Boshlang'ich sinflarda ot turkimini o'rganishda uzviylik va uzluksizlikning ta’minlanishini tahlil qilish
reja :
1. Ot so’z turkumini o’qitish metodikasi
2. Otlarda son bilan tanishtirish.
3. Otlarning turlanishi
Ot so’z turkumini o’qitish metodikasi
So‘z turkumi sifatida ot muayyan leksik ma’nolari va grammatik belgilari bilan
ajralib turadi. Barcha otlarning umumiy leksik ma’nosi shaxs va narsani ifodalash
hisoblanadi. Ot jonli mavjudotlar (kishi, qush, hayvon, asalari), yer va osmonga
oid narsalar (quyosh, yulduz, daryo, tog’), o’simliklar (paxta, beda, gul), voqealar
(yig’in, majlis), tabiat hodisalari (shamol, bo’ron, yomg’ir, momaqaldiroq), belgi-
xususiyat (ahillik, kuchlilik, samimiyat), harakat-holat (uyqu, sevinch, kurash),
o’rin va vaqt (yoz, bahor, joy) nomlarini bildiradi.
Otlarning grammatik belgilari: otlar birlik va ko’plikda qo’llanadi, egalik
qo’shimchalari bilan o’zgaradi, kelishiklar bilan turlanadi, gapda ko’proq ega,
to’ldiruvchi, aniqlovchi, shuningdek, hol va kesim vazifasida keladi. Ot nutqda
sifat, son, olmosh, fe’l bilan birika oladi.
Otning ma’nolari va grammatik belgilari xiyla murakkab, shuning uchun ham
ot haqidagi bilim o’quvchilarda amaliy vazifalarni bajarish jarayonida asta
shakllantira boriladi.
2. Otni o‘rganishda izchillik
Otni o’rganishga tayyorlov bosqichi savod o’rgatish davriga to‘g‘ri keladi.
Bu bosqichda o‘quvchilar shaxs-narsalarni va ularning nomi bo’lgan so’zlarni
farqlashga o’rganadilar, so’zning leksik ma’nosiga e’tibor ko’proq qaratiladi,
ma’nolarini hisobga olgan holda so’zlar (qushlar, meva va sabzavotlar, kiyimlar va
hokazolarni bildirgan otlar)ni guruhlash ko’nikmasi shakllantiriladi. So’zlarni
leksik ma’nosi asosida guruhlash mashqlari otlarni taqqoslash, o’xshash
tomonlarini aniqlash, abstraktlashtirish ko’nikmasini o’stiradi. Shunga qaramay,
grammatik tushunchani shakllantirish uchun o’quvchilar so’znnng aniq ma’nosini
yetarli bilmaydilar, so’zning leksik ma’nosini bilish bilan birgalikda uning
grammatik belgilarini ham o’zlashtirish zarur.
Keyingi bosqichda otning leksik ma’nolari va grammatik belgilari ustida
maxsus ishlanadi (kim? yoki nima? so’rog’iga javob bo’lishi, shaxs, narsani
bildirishi tushuntiriladi). O’quvchilar kim? so’rog’iga javob bo’lgan so’zlarni
nima? so’rog’iga javob bo’lgan otlardan farqlashga o’rganadilar. Bu bosqichda
ular so’zlarni so’roq berish bilan farqlashni o’rganadilar, o’quvchilarda mavhum
grammatik tafakkur o’sa boradi, ularda atoqli otlarni bosh harf bilan yozish
ko’nikmasi shakllana boradi.
“Ot” tushunchasini shakllantirish uchun shu so’z turkumiga kiradigan otlarni
asosiy leksik guruhlarga ajratish, barcha otlarga xos bo’lgan belgilarni, ularning
nutqimizdagi o’rnini ko’rsatish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda mavzuni
o’rganishga bag’ishlangan birinchi darslardayoq shaxs va narsani bildiradigan
so’zlar bir tizimga solinadi, kishilarni, buyum, o’simliklar va hayvonlarni, tabiat
hodisalarini, voqealarni bildiradigan so’zlar guruhlarga ajratiladi. Shu so’zlarning
hammasi uchun umumiy bo’lgan belgilar aniqlanadi: bu so’zlar shaxs, narsalarni
bildirib kim? yoki nima? so’rog’iga javob bo’ladi.
Dasturga ko’ra, boshlang’ich sinf o’quvchilarini sifat va boshqa so’z
turkumlaridan yasalgan mavhum ma’nodagi (yaxshilik, go’zallik, ishonch,
sevinch, o’kinch, qo’rqinch, tayanch kabi) otlar bilan tanishtirish talab etilmaydi.
Ammo matnda uchrasa va o’quvchilar qiziqib so’rasalar, otning bolalar o’rgangan
belgilari asosida (nima? so’rog’iga javob bo’lishi, shaxs yoki narsa nomini
bildirishi) tushuntiriladi. Otlarning nutqda katta ahamiyatga ega ekanini ko’rsatish
uchun o’qituvchi o’qish kitobidan matn tanlab, o’quvchilarga matndagi otlarni
topishni, so’ngra matnni shu so’zlarsiz o’qishni topshiradi. O’quvchilar matndagi
otlarni tushirib qoldirib o’qiganda, matn mazmunini tushunib bo’lmasligini
anglaydilar. Xulosa chiqariladi: ot atrofimizni o’rab olgan shaxs va narsalarning
nomi, bu so’zlarsiz bir-birimizga o’z fikrimizni tushuntira olmaymiz.
Dostları ilə paylaş: |