Plastik kartalar orkali amalga oshirilgan operatsiyalar auditi
savdo va xizmat ko‘rsatish subyekti — ekvayer bilan tuzilgan shartnomaga asosan bank kartalari orqali tovar (ish, xizmat)larni sotuvchi yuridik shaxs va (yoki) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs;
slip — bank kartasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalarni tasdiqlovchi, operatsiyaning miqdori, turi, amalga oshirilgan sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va ushbu hujjatni shakllantirishda foydalanilgan bank kartasi, terminal yoki bankomatni to‘g‘ri aniqlay bilish imkoniyatini beruvchi axborotni o‘zida mujassamlashtirgan qog‘oz yoki elektron shakldagi hujjat (chek);
to‘lov tizimi — to‘lovlarni to‘lov tizimining operatori, to‘lov tizimi ishtirokchilari va (yoki) to‘lov tashkilotlarining to‘lov tizimi operatori tomonidan belgilangan to‘lov tizimining tartib-taomillarini, infratuzilmasini va qoidalarini qo‘llash vositasida hamkorlik qilish yo‘li bilan amalga oshirishni ta’minlaydigan munosabatlar majmuidir;
to‘lov tizimining operatori — O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov tizimining ishlashini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
terminal — bank kartasining saqlovchisiga to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi va bajarilgan operatsiyalar bo‘yicha (qog‘oz yoki elektron shakldagi) sliplarni shakllantiruvchi moslama yoki dasturiy ta’minot;
emitent — bank kartasini emissiyasini amalga oshiruvchi, bank kartasining saqlovchilari va ekvayyerlar tomonidan bank kartalaridan foydalanilgan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish huquqlari bo‘yicha o‘z nomidan majburiyatni zimmasiga olgan bank;
ekvayring — bank kartalari orqali tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchilari bilan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, bank kartasi saqlovchisiga bevosita kassa yoki bankomat orqali naqd pul berish;
ekvayer — ekvayringni amalga oshiruvchi rezident bank.
Bank kartasi saqlovchisining ruxsatisiz boshqa shaxs bank kartasidan foydalanishi mumkin emas. Bank kartasi qalbakilashtirishdan va undan noqonuniy foydalanishning boshqa turlaridan himoya qilinishi zarur. Bank kartasining amal qilish muddati to‘lov tizimi qoidalariga muvofiq to‘lov tizimi operatori tomonidan belgilanadi.
Bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblar qog‘ozda (slip, cheklar, sms-xabar) yoki elektron shaklda boshqa ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Bunda mazkur ma’lumotnomalar hisob-kitoblarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tomonlarga yetarli nusxalarda shakllantiriladi. Ma’lumotnomalar bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Ma’lumotnomalarda bank kartasi va uning saqlovchilarining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari, shuningdek tashkilotlar, naqd pul berish punktlari va bankomatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi shart.
Elektron ma’lumotnomalar bank-ekvayerga, bank-emitentga hamda shartnomada nazarda tutilgan hollarda to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotiga yuboriladi.
Bank kartalari bo‘yicha banklar o‘rtasidagi hisob-kitoblar:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) to‘lov tizimlari orqali umumiy asosda amalga oshiriladi;
Banklar o‘rtasida ular tomonidan chiqarilgan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarga ishlov berish hamda ularning kliringi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi to‘g‘risida nizomga (ro‘yxat raqami 2570, 2014-yil 4-aprel) muvofiq tartibda amalga oshiriladi. Amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha umumiy hisob-kitoblar to‘lov tizimlari orqali quyidagicha amalga oshiriladi:
bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan mijozdan olingan elektron hujjatlar asosida ekvayerda avtomatik ravishda elektron xabarnoma shakllanadi hamda o‘tkazmalarni avtorizatsiya qilish va amalga oshirish uchun to‘lov tizimi orqali emitentga yuboriladi;
emitent elektron xabarnoma asosida tranzaksiyani avtorizatsiya qilib, mablag‘larni to‘lov tizimi orqali tegishli mablag‘larni oluvchiga o‘tkazish uchun ekvayerga yuboradi hamda mablag‘larni bank karta hisobvarag‘idan hisobdan chiqarish uchun elektron memorial orderni dasturiy ravishda shakllantiradi;
mablag‘lar ekvayer tomonidan emitentdan olingan elektron memorial order asosida mablag‘larni oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va memorial order ro‘yxat ko‘rinishida chop etilib, bankning kunlik hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
To‘lov tizimi operatori orqali hisob-kitoblar quyidagicha amalga oshiriladi:
amaliyot kuni davomida bank kartalari bo‘yicha to‘lov tizimi operatori orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar hisob-kitob ishtirokchilari uchun ochilgan alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi;
yakuniy summalar Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markazida ochilgan banklarning vakillik hisobvaraqlariga shartnomada nazarda tutilgan muddatda o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi;
banklar tomonidan to‘lov tizimi operatoridan olingan ma’lumotlar asosida mijozning bank kartasi hisobvarag‘iga mablag‘lar o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi.
Tovarlar va xizmatlarni chakana realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxslar to‘lovlarning bank kartalaridan foydalangan holda qabul qilinishini ta’minlashi shart.
To‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining bank kartalaridan foydalanish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari bank kartasidan foydalangan holda amalga oshiriladigan to‘lov yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.
To‘lovlar bank kartasidan foydalangan holda amalga oshirilganda yakka tartibdagi tadbirkorda yoki yuridik shaxsda u bilan bank kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan bankka nisbatan yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan to‘lov summasida pul talab qilish huquqi, bankda esa yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning pulga doir talabini bajarish majburiyati yuzaga keladi.
Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchisi talabiga binoan uning bank kartasidan foydalanish bilan bog‘liq tegishli hujjatlarni va axborotni shartnomada belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Bank kartasining emitenti bank kartasining saqlovchisiga yuborilgan va undan olingan xabarnomalarning ushbu xabarnomalar yuborilgan va olingan kundan e’tiboran uch yildan kam bo‘lmagan muddat mobaynida saqlanishini ta’minlaydi.
Bank kartasining emitenti bank kartasi saqlovchisining arizasining ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida ko‘rib chiqadi. Arizani ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa choralar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda arizani ko‘rib chiqish muddati ko‘pi bilan o‘ttiz kunga uzaytirilishi mumkin, bu haqda bank kartasining saqlovchisiga xabar beriladi. Bank kartasidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida foydalanilgan taqdirda bank kartasining saqlovchisining arizasi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran qirq besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. Bank kartasining saqlovchisiga arizani ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda axborot yuboriladi.
Bank kartasidan foydalanish bank kartasining saqlovchisidan olingan xabarnomaga asosan bank kartasining emitenti tomonidan yoki bank kartasini saqlovchi bank kartasidan shartnomaga muvofiq foydalanish tartibini buzgan taqdirda bank kartasi emitentining tashabbusiga ko‘ra to‘xtatib turiladi yoki tugatiladi.
Bank kartasi saqlovchisining bank kartasidan foydalanishini to‘xtatib turish yoki tugatish bank kartasi saqlovchisining va bank kartasi emitentining ushbu kartadan foydalanishni to‘xtatib turish yoki tugatish paytiga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarini tugatmaydi.