1.2. QISQA MASOFALARGA YUGURISH TEXNIKASI
Hozirgi vaqtda ko’pgina murabbiylar sprinterlik yugurish texnikasi o’ta individual bo’lishini va, ma’lum bir biomexanikaviy tavsiflarga qaramasdan, sportchining muayyan individual xususiyatlariga, shuningdek, u erishadigan shiddat va tezkorlik darajasiga bog’liq ekanligini e’tirof etadilar. Bu, albatta, hamma uchun umumiy bo’lgan oqilona texnika elementlarini rad etmaydi, ularni takomillashtirish ustida hozirda ham shug’ullanib kelinadi. Sprinterlik yugurish texnikasini tahlil qilish uchun unda shartli ravishda quyidagilar ajratiladi:
- start;
- start tezlanishi;
- masofa bo’ylab yugurish;
- marraga yetib kelish.
Start. Qisqa masofalarga yugurishda musobaqa qoidalariga binoan past start qo’llaniladi, bunda start oyoq tirgaklaridan (stanogidan) foydalaniladi.
Start oyoq tirgaklarining joylashtirilishi o’ta individual bo’lib, sportchining malakasiga va uning jismoniy imkoniyatlariga bog’liq bo’ladi (1-rasm). Amaliyotda to’rt xil turdagi past start qo’llaniladi (oyoq tirgaklarining joylashishiga qarab): 1) odatdagi; 2) uzoqlashtirilgan; 3) yaqinlashtirilgan; 4) tor.
Dostları ilə paylaş: |