Chirchiq davlat pedagogika universiteti maxsus pedagogika kafedrasi


Eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim o‘rganish tarixi



Yüklə 162,96 Kb.
səhifə4/7
tarix28.11.2023
ölçüsü162,96 Kb.
#168323
1   2   3   4   5   6   7
1. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim tarbiya berish yo‘llari

1.2. Eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim o‘rganish tarixi
Inson va atrof muhit doimiy ravishda aloqada bo‘lib, u ko‘rish, eshitish, teri, ta’m, hid bilish, harakat analizatorlari orqali amalga oshiriladi.
Eshitish analizatori insonning barcha a’zolari ichida eng ahamiyat-lilaridan sanalib, uning asosiy vazifasi nutqni idrok qilishdan iboratdir. To‘laqonli eshitish nutq shakllanishining omili sanaladi. Nutq orqali esa insonning so‘z-mantiqiy tafakkuri, umumiy va ruhiy rivojlanishi sodir bo‘ladi. Moddiy dunyodagi narsa va hodisalar ongimizda aks etib, bular so‘z shaklida ifodalanadi, til hodisalari vositasida namoyon bo‘ladi. Inson o‘zi ko‘rgan va ta’sirlangan buyum va hodisalarni so‘z yordamida nomlab, mazmuni haqidagi taassurotlarini obrazlar, fikrlar, tushunchalar, tasavvurlar ko‘rinishida anglash, ifodalash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har qanday buyum, hodisaning miyada aks etishi va ongda mustahkam o‘rnashib qolishida nutq yetakchi vosita hisoblanadi. Shuningdek, u tafakkur quroli, muloqot jarayonida fikrni ifodalash, biror narsani bildirish, anglatish va ta’sir ko‘rsatish quroli bo‘lib ham xizmat qiladi. Fikrlash qobiliyati nutqiy rivojlanish zamirida paydo bo‘lishi sababli u inson tafakkurining rivojlanish darajasini belgilab beradi.
Eshitish idrokining buzilishi oqibatida insonning nutqni egallay olmasligi, shu bois jamiyat a’zolaridan yakkalanib qolishi uning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishida qator muammolarni yuzaga keltiradi. Bular o‘zaro bir-biriga tobe bo‘lgan turli sabablarga bog‘liq bo‘lib, bu xususda L.S.Vigotskiy: «Ijtimoiy tarbiya nutqning rivojlanmaganligiga, nutqning rivojlanmasligi jamoa (kollektiv)dan yakkalanib qolishga, jamoa (kollektiv)dan ajralib qolish esa, o‘z navbatida, ijtimoiy tarbiya hamda nutqning rivojlanishini tormozlaydi»,- deydi.
Surdopedagogika tarixiga nazar tashlasak, turli davrlarda eshiti-shida muammosi bo‘lgan bolalarni tadqiqot ob’ekti sifatida o‘rgangan pedagog va olimlardan J.Kardano, V.I.Fleri, J.Itar, Ya.T.Speshnevlar ular orasida u yoki bu holda murojaat etilgan nutqni tushuna oladigan, qisman lug‘at boyligiga ega bo‘lgan, ba’zan, hatto, sodda jumlalar tuza oladigan bolalar borligini, agar nutq ularga qarata balandlatilgan holda aytilsa, bunday bolalar ta’lim-tarbiyasining barcha muammolari hal etilishi mumkinligini ta’kidlab, eshitishi qisman buzilgan bolalarga, ular nutqining o‘ziga xos rivojlanishiga alohida e’tibor qaratgan-liklariga guvoh bo‘lamiz . V.I.Fleri bola shaxsining shakllanishi uchun atrofidagi yaqinlari va, ayniqsa, onasi alohida g‘amxo‘rlik, e’tibor ko‘rsatishlari zarurligi hamda kar bola nutqining rivojlanishi uchun ilk yosh davri alohida o‘rin tutishini ta’kidlagan holda: «Kar-soqov bola qancha kichik bo‘lsa, uning o‘zlashtirish layoqati shuncha yuqori bo‘ladi», - deb yozadi. Olim, shuningdek, dastlabki so‘zlarni bola ko‘rish asosida taqlidan o‘zlashtirishi lozimligini alohida qayd etadi.
