Buxoro shahar hokimi – amirning birinchi vaziri va boshqa viloyat boshliqlari boshqaruvchisi hisoblangan. Shahar mirshablari boshlig`i esa o`z navbatida barcha bekliklaridagi mirshablar ishini boshqargan. Poytaxt oliy qozisi, ya'ni qozikalon – amirlikning barcha qozilari boshlig`i hisoblangan. Mana shu asosda amirlikda juda katta markazlashuv vujudga kelgan. Yana shuni alohida ta'kidlash lozimki, o`sha davrda Qushbegi, Qozikalon, Bosh rais va Buxoro shahar mirshabboshisini birgalikda “chor hokim” – ya'ni “to`rt hokim” deb yuritishgan.
Buxoro amirligi davlat boshqaruvi tizimida o`ziga xos o`rinni “rais” egallardi. Ushbu amal yarim diniy, yarim tartibotchi usulda edi. Poytaxtda Bosh rais, viloyatlarda (beklik) esa mahalliy raislar faoliyat ko`rsatishgan. Raisning majburiyatiga eng avvalo, aholining yurish-turishi va hulqini nazorat qilish kirgan. Bosh rais odatda Eshon rais yoki rais – ush-shariat deb atalgan. Bosh raisga barcha mahalliy raislar bo`ysungan. Bosh rais ularni amir oldida tekshiruvdan o`tkazib turgan.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoro Amirligidagi davlat boshqaruv tizimidagi o`ziga xos xususiyatlarni, harbiy-ma'muriy va diniy amaldorlarning vazifalari, huquq va burchlarini o`rganish asosida xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu davrda Buxoro Amirligida Amir Temur va temuriylar hamda shayboniylar va ashtarxoniylar sulolalari hukmronligi davrida qaror topgan davlat boshqaruvi tizimi va tartiblar deyarli o`zgarishsiz saqlanib qolingan.
Buxoro Amirligi davlat tizimini, boshqaruv tartiblarini o`rganish o`zbek milliy davlatchiligi tarixini to`laroq yoritishga katta hissa qo`shishi shubhasizdir.
Milliy davlatchiligimizning shakllanishi va rivojlanishi muammolarini o`rganish va uning ijobiy tajribalarini keng jamoatchilikka yetkazish bo`yicha Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan oldimizga yuksak va asosiy mas'uliyatli vazifa etib, “milliy davlatchiligimizning ilmiy nuqtai nazardan asoslangan tarixini yaratishdir”[28] deb ta'kidlangan edi.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolik jamiyati qurish sari o`zining kuch qudratiga, jahon sivilizatsiyasiga betakror hissa qo`shgan ulkan ma'naviy, tarixiy, madaniy merosiga va manbalarga ega bo`lgan, o`z o`rnida hozirgi kunda yuksak islohotlar amalga oshirilib turgan bir paytda uning davlatchilik masalalarini chuqur tahlil etish dolzarb vazifalarimizdan biriga aylanib qolmoqda.
Turkiy mang`itlardan bo`lgan Buxoro amiri Amir Shohmurod o`zining davlat boshqaruvi jarayonida turli sohada islohotlar o`tkazdi. Masalan, yer, ma'muriy, soliq islohoti kabilar. Bu islohotlar ichida, ayniqsa, sud islohoti diqqatga sazovordir. Unga ko`ra har bir musulmon, hatto qul ham qoziga o`z shikoyati bilan kelishga va g`ayriqonuniy ish qilayotgan o`z xo`jayinini javobgarlikka tortishga haqlidir.
Amir Shohmurod Buxoro Amirligi davlatchiligi tarixida o`z o`rniga alohida ega bo`lgan hukmdorlardan sanaladi. U turkiy mang`itlar sulolasi hukmdorlari ichida birinchi bo`lib sud – huquqiy islohotlarini amalga oshirdi. Davlatchilik tarixida “Amiri ma'sum” (“Begunoh amir”) nomi bilan qolgan Amir Shohmurodning hukmronlik yillari (1785 – 1800) Buxoroda markaziy hokimiyatning nisbatan mustahkamlanishi davri bo`ldi.
Amir Shohmurod tomonidan o`tkazilgan sud – huquqiy islohotlari mamlakatda sud ishlaridagi nohaqliklarga chek qo`yilishiga, sudlarda ishlarning erkin olib borilishiga hamda qozilar tomonidan odillik, adolat va insonparvarlik ruhida sud jarayonlarini amalga oshirishga imkon yaratib berdi. Asosiy sud idorasi qozilik mahkamalari hisoblanib, qozikalon butun mamlakatning bosh qozisi (sudyasi) edi. Fuqarolik va jinoiy ishlarning barchasini qozilar ko`rib chiqqan. Sud ishlarini yuritish tartibi oddiy ko`rinishga ega edi.[29] Qoziga og`zaki va yozma ravishda ariza bilan murojaat etish mumkin edi. Keltirilgan murojaat, ariza yoki shikoyatnomalarga asoslangan holda qozining huzuriga aybdor yoki aybdorlar ishni boshlash uchun keltirilar edi. Qozilar tomonidan olib boriladigan sud jarayonida aybdorni ayblash yoki uning aybini isbotlash uchun shariat qonun – qoidalariga rioya qiladigan, rostgo`y, halol kishilarning guvohligi yetarli asosga ega edi. Guvohlar esa kamida ikki kishidan iborat bo`lmog`i lozim edi.
Sud jarayonida qozilar aybdorlarning moddiy ahvoli, avvalo aybning darajasiga qarab, so`ngra aybdorning qilmish uchun chin ko`ngildan pushaymon bo`lishi, zararni ixtiyoriy ravishda qoplashi, jabr ko`rgan shaxsdan uzr so`rashi kabi holatlarni inobatga olgan holda jazo tayinlagan.
Amir Shohmurod tomonidan o`tkazilgan sud – huquqiy islohotlarning muhim jihati shundaki, bu davrga kelib qozining hukmidan norozi bo`lgan taraf qozikalonga yoki amirga shikoyat qilish huquqiga ega bo`ldi. Qozikalonga yoki amir nomiga yozilgan shikoyatnoma o`rganib chiqilib, qozining hukmini asosli ravishda qozikalon bekor qilishi hamda qozikalon qarorini faqat amir bekor qilishi mumkin edi.
Amir Shohmurod tomonidan o`tkazilgan sud – huquqiy islohotlari o`sha vaqtda nafaqat Buxoro Amirligida, balki boshqa xonliklarda ham sud va sudlovni ijobiylashtirish uchun ulkan qadam edi. O`z navbatida Amir Shohmurod sud idoralarining qayta tuzilishi, tashkil topishi va quyi sud idoralari qozilarining tayinlanishi kabi yangiliklarni amalga oshirgan edi.
O`sha davrda sud idoralarini isloh qilish maqsadida Amir Shohmurodning bevosita tashabbusi bilan qirq a'lamdan (qonunshunoslardan) iborat tarkibda oliy sud (qozixona) palatasi tuzildi. Ushbu palataning a'zolari, ya'ni qonunshunoslar shariat qonun – qoidalari asosida Amir Shohmurod tomonidan tuzilgan qoidalar to`plami asosida quyi sud idoralari qozilarining hukmidan norozi bo`lib yozilgan arz va shikoyatnomalarni ko`rib chiqar edilar.
Amir Shohmurod tomonidan o`tkazilgan sud - huquqiy islohotlarining yana bir muhim yangiligi, bu oliy sud palatasida qirq a'lam (qonunshunoslar) ishtirokida ko`rilayotgan arz yoki shikoyatnomada da'vogarning shaxsan o`zi ishtirok etishining talab qilinishi bo`ldi.
