Buxoro amirligida davlat boshqaruvi, sud va sudlov va tashqi diplomatiya munosabatlari Turkiy urug`lardan bo`lgan mang`itlar hukmronligi davrida Buxoro amirligining davlat tizimini, boshqaruv tartiblarini, sud va sudlov masalalarini hamda mang`it hukmdorlarining tashqi diplomatik, siyosiy va madaniy, savdo-sotiq, harbiy munosabatlarini o`rganish o`zbek milliy davlatchiligi tarixini to`laroq yoritishga katta hissa qo`shishi shubhasizdir.
O`zbek xalqining qadim davlatchilik tarixiga, uning barcha bosqichlari va davrlariga xolis, haqqoniy baho berish, tarixiy adolat nuqtai nazaridan yoritish oldimizga turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Zero, Prezidentimiz I.A.Karimovning «Tarixga murojaat qilar ekanmiz, u xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo`lmaganidek, o`z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo`lmaydi”[21] degan fikrlari davlatchilik masalalari bilan bevosita shug`ullanuvchi olimlar oldiga katta vazifalarni yuklaydi.
Buxoro amirligining XIX asr oxirgi o`n yilliklari XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini, davlat boshqaruvini, diniy-huquqiy va harbiy boshqaruv masalalarini o`rganish bizga muhim xulosalarni chiqarishga imkon beradi.
Mavzuning dolzarbligi va muhim tarixiy manbalarning mavjudligiga qaramasdan, Buxoro amirligining davlat boshqaruvi tarixi, ayniqsa, mahalliy boshqaruv va quyi ma'muriy amaldorlarning davlat boshqaruvida ishtiroki yetarlicha o`rganilmagan. Milliy davlatchiligimiz tarixini o`rganishga jiddiy e'tibor berilayotgan hozirgi kunda bugungi davr talai asosida Buxoro amirligining XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi tarixi, markaziy va mahalliy boshqaruv tartiblari, oliy tabaqa amaldorlar va quyi ma'muriy birliklar boshliqlarining, harbiy-ma'muriy va diniy amaldorlarning davlat boshqaruvidagi o`rniga doir ilmiy asarlarga ehtiyoj kattadir.
Sobiq sho`ro davri davlatchiligida bunday masalalar bir tomonlama, o`sha davrda hukmron mafkura manfaatlari va talablari nuqtai nazaridan yoritilgan edi. Shu sababli ham bu mavzuni to`liq va batafsil yoritilgan deb aytib bo`lmaydi. Buxoro amirligida yetakchi o`zbek urug`lari, xususan, mang`it urug`i zodagonlari hukmron tabaqaning asosiy tayanchi bo`lib xizmat qildi. Davlatdagi eng oliy harbiy-ma'muriy amaldorlar, mahalliy boshqaruvdagi asosiy mansabdorlar mang`it urug`iga mansub bo`lgan kishilardan tayinlanar edi. Shu bilan birga bu davrda mang`itlarga va boshqa o`zbek urug`lariga mansub bo`lmagan kishilarning ham davlat boshqaruvidagi yuqori amallarni egallash holati ko`zga tashlanadi. Bu yerda hatto forslar orasidagi davlatda amirdan keyingi ikkinchi o`rinda turadigan qushbegi amaliga tayinlangan kishilarning borligiga ham e'tiborni qaratish lozim. Bu holat Buxoro amirligining faqatgina so`nggi davriga xos bo`lib, hatto XIX asrning o`rtalarida ham qattiq amal qilingan qoida, ya'ni davlatdagi eng qori amaldorlarni faqat o`zbek urug`lariga mansub bo`lgan kishilarga berish an'anasi o`z kuchini amalda yo`qotganligini ko`rsatadi.
