Birinchidan, u yuksak iste’dod, o‘tkir tafakkur sohibi va ilmu fan shaydosi edi. Ilmu irfonga qiziqishi tufayli uzoq safarlarga borib, o‘sha davrning asosiy fanlarini o‘zlashtirdi. Avvalambor, fiqh ilmini o‘z otasidan, undan keyin Imom Bahouddin Ali ibn Muhammad ibn Ismoil Asbijobiydan (vaf. 1142 y.) o‘rgandi. (Asbijob hozirgi Sayram). Uning mashhur ustozlari Abdulaziz Marg‘inoniy, «Qozixon fatovosi»ning muallifi Faxruddin Abul Mafoxir Hasan ibn Mansur O‘zgandiy (vaf. 1196 y.), «al-Aqoid an-Nasafiya» kitobi va fiqh hamda boshqa shariat ilmlari bo‘yicha yuzga yaqin asarlar muallifi Najmuddin Abu Hafs Muhammad ibn Ahmad Nasafiy (vaf. 1143 y.), Sadrush-shahid Hisomuddin Umar ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza (vaf. 1140 y.) va Saraxsiyning shogirdi bo‘lmish Abu Amr Usmon ibn Ali Boykandiy edi. Marg‘inoniy Abu Iso Termiziyning «al-Jome’» asaridagi hadislarni Qurashiyda zikr etilgan isnodlar bilan Abu Muhammad Said ibn Asaddan va Hasan ibn Ali Marg‘inoniydan o‘qib eshitgan. Hatto ayrim manbalarga ko‘ra, u o‘z ustozlaridan ancha yuqori darajalarga ko‘tarilgan edi.
Ikkinchidan, u yashagan davr Sharq uyg‘onish davri-ning birinchi bosqichi bo‘lmish IX–XII asrlarga, ya’ni, O‘rta Osiyoda jamiyat taraqqiyoti uchun fiqh ilmiga katta zarurat tug‘ilgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Fiqh ilmi bo‘yicha u yozgan asarlar, ayniqsa, «al-Hidoya» asari o‘sha davr huquqiy muammolarini yechib berishga qaratilgan edi.
Uchinchidan, Marg‘inoniyning Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit asos solgan hanafiy mazhabi, ya’ni huquqiy maktabiga mansubligi ham uning o‘sib, kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilishi uchun katta omil bo‘ldi. Binobarin, Abu Hanifa shariatning uchta asosiy manbai (Qur’on, Sunna, ijmo)dan keyin, to‘rtinchi manba bo‘lmish ratsional manba, ya’ni, qiyosga boshqa mazhablarga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratgani bilan ajralib turadi. Shuningdek, xalq ichida yoyilib, ularning hayotiga chuqur singib ketgan urf-odatlar hanafiy mazhabida huquqiy muammolarni hal qilishda qo‘shimcha manba sifatida kengroq ko‘lamda qo‘llaniladi.
Mazkur omillar, ayniqsa, hanafiy mazhabining ra’y va qiyosga tayangani Burhoniddin Marg‘inoniyga o‘z malakasini oshirib, islom huquqi falsafasining tub mohiyatini teran anglab olish va bu cheksiz jabhada erkin, bemalol fikr yuritish uchun munosib sharoit yaratib berdi. Manbalarda aytilishicha, Marg‘inoniy o‘sha davrda rasm bo‘lganidek, o‘z o‘qiganlarini daftarlarda qayd etib borgan ekan. Afsuski, ular bizgacha yetib kelmagan. Buyuk alloma umrining oxirlarida Samarqandda yashab, ijod etib, 1197-yili o‘sha joyda dunyodan o‘tgan. Shomiyning «Durr al muxtor»da yozishicha, ulug‘ faqih Samarqanddagi 400 ga yaqin Muhammad ismli faqihlar dafn etilgan Muhammadiylar qabristoni «Turbat al- Muhammadiyyin»da dafn etilgan ekan. Kotib Chalabiy, Abulhasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy, «al-Hidoya»ning ayrim sharhlovchilari, «Islom ensiklopediyasi» ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi asarlar Burhoniddin Marg‘inoniy qalamiga mansub bo‘lib, tekshirishlar orqali ularning qo‘lyozmalari borligi aniqlangan:
1. «Nashr al-mazhab» (mazhab tarqalishi). 2. «Kitobu tanosik al-xos» (Manosik al-haj). 3. «Kitob fil - faroiz» (Meros bo‘yicha kitob). 4. «At-Tajnis va-l-maziyd» (Ikkita fatvolar majmuasi). 5. «Muxtorot an-navozil» (Majmu’ an-navozil). 6. «Maziyd fi furu’ al-hanafiya» 7. Imom Shayboniyning muhim asari bo‘lmish «al- Jome’ al-kabir»ga sharh. 8. «Bidoyat al-mubtadiy». 9. «Kifoyat al-muntahiy». 10. Imom Marg‘inoniyning shoh asari bo‘lmish «al-Hidoya».
Burhoniddin Marg‘inoniy «al-Hidoya» asarini yozishda o‘ziga xos uslub yaratdi. Uning har bir iborasi nihoyatda qisqa va muxtasar, fiqhiy hukmlarni ifodalovchi jumlalarning har biri bir umumiy qoida shaklida beriladi. Uning iboralari mo‘‘jaz, ya’ni, qisqa va sermazmun, so‘zlarining tarkibi puxta, nuqsonsiz bo‘lib, sun’iylikdan uzoq. U ko‘p zarurat sezmasa, sinonim so‘zlardan foydalanmaydi. Hashv va zavoidni (kerak bo‘lmagan ortiqcha so‘zlarni) ishlatmaydi. Uning yozish uslubi «sahli mumtani’» (oson, sodda, lekin uningdek qilib yozish ilojsiz).
Muallif «al-Hidoya»ni yozishda o‘ziga xos bo‘lgan qisqa so‘zlar, istilohlar (atamalar) va ixcham iboralarni ishlatadi. Ushbu iboralar «al-Hidoya»ga yozilgan ko‘p sharhlar va hoshiyalarda mualliflari tomonidan ko‘rsatib berilgan. Mazkur manbalarga asoslanib, Hoji Xalifa (Kotib Chalabiy), Shayx Abdulhaq Dehlaviy va Abdulhay Laknaviy o‘z asarlarida ularni izohlabo‘tganlar. Ulardan ayrimlari haqida to‘xtalamiz: