O`qituvchining darsga puxta tayyorgarligi ta'lim muvaffaqiyati va samarasi garovidir. Dars bu, sinfda taqvim-mavzu reja asosida belgilangan vaqt davomida o`qituvchi tomonidan o`quvchilar uchun o`quv-tarbiya jarayonining maqsadli tashkil etilishidir. Shunday ekan, har bir o`qituvchi darsga sifatli va puxta tayyorlanmasdan kirishni insoniylikka, pok vijdonga xiyonat ekanligini va ish haqini halollab olish lozimligini his qilishi kerak. Chunki, har bir fan o`qituvchisi faoliyati asosini sifatli dars o`tish, o`quvchilarga yaxshi ta'lim-tarbiya berish tashkil etadi.
O`qituvchining darsga tayyorgarligi shartli ravishda quyidagi ikki bosqichdan iborat:
1. O`qituvchining o`z fani yuzasidan umumiy tayyorgarligi. 2. O`qituvchining har bir darsga kundalik tayyorgarligi. O`qituvchining umumiy tayyorgarligi muntazam amalga oshirib boriladigan jarayon bo`lib, o`quv yili boshlanishi oldidan quyidagilarni qamrab oladi:
- Davlat ta'lim standarti (DTS), o`quv dasturi, o`quv reja hamda ularga berilgan tushuntirish xatlarini o`rganib chiqish;
- O`zi dars beradigan o`quv faniga oid yangi ilmiy va metodik adabiyotlarning mazmuni bilan tanishish;
- tegishli ko`rgazma materiallarni, o`quv-jihozlarini o`rganish, ularni qo`llay bilish;
- ilg`or o`qituvchilarning ish tajribalarini o`rganish, tahlil qilish orqali o`z bilimini kengaytirish;
-kompyuter texnikasidan foydalanish ko`nikmasini shakllantirib, bu boradagi mahoratini oshirish, elektron darsliklar, matn muharrirlari, "ZiyoNet" axborot ta'lim portaliga joylangan ma'lumotlardan samarali foydalanish kabilardir.
O`qituvchining darsga kundalik tayyorgarligi eng asosiy vazifalardandir.
Darsga tayyorgarlik ko`rish quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi lozim:
1-bosqich: Taqvim-mavzu rejadagi yangi mavzu va unga ajratilgan vaqt (soat) aniqlashtirib olinadi.
2-bosqich: DTS va o`quv dasturidan o`tilayotgan mavzu yuzasidan o`quvchida qanday tushunchalar (bilim, ko`nikma va malakalar) shakllantirilishi lozimligi aniqlashtirilib, shu asosida dars maqsadlari belgilab olinadi.
3-bosqich: Mavzu asosida darsda foydalaniladigan texnik vositalar, elektron manbalar, slaydlar, ko`rgazmali va didaktik materiallar, adabiyotlar o`rganib chiqiladi hamda dars ishlanmasi (konspekti) yoziladi.