Buxoro amirligida davlatni boshqarish boshqa xonliklardan deyarli farq qilmagan. 16-17 asrlarda otaliq lavozimidagi shaxs xonning o`ng qo`li hisoblanib, u butun mamlakatni boshqargan. Naqib harbiy va tashqi siyosat bilan shug`ullangan. Vaqf yerlarni nazorat qilish sadrlar zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, qo`shin uchun alohida qozi (qoziaskar) tayinlangan. Qonunshunoslikka va umuman shariatga doir muhim masalani yechish va hayotga tatbiq etish qirq a'lam zimmasida bo`lgan. Devonbegi otaliq mansabidan keyin turgan. U urush va sulh ishlari, ayrim viloyat boshliqlarini tayinlash va boshqa masalalar bilan shug`ullangan. Parvonachi xon yorliqlarini topshirish va harbiy qismlarga boshchilik qilish kabi vazifalarni ado etgan. Shuningdek, xonlikda yasovul, eshikog`aboshi, miroxur, shig`ovul, amiri lashkar, to`pchiboshi, mirzaboshi, xazinachi, mehtar, mirob, qushbegi va boshqa lavozimlar bor edi.
Mang`itlar sulolasi davrida ham mustabid hokimiyat shakli mavjud bo`lib, amir huquqi chegaralanmagan oliy hukmdor edi. Ijro etuvchi hokimiyatni bosh vazir – qushbegi boshqargan. U xon bilan bamaslahat ish yuritgan. Jamiyat hayoti shariat qonunlariga asoslangan. Mamlakat murakkab davlat apparati orqali idora qilingan. Masalan, moliya ishlari devonbegiyi kalonga, davlat xavfsizligi ko`kaldoshga, ichki tartib va xavfsizlikni nazorat qilib turish raisga topshirilgan. Buxoro qozikaloni huzurida qirq a'lam va 12 muftiydan iborat rivoyatlar tuzuvchi muftiylar devoni bo`lgan. Amirlikda musulmon ruhoniylari yuqori mavqega ega bo`lgan. Ular katta yerlarga egalik qilar edi. Shayxulislom bosh ruhoniy va adliya ishlarining sardori hisoblangan. U jamiyat ma'naviy hayotini boshqargan. Sud hokimiyati ruhoniylar qo`lida bo`lgan. Barcha qozilar (qozi-ul-quzzot) qozikalonga bo`ysungan. Davlat boshqaruvida u yoki bu lavozim vazifasiga qarab o`zgarib turgan.
Xonlikda o`rta asrchilik boshqaruv tizimining uzoq saqlanishi taraqqiyot va qo`shin kuch-qudratiga salbiy ta'sir ko`rsatgan. Qo`shinda dastlab misdan, 19 asr boshlarida cho`yandan quyilgan bir necha to`p bo`lgan. Sarbozlar o`q-yoy, nayza, qilich, oybolta kabi ibtidoiy qurollar bilan qurollangan. Xonlikda qo`shin asosan otliqlardan tashkil topgan. 18 asr oxiridagi ma'lumotlarga ko`ra, xon 10 ming kishilik qo`shin to`plash imkoniga ega bo`lgan. 19 asr 30 – yillarida yollanma askarlar soni 19 ming kishi bo`lib, ular xizmatini turli shahar va harbiy istehkomlarda o`taganlar. 19 asr o`rtalarida harbiy qismlar, shuningdek to`p va miltiqlar soni ortgan. Umumiy qo`mondonlik amiri lashkar zimmasida bo`lgan.
Davlat amaldagi va rasman deyarli cheklanmagan huquqlarga ega bo`lgan amir tomonidan boshqarilardi. Buxoro amirlari o`z shajaralarini Muhammad payg`ambardan boshlaganliklari sababli ular o`z unvonlariga “said” so`zini qo`shib atardilar. Amir yonida doimiy ravishda uning shaxsiy yozishmalarini olib boruvchi ikki nafar kotibi bo`lgan. Ularning birinchisi munshiy bo`lib u barcha ishlar bo`yicha berilgan ko`rsatmalarni yozib borgan va amirga kelgan axborotlarga, ma'lumotlarga hamda ma'muriy vakillardan va alohida shaxslardan kelgan iltimosnomalarga, shikoyatlarga javob berish bilan mashg`ul edi. Ikkinchi kotib – mushrif bo`lib, u sarupo berish, qurol-yarog` va shu kabilarni tarqatish haqidagi ko`rsatmalarini rasmiylashtirar va yozish bilan shug`ullanar edi. Amir tomonidan yuqorida zikr etilgan iltimosnoma, shikoyatlar va boshqa xatlarga berilgan yozma javobi muboraknoma deb atalgan.
Amir hududiy tuzilmalardan doimiy xabarnomalar olib turgan. Odatda bir marta amirlikdagi barcha bekliklar beklari va qozilari chopar navkarlar orqali amir huzuriga yozma axborotnomalar yuborib turganlar. Ularga amir nomidan «muboraknoma”lar jo`natilgan.[22] Buxoro amirligi davlat boshqaruvida harbiy-ma'muriy amaldorlar katta o`rin tutgan. Mamlakat qo`shinlari asosan otliq va piyoda askarlardan tashkil topgan bo`lib, ular o`q-yoy, uzun nayza, gurzi, uzun dastalijang boltasi (tabarzan), changak kabi hujum qurollariga ega bo`lgan. Bu davrda navkarlarning himoya uchun qalqon (sipar)dan foydalanganliklari, sovut – jovshan (forscha baxtar) hamda temir simdan mayda qilib to`qilgan, usti ipak va baxmal mato bilan yopilgan qurol yoki jiba (jeva) – temir yoki po`latdan ishlangan maxsus kiyim kiyib jang qilganlari manbalarda aks etgan. Qo`shinning asosiy jangovar qismini suvoriylar tashkil etgan. Shu sababli ham o`zaro urushlarda otlarning himoyasiga katta e'tibor berilgan va o`q o`tmasligi uchun ularning ustiga maxsus yopinqich – gejm (kejim) yopilgan. Mamlakat qo`shini tarkibida dushmanning shahar va mudofaa qo`rg`onlarini ishg`ol etishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan naftandozlar, manjanaqchilar va tosh otuvchilar ham bo`lgan.
Buxoro qo`shinlarining tarkibiy tuzilishi, jang qilish tartiblari Chingizxon va Amir Temur qo`shinlari harbiy tuzilishi, urush taktikasiga asoslangan. Shu bilan birga, ular turkiy xalqlarga xos bo`lgan qadimgi jang usullarini ham o`zlashtirgan. Qo`shin tarkibida to`g`chi qism, ya'ni bayroq ostida ehtiyotda turuvchi (tug`ni qo`riqlovchi) 20-30 min kishilik jangovar harbiy bo`linma hamda zabongiri, ya'ni dushman tomonidan yashirin ravishda “til” tutib keluvchi maxsus bo`linma va xabargiri – dushman to`g`risida umumiy ma'lumot keltiruvchi bo`linmalar ham bo`lgan. Ayrim manbalarning dalolat berishicha, favqulodda vaziyatlarda eng qaltis harbiy vazifalarni bajarishga mo`ljallangan jangovar qismlar ham bo`lib, ular asosan saralangan o`zbek jangchilaridan tashkil topgan. Amirning xos qo`riqchilari ham saralangan o`zbek navkarlaridan tuzilgan.
Buxoro amirligida oliy bosh qo`mondan amir bo`lib, u qo`shinni turli darajadagi harbiy amaldorlar yordamida boshqargan. Mamlakat qo`shini ham Chingizxon va Amir Temur qo`shinlaridek, 10 minglik korpuslar – tumanlarga bo`lingan. Ularga no`yon deb ataluvchi harbiy sarkardalar boshchilik qilgan. Tumanlar o`z navbatida, minglik, yuzlik, o`nliklarga ajralgan. Amirlikda qo`shinni jangga hozirlash, harbiy amaldorlar va navkarlarga maosh to`lash va boshqa tashkiliy ishlar bilan maxsus amaldor – tavochi shug`ullangan. Qo`shinni qurol-yarog` bilan ta'minlashga mas'ul bo`lgan amaldor -jevachi bo`lib, u amirning qurol-aslahalariga ham javobgar hisoblangan. Harbiy amaldorlar va navkarlarga xazinadan beriladigan maoshdan tashqari, harbiy yurishlar paytida qo`lga kiritilgan o`ljadan ham ma'lum miqdorda ulush ajratilgan.