Eshitishida muammosi bo‘lgan bolalar nutqiy rivojlanish masalalari bir necha asrlar mobaynida ko‘plab o‘qituvchi va metodistlarning e’tiborini jalb qilganiga qaramay, bu muammoning yechimiga, ya’ni maxsus maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha yondashuvlarning yangi yo‘nalish olishiga L.S.Vigotskiyning maxsus ta’lim tizimi masalalarini yoritib bergan qator asarlari turtki berdi. Olim maxsus maktablardagi og‘zaki nutqni rivojlantirishga mo‘ljallangan usul bolaning sermazmun hayoti, uning qiziqishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan sharoitda olib borilishiga e’tibor qaratib, nutqni ijtimoiy hayotda ishtirok etmagan holda egallash, qirg‘oq bo‘yida turib suzishni o‘rganish holatiga qiyoslab, ijtimoiy muhit hamda uning tuzilishi har qanday tarbiya tizimining pirovard hamda hal qiluvchi omili ekanligini alohida qayd etadi: «Bola hayotini shunday tashkil etish lozimki, unga nutq zarur va qiziqarli bo‘lsin. Ta’limni bola qiziqishlariga qarshi emas, ushbu qiziqishlar tomon yo‘naltirish lozim. Umuminsoniy nutqqa nisbatan ehtiyojni yuzaga keltirish zarur, shundagina nutq paydo bo‘ladi. Nutq muloqotga kirishish va fikrlash asosida, murakkab hayotiy sharoitlarga moslashish natijasida yuzaga keladi».
L.S.Vigotskiy ushbu sharoitni yaratishda sog‘lom (me’yordagi) bolaning nutqiy rivojlanish bosqichlariga tayangan holda ish ko‘rish lozim ekanligi haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: «Birinchi planga, eng avvalo, bolaning bola ekanligi va shundan so‘nggina kar-soqov ekanligi holati qo‘yiladi. Bu shuni anglatadiki, bola, eng avvalo, umumiy qiziqish, layoqat, shuningdek, me’yordagi bola yoshi qonuniyatlariga muvofiq holatda o‘sishi, rivojlanishi va tarbiyalanishi hamda xuddi shu jarayonda nutqni egallab borishi lozim. Bolalar o‘zlarining muayyan sifat va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ehtiyoj sezishlari lozim. Ular o‘zlarini boshqa ko‘pchilik bolalar va kishilardan farqli ekanliklarini his qilmasliklari, ularga tenglasha olmasliklariga ishonch hosil qilmasliklari lozim».
Yuqoridagilar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, eshitishida muammosi bo‘lgan bolalarni tallafuzga o‘rgatish kabi masalalar ijtimoiy tarbiya zaminidagina o‘zining to‘g‘ri yechimini topadi.
R.M.Boskis eshitishida muammosi bo‘lgan bolalar tallafuzga o‘rgatish samaradorligiga erishishdagi dastlabki qadam ushbu toifadagi bolalarning rivojlanish xususiyatlarini tushunishdan boshlanishi lozim, deb hisoblab, I.P.Pavlovning «Analizatorlar faoliyatining birligi», L.S.Vigotskiy-ning «Nuqsonning murakkab tuzilishi» hamda «Ta’lim-tarbiya va rivojlanish mutanosibligi» psixologik ta’limotlariga tayanadi. Shuningdek, u eshitish va nutqning o‘zaro aloqadorlikda rivojlanishini keng o‘rgangan holda bunday bolalar rivojlanishidagi o‘ziga xosliklarni