1.2. Tashqi iqtisodiy faoliyat va raqobat menejmenti fanining predmeti va organish usullari Tashqi iqtisodiy faoliyat va raqobat menejmenti fanining predmeti
bo’lib tashqi iqtisodiy faoliyatni xo'jalik yurituvchi sub'ekt, firma,
korxona darajasida tashkil etish va boshqarish hisoblanadi.
Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatda, ham davlat hokimiyati
organlari darajasida, ham xo'jalik yurituvchi sub'ektlar darajasida
bitimlarni amalga oshirishning xalqaro-huquqiy, tashkiliy, ma'naviy-
axloqiy tamoyillari, normalari va qoidalarining nazariy va amaliy
asoslari hisoblanadi.
Iqtisodiy tadqiqot – mavzuni asoslash, gipoteza, maqsad va
vazifalarni shakllantirish, tahlil ob'ektlarini tanlash, dasturni tuzish,
omillarni to'plash va o'rganish, nazariy umumlashtirish va amaliyotda
tadqiqot natijalarini qo'llash bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishni
o'z ichiga olgan murakkab tafakkur jarayoni. Iqtisodiy tadqiqotning
asosida metodologiya yotadi.
Fan metodologiyasi – bu ilmiy tafakkurning shakllanish
tamoyillari, shakllari va usullari to’g’risidagi ta’limotdir. Metodologiya
fanda qo'llaniladigan usullarga asoslanadi.
Fanning usuli (metodi) –
bu o'rganilayotgan (tadqiq
qilinayotgan) voqea va hodisalarni bilish yo'llaridir. Har bir fanni
o'rganishda nazariy bilimlar voqelikni amalga oshirish uchun
amaliyotga yo'l ochib, uni yoritib turadi va shu bilan ijtimoiy ishlab
chiqarishni rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini belgilab beradi.
Amaliyotda nazariy jihatdan tadqiq etilgan fikrlar yo'nalishlari,
belgilangan nuqtai nazarlarning to'griligi yoki asossiz ekanligini
tasdiqlab beradi.
Iqtisodiyotda hodisalar va jarayonlarning mohiyatini bilish uchun
umumiy ilmiy va o'ziga xos tadqiqot usullari ishlatiladi. Birinchisi,
ilmiy abstraktsiya usullari, induktiv, deduktiv, qiyosiy tahlil,
eksperiment va boshqalarni o'z ichiga oladi. Fanni o'rganishning o'ziga
xos usullari statistik-iqtisodiy, monografik, hisob-konstruktiv, balans,
iqtisodiy-matematik usullar hisoblanadi.