malaka beruvchi ta’lim muassasasi — belgilangan miqdordagi sinov birliklarini tan olishni hisobga olgan holda ta’lim va malaka toʻgʻrisidagi hujjat beruvchi muassasa;
mehnat xarajatlari — ta’lim dasturi boʻyicha oʻqitish jarayonida kutilayotgan natijalarga erishish maqsadida oʻrtacha oʻzlashtirayotgan talabaga zarur boʻladigan oʻquv faoliyatining ma’ruza, seminar, loyiha, amaliy topshiriqlar, ish joyidagi stajirovka, mustaqil ishlar kabi turlarini amalga oshirish uchun talab qilingan vaqtni taxminiy baholash;
sinov birliklari (kreditlar) — ta’lim olish natijalari asosida oʻqitish hajmi va u bilan bogʻliq mehnat xarajatlari. Sinov birliklari qoidaga muvofiq butun sonlarda ifodalanadi;
sinov birliklarini berish — malaka yoki uning alohida qismlariga qoʻyilgan talablarga muvofiq erishilgan ta’lim olish natijalariga koʻra talaba yoki boshqa ta’lim oluvchilarga sinov birliklarini rasmiy taqdim etish jarayoni;
sinov birliklarini koʻchirish — malakaga ega boʻlish maqsadida bir ta’lim muassasasi, ta’lim dasturida olingan sinov birliklarini boshqa ta’lim muassasasida tan olish;
sinov birligi soati — ma’ruza, laboratoriya, seminar, studiya va amaliy mashgʻulotlar hamda amaliyotlarning 1 akademik soati 40 daqiqaga teng;
sinov birliklarini tan olish — boshqa ta’lim muassasasida erishilgan va baholangan ta’lim olish natijalarining Universitetdagi mavjud fan dasturlaridan birining talablariga javob berishini tasdiqlash;
sinov birliklarini toʻplash — ta’lim elementlarini oʻzlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan birliklarni toʻplash;
ta’lim elementlari — ta’lim olish natijalariga erishish va ta’lim dasturida koʻrsatilgan bilimlarni oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi oʻqitish turi;
ta’lim olish natijalari — talaba tomonidan oʻzlashtirilgan va baho bilan tasdiqlangan malaka darajasini aks ettiradigan, ta’lim jarayonini muvaffaqiyatli tugallagach, oʻzlashtirgan koʻnikmalari, topshiriqlarni tushuntirishi va ularni bajarish qobiliyatining tavsifi;
ta’lim toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma — oʻzlashtirilgan fanlar, toʻplangan sinov birliklari miqdori, olingan baholar aks ettiriladigan talabaning akademik oʻzlashtirishi boʻyicha guvohnoma;
transcript — ta’lim olishning tegishli davrida oʻzlashtirilgan sinov birliklari va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi koʻrsatib oʻtilgan fanlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;
tyutor — ma’ruzachi tomonidan oʻqitilayotgan fanni oʻzlashtirishda ta’lim oluvchilarga yordam beruvchi shaxs;
edvayzer — tegishli mutaxassislik boʻyicha ta’lim oluvchiga akademik murabbiy funksiyasini bajaruvchi, ta’lim trayektoriyasini (shaxsiy oʻquv rejasini) shakllantirishda va oʻqish davrida ta’lim dasturini oʻzlashtirishda koʻmaklashuvchi oʻqituvchi.