keltirib chiqaruvchi qator holatlarga asoslangan pedagogik tasnifni ishlab chiqdi(25). Ushbu tasnifga ko‘ra, birinchidan, yosh boladagi eshitish analizatori faoliyatining buzilishi katta yoshdagilarnikidan farqli namoyon bo‘ladi. Ya’ni katta yoshdagi kishilarda eshitish muammosi paydo bo‘lgunga qadar, ularning nutqi, mantiqiy tafakkuri va shaxsi shakllanib ulgursa, ilk yoshda orttirilgan eshitish muammosi bolaning me’yorda rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Ikkinchidan, eshitishida muammosi bo‘lgan bolalarning o‘ziga xos rivojlanishlarini to‘g‘ri tushunish uchun, ushbu holatda nutqni mustaqil egallay olish imkoniyatini, ya’ni eshitish va nutqning o‘zaro aloqadorligini inobatga olish katta ahamiyatga ega. Bir tomondan, eshitishning buzilishi nutqning me’yorda rivojlanishiga to‘sqinlik qilsa, ikkinchi tomondan eshitishning me’yorga yaqinroq faoliyati bolaning nutqiy rivojlanish darajasiga bog‘liq. Bolaning nutqiy darajasi qancha yuqori bo‘lsa, eshitish qoldig‘idan foydalanishi shuncha yuqori bo‘ladi. Til, uning lug‘at zaxirasi va grammatik tizimini inson qay darajada egallagan bo‘lsa, uning o‘z eshitishidan foydalanish layoqati ham shu darajada ko‘p saqlangan bo‘ladi. Nutqiy muloqot tajribasiga ega bo‘lgan bolalar tanish bo‘lgan so‘z va jumlalarni ma’nosiga ko‘ra tushunishlari sababli, murojaat etilgan nutqni yaxshiroq idrok etish imkoniyatiga ega bo‘lib, ular atrofdagilarda yaxshi eshituvchi sifatida taassurot qoldirishlari mumkin. O‘z navbatida, bolaning eshitish qoldig‘i qancha yaxshi saqlangan bo‘lsa, unda atrofdagilar nutqiga taqlid qilishi asosida mustaqil ravishda nutqni egallab borish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi. Uchinchidan, bolaning eshitish qoldig‘idan nutqni egallash uchun foydalanish imkoniyati uning eshitish muammosini baholash mezoni hisoblanadi. Shunga ko‘ra eshitishi to‘liq yo‘qolgan (kar) bolalar bilan eshitishi qisman buzilgan (zaif eshituvchi) bolalarni chegaralashda aynan eshitish va nutqiy rivojlanish omillari hisobga olinadi.
Karlik eshitishning turg‘un yo‘qolishi bo‘lib, unda mustaqil holda nutqni egallash, hatto quloqqa yaqin bo‘lgan masofadagi nutqni ravshan idrok etishning imkoniyati bo‘lmaydi. Total (to‘liq) karlik, xuddi total ko‘zi ojizlik uchramagani kabi, juda kam uchraydigan hodisadir. Ko‘pincha karlikda baland nutqiy bo‘lmagan tovushlarni, quloq suprasiga yaqin masofadagi ba’zi nutqiy tovushlarni idrok etish darajasida bo‘lgan eshitish qoldiqlari saqlanib qoladi. Audiometrik tekshiruv eshitishning 80 db. (desibel – tovushni idrok etishni o‘lchashda qo‘llanuvchi o‘lchov birligi)dan yuqori darajada yo‘qolganini ko‘rsatadi.
Zaif eshituvchilik eshitishning turg‘un pasayishi bo‘lib, unda ushbu eshitish qoldig‘i asosida nutqiy zaxirani minimal holatda mustaqil ravishda egallash, murojaat etilgan nutqni quloq suprasiga yaqin masofada idrok etish imkoniyati bo‘ladi. Audiometr tekshiruvi eshitishning 80 db.dan kam bo‘lmagan pasayishini ko‘rsatadi.
Eshitish muammolari holatidagi nutqning rivojlanish darajasi quyidagi to‘rt omilga tobedir:

