Sistematik hisob registrlari korxonada sodir buladigan xo’jalik muomalalarini ma’lum belgilariga qarab sistematik ravishda yozish uchun mo’ljallangan. Sistematik hisob registrlariga «Bosh daftar», analitik hisob kartochkalari misol bo’ladi
Kombinatsiyalashgan hisob registrlari korxonada amalga oshiriladigan xo’jalik operatsiyalarini ham sistematik, ham xronologik tartibda guruhlashtirishni ta’minlovchi hisob registrlaridir. Ushbu turdagi hisob registrlari buxgalteriya hisobining takomillashuv natijasida vujudga kelgan bo’lib, unda xo’jalik muomalalari buxgalteriya hisobining hisobvaraqlarida o’zlarining iqtisodyi mazmuniga ko’ra ajratilgan holda bir vaqtda aks ettiriladi.
Hisob registrlari ulardagi ma’lumotning hajmiga qarab ikki turga bo’linadi:
Sintetik hisob registrlari;
Analitik hisob registrlari.
Sintetik hisob registrlarida yozuvlar umumlashgan holda pul ifodasida hech qanday tushuntirishsiz qayd etiladi. Sintetik hisob registrlarida yozuvlar olingan ayrim hujjatlarga muvofiq olib borilmaydi, bunda oldindan iqtisodiy mazmunga ko’ra guruhlangan bir xildagi hujjatlar yig’indisi bo’yicha aks ettiriladi. Ushbu turdagi hisob registrlariga bosh daftar, xo’jalik muomalalarini ro’yxatga olish jurnali va boshqalar kiradi.
Analitik hisob registrlari xo’jalik mablag’lari va ularning tashkil topish manbalari, xo’jalik jarayonlari to’g’risida batafsil ma’lumotlarni aks ettirib, analitik guruhlarga bo’lib ro’yxatga olib borish uchun mo’ljallangan. Analitik hisob registrlarida korxonada amalga oshiriladigan xo’jalik muomalalari sintetik hisob registrlaridagiga nisbatan detallashtirilgan holda aks ettiriladi. Bunday turdagi hisob registrlariga «Asosiy vositalar», «Debitor va kreditorlar bilan hisob-kitoblar» va boshqa hisobvaraqlar bo’yicha yuritiladigan kartochkalar misol bo’la oladi.
Buxgalteriya hisobining shakli deb, buxgalteriya hisobi yozuvlarini ma’lum texnika vositasidan foydalanib tashkil qilishga aytiladi. Bunda korxona hisob ishlarida sodir bo’lgan har bir xo’jalik muomalasining o’z vaqtida, to’g’ri va izchillik bilan hisob registrlarining aniq bir tizimida jamlanishi ta’minlanadi.
Amaliyotda buxgalteriya hisobining turli shakllari mavjud. Ushbu shakllar quyidagi asosiy jihatlarga ko’ra bir-biridan farq qiladi:
Hisob registrlarining soni, vazifalari va tashqi ko’rinishiga ko’ra;
Sintetik va analitik hisob registrlari, xronologik va sistematik registrlarning o’zaro aloqasiga ko’ra;
Hisob registrlariga yozuvlarni yozish tartibi va texnikasiga ko’ra;
Hozirgi vaqtda amaliyotda buxgalteriya hisobining memorial-order, jurnal-order, bosh jurnal hamda informatsion texnologiyalarga asoslangan shakllari amal qilib kelmoqda.
Buxgalteriya hisobining memorial-order shakli davlat korxonalari va kichik korxonalarda keng qo’llaniladi. Memorial-order shakli quyidagi afzalliklarga ega:
Hisob jarayoni qat’iy izchillikda olib boriladi;
Hisob texnikasi sodda va tushunarli bo’ladi;
Registrlarning standart shakllarini qo’llash mumkin.
Memorial-order shaklining mohiyati shundan iboratki, xo’jalik muomalalarini qayd etish uchun sintetik va analitik hisobning maxsus jamg’aruv oborot qaydnomalaridan, ya’ni: asosiy vositalar, hisoblangan amortizatsiya ajratmalari; ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish qaydnomasi; ishlab chiqarish zahiralari, tayyor mahsulot, shuningdek, ular bo’yicha to’langan qo’shilgan kiymat solig’ini hisobga olish qaydnomasi; pul mablag’larini hisobga olish qaydnomasi; mahsulot sotilishini hisobga olish kaydnomasi; mol yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish kaydnomasi; mehnatga haq to’lanishini hisobga olish qaydnomalaridan foydalaniladi. Korxona buxgalteriyasiga kelib tushgan birlamchi hujjatlar ularni to’ldirish uchun asos bo’lib hisoblanadi.
