Engel qonuni. Daromad bo’yicha talab elastikligi 1 dan katta bo’lgan har qanday tovar uchun elastikligi 1 dan kichik bo’lgan o’rinbosar tovar bo’lishi mumkin.
Demak, yuqorida keltirilgan Engel chiziqlari har doim ham qat’iy, o’zgarmas bo’ladi deyish noto’g’ri bo’ladi. Ular o’zaro o’rinbosar tovarlar bilan almashtirilishi mumkin.
NARX– ISTE’MOL CHIZIG’I
Narx – iste’mol chizig’i naflilik darajasi o’zgarmaganda tovarlarning narxi o’zgarishi bilan iste’molchining tanlov majmualari bir holatdan ikkinchi holatga o’tishini aks ettiradi. Bu holatda iste’molchining daromadi o’zgarmas deb qaraladi va tovarlarning birortasining narxi o’zgarganda iste’mol tarkibining o’zgarishi kuzatiladi.
a)
b)
5 – chizma.Narx – iste’mol chizig’i (a) va talab chizig’i (b)
Yuqoridagi chizmada x1 – sharbat, x2 - coca – cola deb olaylik. a) chizmada coca – cola narxi o’zgarmaydi, sharbat narxi esa pastlab boradi. Natijada byudjet chizig’i AB holatdan AB1, AB2, AB3 holatlarga siljiydi, ya’ni byudjet chizig’ining x2 chiziq bilan kesishgan nuqtasi o’zgarmaydi, x1 chiziq bilan kesishgan nuqtasi esa B1, B2, B3 holatlarga siljiydi.
Aytaylik, iste’molchining daromadi 20so’m bo’lib, 1 litr coca – colaning narxi 4so’m, 1 litr sharbatning narxi boshlang’ich holatda ya’ni B nuqtada 5so’mga teng bo’lsin. Iste’molchi quyidagi kombinatsiyalarni xarid qilishi mumkin: 5 litr coca – cola, 4 litr coca – cola va 0,8 litr sharbat, 3 litr coca – cola va 1,6 litr sharbat, 2 litr coca – cola va 2,4 litr sharbat, 1 litr coca – cola va 3,2 litr sharbat, 5 litr sharbat.
Endi sharbatning narxi 4so’mga B1 nuqtaga tushsin, coca – colaning narxi o’zgarmay turibdi. Iste’molchi 5 litr coca – cola, 4 litr coca – cola va 1 litr sharbat, 3 litr coca – cola va 2 litr sharbat, 2 litr coca – cola va 3 litr sharbat, 1 litr coca – cola va 4 litr sharbat, 5 litr sharbat xarid qilishi mumkin.
Sharbatning narxi 3 so’mga B2 nuqtaga tushsin. Kombinatsiya 5 litr coca – cola, 4 litr coca – cola va 1,3 litr sharbat, 3 litr coca – cola va 2,6 litr sharbat, 2 litr coca – cola va 4 litr sharbat, 1 litr coca – cola va 5,3 litr sharbat, 6,6 litr sharbatdan iborat.
Va nihoyat, sharbat narxi B3 nuqtaga2 so’mga tushsin. Iste’molchi 5 litr coca – cola, 4 litr coca – cola va 2 litr sharbat, 3 litr coca – cola va 4 litr sharbat, 2 litr coca – cola va 6 litr sharbat, 1 litr coca – cola va 8 litr sharbat, 10 litr sharbat xarid qilishi mumkin.
Shunday qilib, sharbatning narxi arzonlashishi bilan iste’molchi ko’proq miqdordagi sharbat yoki coca – colani xarid qilish imkoniyatiga ega bo’lmoqda. Demak, iste’molchining naflilik darajasi ortib, befarqlik egri chizig’i ham U egri chiziqdan U1, U2, U3 egri chiziqlarga o’zgarmoqda. Byudjet chizig’ining befarqlik egri chizig’i bilan kesishgan nuqtasi E nuqtadan E1, E2, E3 nuqtalarga siljishini kuzatish mumkin. E, E1, E2, E3 nuqtalarni tutashtirib chiqsak, narx – iste’mol chizig’i hosil bo’ladi.