XIX asrda mang`it amirlar davrida harbiy sohada jiddiy o`zgarishlar amalga oshirildi. Bunday islohotlar qisman bo`lsada, mang`itlar sulolasi asoschisi Muhammad Rahim tomonidan olib borildi. Buxoro amirligining harbiy qudrati, ayniqsa, Amir Nasrullo hukmronligi davrida o`zining eng yuqori nuqtasiga yetdi. Uning davrida Buxoroda muntazam armiya – sarbozlar (sipoh) qo`shini tashkil etildi. Ularning soni 40 mingga yaqin bo`lgan. Qo`shinlar otliq va piyoda jangchilardan tashkil topgan bo`lib, ularning qurollari asosan qilich, nayza va o`q-yoydan iborat edi. Buxoro amirligi qo`shinlari mamlakatning barcha shaharlarida, ayniqsa, chegara shaharlar (Jizzax, O`ratepa, Qorako`l, Marv)da joylashtirilgan. Bu davrda Buxoroda zambaraklar yasovchi chet ellik (eronlik) mutaxasislar ham bo`lganligi mavjud. Biroq shunga qaramay, qo`shinni zamonaviy miltiqlar va zambarakalr bilan qurollantirish sohasida boshlangan ishlar tugallanmasdan qolib ketdi. Natijada XIX asrning 2-yarmiga kelib, Buxoro amirligining katta qismi Rossiya qo`shinlari tomonidan bosib olindi. Buni o`z navbatida, XVII-XIX asrlarda mintaqamizda harbiy sohada hech qanday yuksalish bo`lmaganligi hamda zamonaviy qurol-yarog`larning yetarli emasligi bilan izohlash mumkin.
Markaziy boshqaruvda ham, mahalliy boshqaruvda ham turli toifadagi amaldorlarning mavqei baland edi. Amir va uning maxfiy xizmati tomonidan amalga oshirib turilgan nazorat ham ko`pgina amaldorlarning o`z mansablarini suiiste'mol qilishlari oldini olganligini tarixiy faktlar ko`rsatib turibdi. Qushbegi arxivi hujjatlarining chiqish ro`yxatidagi ma'lumotlarga qaraganda (1915y) Buxoro amirligi 27 viloyat va 11 tuman dan iborat bo`lgan.[23]Barcha tumanlar Buxoro shahri atrofida joylashgan edi. Quyida Buxoro shahri atrofida joylashgan 11 tumanning nomlarini keltirib o`tmoqchimiz:
1.Janubiyi-Rud, 2.Kamat(Vobkent), 3.Kami Obi Muslim (Vag`onze), 4.Qorako`l, 5.Pirmast, 6.Somejon (Romitan), 7.Xayrobod, 8.Xarkan Rud (g`ijduvon), 9.Xutfar (Zandani), 10.Shofirkom, 11.Shimoliyi-Rud. Buxoro amirligi hududiga kiruvchi 27 viloyatni (beklik) quyidagi ro`yxatda keltirishga harakat qildik:
1.Boysun, 2.Boljuvon, 3.Burdaliq, 4.Darvoz, 5.Denov, 6.Ziyovuddin, 7.Yakkabog`, 8.Kabodiyon, 9.Qorategin, 10.Karki, 11.Karmana, 12.Qarshi, 13.Kelif, 14.Kitob, 15.Ko`lob, 16.Qo`rg`ontepa, 17.Nurato, 18.Sarijo`y, 19.Usti, 20.Xatirchi, 21.Hisor, 22.G`uzor, 23.Chahor Jo`y, 24.Chiroqchi, 25.Shahrisabz, 26.Sherobod, 27.Sho`g`non. Undan tashqari Buxoro amirligida 320dan ortiq amlok yerlari va boshqa mayda ma'muriy bo`linmalar mavjud bo`lgan. O`z navbatida aholi punktlari ham 10 mingdan ortiq bo`lgan. Barcha viloyatlarning ma'muriy markazi ham mazkur viloyatning nomi bilan atalar edi. Buxoro amirligida aholi punktlari sonining ko`pligi bilan sharqiy viloyatlar mashhur edi. Masalan, Boljuvonda – 1420, Hisorda – 1200, Qorateginda – 700, Ko`lobda esa – 635 ta aholi punktlari mavjud edi. Turkman viloyatlarining soni uncha ko`p bo`lmasdan, masalan, Usti viloyatida 15 ta, Burdaliq – 14, Kelif viloyatida esa – 24 tadan aholi punktlari mavjud edi. Boshqa viloyatlarda esa 100tadan 400tagacha aholi punktlari mavjud bo`lib, ularning soni Buxoro shahri atrofidagi tumanlar aholi punktlarining soni bilan bir xilda edi.