II bob bo`yicha xulosa
Xulosa qilib aytganda, adiba Joan Rouling tasvirlagan “Garri Potter” dunyosi voqealari sehrli dunyoda sodir bo`lsa ham, uning qahramonlari kitobxon har kuni uchratishi mumkin bo`lgan kulgili, aqlli, ba’zan sodda, ba’zan o`qishga mukkasidan ketsa, ba’zida o`qishni xushlamaydigan, ba’zan qoidalarni buzib, sho`xlik va qiziqishlari bilan turli vaziyatlarga tushib turadigan bolalar-u o`smirlar. Ularni oddiy bolalardan faqatgina sehrgalik qobiliyatlarigina ajratib turadi, xuddi shuning uchun ham ular kitobxonga jonli va ishonarli bo`lib taassurot qoldiradi.
Rouling yaratgan bolalar obrazlari tahlil qilinar ekan, ularning barchasi bir-birida uchramaydigan fe’l-atvor va xususiyatlarga ega rang-barang obrazlar ekaniga guvoh bo`lish mumkin. Asar boshida ularning gap-so`zlarida bolalarga xos soddalik, yangi hayotning sir-asrorlariga bo`lgan qiziqish, o`z jahllari va hissiyotlarini jilovlay olmay, janjallarga sabab bo`lishlari tasvirlangan bo`lsa, asarning har bir qismida qahramonlarning nutqi, o`zini tutishi o`zgarib, oldlariga qo`yilgan vazifa hamda ularning shaxsi kamol topib boraveradi. Ma’lum vaziyatlarda esa ularning hatto o`zlari ham bilmagan qirralari namoyon bo`lib kitobxonni hayratga soladi. Masalan, ikkinchi darajali qahramon Nevil Longbottom obrazini oladigan bo`lsak, Hogvartsga endi kelganda butun maktabda Nevildek no`noq bolani topish mushkul edi. Har qadamida biror ish turg`uzib yuradigan hardamxayol Nevil, aslida aslzoda sehrgarlar oilasida tug`ilgan bo`lsa ham, uning qobiliyati maqtashga arzigulik emasdi. Kitobning har bir keying qismiga o`tganda Nevilning qobiliyati va shaxsiy fazilatlari yuksalib boradi, boshida qo`rqoq bo`lgan Nevil keyinroq Voldemortga qarshi tuzilgan Dambldor armiyasining yetakchilaridan biriga aylanadi. Asarning so`nggida esa u Hogvartsda professor bo`lib ishlayotgani ma’lum bo`ladi.
Shunday qilib, Rouling yaratgan hech bir obraz bir qolipda qotib qolmagan, aksincha rivojlanib boradigan bir-biridan qiziqarli obrazlardir.
Dostları ilə paylaş: |