Reja: 1. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’limiy o‘yinlar va ularning ahamiyati. 2. Lug’atni boyitish uchun yordam beradigan ta’limiy o‘yinlarning turlari. 3. Ko‘rgazmali materiallar bilan o‘ynaladigan ta’limiy o‘yinlar. 4. Bolalar lug’atini boyitishda ta’limiy o‘yinlarni tanlash, o‘tkazish va tahlil qilish. Tayanch tushunchalar:ta’limiy o‘yinlar, ko‘rgazmali material, didaktik o‘yinlar, qoidali-harakatli o‘yinlar, stol-bosma o‘yinlar. Og’zaki so‘zli o‘yinlari, o‘yin tempi va ritmi, sensor madaniyati,. 1. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’limiy o‘yinlar va ularning ahamiyati. Ta’limiy o‘yinlar ta’limiy o‘yin sifatida bolalarning yosh xususiyatlariga mos keladigan o‘yinlar sirasiga kiradi. Didaktik o‘yinlarning muhim belgisi undagi qoidalarning mavjudligidir. O‘yinda o‘yin maqsadi, o‘yin qoidalari, o‘yin harakatlari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. O‘yin maqsadi o‘yin harakatlarining tabiatini belgilaydi. O‘yin qoidasi esa, o‘yin harakatlarini, vazifasini hal etishga va o‘yindagi harakatlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Ta’limiy o‘yinlar orqali bolalarga yangi bilimlar, tushunchalar berib boriladi. Bu o‘yinlarda bolaning har tomonlama rivojlanishi, bilim jarayoni, sensor madaniyati, nutq faoliyati, aqliy qobiliyatlari takomillashadi. O‘yin qoidasiga rioya qilish, unga amal qilish o‘yin mazmunini boyitadi.
Ta’limiy o‘yinlarda tabiiy narsa va buyumlardan keng foydalaniladi. Bolaning kun tartibida ta’limiy o‘yin uchun vaqt va joy ajratilishi kerak. Bunday o‘yinlar mashg’ulot jarayonida va o‘yindan tashqari vaqtlarda guruh yoki yakka-yakka o‘tkaziladi. Bunda o‘yin mazmuni va natijasi puxta aniqlanadi. Ta’limiy o‘yinlarda quyidagi qoidalarga amal qilinishi kerak:
1. Navbatma-navbat ta’sir etish.
2. So‘ralganda javob berish.
3. O‘rtoqlari fikrini eshita olish.
4. O‘yin jarayonida boshqalarga xalaqit bermaslik.
5. O‘yin qoidasini bajarish.
6. O‘z xatosini tan olish.
Ta’limiy o‘yinlarda bolalarning yosh, individual xususiyatlarini hisobga olish lozim. O‘yinda o‘yin tempi va ritmi katta rol o‘ynaydi, juda sekin va bir tekisdagi temp bolani ko‘p kuttiradi, juda tez temp esa bolalarni hayajonga soladi, turli bahs-munozaralarga olib keladi. Kattalar tomonidan o‘yin ishtirokchilarini to‘g’ri baholash muhim ahamiyatga ega.
Ta’limiy o‘yinlarning quyidagi turlari mavjud: a) buyum va o‘yinchoqlar bilan o‘ynaladigan; b) stol-bosma; d) ogzaki so‘z o‘yinlari.
Buyum va o‘yinchoqlar bilan o‘ynaladigan o‘yinlar bolaning ilk yoshidan boshlab, to maktab yoshiga yetgunga qadar o‘ynaladigan o‘yin turi hisoblanadi. Bunda bolalarning tasavurlari, diqqatlari o‘yin asosini tashkil etadi. Ularda tevarak-atrofdagi narsa va buyumlar, ularning sifati, foydali tomonlari to‘g’risida umumiy tushuncha hosil bo‘ladi. O‘yinda o‘ynaladigan har bir buyum yoki o‘yinchoq o‘zining tashqi ko‘rinishiga ega bo‘lishi, narsaning asosiy belgisini ajrata bilish imkonini berishi lozim. Bunday o‘yinlar bolalarning narsalarning shakli, hajmi, belgisi, sifati haqidagi bilimlarini kengaytiradi.
Stol-bosma o‘yinlari bolalarning tevarak-atrof haqidagi tasavvurlarini aniqlash, bir tizimga solish, tafakkurini (tahlil qilish, sintez, umumlashtirish, tavsiflash) o‘stirish imkonini beruvchi o‘yin usulidir. Bu o‘yin turiga a) loto; b) juft rasmlar; d) domino; e) labirint kiradi.