Yordamchi konus sirtlar usuli. Bu usul bilan konturi egri chiziqli aylanish sirtlarining taqribiy yoyilmasi yasaladi. Berilgan sirt aylanish o’qiga perpendikulyar tekisliklar bilan kesiladi. Sirtning har bir bo’lagi konussimon yoki silindrik sirtlarga approksimatsiya qilinadi va bu sirtlarning yoyilmalari yasaladi. 10.17,a-rasmda Monj chizmasida berilgan aylanish sirtlari aylanish o’qiga perpendikulyar tekisliklar bilan bir necha bo’laklarga bo’linadi. Bu bo’laklar konussimon (I, II, III, IV, V , VI) va silindrik (VII) sirtlarga approksimatsiya qilinadi.
10.17,b-rasmda konussimon va silindrik sirtlarga approksimatsiya qilingan sirt bo’laklarining yoyilmalari ko’rsatilgan. Bu yoyilmalar to’g’ri doiraviy silindr va konus srtlarning yoyilmalarini yasashga asoslanib bajarilgan.
10.17,b-rasmda hosil qilingan yoyilma bo’yicha berilgan sirtning aynan o’zini yasab bo’lmaydi. Bunda yoyilmadagi I, II, III, IV, V va VI, VII bo’laklar orasida ochiq joylar mavjud bo’lib, ular berilgan sirtning aynan o’zini yasash imkoniyatini bermaydi. Shuning uchun ham bunday yoyilmalar taqribiy yoyilmalar deyiladi.