Borliqqa yondashuvning asosiy konsepsiyalari Monizm (yunon. monos - bitta) konsepsiyasi vakillari dunyoning asosida bitta manba (bitta substansiya) yotadi deb hisoblashadi. Materialistik monizm tarafdorlari bu manba moddiy manbadir deb aytishsa, idealistik monizm tarafdorlari dunyoning asosida bitta g‘oyaviy negiz, g‘oyaviy, ma'naviy, ilohiy substansiya yotadi deyishadi.
Dualizm (lot.dualis - ikkilangan) vakillarining fikricha, dunyoning asosida ikkita mustaqil negiz: ham moddiy, ham g‘oyaviy (ma'naviy, ilohiy) negiz yotadi, deb hisoblashadi. Arastu dualist bo‘lgan, uning fikricha, dunyoning asosida materiya va shakl yotadi, materiya passiv va inert negiz bo‘lsa, shakl esa faol, aktiv, yaratuvchan negizdir.
Plyuralizm (lot. pluralis - ko‘pchilik) vakillarining aytishicha, borliqning asosida ko‘plab, bir-biridan mustaqil moddiy va g‘oyaviy negizlar yotadi. Ayrim plyuralistlar moddiy negizlarga urg‘u berishadi. Ularni materialistik plyuralizm vakillari deyish mumkin. Masalan, qadimgi xitoy, qadimgi hind, qadimgi yunon materialistlari borliq olov, suv, havo va tuproqdan tashkil topgan deyishgan. Boshqa yo‘nalishdagi plyuralistlar esa ma'naviy, g‘oyaviy substansiyalarga ustuvorlik berishgan (ularni idealistik plyuralizm vakillari deyishadi). Masalan, Max va Avenarius dunyoning asosida yotuvchi elementlar turli shakldagi sezgilardan iboratdir, deb hisoblaydi. Shuningdek, dunyoning asosida ko‘plab ham moddiy, ham ma'naviy (bir xil darajada) elementlar yotadi (Demokritda bu elementlar atomlar, Leybnitsda g‘oyaviy monadalar) deb hisoblovchi plyuralistlar ham bor.