Shunday qilib, Amir Shohmurod davrida Buxoro Amirligida yangi sud tizimi: qasaba (kattaroq qishloq), tuman, viloyat qozilari, Bosh qozi va qirq a'lam sudi vujudga kelib, eng oliy qozi amirning o`zi edi.[30] Shariat huquqi asosida Shohmurod tuzgan qoidalar to`plami diqqatga sazovordirki, uni izlab topish va ilmiy jamoatchilikka yetkazish olimlarimiz oldidagi vazifalardan biri bo`lib turibdi. Chunki biz O`zbekistonda hukm surgan sulolardan chiqqan davlat boshliqlari qo`li bilan tuzilgan qoidalar to`plamlarini juda kam uchratamiz. Shu o`rinda yana Amir Shohmurodning sud islohotlari, ayniqsa, katta ahamiyatga molik ekanligini aytib o`tamiz.
Bugungi kunga kelib esa yurtboshimiz I.A.Karimov ta'kidlaganlaridek, “O`zbekistonda davlatchilik bo`lmagan, deb orqavarotdan tashviqot yuritayotgan, shu fikrni ongimizga singdirmoqchi bo`layotgan, kerak bo`lsa, xalqaro jamoatchilikni shunga ishontirishga urinayotgan kuchlarning asossiz da'volarini puch ekanligini isbotlash”[31] bugungi kunda yana bir bora aytib o`tmoqchimizki, milliy davlatchiligimiz masalasini ilmiy nuqtai nazardan asoslab va kerak bo`lsa isbotlab berish muhim vazifa hisoblanadi.
Davlatchilik tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, sobiq sho`ro davrida ham milliy davlatchiligimizni, adolatli hukmdorlarni hamda ular tomonidan amalga oshirilgan ko`plab ezgu ishlarni o`sha davrda ham o`rganish mumkin edi. Ammo bunday masalalar ikkinchi darajali deb hisoblanar va o`z o`rnida e'tibordan chetda qolib ketaverar edi. Zero, olim Ahmad Donish Amir Shohmurodni xalifa Umar bilan bir qatorga qo`yib “amirlik gilamini kambag`allik kiyimi bilan bezadi, jahon bog`idan dushmanlik va yomonlik tomirini sug`urib tashladi va adolat nihollarini o`tkazdi”[32], deb o`sha davrda ham yuksak baholagan edi.
Milliy davlatchiligimiz asoslarini, unda amalga oshirilgan islohotlarni, davlat boshqaruv idoralarining markazlashuv jarayonlarini yanada tarixiy faktlar hamda manbalar asosida o`rganish, uni ilmiy nuqtai nazardan keng jamoatchilikka yetkazish yangi tarixiy sharoitda kelajagini qurayotgan, milliy davlatchilikni tiklayotgan davlat uchun g`oyatda muhim jarayondir. O`z o`rnida ushbu jarayon kelajakda o`zining tarixiy ildiziga tayanib hayot kechirsa ajab emas.
O`zbekistonda demokratik huquqiy davlat qurish jarayonida o`tmishning tarixiy tajribasi, o`zbek xalqining qadimiy davlatchilik an'analari beqiyos ahamiyat kasb etishi shubhasizdir. Respublikamiz mustaqillikka erishgach, uch ming yildan buyon umumjahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo`lib kelayotgan o`zbek davlatchiligi tarixini har tomonlama va haqqoniy yoritishni imkoniyati paydo bo`ldi.
Zero, yurtboshimiz aytganlaridek, “Milliy davlatchiligimiz-ning shakllanishi va rivojlanishi muammolarini o`rganish va uning ijobiy tajribalarini keng jamoatchilikka yetkazish hech qachon o`z dolzarbligini yo`qotmaydi”.[33] Milliy davlatchiligimiz tarixini o`rganishga jiddiy e'tibor berilayotgan hozirgi kunda bugungi davr talabi asosida Buxoro Amirligida amalga oshirilgan huquqiy islohotlarning davlatlilik tarixiga ulkan hissa qo`shishida va uni davlat tizimini tadqiq etishdagi o`rniga doir ilmiy asarlarga ehtiyoj kattadir.