  1. eshitishning darajasi;

  2. eshitish muammosining sodir bo‘lish vaqti;

  3. bolaning individual xususiyatlari;

  4. eshitish muammosi sodir bo‘lgandan so‘ng bola uchun yaratilgan pedagogik sharoit.

Shundan kelib chiqqan holda har ikki guruhdagi eshitishida muammosi bo‘lgan bolalar, o‘z navbatida, yana ikkitadan guruhga bo‘linadi:
Karlar:
1) tug‘ma yoki ilk yosh davrida eshitish qobiliyati yo‘qolgan va nutqni egallay olmagan kar bolalar;

  1. eshitish qobiliyati kech yo‘qolib, nutqi saqlanib qolgan kar bolalar.

Zaif eshituvchilar:
1) nutqida qisman chetga chiqishi (nutqining grammatik tizimida me’yordan chetga chiqishlar: qo‘shimchalarni noto‘g‘ri qo‘llash yoki tushirib qoldirish, ba’zan talaffuz muammolari) bo‘lgan zaif eshituvchi bolalar;
2) chuqur nutqiy muammolarga ega bo‘lgan (lug‘at zaxirasi o‘ta chegaralangan, nutqi qisqa, noto‘liq so‘zlardan, grammatik tizimi so‘z-gapdan, bo‘g‘in-so‘zlar qatoridan iborat) zaif eshituvchi bolalar.
Olim bu boradagi izlanishlarini davom ettirar ekan, har qanday bolaning rivojlanishi muloqotda, faoliyatning turli shakl va ko‘rinishlarida amalga oshishi omilini hisobga oladi. Tadqiqotlarning natijasi shuni ko‘rsatdi-ki, kar va zaif eshituvchi bola bir-biridan keskin farq qiladi. Zaif eshituvchi boladagi inson uchun o‘ta zarur bo‘lgan analizator – eshitish faoliyatining to‘liq emas, qisman buzilishi nutqning birmuncha shakllanishiga imkon beradi. Lekin bunday yo‘l bilan nutqni egallashning o‘ta chegaralanishi bola tomonidan tushuncha va tasavvurlar (nutqning keyingi idroki va tushunilishi)da o‘zgachalikni yuzaga keltiradi. Zaif eshituvchi bolaning nutqi rivojlanmasdangina qolmay, balki buzilgandir ham. Masalan, lug‘at zaxirasining kamligi bilan bir qatorda so‘zlarning boshqa ma’noda qo‘llanishi, grammatik tizimning rivojlana olmasligi bilan bir qatorda ular ma’nolarining noto‘g‘ri tushunilishi kuzatiladi. Bularning barchasi bilish faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi: taqqoslash, tahlil qilish, umumlashtirish kabi psixik jarayonlar zaif eshituvchilarda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi.
Nutqiy muloqot bolaning shaxs sifatida rivojlanishida hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Zaif eshituvchi bola nutqining o‘ziga xos rivojlanishi oddiy sharoitlarda ilm asoslarini egallashiga to‘sqinlik qiladi. Shu sababli ham bu toifadagi bolalar anomaliyasi tuzilishida nutq birinchi o‘ringa qo‘yilib, maxsus tashkil etilgan ta’lim jarayonida markaziy o‘rinni nutqni reja asosida shakllantirish masalasi egallashi lozim.
Qator tadqiqotlar zaif eshituvchi bolalar tallafuzga o‘rgatish xususiyatlari hamda bunday o‘ziga xoslikka mos kelmaydigan mavjud o‘qitish jarayonini taqqoslash natijasida tilni maxsus o‘qitish muammolarining ilmiy jihatdan hal etilishi: uni psixologik, lingvistik, psixolingvistik, umumdidaktik hamda metodik nuqtai nazardan ishlab chiqilishiga asos bo‘lib xizmat qildi . Ushbu tavsiya etilgan metodikalar asosida yangi tur – zaif eshituvchi bolalar maktablari uchun qator darsliklar va ularni olib borish imkonini beruvchi metodik tavsiyalar yaratildi.
Zamonaviy surdopedagogikaning nazariy asoschilari eshitishida muammosi bo‘lgan bolalarning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishlarining muhim omili – tallafuzga o‘rgatish ishlarining samaradorligi bevosita tarbiyalanuvchining oila a’zolari, xususan, ota-onalarning farzandlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishlariga bog‘liqligini alohida qayd etadilar. Jumladan, S.A.Zikov til o‘qitishdagi yuqori muvaffaqiyatlar faqatgina maxsus muassasalarda tashkil etilgan nutqiy muhit orqali emas, balki bevosita ota-onalar va atrofdagilarning ishtiroki orqali ta’minlanishini uqtirsa , R.M.Boskis: «Nutqqa o‘rgatish ishlarini o‘qituvchi ota-onalar bilan hamkorlikda amalga oshirishi lozim»,-deb ta’kidlaydi .
Aynan yangi davr surdopedagogikasida oila va maxsus ta’limning bola tarbiyasi borasidagi mushtarakligi zarurati anglandi: ota-onalar surdopedagoglar tomonidan belgilangan yo‘l va ko‘rsatmalarsiz farzandlarining tarbiyasida va, xuddi shunday tarzda, surdopedagoglar ota-onalar ishtirokisiz o‘z faoliyatlarida muvaffaqiyatga erisha olmaydilar. Ilk yoshdagi eshitishida muammosi bo‘lgan bolalar ta’lim muassasalari asoschilari tomonidan yaratilgan maqola hamda metodik tavsiyalar kar va zaif eshituvchi bolalar ota-onalariga o‘z farzandlarining tarbiyasini qanday tashkil etishlari, nutqini rivojlantirish yo‘llari kabi masalalarni yoritib berdi.
