BIR G‘AZAL SHARHI
Axrorova Zufnunabegim Rizvonovna,
BuxDU talabasi
Sharq mumtoz adabiyoti taraqqiyotida g‘azal janrining o‘rni beqiyos.
Dastlab arab adabiyotida shakllangan mazkur she’r turi keyin fors adabiyotida
yaratildi. O‘zbek mumtoz adabiyotida XIII asrda Xorazmiy ijodida ilk bor
uchraydi. G‘azal XV asrga kelib yuqori bosqichga ko‘tarildi. Bunda Atoiy,
Sakkokiy, Lutfiy, Hofiz Xorazmiylar bilan birgalikda Alisher Navoiy, Husayniy
kabi shoirlarning xizmatlari beqiyos. Husayn Boyqaro Alisher Navoiy bilan
maktabdosh do‘st, davlat ishlarida hammaslak arbob bo‘lishi bilan birga ijodda
ham bir-biriga yaqin qalamkashlar edi. Hazrat Navoiy ijodidan shu narsa
ma’lumki, ulug‘ shoir deyarli har bir asarida Boyqaro yoki temuriylar haqida
to‘xtalib o‘tdi. Husayniy ham bu munosabatni javobsiz qoldirmadi. O‘zining
“Risola” asarida Alisher Navoiyga yuksak baho berdi. Qolaversa, devonidagi
g‘azallarda Navoiy g‘azallariga javobiyalar, tatabbu’lar yozdi. Bir necha
g‘azallarini Alisher Navoiydan ilhomlanib yaratdi. Ana shunday she’rlaridan biri
“Koshki” radifli g‘azalidir:
Qilmag`ay erdim yuzni ko‘rmak tamanno koshki,
Solmag`ay erdim ko‘ngul mulkiga g`avg`o koshki.
Baytning lug‘ati: tamanno– tilak, orzu, istak;
Nasriy bayon: Yuzingni ko‘rmakni orzu qilib, ko‘ngul mulkiga g‘avg‘o
soldim.
Ma’lumki, oshiq vasl umidida o‘rtanadi. Ma’shuqa jamolini ko‘rmak tilagida
harakatlanadi. Mana shu ulug‘ orzu oshiq ko‘ngliga g‘avg‘o soladi. Shu maqsad
sari yetishish ishtiyoqida yonadi. Ayni shu mulohazalarga yaqin misralarni Hazrat
Navoiy ijodida ko‘ramiz:
Ochmag‘ay erding jamol olam aro koshki,
Solmag‘ay erding bori olamda g‘avg‘o koshki
49
.
49
Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. 2-том. Т:, “Фан”, 1987. Б.846.
69
Husayniy keyingi baytda vasl va hajr tushunchalarining oshiq uchun nechog‘lik
ahamiyatga ega ekanligini qalamga oladi:
Vasl aro tushti ko‘ngul mulkida g`avg`o, ey rafiq,
Qilg`ay erdi hajr o‘ti ko‘nglumni yag`mo koshki.
Baytning lug‘ati: yag‘mo– 1) talon-taroj, buzg‘unlik; 2) shahar, mamlakat, qabila
nomi.
Nasriy bayon: Ayriliq o‘ti ko‘nglimni talon-taroj qildi, ko‘nglim mulkida esa
vasl umididan g‘avg‘o tushdi.
Shoir oshiq ko‘ngligini hajr (ayriliq) yag‘mo (talon-taroj, buzg‘unlik) qilsa,
vasl (etishish) umidi ham uning ko‘ngil mulkiga g‘avg‘o solishini ta’kidlaydi.
Husayniy tazod (vasl-hajr) orqali o‘z mulohazalarini ta’sirli bayon etishga
erishgan. Shoir o‘z dardini tinglashga yaqin hamroh izlaydi va ayni qalb
iztiroblarini o‘z rafiqiga (do‘stiga) bayon etadi. Shu bois nido san’ati (ey rafiq)
ham o‘rinli ishlatilgan.
O‘z dardini rafiqi bilan o‘rtoqlashgan shoir navbatdagi baytda falakka
murojaat qiladi:
Tengri uchun, telba ko‘nglumni iturgil, ey sipehr
Kim, emas hosil bu behosildin illo koshki.
Baytning lug‘ati: iturgil – yo‘qotgil; sipehr– osmon, osmon gumbazi, falak; illo –
magar, ammo, biroq.
Nasriy bayon: Ey falak, tangri uchun telba ko‘nglimni yo‘qotgin, magarki
bu behosildan hosil bo‘lmas.
Shoir vasl umidini behosil murod deb biladi. Zero, vaslga erishmoq oshiq uchun
behosil tilak, ya’ni amalga oshishi mushkul bo‘lgan maqsaddir. Shuning uchun
oshiq falakka murojaat qilib, tengri uchun bu telba ko‘nglimni yitirgin, yo‘qotgin,
deya iltijo qiladi.