Turkiy o`zbeklardan bo`lgan mang`itlar hukmronligi davrida Buxoro amirligining davlat tizimini, boshqaruv tartiblarini o`rganish o`zbek milliy davlatchiligi tarixini to`laroq yoritishga katta hissa qo`shishi shubhasizdir.
Buxoro amirligi davlatchiligi tarixini o`rganish jarayonida davlatning ichki va tashqi savdo, madaniy, siyosiy va diplomatik aloqalarini, bizgacha yetib kelgan huquqiy hujjatlarni, amir nomalarini, turli qo`lyozmalarni ham o`rganish davlatchilik tarixi masalalariga yanada chuqur kirib borilganligidan dalolat bersa ajab emas. Sir emaski, bir vaqtlar O`rta Osiyo, jumladan Buxoro amirligi davlatchilik tarixining eng muhim jihatlaridan biri sanalgan XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlaridagi xalqaro diplomatik munosabatlarni yoritishda bir yoqlamalikka yo`l qo`yilar, u o`zining xolisona bahosini olmasdi.
XIX asr Buxoro davlatchiligi tarixi mang`itlarining navbatdagi hukmdori Amir Haydar (1800-1825) podshohligi bilan boshlandi. U o`z sulolasidan bo`lgan boshqa tojdorlarga nisbatan ko`p jihatlari bilan o`zbek milliy davlatchiligi tarixida sezilarli iz qoldirgan, mang`itlar hukmronligini mustahkamlash, ichki va tashqi muxoliflarga qarshu kurashda qator muvaffaqiyatlarni qo`lga kiritishga erishgan. Bu hol, ayniqsa, uning tashqi siyosatida o`z davridagi g`oyat murakkab xalqaro munosabatlarni to`g`ri ilg`ab ola bilishida yorqin namoyon bo`ldi. Amir Haydar hukmronligining dastlabki o`n yili ichida Buxoro davlati olib borgan tashqi siyosiy diplomatik munosabatlarning ayrim qirralari haqida haqqoniy va yangi ma'lumotlar beruvchi safarnomalar bugungi kunda davlatchilik tarixi masalalarini yanada chuqurroq tadqiq etishga imkon tug`diradi. 1805 yilda Rossiya tashqi ishlar vazirligi boshqarmasining boshlig`i knaz Adam Charteriyskiy ko`rsatmasiga binoan maxsus karvonda savdogar qiyofasida Orenburgdan Buxoroga rus konfidentlaridan biri Habibulla Abdulov (bundan oldin ham bir necha maxfiy topshiriq bilan bu yerga kelib ketgan) yuboriladi. U bu yerda rasman soxta pul yasashda ayblangan va Buxoroga qochib kelgan rus fuqarolari teptyar-totorlarni Rossiyaga topshirish haqida muzokaralar yuritadi, ammo aslida unga yuklatilgan asosiy vazifa Nodirshohning Buxoroda yashashi taxmin etilgan nevarasini rus imperatori panohiga olib ketish va undan Rossiyaning O`rta Sharqdagi mustamlakachilik siyosatida foydalanish bo`lgan. Ayni vaqtda unga “buxoroliklarning Xiva va Eron bilan bo`lgan munosabatlarining darajasi haqida xufya ma'lumotlar yig`ish, bu ishlarga boshqa Yevropalik davlat vakillari aralashayotani yo`qmi, degan masalani ham aniqlash” yuklatilgan edi. 1809 yilda Rossiyadan Buxoroga maxfiy suratda yana bir konfident – poruchik Adilnosir Subhonqulov yuboriladi. Savdo karvoni bilan kelgan bu “vakil” ham Buxoroning ichki va tashqi ahvoli haqida, uning harbiy quvvati to`g`risida batafsil materiallar to`playdi va bu ma'lumotlar tartibga solinib, Orenburg gubernatori tomonidan Peturburgga jo`natiladi. 