29
O„zbekiston sobiq Ittifoq tarkibida uzoq yillar davomida hukm surgan
ma‟muriy-buyruqbozlik tizimi ta‟sirida faqat xomashyo yetkazib berishga
asoslangan, qoloq va mo„rt iqtisodiyotga ega bo„lib, bu holat respublika
aholisi daromadlari va turmush darajasiga ancha keskin ta‟sir ko„rsatdi.
Bu davrda respublika barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy
ko„rsatkichlar bo„yicha Ittifoqdagi o„rtacha darajadan ham ancha orqada
bo„lib, mamlakatda oxirgi o„rinlardan biriga tushib qoldi. Jumladan, aholi
jon boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo„yicha Ittifoqdosh
respublikalar orasida 12-o„rinni, daromad darajasi, asosiy turdagi
mahsulotlarni iste‟mol qilish jihatidan eng oxirgi o„rinlardan birini egallab
keldi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo„yicha
Ittifoqdagi o„rtacha darajadan 2 barobar, xalq iste‟moli mollari ishlab
chiqarish bo„yicha 2,5 barobar, sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan
2,5 barobar, qishloq xo„jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa 2
barobar, aholining o„rta hisobda go„sht mahsulotlari, tuxum, sut va sut
mahsulotlari iste‟moli bo„yicha 2 barobar orqada qolgan. O„sha davrda
kun kechirish uchun oyiga o„rta hisobda kamida 85 so„m zarur bo„lgani
holda, 75 so„mdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi Ittifoq
bo„yicha 12 foizdan sal ko„proq bo„lsa, O„zbekistonda 45 foizga yetgan,
ya‟ni 8 million 800 ming kishini tashkil etardi. Bir millionga yaqin kishi
ijtimoiy ishlab chiqarishda o„zining qo„lidan keladigan ishni topa olmagan,
ya‟ni ishsiz bo„lgan.
1990-yillarning boshlariga kelib inqirozli holat kuchayib bordi-ki,
buning bir qator sabablari mavjud edi. O„zbekistonning sobiq Ittifoq
tarkibida uzoq yillar davomida ma‟muriy-buyruqbozlik tizimi ostida
bo„lganligi, shuningdek, shundoq ham susayib borayotgan xo„jalik
aloqalarining 1990-yillarning boshida Ittifoqning parchalanishi oqibatida
batamom uzilib qolishi kuchli inqiroz holatlarini keltirib chiqardi.
O„zbekiston iqtisodiyotining bir yoqlama tarzda, faqat xomashyo
yetishtiradigan holga tushib, kompleks rivojlanish yo„liga, aholi
ehtiyojlarini qondirishga o„tkazilmagani ijtimoiy ishlab chiqarish
tuzilishidagi chuqur nomutanosibliklarda namoyon bo„ladi. Buni quyidagi
jadvalda ham kuzatishimiz mumkin:
Dostları ilə paylaş: