Kurs ishi mavzusining predmeti: Boshlang’ich sinf tarbiya darslarida ham turli metod va multimedia vositalaridan keng foydalanib darslar tashkil etish darsning samaradorligiga, mazmun-mohiyatni o’quvchilarga to’g’ri va to’liq anglatishga katta hissa qo’shadi.
Boshlang’ich sinf tarbiya darslarini multimedia vositalaridan foydalangan holda tashkil etish orqali o’quvchilarda ushbu fan bo’yicha beriladigan turli yo’nalishdagi ma’lumotlarga, vazifa va topshiriqlarga bo’lgan qiziqishni yanada orttirish, topshiriq sifatida berilgan amaliy ishlarni video va animatsion usul orqali tasavvur qilgan holatda mustaqil bajarishlari uchun qulaylik yaratuvchi manba sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
Kurs ishi mavzusining obyekti: 4- sinf Tarbiya darslarini tashkil etishda Interfaol metodlardan foydalanish.
Kurs ishi mavzusining ilmiy-amaliy ahamiyati: Ta’lim jarayonining ajralmas qismi hisoblangan tarbiyaga bo‘lgan e’tibor yurtimizda har qachongidan ham muhim dolzarblik kasb etmoqda. O‘quvchi o‘quv jarayonining davomi sifatida bevosita tarbiyaviy ishlarda ishtirok etadi. Uning darsda olgan bilimi, dunyoqarashi, qiziqishi, imkoniyatlari tarbiyaviy ishlarda namoyon bo‘ladi, mustahkamlanadi. Eng asosiysi o‘quvchi tarbiyaviy ishlarda qatnashish jarayonida o‘z-o‘zini anglaydi, ijodkorligi o‘sadi, olgan bilimlarini amalda qo‘llashga o‘rganadi, shuningdek, ularda jamoatchilik, uyushqoqlik, hamdardlik kabi ko‘nikmalar shakllanadi.
O’quvchilarning ma’naviy-axloqiy jihatdan kamol topib borishida, shubhasiz, sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlar jarayoni muhimdir. O’quvchilarni axloqiy tarbiyalashda, ularning ongiga, shuuriga ta’sir ko’rsatishda sinfdan va maktabdan tashqari ishlar katta ahamiyatga molik, bu ishni muvaffaqiyatli hal qilishda, albatta, o’qituvchilardan chuqur bilim, izlanish, fidoyilik talab qilinadi. Eng avvalo o’qituvchilar, jumladan boshlang’ich sinf o’qituvchilari, sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlar o’tkazish metodikasini chuqur bilishlari juda muhimdir. Biz kurs ishini yoritib berish jarayonida bir qator sinfdan tashqari tadbirlarni amalga oshirdik, unda yangi usul maktabi tarafdorlarining darsliklaridagi axloqiy tarbiyaga doir matnlarni asos qilib oldik.