1812 yilda Ost-Indiya kompaniyasi Peshovardan Afg`oniston orqali Buxoroga o`z vakili Hofiz Muhammad Fozilxln ismli kimsan elchi sifatida Amir Haydar huzuriga yo`llaydi. O`sha yili u Buxoroga kelib uning hukmdori qabulida bo`ladi va amirga kompaniya rahbariyati hamda Buxoroga Kashmir orqali inglizlar yuborgan asosiy elchi – Mir Izzatulloh nomidan bitilgan nomalarni topshiradi. Hofiz Fozilxon o`z taassurotlarini fors tilida bitilgan “Buxoro manzillari tarixi” safarnomasida bayon qilgan. Xuddi shu yili yana Ost-Indiya kompaniyasi Hofiz Fozilxondan keyin Buxoroga o`zlarining asosiy elchilarini safarga otlantiradi. Bu elchilikka Said Mir Izzatulloh boshchilik qiladi. Ular Kashmirdan o`tib, sharqiy sarhadlardan Buxoro amirligi tuprog`iga kirib keladilar. Izzatulloh Buxoro amiri bilan ko`rishgach, bu yerdan Markaziy Osiyoning boshqa shaharlariga ham safar qiladi. U ham Fozilxon singari barcha taassurotlarini maxsus hisobot tarzida yakunlab, Ost-Indiya rahbarlariga topshiradi. Ammo Said Mir Izzatullohning safar esdaliklari Fozilxonning “Buxoro manzillari tarixi” asaridan farqli o`laroq, oradan sal fursat o`tgach qisqartirilgan holda avval fransuz, so`ngra to`la ravishda ingliz tillariga tarjima qilinib, kitob holida chop etiladi.
O`tgan asrning dastlaki o`n yili ichida Buxoro amirligiga kelib ketgan ana shu “sayyohlar”ning qoldirgan safar taassurotlari mazmuni shuni ko`rsatadiki, bu o`zbek xonligi o`sha yillarda nafaqat O`rta Sharq mintaqasida, balki jahon miqyosida ko`tarilgan muhim xalqaro muammolar bilan aloqador bo`lgan.
Bu davrda Yevropa qit'asida yetakchi davlatlarni o`z domiga tortgan Napoleon urushlari faqatgina bu kit'ada ustunlikni ta'minlash uchun olib borilgan kurashlardan iborat bo`lmasdan, balki jahonning boshqa qit'alari kengliklarida joylashgan o`nlab mamlakat va xalqlarni ham qo`lga kiritishni maqsad qilib qo`ygandi. XVIII asrning Misrga nisbatan harbiy ekspeditsiya uyushtirgan Napoleon Bonapart o`sha vaqtdayoq Hindistonni inglizlar tasarrufidan tortib olishni ochiq e'lon qilgandi. U o`z rejasini Eron yoki Turkiston (Rossiya Bilan ittifoq tuzgan holda) orqali amalga oshirmoqchi bo`lgan. Ammo Rossiyada qarama-qarshilik paydo bo`lgach, Fransiya Kavkaz masalasida Eron bilan Rossiya o`rtasida ixtilof chiqarishga muvaffaq bo`lgan. Natijada 1804-1813 yillarga cho`zilgan rus-eron urushi boshlanib ketgan. Rossiya Buxoroga xufyalar yollar ekan, dastavval Buxoroning Xiva bilan umumiy til topib kuchayishidan, so`ngra ularning fransuzlar ta'sirida rus-eron urushida eron tarafiga og`ib ketish xavfidan g`oyat katta tashvishda edi. Inglizlar esa Eronda fransuz ta'sirini susaytirishga harakat qilish bilan birga, u tomondan Hindistonga