Narx – iste’mol egri chizig’iga asoslanib, x1 tovarga, bizning misolda sharbatga bo’lgan talab egri chizig’ini chizish mumkin. Bunda absissa o’qi sharbat miqdorini, ordinata o’qi esa sharbat narxini belgilab beradi.
Masalan, P1 nuqtada iste’molchi real daromadi eng kam miqdorda turibdi, ya’ni sharbatning narxi eng baland nuqtada joylashib turibdi. Aslini olganda, iste’molchining nominal daromadi o’zgarmaydi, 20 so’m holida turadi, lekin sharbat narxining arzonlashishi daromadning real qiymatining ortishiga olib keladi. Shuning uchun ham sharbatning narxi arzonlab borishi bilan, iste’molchining ko’proq sharbat xarid qilishga qurbi yetadi va talabi ham ortib boradi.
NORMAL, PAST SIFATLI VA GIFFEN TOVARLAR UCHUN DAROMAD VA ALMASHTIRISH SAMARASI
Yuqorida iste’molchi daromadining o’zgarishi va tovarlar narxi o’zgarishining tovarlarga bo’lgan talabga qay tarzda ta’sir ko’rsatishini ko’rib o’tdik. Endi biror tovarga bo’lgan talab o’zgarishining qancha qismi narx bilan, qanchasi iste’molchi daromadi bilan bog’liq ekanini ko’rib chiqamiz. Buning uchun bizga daromad samarasi va almashtirish samarasi tushunchalari kerak bo’ladi.
Daromad samarasi – bu iste’molchi daromadi o’zgarib, narxlar o’zgarishsiz qolganda iste’mol tarkibining o’zgarishidir. Bunda iste’molchining sotib olish imkoniyatlari ham o’zgaradi va uning tovarlar majmuasi bir chiziqdan ikkinchisiga siljiydi.
Buni yaqqolroq tushunish uchun quyidagi misolni keltiramiz: Faraz qilaylik, bozorga oziq – ovqat mahsulotlari va iste’mol buyumlari sotib olish uchun bordingiz. Cho’ntangingizda 100000 so’m pul bor. Bozorga kirishingiz bilan sizdan 40000 so’m qarz olgan do’stingizni uchratib qoldingiz. U qarzini sizga qaytarib berdi va endi sizning pulingiz 140000 so’m bo’lib qoldi. Endi siz avvalgi o’ylagangizdan ko’ra ko’proq va sifatliroq tovarlarni sotib olishingiz mumkin.
Jamiyatda, insonlar hayotida ham shunday holat kuzatiladi. Iste’molchilarning daromadi ortib borishi bilan ularning ma’lum tovarlarga bo’lgan talabi o’zgaradi, ba’zilari esa kamayadi, umumiy qilib aytganda, iste’mol tarkibi o’zgaradi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda butun jahon bo’yicha daromad o’rtacha 1%ga ortadi. Rivojlangan davlatlarda aholi daromadi ortishi bilan maishiy xizmatlarga bo’lgan talab kuchayadi. Bular qatoriga kir yuvish idorasi, uy tozalash xizmati va boshqalarni kiritishimiz mumkin.
Rivojlanayotgan davlatlarda aholining daromadi ortishi bilan uzoq muddat xizmat qiluvchi predmetlarga bo’lgan talab ortadi. Bularga misol qilib, televizor, xolodilnik, kompyuter, mashina, uchastka va boshqalarni olishimiz mumkin.
Almashtirish samarasi – tovarlarning naflilik darajasi o’zgarmaganda, biror tovarning narxi o’zgarishi bilan iste’mol talabi tarkibining o’zgarishidir. Masalan, piyozning narxi qimmatlab ketganda, uning o’rniga karam ishlatish, paxta yog’ining narxi oshib ketsa, pista yog’i yoki margarindan foydalanish va hokazo.
Ko’pincha, iqtisodiy adabiyotlarda daromad samarasi va almashtirish samarasi birgalikda, o’zaro qiyoslanib tahlil qilinadi. Chunki shunday yo’l bilan iste’molchi talabi o’zgarishining qanchasi daromadning o’zgarishi hisobiga, qanchasi narxlarning o’zgarishi hisobiga bo’layotganini bilish mumkin. Biz ham normal sifatli va giffen tovarlar uchun daromad va almashtirish samaralarini ko’rib chiqamiz.