[24] Mahalliy tarixnavis Abdurahmon Tamkin Buxoriyning ko`rsatishicha, faqatgina 1915 yilda Buxoroda shahar atrofida ikki tuman: Shimoli-Rud va Janubi-Rud tashkil etilgan. Ushbu ikki tuman boshqa 9 ta tumandan o`zining ma'muriy markaziga ega bo`lmaganligi bilan farqlanadi. Ushbu tumanlardan soliq va boshqa majburiy to`lovlarni Buxoro shahri Sadr-raisi xizmatchilari yig`ib olar edi. Ko`pgina tumanlar ikki nomga ega bo`lgan. Masalan, G`ijduvon Xarkan Rud, Kamat Vobkent va Somijon Romitan nomlari bilan atalgan. Buxoro amirligida bir tumanni tashkil etish uchun 80 ta aholi punktlarini birlashtirish kerak edi. Lekin ushbu shartga qaramay tumanlarda aholi punktlarining soni 1916 yilga kelib hatto 120dan 340 ta aholi punktlariga ko`paydi. Buxoro amirligida ko`pincha viloyatlar, tumanlar va boshqa amlok yerlarini bir-biriga qo`shish, ajratish yoki bo`lmasa to`g`ridan-to`g`ri Buxoro shahriga buysunadigan butunlay mustaqil bir ma'muriy-hududiy birlik tashkil etilar edi.Masalan, 1914 yilda Somejon tumani Xutfar tumaniga, Shofurkom tumani Pirmast tumaniga qo`shib yuborilgan edi. Alohida ma'muriy-birlik hisoblangan uch amlok yerlari: Komi Mig`, Yangi Qo`rg`on hamda Karaman XIX asr oxiriga kelib viloyat hisobiga kiradigan bo`ldi.[25] 1916 yilga kelib esa, Komi Mig`, Yangi Qo`rg`on amlok yerlari Karmana viloyati hokimiga buysuna boshladi. Buxoro amirligida viloyatlar va tumanlar turlicha ma'muriy-hududiy jihatdan bo`linib, ularning ko`pchiligi amlok yerlariga, ular esa qishloqlarga bo`lingan edi. O`sha davrda ko`pgina tumanlar va viloyatlar mavzelarga bo`lingan bo`lib, ularning tarkibiga bir qator qishloqlar kirgan. Bizgacha yetib kelgan huquqiy hujjatlarga e'tiborni qaratadigan bo`lsak, amirlikdagi bir qator viloyat va tumanlarda amlok, mavze, guzar hamda machit kabi ma'muriy-hududiy birliklar mavjud ekanliginining guvohi bo`lamiz. Karmana viloyatida amloklar tarkibiga mavzelar, mavzelar tarkibiga esa machitlar kirgan. Hatto ayrim mavzelar tarkibiga 10 dan ortiq machitlar kirgan. Viloyatlar va tumanlarda mavze qishloq yoki machit kabi ma'muriy-hududiy birliklarga nisbatan hududiy jihatdan ancha katta sanalgan. Karki viloyatining aosiy tarkibi mavzelardan iborat bo`lsa ham, lekin ushbu mavzelar bekcha deb ataluvchi ma'muriy birliklarga bo`lingan. Nurato viloyati esa guzarlarga, guzarlar esa o`z navbatida qishloqlarga bo`lingan. Qorateginda rabavlar, ular esa mavze va qishloqlarga bo`lingan. Pomir viloyatlari Ro`shon va Sho`g`nonda ma'muriy birliklar oqsoqollik deb ataluvchi hududlarga bo`lingan. Amirlikdagi barcha tumanlar shu hududdan oqib o`tadigan ariq, kanal va anhorlarning nomi bilan birga qo`shib aytilar edi. Masalan, Qorako`l tumani 7ta nahr(irmoq)larga bo`lingan edi. Kamat tumani 5 ta, Pirmast tumani 3 ta irmoqqa bo`lingan edi. Buxoro amirligida aholini, hududlarni markazlashgan tizimda hisob-kitobini olib borilmaganligi Chor Rossiyasining siyosiy agentligiga o`zining Buxoro amirligida amalga oshirilishi lozim bo`lgan iqtisodiy manfaatdorlikka katta ta'sir o`tkazuvchi vazifalarini o`tkazishga tubdan xalaqit bergan. Masalan, 1913 yilning dekabr oyida Samarqand uyezdligiga tegishli bo`lgan yerlarga Qarshi viloyatining Ashurbek qishlog`idan, Chiroqchi viloyatining Shodi Qo`rg`on qishlog`idan, Ziyovuddin viloyatining Jo`yxazarman qishlog`idan chorva mollarining kirib kelishi natijasida ekin maydonlarining ancha qismi payhon etilgan. Ushbu masalada Samarqand uyezdligining davlat mulki bo`yicha mudiri siyosiy agentlik orqali jarimani talab qilganda, yuqoridagi viloyatlarning hokimlari ular boshqarayotgan viloyatlarda bu nomdagi qishloqlar mavjud emas deb ma'lumot beradi. [26] Amirlikdagi bekliklar o`z hududi, nufuzi va boshqa ko`pgina jihatlari bilan bir-biridan farqlanar edi.
