Yuragi о`ynadi. Darrov darchani ochib u havliga kirdi, oyog`ining uchi bilan bosib kelib, sekingina kelinining uyiga yaqinlashdi. Yig`i uydan eshitilar edi.
Yana quloq berdi.
Tovush kelinining tovushi edi".
Hikoyada qо`shimcha nigoh paydo bо`lgani yо`q, faqat mavjud nigoh ikkiga ajraldi, xolos. Bu о`rinda har ikki nigohning vazifasi konkret belgilangan: qahramon nigohi borliqdagi о`zgarishlarni kuzatsa, roviy nigohi qahramonga qaratiladi. Ya`ni, о`quvchi borliqdagi о`zgarishlarni qahramon nigohi, qahramondagi mimik-pantomimik о`zgarishlarni roviy nigohi vositasida kuzatadi. Boshqacha aytsak, hikoyani о`qish jarayonida bu ikki nigoh bir fokusga — о`quvchi nigohiga jamlanadi. Tanlangan usul о`quvchining hikoya ruhiga kirishini osonlashtirib, uning estetik kuchini oshiradi. Novellestiklik kо`proq syujet qurilishi, uning shiddat bilan rivojlanishiyu kutilmagan burilishlarga ega bо`lishi bilan bog`liq holda izohlanadi. Syujetning tamomila shu tartibda qurilishi(ayni paytda tavsifiy rivoya salmog`ining minimumga keltirilishi) kichik epik janr — hikoyadagina tо`la namoyon bо`lishi mumkin. Bunday hikoyada hayot materiali yolg`iz bir voqea(hodisa) fokusiga yig`iladi, о`sha hodisa poetik jonlantiriladi. Novellistik tipdagi hikoyada о`quvchi diqqatini tutib turuvchi, uning estetik ta`sir kuchini oshiruvchi narsa "kutilmaganlik effekti"dirki, roviyning "kuzatuvchi" mavqeida turishi bu usul samarasini maksimal namoyon etadi. "Oydin kechalarda" hikoyasida Cho`lpon qadam-baqadam kutilmaganlik effektini hosil qilib boradi. Ularning dastlabkisi — yolg`izgina о`g`lini uylab-joylagan, bekamu kо`st turmush kechirayotgan Zaynab kampirning osuda oydin kechada nimadandir chо`chib uyg`onishi. Bir qarashda, Zaynab kampir kо`nglida ham tabiatdagi kabi osudalik hukm surishi lozimdek. Ayni shu nomutanosiblik, kutilmagan ziddiyat roviyni bilishga undaganidek, bu tabiiy ehtiyoj о`quvchiga-da yuqadi. Qо`llangan usul samarasi shundaki, u о`quvchi diqqatini jamlab, tasvirlanajak voqeani qabul qilishga emotsional jihatdan hozirlaydi.
Kampirning ikkinchi bor "kо`ngul buzaturg`on yig`i tovushi"dan uyg`onishi roviy ham о`quvchi izlagan sababni kо`rsatadi aslida. Lekin endi voqelik Zaynab kampir nigohi bilan kuzatilmoqda, baski, endi uning uchun kutilmagan narsa yuz bermoqda: "Hamma tinch, rohat uyquga tolg`on bir zamonda qalbini yaralab yig`laguvchi qanday baxtsizdir?". Qahramonni о`ylatgan bu jumboq roviyni ham, о`quvchini ham birdek о`ylatadi: har uch nigoh yana bir fokusga yig`iladi. Zaynab kampir turli taxminlar qilib kо`radi: goh u qо`shnisining qizi, goh bu qо`shnisining kelini, goh esa "havli etagiga kelgan parilar" yig`lagandek bо`lib tuyuladi unga. Kampir yig`laguvchining о`z kelini bо`lishi ehtimolini xayoliga ham keltirolmaydi, chunki uning "uy-joyi, kiyim-kechak — hamma narsalari tayyor. Novdadek kuyov yonida..." Kampirning osuda kechada chо`chib uyg`onishi roviy nazdida qanchalik notabiiy bо`lsa, yig`laguvchining о`z kelini bо`lib chiqishi kampir uchun undan-da notabiiy, kutilmagan holdir. Endi kampirda hosil bо`lgan bilish istagi ("Kelin, siz yig`ladingizmi?") о`quvchi va roviyga kо`chadi. Aslida bularning bari о`quvchini syujetdagi bosh burilish, eng muhim kutilmaganlikni qabul qilishga tayyorlash uchun zarur edi. Zero, kampirning xushlamayroq, ochig`i dushmanona kayfiyatda bо`lib ("Olmay Qodirjon о`lsun, Bermay otasi, О`sdurmay onasi!..") turgani keliniga hamdard bо`lib qolishi uning о`zi uchun ham, roviy va о`quvchi uchun ham birdek kutilmagan holdir.
"Oydin kechalarda"ni novellistik hikoya der ekanmiz, biz unda roviy tutgan mavqedan kelib chiqdik. Yuqorida yuritgan mulohazalarimizga tayangan holda, novellistik hikoyaning kompozitsion qurilishi: 1) roviyning xolis "kuzatuvchi" mavqeida turishi; 2) hikoya qilinayotgan voqeaning yuz berish vaqti bilan hikoya qilinish vaqtining bir-biriga mosligi; 3) "sahnaviylik" — о`quvchi nazdida hayot sahnasida kechayotgan voqeani tomosha qilayotganlik illyuziyasining hosil qilinishi; 4) syujetning shiddatli rivojlanishiyu kutilmagan burilishlarga egaligi bilan ajralib turadi, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Albatta, bu xususiyatlarning mavjud bо`lishi uchun novellistik hikoyada birgina voqea — "hayotning bir parchasi" poetik jonlantirilishi taqozo qilinadi. Kо`rib turganimizdek, milliy nasrchiligimizda epos va dramaga xos kuchli jihatlarni о`zida omixta etgan novellistik hikoyaning qaror topishida Cho`lponning xizmati kattadir. Adibning "Oydin kechalarda" hikoyasi novellistik hikoyaning adabiyotimizdagi ilk va mumtoz namunasi sanalishi mumkin.
Ma`lumki, hikoya janrining takomili jarayonida ocherklilik va novellistiklik xususiyatlari avvaliga о`zaro farqlanish ("tezis — antitezis") yо`lidan borgan bо`lsa, keyinchalik bir-birini tо`latish, boyitish ("sintez") yо`lidan bordilar. Bu xil qorishiqlik Cho`lponning aksariyat hikoyalariga xosdir. Buning yorqin misoli sifatida "Qor qо`ynida lola" hikoyasini keltirishimiz mumkin. Hikoyaning har bir qismi alohida olinsa, tasvir manerasi "Oydin kechalarda"da kо`rganimiz kabi: voqealarning kuzatuvchisi mavqeida turgan roviy о`quvchi nazdida "sahnaviylik" illyuziyasini hosil qiladi. Biroq hikoya asosida birgina voqea (bir joyda va uzluksiz vaqt davomida kechayotgan) emas, bir-biriga bog`liq bir necha voqea yotadi. Hikoyada tasvirlanayotgan voqealarning yuz berish vaqti bilan ularni hikoya qilish vaqti bir-biriga mos tushmaydi. Shunga kо`ra, bundagi roviy mavqei о`zgacharoq: u har bir ikir-chikirdan xabardor, har yerda hoziru nozir. Hikoya butunicha olinsa, roviy yuz berib bо`lgan voqea ("men — о`tmish") haqida hikoya qilayotgani anglashiladi. Dramatik asarga qiyos qilsak, "Oydin kechalarda" — bir pardalik, "Qor qо`ynida lola" bir necha pardalik pyesadek taassurot qoldiradi. Kо`ramizki, hikoyada ocherklilik va novellistiklik xususiyatlari uyg`unlashmoqda, ya`ni, "Oydin kechalarda"da voqea tasvirlanganbо`lsa, "Qor qо`ynida lola"da dramatik unsurlardan foydalanilgan holda hikoya qilinayotir. Aytish kerakki, Cho`lponning aksar hikoyalari("Novvoy qiz", "Kleopatra", "Oqpodshoning in`omi")ni kompozitsion xususiyatlariga kо`ra uchinchi — sintetik tipga kiritishimiz mumkin.
Cho`lponning nasriy asarlari orasida "Nonushta" nomlisi borki, u о`zining janr-kompozitsion xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Unda ham adib, xuddi "Oydin kechalarda"da kо`rganimizdek, hayotning bir parchasini qalamga oladi. Biroq "Oydin kechalarda"da konfliktli holat asosida rivojlanuvchi syujet bor ediki, u о`sha hayot parchasini voqeaga, demakki, asarning о`zini epik hikoyaga aylantirardi. "Nonushta"da esa konfliktli holat ham, uning asosida yuzaga keluvchi voqea ham mavjud emas — unda hayotning bir parchasi shundoqqina jonlantiriladi gо`yo. R.Uellek va O.Uorrenlar amerika novellachiligida "obyektiv tasvir"ga intilish kuchayganiyu asarlar tamomila dialoglardan tashkil topib borayotganidan kelib chiqib, "pesa-hikoya" degan atamani qо`llagan edilar. О`ylashimizcha, shu atamani shartli ravishda Cho`lpon asariga nisbatan-da qо`llashimiz mumkin. Shartli deyishimizning boisi shundaki, "pyesa-hikoya"da ham muyayan konfliktli holat asosida voqea (yoki tema) rivojlantiriladi, "Nonushta"da esa, aytib о`tganimizdek, bu narsa yо`q — oddiy о`zbek xonadonidagi ayollarning nonushta chog`idagi gap-sо`zlari qalamga olingan, xolos. Tabiatan izlanuvchan, yangilikka о`ch ijodkor bо`lmish Cho`lpon xorijiy adabiyotlardagi yangiliklarni qiziqish bilan о`rganib, ularni ijodiy (ta`kidlaymiz – ijodiy) о`zlashtirgan holda milliy adabiyotimizga olib kirishga intilgan edi. "Nonushta"da ham, о`ylashimizcha, shu xil ijodiy о`zlashtirish izlari yо`q emas. Ma`lumingizki, XIX asr oxiri XX asr boshlari yevropa va rus adabiyotida naturalistik qarashlar ta`siri ancha kuchli edi. Naturalistlar asarda badiiy voqelik yaratish emas, real voqelikdagi narsa-hodisalarni asarga kо`chirish zarur, deb hisoblaganlar. Hayotni boricha va о`zgarishsiz tasvirlash esa, ayniqsa, kichik janrlarda qulayroq kechganidan naturalistik adabiyotda hikoya, etyud, ocherk kabi janrlar keng ishlangandi. Bunda hayotning bir parchasini olishu undagi о`zgarishlarni lahzama-lahza ("sekund uslubi") tasvirlab borishlik mumkin bо`lardi. Tabiiyki, naturalistik adabiyotning tasvir texnikasiga xos xususiyatlar realistik adabiyotda ham muvaffaqiyat bilan qо`llanishi va yaxshigina badiiy-estetik samara berishi mumkin edi. Ehtimol shuni chuqur his qilganidandir, Cho`lpon bir qator asarlarida(qisman "Oydin kechalarda", "Nonushta", "Seni kо`p kо`rmasin") shu xil tasvir manerasini sinab kо`rmoqqa jazm qilgan kо`rinadi. Albatta, bu yо`ldan borishlikning xavfli bir tomoni bor: san`atdan yiroqlashishu oddiy nusxakashga aylanib qolishlik hech gap emas. Biroq, shunisi tahsinga loyiqki, Cho`lpon о`zining san`atkorligini aslo unutgan emas. Hayotning bir parchasini qalamga oliboq undan katta badiiy haqiqatlarni inkishof etishlik, shu mо`jaz parchaning о`ziga olam-olam ma`nolarni muhrlab qо`ymoq uchun ijodkorda о`tkir san`atkorona nigoh, yuksak badiiy did bо`lmog`i kerak. Zero, bu о`rinda hayotning istalgan parchasini emas, — quyuqlashgan hayotiy mazmun va turfa hislarga benihoya tо`yingan, "mag`zi tо`q" parchani ajratib ola bilish talab qilinadi san`atkordan. Hatto, aytish mumkinki, bu о`rinda о`shandoq parchani ajrata bilishning о`zi — san`atkorlik, qolgani esa mahorat masalasiga taalluqlidir "Nonushta"ning muallifi о`zida shu ikki jihatni uyg`un biriktira olgani uchun ham asari san`atga aloqadordir. "Nonushta" haqida fikr bildirgan N.Vladimirova unda adibning milliy xarakter yaratish, personajlar ruhiyasini ochishu badiiy til imkoniyatlaridan foydalanish