3. Takror ishlab chiqarish va moliya
Insoniyat hayot kechirishi uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va ijtimoiy sohani doimiy ravishda takror ishlab chiqarishi taqozo etiladi. Sayyoramiz aholisi sonining o’sishi va uning urbanizatsiyalashuv darajasining ortishi, mamlakatlar ichidagi va ular o’rtasidagi qarama-qarshiliklarning kuchayishi, ilmiy-texnika taraqqiyotining rivojlanishi qator omillar ta’siri sharoitida “hayot kechirish”ni takror ishlab chiqarish ayrim davlatlar mustaqil yashay olishining muhim sharti bo’lib qolmoqda.
Takror ishlab chiqarish jarayoni o’z ichiga quyidagi bosqichlarni oladi:
ishlab chiqarish
alamshuv
taqsimalash
iste‘mol
Takror ishlab chiqarish uchun bu bosqichlar, albatta, majburiy yoki shart bo’lib, ulardan hatto bittasi ishtirok etmasa, takror ishlab chiqarish jarayoni uzilib qoladi. Uning har bir bosqichlariga bir yoki bir necha iqtisodiy kategoriyalar xizmat qiladi. Kategoriyalarning takror ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishi bevosita va bilvosita shakllarda bo’lishi mumkin.
Iste’molga ketadigan jami ijtimoiy mahsulot (JIM)dan, birinchi navbatda, takror ishlab chiqarishning oldingi (o’tgan) tsiklida foydalanilgan mehnat qurollari va predmetlari qiymatini tiklash uchun mo’ljallangan qismi ajratiladi. Bu qism takror ishlab chiqarishning yangi tsiklida ham uning shu hajmda takrorlanishini ta’minlaydi. Qolgan qism mablag’larning egasi va ishchilar o’rtasida taqsimlanadi. Taqsimlash nisbatlari asrlar davomida shakllanib, unda ishtirokchilarning har biri o’ziga tegishli bo’lgan qismni ko’paytirish maqsadida bir-birlari bilan doimiy qarama-qarshilikda bo’ladilar. Shunday qilib, jamiyatda yangidan yaratilgan qiymat birinchi taqsimlash bosqichini va undan so’ng esa almashuv va iste’mol bosqichlarini bosib o’tadi. Takror ishlab chiqarish jarayonining har bir ishtirokchisi o’ziga tegishli bo’lgan daromadni quyidagi ikki qismga bo’ladi:
iste’mol fondi;
jamg’arish fondi.
Taqsimlash jarayonida moliyaning roli va o’rnini ko’rsatish uchun JIMning o’rniga YaIMdan foydalanish mumkin. Bunda har ikki ko’rsatkichlar o’zlarining afzalliklari va kamchiliklariga ega ekanligini e’tiborga olish lozim bo’ladi. Masalan, YaIM tarkibiga mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan moddiy xarajatlar kiritilmaydi. Bir vaqtning o’zida esa, JIMning tarkibiga noishlab chiqarish xizmatlari kiritilmaydi, xolbuki, ularning salmog’i yuqori darajada taraqqiy etgan jamiyatlarda jamiyat xarajatlarining 1/3 qismini tashkil etishi mumkin. Biroq taqsimlashning ko’pqadamli ekanligi inobatga olinadigan bo’lsa, JIM ko’rsatkichi yuqoridagi maqsadlar uchun ma’lum bir afzalliklarga ega ekanligi ma’lum bo’ladi. Chunki u takror ishlab chiqarishning muhim sohasi bo’lgan moddiy ishlab chiqarish sohasini o’zida to’liqroq aks ettiradi.
JIM quyidagi ikki asosiy qismdan iborat:
mahsulot ishlab chiqarishga sarflangan ishlab chiqarish vositalarining qiymati (mehnat qurollari va mehnat predmetlari);
milliy daromad (ishchi kuchi va qo’shimcha mahsulotning qiymati).
Ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o’z mablag’lari etarli bo’lmagan sharoitda davlat subsidiyalaridan yoki bank kreditidan foydalanish mumkin. Ularning har ikkalasi ham moddiy ishlab chiqarish sohasidan chetda shakllanadi. JIMning qiymatidan sarflangan ishlab chiqarish vositalarini tiklashni (amortizatsiya ajratmalari, materiallar, xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar sotib olish, yoqilg’i, elektroenergiyani xarid qilish ko’rinishlarida va h.k.) taqsimlash jarayonlariga kiritish mumkin emas. Bu tiklanish takror ishlab chiqarishning uzluksiz zarurligi bilan belgilanadi.
O‘z navbatida, istemol fondi ham quyidagi ikki tarkibiy qismdan iborat:
ijtimoiy iste’mol fondlari;
shaxsiy iste’mol fondlari.
Davlatlarda ijtimoiy va shaxsiy iste’mol fondlari o’rtasidagi nisbat hokimiyat tuzilmasiga, an’analarga va h.k.larga bog’liq. Yaqin o’tmishda kommunistik yoki sotsialistik partiyalar hukmronlik qilgan mamlakatlarda ijtimoiy iste’mol fondlari iste’mol fondlarining umumiy hajmida asosiy o’rinni egallagan. Chunki ijtimoiy iste’mol fondlari orqali davlat maorif, sog’liqni saqlash va ijtimoiy yordam ko’rsatish jarayonlarini moliyalashtirishni tashkil etgan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati
Боди З., Мертон Р.С. Учебник. Финансы. М.: “Вильямс ”, 2007. – 347 с.
Malikov T. Moliya. O‘quv qo‘llanma. –T.: “Iqtisod-moliya”, 2018. -267 b.
3. Malikov T., Olimjonov O. Moliya. Darslik. – T.: “Iqtisod-moliya”, 2019. - 920 b.
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |