Uning vazifalari: • davlat budjetini ishlab chiqadi va Oliy Majlisga taqdim etadi hamda uning bajarilishini ta’minlaydi;
• Oliy Majlisga davlat budjetining bajarilishi haqida hisobot beradi;yagona moliya, kredit va pul siyosati yuritilishini ta’minlaydi;
• madaniyat, fan, maorif, ijtimoiy ta’minot, ekologiya sohasidagi yagona davlat siyosati yuritilishini ta’minlaydi;
• mamlakatni mudofaa qilish, davlat xavfsizligi, tashqi siyosatni amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
• qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, xususiy mulk va jamoat tartibini muhofaza qilish, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
• iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning samarali faoliyatiga rahbarlik qiladi;
• O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;
• barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Islohotlar jarayonida Vazirlar Mahkamasining tarkibi tobora takomillashib, qisqartirib borildi. Agar 1990 - yil 30 martda Respublika ijroiya hokimiyati 41 kishidan iborat etib tuzilgan bo‘lsa, 1995- yil 5 mayda Vazirlar Mahkamasi 35 kishidan iborat etib tuzildi. 2000 - yil 11 fevralda bo‘lgan Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Prezident tavsiyasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tarkibini 34 kishidan - Bosh vazir, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, 8 nafar Bosh vazir o‘rinbosarlari, 15 nafar vazir va 9 nafar Davlat qo‘mitalari raislaridan iborat etib tasdiqladi. 2003 - yil 24 -25 - aprel kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XI sessiyasida qabul qilingan „O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasining tarkibi, uni tuzish va tasdiqlash tartibi o‘zgartirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 89- moddasining „O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi“ deyilgan qismi olib tashlandi. Vazirlar mahkamasi tarkibida Rais lavozimi bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri nomzodini avval Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatda ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining boshqa a’zolari esa Bosh vazirning taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Bu holat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashadi. Bosh vazirning, hukumat va butun hukumat tizimlarining vakolatlari oshdi, mas’uliyati kuchaydi. O‘zbekistonda boshqaruv tizimi tub-dan isloh qilindi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ta’minlovchi, bozor munosabatlarining faoliyati uchun imkon beruvchi yangi boshqaruv tuzilmasi yaratildi. Markazlashtirilgan tartibda qayta taqsimlashmexanizmidan bozor mexanizmiga, qattiq mahka-machilik va ma’muriy-buyruqbozlikdan huquqiy boshqaruvga, iqtisodiy omillar orqali o‘zini o‘zi idora etishga o‘tildi. Ma’muriy-buyruqbozlik, to‘rachilik tizimining tayanchlari bo‘lgan bir qator Davlat qo‘mitalari, vazirliklar, ularning ma’muriy apparatlari tugatildi.
Davlat reja qo‘mitasi o‘rniga Iqtisodiyot vazirligi tuzildi. Bu vazirlik iqtisodiyotni isloh qilish qoidalari va ustuvorliklari, ularni amalga oshirish mexanizmlari asosida islohotlarni tahlil etish, baho berish, takliflar ishlab chiqish, O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish istiqbollarini belgilash ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Taqsimot bo‘yicha yakkahokim bo‘lib olgan Davlat ta’minot qo‘mitasi tugatilib, Respublika ulgurji va birja savdosi aksiyadorlik uyushmasi tuzildi. Uyushma tarkibiga respublika aksiyadorlik tovar-xomashyo birjasi, aksiyadorlik birja banki, hududiy aksiyadorlik tijoratchi vositachi kompaniyalar kiradi. Uyushma tovar ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va tadbirkorlar uchun tovar resurslari bozorida erkin ishtirok etishga teng imkoniyatlar yaratish, ularga tijorat-vositachilik, savdo va marketing xizmatlar ko‘rsatish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Davlat narx qo‘mitasi tugatilib, Moliya vazirligi tarkibida narxlarni nazorat qilish, narxlarni belgilashda yakkahokimlikka yo‘l qo‘ymaslik, raqobatchilik muhitini shakllantirish ishlariga ko‘maklashuvchi maxsus boshqarma tuzildi. Respublikada moliya va bank tizimi tubdan o‘zgardi. Moliya vazirligi respublika budjetini shakllantirish bilan bir qatorda, davlat soliq siyosatini, moliya siyosatini belgilamoqda, valuta ishlarini boshqarmoqda. Bank tizimi isloh etildi. Davlat banki va uning bo‘linmalari tugatildi.
Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik-tijorat banklari - „O‘zsanoatqurilishbank“, „Paxtabank“, „O‘zjamg‘armabank“, „G‘allabank“, „Tadbirkorbank“, „Savdogarbank“, xususiy banklar va boshqa banklar tuzildi. Banklarning mustaqilligi va pul muomalasidagi ahvol uchun javobgarligi oshirildi. Davlat nazorati tizimi tartibga solindi. Davlat soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi tuzildi. Davlat nazorati qo‘mitasi, uning joylardagi organlari tugatildi, Prezident devonida nazorat inspeksiyasi, hokimiyatlarda tegishli nazorat inspeksiyalari tuzildi. Davlat suverenitetini amalga oshiruvchi tuzilmalar - Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy attestatsiya komissiyasi va boshqa hukumat organlari tashkil etildi. Islohotlarni chuqurlashtirish va muvofiqlashtirish maqsadida Prezident huzurida Iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va chet el investitsiyalari bo‘yicha idoralararo Kengash tuzildi. Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Bu qo‘mita mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqishda, ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishda muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Qo‘mita investitsiya fondlari, fond birjalari, ko‘chmas mulk birjalari, auditorlik xizmatlari va boshqa bozor strukturasi tuzilmalarini tashkil etmoqda.