bobidagi mahoratini yaxshi ochib beradi. Munaqqidning tо`g`ri ta`kidlashicha, "kundalik turmush ilk bor Cho`lpon hikoyalarida badiiy in`ikos obyektiga aylandi". Darhaqiqat, "Oydin kechalarda", "Seni kо`p kо`rmasin" hikoyalarida ham "kundalik turmushni poetiklashtirish" kuzatiladiki, N.Vladimirova Cho`lpon hikoyalari poetikasiga xos xususiyatlardan birini nozik ilg`ab olgan. Shu о`rinda olimaning "oddiygina kо`ringan kundalik turmush tasviri milliy hayot obraziga aylanadi", degan xulosasiga ham tо`xtalib о`tish zarurati yuzaga keladi. Gap shundaki, о`sha obraz vositasida aytilayotgan fikr, ifodalanayotgan badiiy konsepsiya masalasida turlichalik mavjud. Xususan, professor O.Sharafiddinov muallif nigohi "о`zbek xonadonining ichkarisi"ga qaratilganini ta`kidlaydiki, undagi ayollar "katta hayotdan ajralgan holda, tо`rt devor ichida, faqat bir-birlarining diydorlariga termulib, bu dunyoning huzur-halovatidan, rohat-farog`atidan mahrum holda umrguzaronlik qilishga majbur. Shu bо`g`iq diqqinafas muhit ulardagi fazilatlarning rо`yobga chiqishiga yо`l qо`ymaydi, aksincha, ularni bir-birlarining tagiga suv quyishdan toymaydigan, bajonu dil g`iybat bilan shug`ullanadigan bachkana kimsalarga aylantiradi". Bir qarashda ikkala olim bir asarni turlicha, tо`g`rirog`i, tamomila qarama-qarshi talqin qilayotgandek. Biroq, aslida, bu ikki qarashning birlashtirilgani maqbulroq bо`ladi. Zero, N.Vladimirova "Nonushta"ning tasvir planidan kelib chiqib fikr bildirsa, O.Sharafiddinov asarning yaxlit butunligi, muallifning "kompozitsion tafakkuri"ni e`tiborga olgan holda xulosa chiqaradi. Darhaqiqat, Cho`lpon nigohi tushgan hayot parchasida "milliy turmushning botiniy poeziyasi"(N.Vladimirova)ga emas, ma`nan majruh etuvchi biqiqlikka urg`u beradi. Faqat mazkur urg`uni ilg`ab olish uchun hikoyaning sehridan xalos bо`lmoq, uning lirik kayfiyatidan chiqmoq zarur kо`rinadi. Shundagina asarning qanday boshlansa о`shanday yakun topishi — aylanma kompozitsiya bu xil "nonushta"larning kundan-kunga, yildan-yilga yaknav takrorlanishiga, "ichkari"ning hayoti oldinga qarab emas, tor aylana bо`ylab harakatlanishiga ishora qilishini sezish mumkin bо`ladi. Asar kompozitsiyasining muayyan g`oyaviy-badiiy niyatni kо`zlab shu tartib qurilganini e`tiborga olsak, unda voqeaband syujetning mavjud emasligi ham shu niyat bilan bog`liq ekanligi anglashiladi. Ya`ni, syujetning о`ziga xosligi — voqeaning mavjud emasligi ayollar hayotining tussizligini ifodalash vositalaridan biri bо`lib qoladi.
Cho`lpon hikoyalari voqelikka munosabat turiga kо`ra-da turfa xil: ularda kо`ngillarni sel qilguvchi sentimentallikdan zaharli kinoyagacha, dillarni mayin titratuvchi liriklikdan о`rtovchi fojelikkacha — baridan bor. Shu о`rinda adibning hajviy hikoyalari xususida ham tо`xtalib о`tishimiz joiz. "Mushtum" jurnalida e`lon qilingan "Taraqqiy" hikoyasi, aytish mumkinki, kuldirib yig`latadigan, yig`latib kuldiradigan asardir. Bizni Cho`lponning bu xil "jiddiy kulgisi" sabablari, uni hosil qilish yо`llari qiziqtiradi. О`zining ilk hikoyalari ("Qurboni jaholat"dagi Mо`minjon), publitsistik chiqishlari ("Vatanimiz Turkistonda temir yо`llar")dayoq Cho`lpon yoshlar ma`naviyati, dunyoqarashi masalalariga qiziqqan, ularning aksariyatida ijtimoiy inertlik, siyosiy kaltabinlik, xudbinlik kabi illatlarni kuzatib о`rtangan edi. Oradan qariyb о`n yil о`tganidan sо`ng ham Cho`lpon atrofida о`shanday yoshlarni kо`radi — ularni ijtimoiy satira tig`iga nishon qiladi.
"Oqpodshoning in`omi" hikoyasida tasvirlangan personajlar emas, hayotiy holat (voqea)ning о`zi komik xarakterga ega. Latifanamo syujet asosiga qurilgan mazkur hikoyada kulgi kutilmaganlik effekti asosida hosil qilinadi. Hikoyaning nasriddinnamo qahramoni usta Tо`xtash — zehnli, zukko, hangomatalabu hozirjavob odam. "Maskavdagi vistavka" haqida masjidda xabar topgach, usta unda ishtirok etish tashvishiga tushadi: zudlik bilan "asliga qaraganda ikki-uch baravar zо`r" yog`och kovush yasab, uning bir poyini chala yelimlaydi. Usta Tо`xtashning xayolida: "Oqpodsho kо`radi. Bu mamlakatdagi fuqarolarning shunchalar yо`g`on oyoqli bо`lishidan qotib-qotib kuladi. Ehtimol kiyib kо`rgisi keladi... Kiyib kо`radi. Bir-ikki qadam bosar-bosmas "tap" etib yiqiladi. Bir kulgi beradi... Shundan keyin in`om kovushning о`zidan ham katta bо`ladi". Bir qarashda ustaning о`ylari xom xayolday tuyular, lekin ularni butkul asossiz deyish ham qiyin: g`aroyib kovushning tomoshabin diqqatini tortishi tayin, ma`lum shart-sharoitlarda keyingi ishlarning usta о`ylaganicha bо`lishi ham ehtimoldan holi emas. Zero, amri vojib bо`lib turgan odam hushiga kelib qolsa nimalar qilmaydi deysiz?! Ya`ni, bu о`rinda bor gap "vistavka"ga kelishi mumkin bо`lgan oqpodshoning qay tarzda о`ylashida: oddiy odam mavqeidami yo davlat miqyosidami? — shunda xolos. Buni e`tiborda tutgan kitobxon usta Tо`xtash, uning oilasi, qо`ying-chi, butun qishloq bilan birga katta in`om kutsa ajab emas. Biroq, usta Tо`xtashning "qora baxtiga", vistavkaga kelgan qari amaldor davlat miqyosida о`ylaydi: "Buning sanoatda ahamiyati qanday?"- va shundan kelib chiqib in`om beriladi. Katta in`om kutgan usta Tо`xtashning bor pulini suyunchiga qoqishtirib bergach "ispasiba" eshitishi о`ziga xos bir portlash — kulgi portlashidir. Hikoyaning davomida endi usta Tо`xtashning sо`zamolligi ish beradi. О`zbek tilini yaxshi biladigan gubernator muoviniga: "Taqsir, oqpodshoning bu katta in`omlari mendek faqir odamga og`irlik qilib qoldi... Shu uchun sizga olib keldim",- deganida amaldor zavqlanib kuladi-da, 200 sо`mga chek yozib beradi. Usta Tо`xtashning sо`zamolligi, chigal sharoitdan foyda bilan chiqa bilishi latifalarimizning doimiy qahramoni Xо`ja Nasriddinni eslatadi. Bu bejiz emas, albatta, Cho`lpon xalq og`zaki ijodiga, xususan, qiziqlar ijodiga havas bilan qaragan san`atkor edi. Adibning usta Tо`xtashga munosabati samimiy: uning topqiru zukkoligiga havas qiladi, faqat bir jihati — shunchalar aqlu zakovati bilan podsholardan umidvor bо`lib yurganiga kuladi. Ayniqsa, ustaning qо`liga pul tushishi bilanoq yana uylanish harakatiga tushgani, pulning boshqa — oqilona sarfini topolmaganini, tо`g`rirog`i, о`ylamaganini ma`qullamaydi, xolos. Kо`ramizki, Cho`lpon "Taraqqiy"da о`zi tasvirlagan xarakterlarni grajdanlik mavqeidan turib baholagan va g`oyaviy-hissiy inkor qilgan bо`lsa, "Oqposhshoning in`omi"da usta Tо`xtashni ma`naviy jihatdan baholaydi, qahramonidagi ayrim illatlardan yengilgina kuladi. Shu bois ham adib mazkur hikoyaning janrini "kulgi hikoya" deb belgilaydi, zero, u satira va yumor orasidagi farqni teran farqlaydi.