Bekliklarda ham o`ziga xos ma'muriy boshqaruv apparati tashkil etilgan bo`lib, ularga diniy-huquqiy masalalarni boshqaruvchi qozi, rais, muftiy kabi amaldorlar, soliq yig`uvchi (zakotchi), qo`shinni boshqaruvchi yasovulboshi, mirshab kabi amaldorlar va boshqalar mavjud bo`lgan.
Viloyatlar qozilari to`g`ridan-to`g`ri Buxorodan tayinlangan va o`z faoliyatida bekdan mustaqil bo`lgan. U odatda bekning harakatlari haqidamaxfiy ravishda Buxoroga xabar berib turgan. Diniy amaldorlar mamlakatdagi sud hokimiyatini, shuningdek, ta'lim va tarbiya maskanlari bo`lgan madrasalar, boshlang`ich maktablarni, kundaliy hayotda katta o`rin tutgan masjidlar va boshqa shu turdagi ijtimoiy muassasalarni o`z nazoratlari ostiga olgan edilar.
Davlatni boshqarishda amirning asosiy va birinchi yordamchisi qushbegi hisoblangan. Vazirlarning eng ulug`i qushbegi hisolangan. U davlatning tajribali, ishbilarmon, siyosatdon odamlaridan tasdiqlangan. Nomzod avval devonbegi mansabiga musharraf bo`lmog`i lozim, so`ngra qushbegilikka loyiq sanalgan.U saroydagi eng yuqori unvon bo`lib davlatda amirdan so`ng turgan. Turklardagi ulug` vazir yoki Yevropadagi davlat kansleri singari, qushbegi amirning eng yaqin maslahatchisi va ishonchli odami bo`lgan. “Qushbegi amirning eng yaqin yordamchisi, - deb yozgan olim P.Shubinskiy. – Qushbegi mansabini vitse-kansler mansabiga tenglashtirish mumkin, bundan tashqari u shuningdek ark begi, Buxoro shahri hokimi davlat xazinasi va muhrining saqlovchisi mansablarini ham o`z ichiga oladi”.[27] U amirning shaxsiy muhrini saqlovchi, boshqa davlatlar bilan aloqalarni nazorat qiluvchi va shuningdek moliya ishlarini boshqaruvchidir.
Savdodan olinuvchi barcha bojxona to`lovlari boshqaruvi ham uning qo`lida bo`lishi bilan bir qatorda, u yer solig`ini yig`ish va yer-mulklarni berishni ham nazorat qilgan. Bulardan tashqari unga amir saroyi xavfsizligini nazorat qilish vazifasi ham yuklatilgan. Aynan mana shuning uchun ham amir shahardan boshqa joyga ketgan paytda u saroy darvozaxonasining unga maxsus qurilgan joyida amir shaharga qaytguncha kutib o`tirishga majbur bo`lgan. Har kuni kechqurun shaharning kechasi qulflanadigan darvozasi kaliti qushbegiga olib kelib berilgan va ertasiga ertalab esa kalitlar yana darvozabonlar boshlig`iga qaytarilgan. Shuningdek, qushbegi Buxoro shahar hokimi bo`lib qolmasdan, barcha beklarning oliy boshlig`i ham edi. Uning mahkamasidan eng markaziy hokimiyatning ko`rsatmalari va qarorlari chiqib turgan. Qushbegi barcha ishlarni bevosita amirning roziligi bilan qilgan va har kuni qilingan va qilinayotgan ishlar to`g`risida amirga yozma yoki og`zaki axborot berib turgan.
