BOSHLANG'ICH TA'LIM PEDAGOGIKASINING O'ZIGA XOS XSUSIYATLARI
REJA:
“Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” tushunchasi
“Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fanining maqsad va vazifalari
“Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fanining boshqa fanlar bilan bog’liqligi
***
Tayanch tushunchalar:boshlang’ich, ta’lim, pedagogika, tushuncha, zamonaviylik, bilim, ko’nikma, yondashuv, malaka, bilim, idrok, tushunish.
***
“Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” tushunchasi. O’zbekistonda barpo etilayotgan Uchinchi Renessans davrida boshlang’ich ta’limning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:
boshlang’ich sinf o’quvchilarining tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish;
boshlang’ich ta’limni ilg’or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish;
boshlang’ich ta’lim samaradorligiga erishish.1
Mazkur vazifalar oliy pedagogik ta’lim jarayonida o’qitilayotgan “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi, innovatsiya va integratsiyasi” fanining mazmunini belgilaydi. Unga ko’ra, mazkur fanning mazmuni boshlang’ich ta’lim, tarbiya va uni o’qitish asoslari bo’yicha bo’lajak o’qituvchilarga nazariy bilim, ko’nikma hamda malaka berishdan iborat. Bunda quyidagilarga e’tibor berish lozim:
inson va jamiyat qadriyatlariga asosan 7-11 yoshli o’quvchilarga bilim berish;
boshlang’ich sinf o’quvchilarini o’qitish va tarbiyalash jarayoni;
boshlang’ich ta’limning samarasiga erishish;
boshlang’ich ta’limni yaxlit tizim sifatida qabul qilish.
boshlang’ich sinf o’quvchilariga insoniyatning tarbiyaga oid tajribasini uzatish;
boshlang’ich sinf o’quvchilarini madaniyat va qadriyatlar olamiga olib kirish;
boshlang’ich sinf o’quvchilari shaxsini rivojlantirish;
boshlang’ich ta’lim o’quvchilarini hayotning murakkab vaziyatlari va holatlariga tayyorlash.
boshlang’ich ta’limda o’qitish tushunchasining mazmuni quyidagilardan iborat:
boshlang’ich sinf o’quvchilariga bilim, hayotiy tajriba, faoliyat ko’nikmasi berish va ularning tafakkurini shakllantirish;
boshlang’ich sinf o’quvchilarining bilim, ko’nikma va malaka hislarini shakllantirish;
boshlang’ich sinf o’quvchilarining xotira, diqqat va fikr yuritish ko’nikmasini shakllantirish;
boshlang’ich sinf o’quvchilarining qiziqish, layoqat va qobiliyatlarini rivojlantirishga yo’naltirish.
Ushbu uch muhim kategorial tushuncha “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fani mazmunini tashkil qiladi. Bu fan vositasida O’qituvchi 7-11 yoshli shaxslarga dastlabki ta’lim va tarbiyani beradi, ularni o’qish ko’nikmasini shakllantiradi.
Ayni paytda mazkur fanning mazmuniga ko’ra, boshlang’ich sinf o’quvchilari quyidagilarga amal qilishi shart:
o’qishi, ya’ni boshlang’ich sinf o’quvchilari aniq ma’lumotlarni va topshiriqlarni O’qituvchi yordamida sinfdoshlari bilan birgalikda yoki mustaqil ravishda o’zlashtirishi;
kuzatish, qiyoslash va fikrlash ko’nikmalarini egallashi;
o’z fikri va qarashlarini ifodalay olishi kerak.
Bularning barchasi boshlang’ich ta’lim pedagogikasi mazmunini tashkil qiladi.
Ushbu fanning yana zamonaviy ikki yo’nalishi bo’lib, ular innovatsiya va integratsiyadan iborat. Innovatsiya – boshlang’ich ta’lim pedagogikasining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib, unda mazkur fanga doir yangiliklar, yangi g’oyalar, yangi yondashuvlar va yangi texnologiyalarni tatbiq etish nazarda tutiladi. Integratsiya – boshlang’ich ta’lim pedagogikasining muhim yo’nalishlaridan bo’lib, unda ushbu fanga ilm-fan, pedagogika va ijtimoiy yutuqlarni joriy etish, fanning o’zaro aloqalarini tashkil qilish va hamkorliklarini yo’lga qo’yish amalga oshiriladi.
