Keys-stadi ta’lim metodiga doir ayrim asosiy tushunchalar ta’rifi: “Keys” va “keys-stadi” tushunchalarining ma’no-mazmuni ko’p qirrali bo’lib, shunga ko’ra quyida ularning asosiy xususiyatlarini to’liqroq aks ettirish maqsadida ko’p variantli ta’riflari berildi.
Keys – 1) ta’lim oluvchilarning ma’lum maqsadlardagi hayotiy vazifalarni bajarishlari bo’yicha vaziyatning bayoni, uni tushunish va baholashga imkon beradigan hamda muammoni ifodalash uchun, uning maqsadga muvofiq yechimini izlashlari uchun kerak materiallar to’plami;
2) belgilangan mavzu yoki muammo va uning yechimiga doir qo’shimcha axborotlar, audio, video, elektron tashuvchilar, o’quv-uslubiy materiallar yig’indisi;
3) muammoni hal qilish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari na xulosalar.
Keys-stadi – 1) ta’lim oluvchilarni o’rganilayotgan muammoni ifodalash hamda uning maqsadga muvofiq yechimi variantlarini izlashga yo’naltiradigan aniq real yoki sun’iy ravishda yaratilgan vaziyatning muammoli-vaziyatli tahlil etilishiga asoslanadigan ta’lim metodidir.
2) ta’lim, axborot-kommunikatsiya, boshqaruv na boshqa sohalarni o’rgatishda qo’yilgan ta’lim maqsadini amalga oshirish va keysda bayon qilingan amaliy muammoli vaziyatni hal qilish jarayonida oldindan belgilangan (bashorat qilinadigan) o’quv natijalariga kafolatli erishishni vositali tarzda ta’minlaydigan, bir tartibga keltirilgan optimal usullar va vositalar majmuidan iborat bo’lgan ta’lim texnologiyasidir.
Vaziyat (lotincha situation – ahvol) – muayyan vaziyat, ahvolni hosil qiladigan shart-sharoitlar va holatlar yig’indisi. Keysda bayon qilingan vaziyat institusional tizimda (shu o’rinda va keyinchalik – korxonada) diskret (ayni shu) vaqtda tashkiliy hayotdagi tipik muammolarni qayta yaratadigan real yoki sun’iy qurilgan hodisalarning ideal tarzdagi in’ikosidan iboratdir.
Muammoli vaziyat – mazkur holda vaziyat sub’ektining hozirgi vaqtda yoki kelgusidagi maqsadlarga erishishiga xavf soladigan vaziyat tushuniladi.