Buxgalteriya hisobining jurnal-order shakli 1960 yil 1 yanvaridan joriy etilgan. Buxgalteriya hisobining ushbu shakli joriy etilguniga qadar memorial-ordler shakli amal qilgan edi. Buxgalteriya hisobining jurnal-order shaklida yozuvlar yig’ma va guruhlovchi qaydnomalarda (jurnal-orderlar), shuningdek, yordamchi qaydnomalarda guruhlab boriladi. Buxgalteriyaga keltirilgan boshlang’ich hujjatlar memorial-orderlarda aks ettirilmasdan, bevosita jurnallarning o’zida aks ettiriladi, chunki buxgalteriya hisobining bu shaklida qo’llaniladigan jurnallar bir vaqtda xo’jalik muomalalarini buxgalteriya provodkasi bilan rasmiylashtiruvchi orderlar hisoblanib, memorial-orderlarni tuzish zaruriyatini yo’qotadi. Bu yerda memorial-orderlarning o’rnini avvaldan hisobvaraqlarning korrespondensiyasi tuzib qo’yilgan maxsus hisob registrlari tuziladi. Bu registrlar yig’ma va guruhlovchi qaydnomalar, ya’ni jurnal-order deb nomlanishi ham shu registrlarning nomidan kelib chiqqan. Jurnal-orderlarda birlamchi hujjatlarning ma’lumotlarini to’g’ri guruhlashtirishni ta’minlash uchun hisobvaraqlar kreditit bo’yicha namunaviy korrespondensiya va oylik, choraklik hamdla yillik hisobotlar uchun zarur bo’lgan ko’rsatkichlar ro’yxati nazarda tutilgan. Jamlama va tahliliy hisob uchun mo’ljallangan jurnal-orderlarda, bundan tashqari, tahliliy hisobning zarur moddalari ham nazarda tutilgan.
Buxgalteriya hisobi jurnal-order shaklining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
Jurnal-orderlarda muomalalarni ro’yxatga olish tartibida yozuvlar faqat hisobvaraqlar krediti bo’yicha, debetlanuvchi hisobvaraqlar bilan korrespondensiyada amalga oshiriladi;
Jamlama va tahliliy hisob yozuvlari yagona tizimdan joy oladi;
Хo’jalik hisoblari buxgalteriya hisobida davriy va yillik hisobotlarni nazorat qilish va tuzish uchun taqozo etiladigan ko’rsatkichlar bo’yicha aks ettiriladi;
Oldindan ko’rsatilgan hisobvaraqlar korrespondensiyasi, tahliliy hisob moddalari nomenklatiurasi, davriy va yillik hisobotlarni tuzish uchun taqozo etiladigan ko’rsatkichlar bilan birgalikda registrlardan foydalaniladi;
Oylik jurnal-orderlar qo’llaniladi.
Buxgalteriya hisobining jurnal-order shaklida hisob registrlari shunday tartibda tuzilishi lozimki, bunda buxgalteriya hisoboti tuzish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni to’g’ridan-to’g’ri shu registrlarning o’zidan olish mumkin bo’lsin. Buxgalteriya hisobotining hamma turlarini va jadvallarni shu hisob registrlarining ma’lumotlari asosida qo’shimcha ishlar bajarmasdan bevosita tuzish mumkin.
Buxgalteriya hisobi tizimida yozuvlarning to’g’ri amalga oshirilishini nazorat qilish va yo’l qo’yilgan xatoliklarning o’z vaqtida aniqlash uchun ko’p usullardan foydalaniladi.
Хatolarni topish usullariga aylanma vedomostlar tuzish, uning ma’lumotlarini analitik hisob va sintetik hisob ma’lumotlari bilan solishtirish, nazorat jurnallari yoki ro’yxatga oladigan vedomostlar yuritish, ko’rsatkichlarni bir-biri bilan taqqoslab tekshirish kiradi.
Хatoni topish usulining eng to’g’ri va ishonchli yo’li hamma yozuvlarni boshlang’ich hujjatlar bilan to’liq tekshirishdir. Bu narsa faqat saralab tekshirish usuli foyda bermagandagina amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisobi registrlariga yozuvlar qo’lda va maxsus hisoblash mashinalari yordamida amalga oshirilishi mumkin. Buxgalteriya xodimlari tomonidan buxgalteriya hisobi registrlariga qo’lda xo’jalik operatsiyalari qayd qilinganda, ular siyoh bilan yoziladi. Ayrim paytlarda, agar bir necha nusxada yozish talab qilib qolinsa, ximik qalam va kopirovka qog’ozi yordamida ham yozish mumkin.
Mashinada yozish – buxgalteriya hisobi registrlariga har xil hisoblash mashinalarida yozish demakdir. Hozirgi vaqtda buxgalteriya hisobi ishlarini bajarishda zamonaviy hisoblash mashinalari keng qo’llanilmoqda.
Buxgalteriya hisobi registrlariga bir vaqtda bir xil yozuvning qancha nusxada yozilishiga qarab, ular oddiy va kopirovkali yozuvlarga bo’linadi.