nisbatan bo`lishi mumkin bo`lgan Napoleon tajovuzining oldini olishga harakat qilardilar. Ammo 1812 yildagi Napoleonning Rossiyaga hujumi Buyuk Britaniya mustamlakachilarini chinakamiga sarosimaga solib qo`ygandi. Ularning fikricha, Napoleon endi Markaziy Osiyo orqali Hindistonga hujum uyushtirish rejasiga yaqinlashgan edi. Yuqoridagi ikki elchilikning zudlik bilan Amir Haydar huzuriga jo`natilishining asosiy boisi ham ana shunda edi. Ularning oldiga ko`ndalang qo`yilgan masala: “Buxoro davlati Napoleon armiyasi hujumini to`xtatib qolishda qanday rol o`ynashi mumkin?” – degan savolga javob topish edi[34]. Yuqoridagi safarnomalarda keltirilgan ma'lumotlar shuni ko`rsatadiki, Amir Haydar ana shu voqealardan yaxshi xabardor bo`lgan. Ammo u o`z tashqi siyosatida mustamlakachi davlatlarning qutqusi bilan emas, balki o`z davlati xavfsizligi manfaatlaridan kelib chiqqan holda siyosat yuritgan.
Chorizm bosqinidan oldin O`rta Osiyo hududidagi xoniklar, xususan, Buxoro amirligi O`rta Osiyodagi eng boy va qudratli davlatlardan biri hisoblanar, uning davlat qurilishi hamda diplomatiyasi qo`shni davlatar siyosatiga yuqori darajada ta'sir o`tkazib kelar edi. Shu bois ham Ayni kunda bu davrdagi diplomatik munosabatlar, elchilik bordi-keldilariga oid nodir qo`lyozmalarni tadqiq etish – xalqimizga o`zining haqiqiy o`tmishini qaytarib berish muhim vazifalarimizdan biridir. Tariximizning o`qilmagan sahifalariga ko`z yuritish natijasida shunga amin bo`lish mumkin: 1860 yilda Buxoro taxtiga Amir Muzaffarning o`tirishi bilan amirlikning xalqaro aloqalari yangi bosqichga ko`tarildi. Chunki xuddi shu davrda Rossiya imperiyasining Turkiston sarhadlariga tajovuz xavfi yanada ortdi. Aynan 1860 yildan boshlab Qo`qon xonligi tasarrufidagi Oqmachit (hozirgi Qizil O`rda), Pishpek (Bishkek), Avliyo ota (Jambul), Turkiston shaharlarini birin-ketin bosib olina boshladi. Ana shundan keskin bir vaziyatda Amir Muzaffarxon markazlashgan Buxoro davlati hamda butun Turkiston hududini dushmanlardan saqlab qolish uchun Angliya, Fransiya, Italiya va Turkiya sultonligi kabi eng qudratli davlatlar bilan o`zining ochiq va maxfiy diplomatik aloqalarini o`rnatdi. Amirlik o`z elchilari orqali Angliyaning Hindistondagi vakillari va Turkiya sultonligi, shuningdek, Fransiya hamda Italiyaga harbiy-siyosiy aloqalari o`rnatish takliflari bitilgan diplomatik nomalarni jo`natdi. Bu haqda tarixchi Hamid ibn Baqo Xo`janing O`zFAning Sharqshunoslik instituti qo`lyozmalar fondida saqlanayotgan “Tanzil al-amsol fikri-zikri bayon ul-ahvol” asarida to`la ma'lumot beriladi. Shuningdek, mazkur asar muallifi amirning 1864 yilda Toshkent bosib olingan vaqtdan yutib o`z qo`shinlarini yig`ib olish, Qo`qon xonligi bilan birgalikda Vatan himoyasiga otlanish maqsadida amalga oshirilgan diplomatik ustamonligi xususida shunday yozadi: “Biz va sizning o`rtangizda do`stlik yuqori darajada bo`lganligi uchun hech qachon sizlarga nisbatan dushmanlikini ravo ko`rmaganmiz va ko`rmaymiz ham. Bugun biz tomonidan yozilayotgan xat qaroriga asosan Sayxun daryosi ichki tomoni bizniki, tashqi tarafi sizning mulkingizdir...”