Respublikamizda surdopedagogikaning ilmiy asoslanishi o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlandi. Milliy surdopedagogikamizda olib borilgan qator tadqiqotlar mamlakatimizda mavjud eshitishida muammosi bo‘lgan bolalar maxsus maktab-internatlar ta’lim-tarbiya jarayonini hududiy sharoitlar, o‘zbek tili xususiyatlariga mos holda takomillashtirish yo‘l va vositalarini ilmiy jihatdan asoslab berishga yo‘naltirildi.
Surdopedagogika sohasida ilk bor N.Sh.Bekmurodov tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida hududimizga mos ravishda maxsus maktab-internatlar kun tartibi, o‘quv jarayonini tashkil qilishda hisobga olinishi lozim bo‘lgan talablar ishlab chiqilgan bo‘lsa, X.M.Gaynutdinovning ilmiy izlanishlari natijasida ilk bor O‘zbekiston sharoitida eshitishida nuqsoni bo‘lgan shaxslarni kasbiy – mehnatga tayyorlash, keyingi mehnat faoliyatlari jarayonini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar, bunday shaxslar ijtimoiy moslashuvlari darajasini ko‘tarish yo‘llari ochib berildi.Alimxodjayevaning uzoq yillik amaliy tajribasi maxsus o‘qitish jarayonida didaktik materiallardan foydalanishning tabaqalangan metodikasini ishlab chiqish hisobiga zaif eshituvchi o‘quvchilar eshitish idrokini rivojlantirish tizimini takomillashtirish yo‘llarini ilmiy jihatdan asoslab berishiga asos bo‘ldi
U.Yu.Fayziyevning ilmiy-tadqiqot ishi zaif eshituvchi bolalarga ona tilini o‘rgatish muammolarini hal qilishga qaratilgan ilk tadqiqot bo‘lib, unda maktabga tayyorgarliksiz kelgan zaif eshituvchi bolalarning dastlabki nutqiy imkoniyatlari (so‘z boyligi: faol va nofaol nutqi), eshitishining yo‘qolish sabablari va vaqti o‘rganildi, bunday bolalarni savodga tayyorlash va savod o‘rgatish metodikasi ilk bor nazariy jihatdan asoslab berildi. Ya’ni tadqiqotchi zaif eshituvchi o‘quvchilarga savod o‘rgatish davrida zarur sanalgan omil - harflarni o‘tish ketma-ketligini ishlab chiqib, ushbu nazariy xulosalari asosida «Alifbe» darsligini yaratdiN. X. Dadaxo‘jayeva ilk bor zaif eshituvchi o‘quvchilarning ko‘p xonali sonlar ustida arifmetik amallarni bajarishlaridagi xususiyatlar, ushbu jarayonda o‘quvchilarning nutqi va fikrlashlariga oid tayyorgarlik holatini o‘rganib, ko‘p xonali sonlar ustida arifmetik amallar bajarishga o‘rgatish bo‘yicha ish usullari hamda metodlarni nazariy jihatdan asoslab berdi.
F.U.Qodirova ilmiy tadqiqotida eshitmaydigan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ta’limi amaliyotidagi kamchiliklari tahlil qilinib, ularni bartaraf etishning samarali usul va yo‘llari aniqlandi hamda so‘zlashuv nutqini shakllantirishning omil va bosqichlari belgilab berildi.
Demak, ko‘rib chiqilgan tadqiqotlardan U.Yu.Fayziyev hamda F.Qodirovalarning ishlarigina kar va zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlarida o‘zbek tili o‘qitish tizimini ilmiy asoslab berishga qaratilgan. Maktab yoshidagi bolalarni tadqiqot o’ekti sifatida tanlab olgan har ikki olima ularning maktabda muvaffaqiyatli ta’lim olishiga maktabgacha yosh davrida zamin yaratilishi lozim ekanligini qayd etadilar. U.Fayziyev: «Erta ilk yoshidan korreksion ta’sir ko‘rsatish orqali bu og‘ir asoratlar kamaytirilishi yoki butunlay bartaraf etilishi mumkin…Ota-onalar imkon topgan holda uyda alohida sharoit yaratib, eshitmaydigan farzandlari bilan o‘zlari shug‘ullanishlari mumkin. Buning uchun ular surdopedagog mutaxassis bilan hamkorlikda ish olib borishlari lozim»,- degan fikrlarni keltirsa , F.U.Qodirova kar o‘quvchilarga o‘z fikrini erkin ifodalashni o‘rgatish ota-onalarning farzandlari ta’lim-tarbiyasi oldidagi mas’uliyati ekani va bu ta’lim jarayonida muhim omillardan hisoblanishini ta’kidlaydi .
O‘zbekistonda surdopedagogikaning yondosh tarmoqlari – oligofreno-pedagogika, logopediya sohasidagi L.R.Mo‘minova, R.Shomaxmudova, M.Yu.Ayupova, X.M.Po‘latova, D.A.Nurkeldiyev, M.P.Xamidova, L.Sh.Nur-muxamedovalar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar maxsus ta’lim muassasalarida olib boriluvchi ta’lim-tarbiya jarayonini hududiy sharoitlarni hisobga olgan holda tashkil etish hamda takomillashtirishga qaratildi.



Yüklə 162,96 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin