Yakuniy nazorat – semestr yakunida muayyan fan bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni talabalar tomonidan o‘zlashtirish darajasini baholash usuli. Yakuniy nazorat fanning xusussiyatidan kelib chiqqan holda yozma, og‘zaki va test shakllarida o‘tkaziladi.
Fan bo‘yicha talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 5 baho asosida baholanadi.
Talaba yakuniy nazoratning test shaklini bajargan holatda baholash quyidagicha belgilanadi: 60-79.9% gacha o‘zlashtirsa, “3 baho”, 80-89.9% gacha o‘zlashtirsa, “4 baho”, 90-100% gacha o‘zlashtirsa, “5 baho” oladi.
Talaba yakuniy nazoratning yozma va og‘zaki shakllaridan birini bajarganda quyidagicha baholanadi:
“5–a’lo” – O‘quv dasturi doirasida fanga oid nazariy va amaliy materiallarni chuqur va tizimli o‘zlashtiradi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunadi. O‘zlashtirgan materialni asosli va mantiqiy ketma-ketlikda bayon etadi, kuzatish va tahlil qilish amaliyotiga ko‘ra umumiy va shaxsiy xulosa chiqara oladi. Ijodiy va tanqidiy fikrlaydi, olgan bilimlarini amaliy faoliyatga tatbiq eta oladi.
“4–yaxshi” –O‘quv dasturi doirasida fanga oid nazariy va amaliy materiallarni yaxshi o‘zlashtirgan. Kursga doir savollar bo‘yicha yetarli yo‘nalish olgan. Egallagan bilimlari tizimli xarakterga ega, o‘zlashtirgan materiallarni ko‘nikma va malakalar orqali asosli ravishda bayon etadi, umumlashtirish va zarur xulosalar chiqarishni amalga oshiradi.
“3–qoniqarli” – Fan bo‘yicha tasavvurga ega bo‘ladi, lekin dasturda belgilangan materialni to‘la o‘zlashtira olmagan. Egallagan bilimlari chuqur emas, o‘zlashtirilgan materialni bayon qilishda ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yadi, mantiqiy izchillik yetarli emas. O‘zlashtirilgan nazariy ma`lumotlarni amaliy topshiriqlarni bajarishga tatbiq etishda qiyinchilikka duch keladi.
“2–qoniqarsiz” – Dasturda belgilangan materialni yetarli darajada yoki umuman o‘zlashtira olmagan. Materialni bayon etishda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yadi va tizimlilikka rioya etmaydi. Tahlil va xulosalar mavjud emas. Nazariy materialni amaliy vazifalarni hal etishda qo‘llay olmaydi.