O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan aloqasini yo‘lga qo‘yish maqsadida respublika tarixida birinchi marta Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tuzildi, vazirlik tovarlar va xizmatlar xalqaro bozorini tahlil qilish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagistrategiyani ishlab chiqish, eksport-import bo‘yicha markazlashgan tartibda mahsulotlar yetkazib berish ishlarini tashkil etmoqda. Vazirliklar, idoralar, korxonalarda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlar, tashkilotlar, firmalar tuzildi. Respublikada tashqi aloqalarni ta’minlaydigan yaxlit tizim tarkib topdi. O‘zbekistonning ishlab chiqarish, transport bo‘yicha tarmoq vazirliklari tugatilib, ular o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlaydigan uyushmalarga, konsernlarga, korporatsiyalarga va boshqa xo‘jalik birlashmalariga aylantirildi. Avtomobil transportida, qurilishda boshqaruv tizimi qayta tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligining strukturasi, faoliyati va ish yuritish usullari tubdan o‘zgardi. Umummilliy ahamiyatga molik bo‘lgan tarmoqlarda, masalan, sayyohlik, transport, madaniyat, kino, televideniye va radio tizimi va boshqalarda iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lgan milliy kompaniyalar tashkil etildi. Shunday qilib, mustaqillik qo‘lga kiritilgandan beri o‘tgan qisqa tarixiy davrda huquqiy davlat, uning zamonaviy hokimiyat organlari barpo etildi, ixcham, ochiq rivojlanishga ega bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tizim yaratildi. Mahalliy davlat hokimiyati tubdan isloh qilindi. I
slohotlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, „Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“ gi Qonun (1993 - yil 2 sentabr), „Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar to‘g‘risida“ gi Qonun (1994 - yil 5 may) asosida amalga oshirildi. Konstitutsiyaning 99- moddasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlar, shuningdek, shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar, deb belgilab qo‘yildi. Konstitutsiyada mahalliy hokimiyatning ikki mustaqil organga – vakillik va ijro hokimiyat organlariga bo‘linishi belgilandi. „Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“ gi Qonunning 1-moddasida „Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek, shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir“, deb aniq belgilab qo‘yildi.
Shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarda va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda vakillik organlari tuzilmaydi. „Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida“ gi Qonunda vakillik organlariga 21 yoshga to‘lgan fuqarolar saylanadi. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik, muqobillik asosida o‘tadi. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 60 tadan ko‘p bo‘lmagan, tuman va shahar Kengashlariga esa 30 tadan ko‘p bo‘lmagan deputatlar 5 yil muddatga saylanadi. Mustaqillik yillarida 1994 - yildan e’tiboran har 5 yilda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga ko‘ppartiyaviylik, muqobillik asosida saylovlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 1999- yilgi saylovda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 6145 nafar deputat saylandi. O‘zbekiston Respublikasida mahalliy ijroiya hokimiyati organi qayta tashkil etildi. Bu borada milliy davlatchilik tarixi tajribasidan ijodiy foydalanildi. Jumladan, Amir Temur davridagi davlatchilikka nazar tashlasak, o‘sha zamonlarda viloyatlar, shaharlar hokimlar tomonidan yakkaboshchilik asosida boshqarilganiga guvoh bo‘lamiz. 1992- yil 4 yanvarda „O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida“ Qonun qabul qilindi. Mazkur qonunga muvofiq respublikaning hamma hududida mahalliy ijro hokimiyati organi sifatida hokim lavozimi ta’sis etildi. Hokimlar faqatgina ijro hokimiyati organlarigagina emas, shuningdek, mahalliy vakillik organlariga ham rahbarlik qiladigan organ sifatida mustahkamlandi.
Hokimning vakolat muddati 5 yil bo‘lib, u tegishli hududda vakillik organiga ham, ijro hokimiyatiga ham boshchilik qiladigan mansabdor shaxs hisoblanadi. Ijro organlarida bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida, viloyat hokimlari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda bu masalalar tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Vakillik organlari tuzilmaydigan shahar tarkibidagi tumanlarda va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda ham hokimiyatlar ta’sis etildi, ularning apparati - hokimiyat tashkil etildi. Viloyat hokimlari va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Prezidentining shu joylardagi vakili hisoblanadi. Toshkent shahar tumanlari hokimlari esa Toshkent shahar hokimining vakillari hisoblanadi. 1992- yilda Toshkent shahrida va 12 ta viloyatda, 159 ta qishloq tumani va 18 ta shahar tumanida hamda 120 ta shaharda hokimlar tayinlandi va tasdiqlandi, ularning apparati - hokimiyatlar tuzildi. Mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kiradigan masalalar va vazifalar Konstitutsiyaning 100 va 101 moddalarida aniq belgilab qo‘yilgan.