Odatdagi va yo’naltiruvchi prizmatik shponkalar bo’lib, ular bir-birlaridan farq qiladi. Odatdagi prizmatik shponka aylanma harakatni uzatishga mo’ljallangan. Yo’naltiruvchi prizmatik shponka esa detalni val o’qi bo’ylab yo’naltirish uchun xizmat qiladi. Odatdagi prizmatik shponkalarning va o’yiqlarning o’lchamlari 3.4-jadvalda berilgan. Prizmatik shponkali birikma 3.9-shakl, b da ko’rsatilgan. Valda o’yilgan o’yiq uzunligi shponka uzunligiga teng bo’ladi. Vtulkadagi o’yiqning uzunligi esa shponka uzunligidan 5-6mm uzun bo’ladi. Yo’naltiruvchi prizmatik shponka uzun bo’lib, u albatta valga vintlar bilan mahkamlangan bo’ladi.
3.8-shakl, a, b, v, g da segment shponkali birikmani hosil qilish etaplari ko’rsatilgan. 3.9-shakl, a) da kallaksiz ponasimon shponkali birikma; 3.9-shakl, v) da segment shponkali birikma ko’rsatilgan.
Shlitsa (tish) li birikma
Val bilan vtulka qo’shimcha detalsiz val va vtulkadagi tishlar (shlitsalar) va o’yiqlarning bir-biriga kirib turishi natijasida hosil bo’lgan birikma shlitsali birikma deb ataladi (3.10-shakl, 3,4,7; 3.12-shakl).
Shlitsali birikma detalni val o’qi bo’ylab joyini osonlik bilan o’zgartirish, yaxshi markazlanish va katta miqdordagi aylanma kuchlarni uzata olish imkoniyatiga hamda yuqori mustahkamlikka ega.
Shlitsa profili to’g’ri yonli (to’rtburchak), evolventa va uchburchak shaklida bo’ladi.
To’g’ri yon profili shlitsalari bo’lgan valning tasviri 3.10 - shakl, 1 da, teshikning tasviri 3.10 - shakl, 2 da, evolventasimon profili shlitsalari bo’lgan valning tasviri 3.10-shakl, 5 da, teshikning tasviri 3.10-shakl, 6 da berilgan.
Profili to’g’ri yonli shlitsa ko’p foydalaniladi. Bunday shlitsalarning o’lchamlari GOST 1139-96 da berilgan. Shlitsalar uzatadigan kuchning miqdoriga qarab yengil, o’rtacha va og’ir seriyaga bo’linadi. Ular bir-biridan tishlarining soni va balandligi bilan farq qiladi.
GOST 2409-96 bo’yicha shlitsaning tishi cho’qkisi aylanasi va yasovchilari val va teshikda butun uzunligi bo’ylab asosiy tutash chiziq bilan, tishi tubi aylanasi va tish tubi sirti yasovchilari esa ingichka tutash chiziq bilan chiziladi (3.10-shakl, 1,2,5,6).
Valning shlitsali (tish chiqarilgan) qismining chegarasi va to’la profili shlitsalar bilan ularning sbegi oralig’idagi chegara ingichka tutash chiziq bilan ko’rsatiladi (3.10-shakl,l,5). Tishli val va teshikning o’qiga perpendikulyar tekislikda bitta tish cho’qqisi va ikki tish tubi faskasiz, yumaloqlash yoyisiz tasvirlanadi. Zaruriyat tug’ilsa bir nechta tish va tish tublarini tasvirlashga ruxsat etiladi.
Shlitsali birikmani yig’ma holda tasvirlayotganda, teshik tishlari sirtining val bilan to’silib qolmagan qismigina ko’rsatiladi (3.10-shakl, 4).
3.11-shakl, a da shlitsa profili tog’ri yonli valning uning o’qiga perpendikulyar bo’lgan tekislikdagi proetsiyasi tasvirlangan. Bundan tashqari tish profilining faskasi va yumaloqlash radiusi o’lchamlari kattalashtirilgan masshtabda (M2:l)chiqarib (I) ko’rsatilgan.
3.11-shakl, b da shlitsali teshik, uning o’qiga perpendikulyar bo’lgan tekislikdagi proeksiyasi tasvirlangan. Bundan tashqari tish profilining faskasi va yumaloqlash radiusi o’lchamlari kattalashtirilgan masshtabda (M2:l)chiqarib (I) ko’rsatilgan.
Val va teshiklarning tishlari va o’yiqlari orasidagi radius bo’yicha joylashgan oraliq (zazor) ko’rsatilmaydi. Tasvirda shlitsalarning sbeggacha bo’lgan qismini yani to’liq profili shlitsalarning uzunligi (ℓ) ni albatta ko’rsatish kerak. Zaruriyat bo’lganda shlitsalarning to’la uzunligi (L) ni, sbegining uzunligi (ℓ1)ni, shuningdek yumaloqlash radiuslari (R) ni ko’rsatish mumkin (3.12-shakl). Tog’ri yonli o’rtacha seriyadagi shlitsali birikmaning o’lchamlari 3.5- jadvalda berilgan.