. “Shuningdek,Amir Muzaffar ikki davlat o`rtasida tijorat bordi-keldisini yo`lga qo`yish masalasini ham ko`tardi” deydi muallif.[35] Albatta, bu harakatlar ortida harbiy texnik jihatdan kuchli salohiyatga ega G`arb davlatlari orasidan ishonchli ham siyosiy, ham harbiy ittifoqchi topish maqsadi yotganini yaqqol ko`rish mumkin. Ushbu harakatlar bilan amir Xo`jandni o`z himoyasiga olishga erishadi. Ma'lumki, bunga qadar Buxoro va Angliya o`rtasida yaxshi diplomatik munosabatlar yo`lga qo`yilgan edi. Masalan, ikki mamlakat o`rtasidagi bir yillik savdo hajmi 170 ming funt sterlingni tashkil etar, bu aloqalar esa o`z navbatida yildan-yilga rivojlanib borar edi. Shu sababdan ham amir Muzaffar iqtisodiy-siyosiy hamkori – Angliyaning Hindistondagi general-gubernatori ser Jon Lourensga harbiy ko`mak so`rab murojaat etadi. Elchi Muhammad Porsoxo`ja orqali Kalkuttaga keladi va Buxoroning Angliyaga sodiqligini bildirib, inglizlardan harbiy ko`mak – qurol-yarog`, to`plar, moliyaviy yordam va imkoni bo`lsa qo`shin so`raydi. General-gubernator esa aniq javob bermay, elchini ortiga qaytarib yuboradi. Shu o`rinda, Muhammad Porsoxo`ja to`g`risida to`xtalsak. Buxoroda qoziqalon (bosh sudya) lavozimida xizmat qilgan Inoyatullo Xojaning o`g`li bo`lib, unga amir Muzaffar davrida “Muftiy askariya” unvoni berilgan. Qonunshunoslik, tib va boshqa ilmlar bo`yicha katta salohiyatga ega bo`lgan elchi badiyatda ham o`z o`rniga ega bo`lgan, ancha pishiq she'rlar yozgan.
Shundan so`ng amir Yahyoxo`ja Turkiya sultonligiga elchi sifatida safat qiladi. “1285 yil hijriyda ruslar Toshkentga hujum qildi. Amir Rum xalifasiga Amir Yahyoxo`jani diplomatik xat bilan jo`natdi. Nomani qozi Abdul Ahad Sadr ko`chirib yozdi. Shu qadar yozdiki amir umid qildi. Elchi xalifa orqali amir xatini Fransiya va italiya davlatlariga ham yubordi” deydi bu haqda tarixchi Muhammad ibn Baqo Xo`ja. Afsuski, Turkiya sultonligi yordam berolmasligini bildirdi, Fransiya va Italiya esa o`zaro siyosiy nizolar tufayli amir nomasini javobsiz qoldirdilar.
Buxoro amirligining Turkiya sultonligi hamda G`arb davlatlari bilan diplomatik munosabatlarining natijasiz tugashiga sabab XIX asrning 60-yillaridan Yevropada siyosiy ahvolning o`zgarishi edi. Zero, 1863 yilgi Polshadagi g`alayonlar va bu davlatga Rossiya ta'sir kuchining kuchayishi, Angliya va Fransiya o`rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklar, eng asosiysi, Germaniya yerlarining Prussiya davlati qoshida birlashuvi butun Yevropa hukmron doiralarini o`z muammolari bilan mashg`ul bo`lishga undardi.