ECTS talablari: dastlabki qadamlar
Yuqorida ta’kidlanganidek, an’anaviy oʻqitish tizimining salbiy jihatlaridan voz kechish va xalqaro standartlar talablari doirasida ishlarni tashkil etish boʻyicha dastlabki qadamlar qoʻyilmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizning 33 ta oliy ta’lim muassasasida kredit-modul tizimiga oʻtish boʻyicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Barcha kuchlar ushbu tizimni yaratishga safarbar etilyapti.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan muntazam ravishda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqot ishi va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, aynan kredit-modul tizimini yaqindan biladigan vatandoshlar tomonidan seminarlar tashkil etilib kelinayotgani bunga bir misoldir. qolaversa, oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtgan 10 ta oliy ta’lim dargohiga “El-yurt umidi” jamg‘armasi huzuridagi Xalqaro ekspertlar kengashi a’zolaridan bir nafardan ekspert maslahatchi sifatida biriktirib qoʻyilgan.
Mazkur jarayonlarni toʻlaqonli amalga oshirish uchun oliy ta’lim muassasasida tegishli boʻlinmalar ham tashkil etilyapti.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Ta’limning kredit tizimini boshqarish boʻlimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu boʻlim tomonidan 2020/2021-oʻquv yilidan universitetda oʻqitiladigan barcha ta’lim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarning ECTS kredit-modul tizimiga toʻliq transformatsiyasini amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.
Dostları ilə paylaş: |