Husayniy ishq oshiqni qay kuylarga solishini zo‘r afsuslar bilan keyingi
baytda zikr etadi:
70
Ishq aro rasvo bo‘lubmen, bu taassufdin ne sud?
Yo darig`edur har ishning zimnida yo koshki.
Baytning lug‘ati: taassuf– achinish, afsuslanish; sud – foyda; darig` - attang, e voh;
zimn – ora, o‘rta, ich, orasida.
Nasriy bayon: E voh, har ishning ichida, ayniqsa, ishq aro rasvo
bo‘libmenki, endi afsuslanishdan nima foyda?!
Ma’lumki, ko‘ngliga ishq tushgan oshiq hamma narsani unutib, faqat
ma’shuqa yodi bilan yashaydi. Bu yo‘lda u jununlik kasb etadi. Natijada barcha
xaloyiqning tiliga tushadiki, bu holatni ijodkor “ishq aro rasvo bo‘lubmen”, deb
ataydi. Shoir tajohulu orifdan o‘rinli foydalanib, ishq aro rasvo bo‘ldim, endi
bundan afsuslanishdan ne sud (foyda) deydi. Ammo keyingi baytda ma’shuqa vasli
rohat ekanligiga urg‘u beradi:
Ul quyoshning naqdi vasli garchi rohatdur, vale,
Qilmag`ay erdi ko‘ngul oni tamanno koshki.
Baytning lug‘ati: naqd– 1) saylangan, tanlangan, 2) qimmatbaho narsalar; sud –
foyda; darig` - attang, e voh; zimn – ora, o‘rta, ich, orasida.
Nasriy bayon: Ul saylangan, tanlangan quyoshning vasli rohatdur, ammo
erishish mushkul. Shuning uchun koshki ko‘nglim uning vasliga yetishishni orzu
qilmasa edi.
Mumtoz adabiyotimizda ma’shuqaga nisbatan quyosh so‘zi ishlatiladi.
Husayniy ham shu an’ana doirasida ul quyoshning vasli rohatdur, deganda
ma’shuqa vaslini nazarda tutgan. Oshiq hammavaqt ham o‘z orzusiga yeta
olmaydi. Shuni anglagan shoirning lirik qahramoni koshki ko‘nglim ma’shuqa
vaslini orzu qilmasa edi, deya o‘rtanadi. Mazkur baytda oshiq o‘z mahbubasini
quyosh deb atagan bo‘lsa, keyingi baytda “oy” deb ataydi:
Meki ul oy ishqini qildim tamanno, ey ko‘ngul,
Qilg`ay erdim zuhd ichinda diyda bino koshki.
71
Baytning lug‘ati: zuhd–dunyodan voz kechib toat-ibodat bilan shug‘ullanish; diyda
–ko‘z; bino -1) bino, imorat. 2) asos, tayanchiq
Nasriy bayon: Ey ko‘ngul, men ul oyning ishqini orzu qildim, undan ko‘ra
toat-ibodatni ko‘zim asos deb bilsaydi, koshki.
Shoirning baytdan –baytga o‘tgan sari so‘z qo‘llashdagi mahorati ham namoyon
bo‘la boradi. Ma’shuqani quyosh, keyin oy deb atadi. Oldingi baytlarda rafiqqa,
falakka murojaat qildi. Mazkur baytda esa, insonga eng yaqin bo‘lgan ko‘ngilga
murojaat qiladi. Bilamizki, ma’shuqa ishqiga yetmoqlik dushvor. Shunday ekan
shoir zuhdni, toat-ibodatni asos deb bilsaydi, koshki deb orzu qiladi. G‘azalda
ifodalangan fikrlar maqta’da xulosalanadi:
Chun Husayniy davlat-u tavfiq sandin istadi,
Ushbu ishda solma ko‘ngliga, xudoyo, koshki.
Baytning lug‘ati: tavfiq–muvofiqlik, yordam, madad.
Nasriy bayon: Xudoyo, Husayniy sandan davlatu madad istadi, ammo bu
ishni ko‘ngliga solmagin koshki.
Mazkur g‘azalning bir necha baytlarida shoir nido san’atidan foydalanib, o‘z
mulohazalarini asosli, ta’sirchan bayon etishga erishgan. Jumladan, xotima baytda
ham nido (xudoyo) orqali fikrlari qaratilgan undalmani aniq ko‘rsatib bergan.
Xulosa shuki, shoir Haq taolodan davlat-u madad tilaydi, ammo ushbu tilakni
ko‘ngliga solmasligini xudodan o‘tinib so‘raydi. Chunki oshiqlar uchun davlat –
yor vasli va unga erishmoqlikdir. Shoir ana shu davlatga ehtiyojmand va unga
erishish talabgori. Ushbu g‘azal Husayniyning oshiqona mavzuda yozilgan sara
g‘azallaridan biridir. Mazkur g‘azal sharhi orqali shoir mahoratiga yetarlicha baho
berish mumkin. Husayniy g‘azal baytlarida an’anaviy timsol va badiiy poetik
tasvir vositalaridan unumli foydalangan.
Dostları ilə paylaş: |