O`qituvchilarning darslarini tahlil qilish - samaradorlikka xizmat qiladi. O`qituvchilarni o`z ustida mustaqil ishlashlari, ijodiy izlanishlari orqali ta'lim samaradorligini oshirishga yordam beradigan omillardan biri - muntazam ravishda o`qituvchilarning darslarini tahlil qilishdir.
O`qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish, ularning pedagogik mahorati, ish tizimi, o`quvchilarining o`zlashtirishi, bilim darajasi kabi sohaviy va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish hamda o`qituvchilarning o`zaro tajriba almashish imkonini beradi.
Dars tahlili kuzatish va o`rganish shaklida olib boriladi.
Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo`limi mudirlari, o`rinbosarlari, metodistlari tomonidan haftasiga kamida 2 soat, ta'lim muassasalari direktorlari, ularning o`rinbosarlari tomonidan 4 soat, fan metodbirlashma rahbari tomonidan 2 soat, o`qituvchilar tomonidan 1 soat o`qituvchilar darslari kuzatilishi va tahlil qilinishi belgilangan.
Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o`quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faolliklari, fanga bo`lgan qiziqishlari, o`quv materiallari va jihozlar bilan mustaqil ishlay bilishlari, o`qituvchiga bo`lgan munosabatlari aniqlanib, tahlilga tortiladi. Bunda asosiy mezonlar sifatida o`qituvchi tomonidan dars maqsadining to`g`ri qo`yilganligi, o`quv dasturi asosida dars jarayonini to`g`ri rejalashtirishi, materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy g`oyani ajratib olishi, ilmiylik, ko`rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko`nikmalarni o`zlashtirishni nazorat etishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muomala madaniyatini egallaganlik darajasi kabi jihatlar inobatga olinadi.
Unutmangki, sifatli dars - bu, o`quvchilar tomonidan samarali o`zlashtirilgan dars.
Dars boshlangandan keyin hech kimning ushbu jarayonga halaqit berishiga yo`l qo`yilmaydi.