Buxoro bosh qushbegisi – Qushbegiyi bolo (yuqori qushbegi) de atalgan. Undan farq qilgan holda qushbegiyi poyon (quyi qushbegi) deb atalgan amaldor bo`lib, u davlatning bosh zakotchisi hisoblangan. Buxoro tarixnavislik maktabi bo`lgan Muhammad Ali Baljuvoniy qushbegi majburiyatlarini ta'kidlab shunday degan edi: “U shunday podsho, askar, ahli vazifa va fuqaro manfaati uchun harakat qilmog`i zarur edi. Shunda davlati oliy uzoq muddat davom etadi. Aks holda bu ishning uddasidan chiqmasa, manfaatidan zarari ko`p tegsa, beparvo bo`lsa, kundalik va viloyat islohini bilmasa mansabidan olingan”.
Shahar jamoat tartibini saqlash mirshablarga topshirilgan. Buxoro shahri mirshabboshisiga bir vaqtning o`zida amirlikdagi boshqa barcha shaharlar mirshablari ham bo`ysunishgan. Muhammad Ali Baljuvoniy “Siyosiy hukumatga tegishli ishlar Mir rasas ya'ni mirshab qo`lida bo`lib u shahar muhofazasiga ma'mur hisoblangan. Davlatning mahbuslari uning ixtiyorida bo`lgan. Amirning shig`ovullari, xudaychilari (udaychilar) o`z ixtiyorlari bilan biror ishni qilmaganlar, faqat amir buyrug`iga bo`ysunganlar” deb yozgan edi. Uning yozishicha Buxoro shahri ichki dahaga, dahalarning har biri esa olti jaribga bo`lingan. Har bir dahani dahaboshi boshqargan. Jaribni esa bobo boshqargan bo`lib, uning mahkamasi boboxona deyilgan. Uning ixtiyorida faqat tunda ishlaydigan maxsus qo`riqchilar bo`lib, ular shabgardlar deb atalgan. Shabgardlar (tunda kezuvchi) – fors-tojik tilidan olingan bo`lib, “shab”-kechqurun, tun va “gard”-kezmoq, kezuvchi ma'nolarini anglatadi.
Shabgardlar kechasi shaharni kezib yurib barcha shubhali shaxslarni aniqlaganlar, shuningdek hech bir ehtiyojsiz kechasi shahar ko`chalarida yurgan shaxslarni ushlaganlar. Ularning ijtimoiy ahvoli, unvoni va kelib chiqishidan qat'i nazar, shahardagi hammom va o`choqlarni jo`natilgan va ertalab o`z uylariga qo`yib yuborilgan. Umuman Buxoro shahrida odamlar harakati hufton namozidan so`ng, ya'ni qorong`i tushgandan so`ng ozgina vaqt o`tgach to`xtagan. Aynan shu paytda shaharning barcha o`n bir darvozasi qulflangan. Har bir darvozaga ikki qo`riqchi – darvozabon qo`yilgan.
Shahar mirshabboshisi kechasi shaharni aylanib yurib o`z odamlaridan shaharning qaysi mavzesi va qaysi uyda bazm va man etilgan o`yinlar o`ynalayotganligi to`g`risida ma'lumotlar olib, ushbu ma'lumotlar asosida o`z xizmatchilari bilan borib gunohkorlarni ushlab, ularga jarima solib jazolaganlar. Jarima to`lashga qurbi yetmaganlar qamoqqa tashlangan.
Shu narsani alohida ta'kidlash lozimki, shaharda hatto, to`y va ruxsat berilgan bazmlar ham belgilangan vaqtda tugashi shart bo`lgan va ayrim sabablar bilan ushlanib qolgan to`y yoki bazm ishtirokchilari shu xonadonda tonggacha qolishga majbur bo`lganlar.