Pastki jag` valigini olib tashlash. Pastki jag`da pastki jag` do‘mbog`i odatda kichik jag` tishlari
sohasida suyakning ichki yuzasida joylashadi. Tishlar bo‘lganda ular muammo tug`dirmaydi, ammo tishlar
bo‘lmaganda, ayniqsa, suyak atrofiyasida protezni konstruktsiyalashda qiyinchilik tug`diradi va nutqning
ovqat chaynash vaqtida tilning funktsiyasini buzilishiga olib keladi. Ko‘pincha do‘mboqlar ikki tomonlama
kattalashgan bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, ularni jag`ning ikki tomonidan olib tashlashda kesma premolyarlar
sohasida, alveolyar qismning do‘mbog`i bo‘ylab, uzunligi 1-1,5 sm bo‘lgan kesma o‘tkaziladi. Katta
ehtiyotkorlik bilan suyak usti pardadan shilliq qavat ajratiladi, ko‘pincha ular juda yupqa bo‘ladi. Jag` osti
valigi sohasiga suyak usti pardasi ostiga, o‘tmas ilmoq bilan yumshoq to‘qimalarni ushlagan holda anestetik
eritmasini yuborish mumkin. Pastki jag` valigining yuqori qismiga bor bilan tarnov hosil qilinib, keyin uni
iskana va bolg`acha bilan olib tashlanadi. Suyak tekkislanib, periost va shilliq qavat joyiga qo‘yilib, barmoq
bilan natija baholanadi. Jarohat tugunsimon yoki uzluksiz choklar yordamida tikiladi. Operatsiya bo‘lgan
maydonga til osti sohasiga 12-24 soatga yodoform suyuqligi, oblepixa, shipovnik moyiga shimdirilgan dokali
tampon qo‘yiladi. Bu muolaja gematoma hosil bo‘lishini oldini oladi va yallig`lanishga, shishga qarshi ta`sir
qiladi.