiylar hukmronlik qilgan davrda o’z cho’qqisiga yetdi. Ko’p marta elchlik almashinuvlari yo’lga qo’yilgan. Shuningdek, boburiy hukmdor Jahongir va ashtarxoniy Imomqulixon, boburiy Avrangzeb va ashtarxoniy hukdorlar Abdulazizxon va Subxonqulixonlar o’rtasida ham yaxshi diplomatik aloqalar yo’lga qo’yilgan.
Boburiy hukmdorlar Zahiriddin Muhammad Boburdan Avrangzebga qadar Hindistonda mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritar ekan, diplomatik munosabatlarni ulug’ bobokalonlari Sohibqiron Amir Temur “tuzokotlari”dagi adolat tamoyiliga asoslangan qonun-qoidalarga rioya qilib ish ko’rishga intilganliklari ko’rinadi. Uning diplomatiyasida siyosiy masalalarga xotin-qizlarni aralashtirmaslik, a’yonlar bilan qilingan mashvarat (kengash va majlis)lardan so’ng hukmdor sifatida shaxsan xulosaga kelish, ko’p masalalarni o’z aql-zakovati va fahm-farosati bilan hal qilish, diniy tafovutlardan insoniylik tamoyili va davlatlar manfaatini ustun qo’yish, hal qiluvchi vaziyatda favqulotda to’g’ri qarorlar qabul qilish tamoyillari ustunlik qilardi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati (References)
1. Richard C. Mughal end Central Asia. – Oxford, 1998. –P.20-25.
2. Bobur Z.M. Boburnoma. 1-qism (nashrga tayyorlovchilar Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev).– T., 1948. –B. 153.
3. Bernye F. Istoriya poslednix politicheskix perevorotov v gosudarstve Velikogo
Mongola. Per. s. fr. – M-L., 1936. – S. 220.
4. Мирза Мухаммад Хайдар. Тарихи Рашидий. Введение, пер. с перс. A.Урунбаева, Р.П.Джаловой, Л. П. Епифановой. – Т., 1996.
5. Muhammad Yusuf Munshi. Mukim-xanskaya istoriya. – T.: Izd. AN UzSSR, 1956. – S. 84-85.
6. Djavaxarlal Neru. Otkrыtiye Indii. – M., 1955. – S. 278-279.
7. Obidov B. Boburiylar davrida Hindiston va Turkiston aloqalari (XVI-XVII asrlar).O‘zbek diplomatiyasi tarixidan. Tarixiy ocherklar va lavhalar.
– T., 2003. –B. 104-105.
8. Abdurazzoq Samarqandiy. Hindiston safarnomasi. Kirish, tarjima va izohlar
muallifi A.O‘rinboyev. – T.: Fan, 1980. – B.120.

1 F.Sulaymonova. “Boburiylar Hindistonda” // “Saodat”, 1992, № 8, 11bet



2 Erskin Uilliam. Bobur Hindistonda. –T: Fan; 1995. –B 65.



3 3- 5 Richard C. Foltz. Mughal and central Asia. Oxford. 1998. p. XX IIX



4 Обидов Б. Бобурийлар даврида Ҳиндистон ва Туркистон алоқалари (XVI-XVII асрлар). Ўзбек дипломатияси тарихидан. Тарихий очерклар ва лавҳалар. – Т., 2003. –Б. 104-105.






http://fayllar.org
Yüklə 14,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin