1.2. So‘z turkumlarini o‘rganishda lug‘at ustida ishlashga doir mustaqil ishlarni tashkil etish usullari Boshlang‘ich sinflarning ona tili darslarida o‘quvchilar so‘z turkumlari haqida elementar nazariy bilimlarni egallaydilar. Ularga ot, sifat, fe’lning nimani bildirishi, qanday so‘roqlarga javob bo‘lishi, gapda qanday vazifada kelishini o‘rgatish orqali nutqda ulardan foydalanish ko‘nikmasi hosil qilinadi. Aksholda so‘z turkumlarini nazariy o‘rgatishning ahamiyati bo‘lmaydi. Fikr ifodalashda til birliklaridan to‘g‘ri foydalanish, fikrning aniq va ta’sirchan bo‘lishiga erishish ko‘nikmasini hosil qilish til ta’limining muhim jihatidir.
O‘quvchilar lug‘atini boyitish so‘z ma’nosini izohlash va ma’nosini tushuntirish bilan osongina amalga oshadigan hodisa emas. Buning uchun lug‘at ustida ishlash usullari o‘quvchilarning izlanishlari asosida amalga oshirilishi, ma’nosi izohlanadigan so‘zlarni nutqda qo‘llashga doir mashqlar bajartirilishi ko‘zda tutiladi.
1. “Ortiqchasini top” o‘yini. O‘quvchilar so‘z ichidan o‘zaro ma’nodosh bo‘lmagan so‘zlarni topib aytadilar. “Ona tili” darsliklarida bunday matnlar ko‘p uchraydi.
2. “O‘yla, izla, top” o‘yinida berilgan matn ichidan ma’nodosh so‘zlar toptiriladi, ularni guruhlab yozdiriladi va nima uchun ma’nodosh ekani izohlanadi.
3. “Ruchka stol ustida” o‘yinida o‘quvchilar kichik guruhlarga bo‘linadi. O‘qituvchi har bir guruhga sinonimik qatordagi bosh so‘zni kartochkaga yozib uzatadi. Guruhdagi o‘quvchilar kartochkadagi so‘zga sinonim so‘zni yozib, qog‘ozni sherigiga uzatadi, ruchkasini stol o‘rtasiga qo‘yadi. Topolmagan o‘quvchi ruchkasini o‘zida olib qoladi.
Qog‘oz ikkinchi marta guruh o‘quvchilari orasida aylanadi. Har bir o‘quvchi ma’nodosh so‘zlarni qatnashtirib, gap tuzadi, maqol va topishmoqlarni yozadi.
Darsliklardagi gap va matnlarda ot, sifat, fe’l turkumiga doir qarama-qarshi ma’noli so‘zlar, ko‘p ma’noli so‘zlar ko‘p uchraydi. Ular yuzasidan uyushtiriladigan mashqlar o‘quvchilarning lug‘atini boyitishga xizmat qiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining lug‘atini boyitishda belgi bildirgan so‘zlar ustida ishlash savod o‘rgatish davridan boshlab to 4-sinfga qadar sifatlarning leksik-grammatik ma’nolarini ona tili dasturi hajmida o‘rganishni, o‘quv materialini leksik va grammatik tomondan soddadan murakkabga tamoyili asosida izchillik bilan boyitib borishni ko‘zda tutadi. Savod o‘rgatish davrida belgi bildirgan so‘zlarning ma’nolarini o‘qituvchining “Mazasi qanday olmash Rangi qanday olmash Hajmi qanday olmash” kabi savollari asosida kuzatish orqali amaliy jihatdan bilib boradilar.
1-2-sinfda “shaxs va narsaning belgisini bildirgan so‘zlar” mavzusi o‘rganilayotganda belgi bildirgan so‘zlarni ma’nolariga ko‘ra guruhlash ishlarini bajaradilar. Bu bosqichda belgi bildirgan so‘zlarni so‘roqlari yordamida gap va matnda shaxs, narsa, harakat, miqdor bildirgan so‘zlardan farqlash ko‘nikmasini egallaydilar.
Dasturda berilgan ta’lim mazmuni va o‘quvchilar bilim, ko‘nikma va malakalariga qo‘yilgan talablardan kelib chiqib, 1-2-sinfda o‘qituvchi oldida turgan muhim vazifa o‘quvchilarning narsa va shaxslarning o‘ziga xos xilma-xil belgilari bo‘lishini, narsalar rangi, mazasi, shakli, hidi, hajmi, xususiyatlariga ko‘ra farqlanishini, bular narsa va shaxslarning belgilari ekanini anglashlariga, ulardan nutqda samarali foydalanishlariga erishish orqali o‘quvchilar nutqini belgi bildirgan so‘zlar bilan boyitishdir. shunga ko‘ra 1-2-sinfdan boshlab o‘quvchilarning narsa va hodisalarni belgilariga ko‘ra tavsiflashiga doir mashq va o‘quv topshiriqlariga katta ahamiyat beriladi.
Rasm - bolalar sezgisiga ta’sir etadigan, hayotning bola tajribasida hali uchramagan tomonlarini ochadigan vosita. Rasm o‘quvchilarning tanish bo‘lgan hodisalarni chuqur anglashlariga yordam beradi. Rasmlar asosida o‘quvchilar sifatlar to‘plamini yaratadi. Sifatlar to‘plami asosida narsa va hodisalarni aniqroq ifodalashga o‘rganishadi.
Ona tili darsliklaridagi rasmlar asosida matn yaratish uchun o‘quvchilar nutqiy tayyorgarlik ko‘rishlari zarur. Bunda leksik birliklar ustida bosqichma-bosqich ish olib boriladi.
O‘quvchilarning tushunchalarini aniqlash va boyitish maqsadida ta’limiy o‘yinlardan ham foydalaniladi. O‘qituvchi sifatga doir so‘zlarni aytadi, o‘quvchilar nimaning belgisi ekanini topadi. Masalan: qizil, nordon, mayda, dumaloq, po‘sti qalin. (Anor)
Yuqoridagi izlanish usuli nazariyani amaliy yo‘l bilan egallashni, o‘z navbatida, o‘quvchilar lug‘atini belgi bildiruvchi so‘zlar bilan boyitishni ta’minlaydi.
Sifatlarning nutqdagi ahamiyatini anglashlari uchun ona tili darsliklarida berilgan topishmoqlarning javoblari rasmlarda ifodalangan.
3-sinfda o‘quvchilar tasvir elementli ijodiy matn yaratish ustida ishlaydi. Ularning matnni muvaffaqiyatli yaratishlari sifat yuzasidan olib borilgan amaliy ish usullariga bog‘liq.
O‘quvchilar matn yaratishga bosqichma-bosqich: so‘z ustida ishlash, gap va uning mantiqiy bog‘lanishi ustida ishlashj, og‘zaki hikoya tuzish va uni yozma shakllantirish tarzida maxsus tayyorlab boriladi.
Sifat so‘z turkumini o‘rganish jarayonida asosiy maqsad o‘quvchi lug‘at zahirasini boyitish va so‘zlardan nutq jarayonida amaliy foydalana bilish ko‘nikmasini hosil qilish ekan, uni amalga oshirishda til materiali ustida ishlash bilan birga nazariy ma’lumotga tayanib til birliklarini nutqda ongli, maqsadli qo‘llashga o‘rgatish tamoyiliga amal qilinadi.
Boshlang‘ich sinf darsliklaridagi o‘quv matnlari o‘quvchilar lug‘atini so‘zlar bilan boyituvchi va nutqini o‘stiruvchi eng asosiy manba sanaladi.
O‘quvchilarni o‘z nutqini aniq va ta’sirchan ifodalashga o‘rgatishda shakl, maza, hajm, xususiyat bildiruvchi sifatlar bilan birga rang bildiruvchi sifatlar ham muhim o‘rin tutadi. Bir qaraganda rang bildiruvchi sifatlardan o‘quvchilar bemalol va kerakli o‘rinda foydalanadigandek ko‘rinadi. Aslida badiiy matnda qo‘llangan rang bildiruvchi sifatlarning aksariyati ifodalagan rangni ko‘rgazmalar ichidan ko‘rsata olmaydilar. Ulardan matnni qayta hikoyalashda foydalanmaydilar. Chunki rang bildiruvchi sifatlarning ma’nosini – qanday rangni bildirishini o‘rgatishga e’tibor berilmayapti.
1. Ona tili darsliklariga kiritilgan mashq matnlarida emotsional holat ifodalovchi fe’llar kam qo‘llangan. Masalan, 1- sinf “Ona tili“ darsligida yayramoq, sevinmoq; 2- sinf “Ona tili“ darsligida jilmaymoq, xursand bo‘lmoq, qiynalmoq, sevindi, sevinishdi, erkalandi, suyuldi, shodlandi; 3- sinf “Ona tili“ darsligida darg‘azab bo‘lmoq, ta’sirlanmoq, sevinmoq, istamoq, yayramoq, najot istamoq, jonlanmoq, xursand bo‘lmoq, sog‘aymoq; 4- sinf “Ona tili“ darsligida charchamoq, xursand bo‘lmoq, jo‘shmoq, zerikmoq, qiynalmoq, so‘lg‘inlashib, chimirilmoq, kulib qaramoq, nafratlanmoq, hazar qilmoq, yayrab ketmoq, bahramand bo‘lmoq, quvonishardi, suyunib ketdi, xafa bo‘libdi, hayron qolmoq, faxrlanmoq, zirillamoq, achinib ketishdi, mamnun bo‘lmoq, yig‘lamoq, og‘rinmoq, achinmoq, ezilmoq, qo‘rqmoq, xavotirlanmoq, charchamoq, zavqlanmoq kabi fe’llar qo‘llangan.
2. O‘qituvchi ona tili darslarida o‘quvchilar nutqida kundalik hayotda ishlatiladigan keldi, ketdi, uxladi, o‘tirdi, gapirdi kabi fe’llar bilan cheklanib qolayotganlariga e’tibor bermaydi.
3. O‘qish darsliklarida badiiy matnlar fe’llarning qo‘llanishi, ularning ma’no turlari nutqtai nazardan tahlil qilinmaydi. Toshkent shahar 119-, 319- maktablarning 3-A sinflarida o‘qish darslarini kuzatishimiz davomida o‘qituvchining emotsional holat ifodalovchi birorta fe’lni nutqda qo‘llashga e’tibor qaratmasligiga guvoh bo‘ldik.
O‘quvchilarning emotsional holat va munosabat ifodalovchi fe’llardan kam foydalanishlarini, fe’llarning ko‘pi asosan ko‘p ma’noli bo‘lishini hisobga olib, ularning nutqini emotsional holat va munosabat ifodalovchi fe’llar bilan boyitishda integratsiyalashgan darslarni tashkil etish lozim degan xulosaga keldik. Bu o‘quvchilar nutqini boyitish bilan birga, ularning fikrlash qobiliyati va tilga sezgirligini rivojlantirishga ham katta yordam beradi. O‘quvchilarning nutqiy faoliyatida emotsional holat ifodalovchi so‘zlarni qo‘llashga o‘rgatishda fe’llarni quyidagi guruhlarga ajratish ijobiy samara berishi aniqlandi:
O‘qish darslarida ham holat bildiruvchi fe’llar ustida ishlash orqali o‘quvchilar lug‘ati boyitib boriladi.
Ma’lumki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari asar voqealarga o‘z shaxsiy munosabatini, taassurotlarini, asar qahramonlari xususidagi fikrlarini ifodalashga qiynaladilar. Bunga o‘rgatishda savol-topshiriqlar asosida uyushtiriladigan asarlar tahlili katta imkoniyatga ega.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari lug‘atini fe’llar bilan boyitish va nutqini o‘stirish uchun fe’llarning ma’nosini o‘z so‘zlari bilan izohlash, undan nutqda foydalanishga ehtiyoj sezadigan vaziyatni yuzaga keltirish, fe’lning to‘g‘ri talaffuzi va imlosini o‘zlashtirishlari uchun turli shakl va mazmundagi mashqlar ustida i shlash yaxshi natija berishi shubhasizdir.
