Markaziy buzilishlar: markaziy nerv sistemasining u yoki bu qismlarining buzilishi, zararlanishi natijasida kelib chiqadi. Markaziy xarakterdagi organik nutq buzilishlariga alaliya, afaziya, dizartriya kabi nutq kamchiliklari kiradi.
Pereferik buzilishlar: artikulyatsion apparatning noto`g`ri tuzilish yoki buzilishi va pereferik nerv artikulyatsion organlar inervasiyasining buzilishdan kelib chiqadi.
Pereferik xarakterdagi organik nutq buzilishlariga: rinolaliya, prognatiya, progeniya kiradi.
Funksional buzilishlar: bunda nutq jarayonida ishtirok etadigan a`zolar tuzilishida hech qanday o`zgarishlar bo`lmaydi. Funksional xarakterdagi nutq buzilishlariga: dislaliya, duduqlanish kabi nutq nuqsonlari kiradi.
Turli nutq buzilishlarining rivojlanishini oldidan aniqlash katta ahamiyatga egadir. Agarda nutqiy nuqson bolaning maktabga kelgan vaqtida ilk bor aniqlansa, u holda uni tuzatish qiyinchiliklari kuzatilib, o`zlashtirishga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Agarda bolaning nutq nuqsoni maktabgacha yoki yasli yoshida aniqlansa, tibbiy va pedagogik tuzatish maktabda to`laqonli ta`lim olish imkonini beradi.
Rivojlanishida kamchiliklar bo`lgan bolalarni erta aniqlash ishlari birinchi navbatda “oilaviy muhiti yaxshi bo`lmagan” oilada o`tkaziladi. Bunda oilalarga quyidagilar kiradi:
1. U yoki bu nuqsonga ega bo`lgan bola bor oila.
2. Ota-onalarning birida yoki ikkalasida fiziologik eshitishi buzilgan, aqli zaiflik, shizofreniya kasalliga bor oilalar.
3. Homiladorlik vaqtida yuqumli kasalliklar, og`ir taksikoz o`tkazgan ayolning bolalari.
4. Tug`riq vaqtida asfeksiya jarohati yoki neyroinfeksiyani boshidan kechirgan, hayotning birinchi oylarida bosh miya jarohatlari olgan bor oilalar.
Eshitish va intellekti normada bo`lgan bolalarda nutqning to`liq rivojlanmaganligi deganda nutq anomaliyasining shunday formasi tushuniladiki, bunda nutq barcha komponentlarining shakllanishi (nutqning fonetik-fonematik, leksik va grammatik tomoni) buzilgan bo`ladi.
Nutqning to`liq rivojlanmaganligini R.Ye.Levina (1961) uch daraja bilan belgilaydi: nutqiy aloqa vositalarining umuman yo`q bo`lishidan to fonetik-fonematik va leksik-grammatik jihatdan rivojlanmaganlik elimentlariga ega bo`lgan mukammal nutq buzilishigacha.
Nutq rivojlanmaganligining I darajasi: nutqning bo`lmasligi bilan xarakterlanadi. Bunday bolalar nutqsiz bolalardir. 4-6 yoshdagi bunday bolalarning lug`at boyligi kambag`al, noaniq bo`ladi. Nutqi tovushga taqlid qilish, tovushlar kompleksi bilan chegaralangan bo`ladi. Narsa va hodisalarni farq qilmagan holda ifodalash, so`zlarning ko`p ma`noga ega bo`lmasligi xarakterli xususiyat hisoblanadi. Tovushlar talaffuzida turg`unlik bo`lmaydi, tovushlar bir-biri bilan almashtiriladi, fonematik o`quv buzilgan bo`ladi. Nutq to`liq rivojlanmaganligining bu darajasiga ega bo`lgan bolalar uchun tovushlar analizi bo`yicha berilgan topshiriqlar tushunarsiz bo`ladi.
Nutq to`liq rivojlanmaganligining II darajasi: dastlabki keng qo`llaniladigan, odatdagi nutqning bo`lishi bilan xarakterlanadi. Bolalar oddiy jumlalardan foydalana biladilar, ma`lum lug`at boyligiga ega bo`ladilar. Ular narsalar, hodisalar, alohida belgilar nomini ajrata oladilar. Lekin bunday bolalarda nutqning qo`pol darajada rivojlanmaganligi yaqqol ifodalangan bo`ladi. Ular ikki-uch so`zdan iborat gaplardan foydalanadilar. Lug`at boyligi shu yoshga mos keladigan normadan kam bo`ladi. Umumlashtiruvchi so`zlarni (mebel, kiyim, sabzavot, mevalar va boshqalarni) bilmasligi kuzatiladi. Harakat, belgini bildiruvchi so`zlardan foydalanishda qiyinchiliklar kuzatiladi, predmet nomini, rangini, shaklini, o`lchamini va boshqa belgilarini bilmaydilar.
Nutqning fonetik tomoni shu yoshga mos keluvchi normadan orqada qoladi-yu, shunday kamchilikka ega bo`lgan bolalar bo`g`inlar o`rnini almashtiradilar, undoshlar ketma-ket kelganda tovushni qisqartiradilar.
Nutq to`liq rivojlanmaganligining III darajasida: nutqda leksik-grammatik va fonetik-fonematik jihatdan rivojlanmaganlik elementlari kuzatiladi. Bolalar nutqga ega bo`lganda kishilar bilan aloqa bog`lay oladilar, lekin buni ota-ona (tarbiyachi) ishtirokida, ularning muayyan tushuntirishlari yordamida bajaradilar.
Bunday bolalar uchun erkin holda aloqada bo`lish juda qiyin. Tovushlarni talaffuz qilishda ularni bir-biridan ajrata olmaslik, tovushlar guruhini artikulyatsiya jihatidan osonroq bo`lgan tovushlarga almashtirish, ba`zi hollarda tovushlarni buzib talaffuz qilish bolalar uchun xarakterlidir. Lug`at ham normadan orqada qolgan bo`ladi, lug`at boyligi analizda leksik holatlarning o`ziga xosligi ko`rinadi. Tekshirishda gaplarni, gaplarda so`zlarni oxirigacha gapirmaslik kabi turg`un grammatik xatolar kuzatiladi. Ko`pchilik hollarda ular qo`shimcha qo`shilishi bilan so`z ma`nosining o`zgarishini tushunib еtmaydilar.
Dostları ilə paylaş: |