Zero, “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fani boshlang’ich ta’limda amalga oshiriladigan ta’lim-tarbiya asoslari, undagi innovatsiya va integratsiya jarayonlarini o’rganadi, amaliyotga tatbiq etadi hamda bo’lajak o’qituvchilarni mazkur fan bo’yicha kasbiy tayyorlaydi.
“Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fanining maqsad va vazifalari. Mazkur fanning asosiy maqsadi boshlang’ich ta’limni davlat ta’lim standartlari va davlat talablari asosida talab darajasida tashkil etish asoslari bo’yicha kasbiy bilim, ko’nikma, malaka va kompetentsiya berishdan iborat. Ushbu maqsadni amalga oshirishda “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fani modul asosdagi quyidagi vazifalarni o’rganadi, bo’lajdak o’qituvchilarga o’rgatadi va amaliyotga joriy etish vazifalarini bajaradi:
1-modul: boshlang’ich ta’lim pedagogikasining nazariy masalalari;
2-modul: boshlang’ich ta’lim didaktikasi;
3-modul: boshlang’ich ta’limda tarbiya nazariyasi;
4-modul: boshlang’ich ta’limda innovatsiya;
5-modul: boshlang’ich ta’limda integratsiya.
O’z navbatida bu modullar ichki mavzular, topshiriqlar, mustaqil ta’lim shakllari va laboratoriya ishlariga bo’linadi. SHu jihatdan ushbu fanning asoslari keng qamrovli bo’lib, u 5111700-“Boshlang’ich ta’lim “ yo’nalishi bo’yicha bo’lajak boshlang’ich sinf o’qituvchilarini tayyorlashdagi kasbiy va majburiy fanlardan hisoblanadi.
2019-2020 o’quv yilidan boshlab oliy pedagogik ta’lim jarayoniga kiritilgan bu yangi fan o’tgan yillar davomida muayyan tajribalar va yutuqlarga ega bo’ldi. Uning maqsad va vazifalarini to’g’ri amalga oshirish natijasida fanning samaradorligiga erishilganligini ta’kidlab o’tish joiz.
“Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fanining boshqa fanlar bilan bog’liqligi. “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fani “Umumiy pedagogika”, “Pedagogika nazariyasi va tarixi”, “Pedagogik mahorat”, “Pedagogik texnologiyalar”, “Axborot- kommunikatsiya texnologiyalari” va “Ta’limda normativ-huquqiy hujjatlar” fanlari bilan uzviy bog’liq. SHuningdek, ushbu fan “Psixologiya”, “Antropologiya” va “Fiziologiya” fanlari bilan uzviy bog’liq bo’lib, ularning metodologik va nazariy asoslaridan foydalanadi.
Umuman ushbu fan ta’kidlangan fanlar bilan quyidagi jihatlar bo’yicha uzviy bog’liqlikda ekanligini ta’kidlab o’tish joiz:
- boshlang’ich ta’limning nazariy asoslari;
- boshlang’ich ta’lim didaktikasi;
- boshlang’ich ta’limda tarbiyani amalga oshirish omillari;
- boshlang’ich ta’limga zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish;
- boshlang’ich ta’limda integratsiya;
- boshlang’ich ta’limning psixologik xususiyatlari;
- boshlang’ich ta’limning samaradorlik indikatorlari.
Mazkur masalalar bo’yicha fan o’ziga turdosh fanlar bilan uzviy bog’liqlik va aloqadorlik xususiyatlariga ega.
Ayni paytda, “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fani o’zining ob’ekti, predmeti, ilmiy-tadqiqot metodlari va usullariga ega. SHu jihatdan bu fan pedagogik fanlar tarkibida o’ziga xos xususiyatlarga egaligi bilan ajralib turadi.
SHunday qilib, “Boshlang’ich ta’lim pedagogikasi” fani tushunchasi o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, u ushbu yangi fanning asoslari bo’yicha tushunchalar beradi (1-chizma):
Dostları ilə paylaş: |