Mantiqiy mashq til vositasida tafakkur yuritish va hosil bo‘lgan fikrni nutqiy reallashtirish sifatida aqliy faoliyatni yuzaga keltiruvchi, aqlni ishga soluvchi mashg‘ulot turi sanaladi.
Kichik yoshdan boshlab mantiqiy mashqlar vositasida bolani aqliy faoliyatga yo‘llash uni kuzatuvchanlikka o‘rgatadi, ilmni ongli o‘zlashtirishga, narsa va hodisalar orasiga ichki bog‘lanishlarni anglashga yordam beradi.
Boshlang‘ich sinf ona tili darslarini kuzatishimiz natijasida shu narsa ayon bo‘ldiki, mantiqiy mashqlarda uzviylik va uzluksizlik yo‘q. Mantiqiy mashqlar boshlang‘ich sinf savod o‘rgatish davrida uyushtirilgani holda ona tili va o‘qish darslarida davom ettirilmayapti. Bu xildagi mashqlarni tashkil etish uchun, avvalo, o‘qituvchi darslikdagi o‘quv materiallaridan kelib chiqib, uning o‘rnini, mavzusi va maqsadini belgilab olishi; tashkil etishda foydalaniladigan ko‘rgazmali qurollarni to‘plashi, tayyorlashi, tashkil etish usulini aniqlab olishi lozim. Tajriba -sinov ishlari jarayonida 1-4-sinf ona tili darslarida tashkil etilgan mantiqiy fikrlashga doir mashqlarning oldindan rejalashtirilmasligiga, maqsadlar belgilanmasligiga, shakl va mazmun jihatdan savod o‘rgatishdagi mantiqiy mashqlardan farq qilmasligiga guvoh bo‘ldik.
3-4-sinflarda mantiqiy mashq topshiriqlari tur tushunchasidan jins tushunchasiga o‘tishni nazarda tutishi lozim. Bunga 4-sinf “Ona tili”darsligida oz bo‘lsa-da e’tibor berilgan. Mantiqiy mashqlarni boshlang‘ich sinfda o‘qitiladigan predmet materiallaridan foydalanib tashkil etish bir vaqtning o‘zida kamida ikkita fanga oid bilimlarni o‘zlashtirish va so‘z boyligini oshirish imkonini beradi.
O‘qish darslarida badiiy asarni anglashga matndagi alohida so‘zlar va gaplarni, matn qismlari va asarning to‘liq matnini tushunish kiradi. Ayniqsa, narsalarning belgisini ajratish, o‘rnini va nimadan ishlanganini aniqlash, narsalarni tasniflash hamda taqqoslash kabi mantiqiy mashqlar o‘rganilayotgan asar materiallari bilan bog‘liq. Turli mantiqiy usullardan foydalanmasdan hamda mushohada yuritmasdan o‘qilayotgan asarlar mohiyatini anglash mumkin emas.
O‘quvchilar lug‘atini boyitishda topishmoqlardan foydalanish ham alohida ahamiyatga ega. Topishmoq janriga mansub asarlar bola aqlini charxlaydi, unda kuzatuvchanlik, ziyraklik, topqirlik ko‘nikmalarini shakllantiradi. shu sababli boshlang‘ich sinf darsliklariga topishmoqlar ko‘plab kiritilgan. O‘qituvchi “Alifbe” darsligidagi topishmoqlardan tashqari, dam olish daqiqasida ham topishmoqlardan foydalanib, o‘quvchilarni fikrlashga undaydi. Ona tili darslarida grammatik mavzu, o‘qish darslarida badiiy asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari bilan bog‘liq holda topishmoq matnining lingvistik tahlili o‘quvchilar lug‘atini boyitishning samarali usullaridandir.