Davlatning tarkibiy investitsiyaviy va innovatsiya siyosati
Investitsiya ob’yekti deyilganda, mablag’larni, yaniy qonun doirasidagi barcha boyliklar safarbar qilinayotgan ob’yektlar tushiniladi, ular yangi korxonalar yoki amalda faoliyat yuritayotgan korxonalar, qimmatli qog’ozlar, bank depozitlari, intellektual mulk va boshqalar bo’lishi mumkin. Investitsiya subyektlari – investitsiya faoliyatida ishtirok etuvchi mulkiy va intellektual boyliklarga ega bo’lgan jismoniy, huquqiy shaxslar va davlatdir.
Odatda, har qanday investitsion faoliyat muayyan maqsadga yo’naltirilgan, mukammal darajada yaratilgan investitsiya g’oyasiga asoslanadi. Mukammal darajada shakllantirilgan va asoslangan investitsiya g’oyasi investitsiya loyihasining qaror topishiga olib keladi.
Investitsiya loyihasi tushunchasini uning yo’naltirilgan maqsadini amalga oshirish uchun texnologik jarayonlarni, texnik va tashkiliy hujjatlashtirish jarayonini, ob’ektlarni barpo etish va ishga tushirish jarayonini, moddiy, moliyaviy, mehnat resurslarining harakatini, shuningdek, tegishli boshqaruv qarorlari va tadbirlarni o’zida mujassamlashtiruvchi tizim sifatida talqin qilish maqsadga muvofiqdir.
Hozirgi kunda O’zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalarida o’zgarishlar, tarkibiy islohatlar olib borilmoqda. Bunday islohotlarning olib borilishi bevosita mamlakatdagi investitsion jarayon, davlatning investitsion siyosati, uning ustuvor yo’nalishlari va mamlakatdagi korxonalar investitsion faolligiga bog’liq. Mustaqilligimizning qisqa davrida investitsion faollikni oshirish, uni kuchaytirish borasida qator amaliy chora-tadbirlar o’tkazildi, investitsion faoliyatni tartibga solib turuvchi qator qonun va qonun osti hujjatlari chiqarildi va hayotga tadbiq qilinmoqda.
Bu yo’lda investitsiya siyosatining ahamiyati juda katta. Chunki investitsiyalar iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar, texnik va texnologik yangilanishlar, korxonalarni qayta ta’mirlash ishlarini amalga oshirishni rag’batlantiradi, mamlakat eksport va import salohiyatini oshirishga imkon yaratadi. Shu jihatdan O’zbekiston davlati o’z investitsiya siyosatini olib bormoqda.
Investitsiya siyosati – bu iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish, qo’llab-quvatlash, markazlashgan investitsiya jarayonidan nomarkazlashgan investitsiya jarayoniga o’tish, ustuvor investitsion loyihalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan mexanizm, uslublar yig’indisi hisoblanadi. Davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda ko’proq ustuvorlik kichik biznes subyektlari, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar tuzishga hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni tezkorlik bilan hal etish va shu asnoda investitsiya ishtirokchilarining erkin harakat qila olishlari uchun qulay iqtisodiy, investitsion muhit yaratishga qaratilgan.
Davlat investitsiya siyosati hududlar, tarmoq va korxona investitsiya siyosatidan tarkib topib, ular o’zaro bag’liqdir. Hududlar investitsiya siyosati investitsiyani sariflashda aholi, hudud va investor manfa’tlarini hisobga olgan holda samarali ishlatishga imkon beruvchi hududda olib boriladiga chora-tadbirlar majmuyi. Tarmoq investitsiya siyosati esa bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini ta’minlovchi tarmoqlar, sanoat mahsulotlarini eskport qilish, import o’rnini bosuvchi ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish, ilmiy-texnika taraqqiyotini investitsiya yo’li bilan qo’llabquvvatlash hisoblanadi.
O’zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish, avvalo, ichki manbalarni safarbar etish hisobidan iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlarini jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, transport va aloqa sohasini yanada rivojlantirish hamda ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini barpo etish hal qiluvchi ustuvor yo’nalishlarga aylandi.
Respublika iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning zaruriyati quyidagilardan kelib chiqadi: ishlab chiqarish quvvatlarining jismoniy va ma’naviy eskirganligi, ularning qayta tiklashga yoki texnik jihatdan qayta jihozlashga yoki umuman yangilashga oid bo’lib qolganligi; sanoat tarmog’ida moddiy texnika bazasining o’ta pastligi va ko’pgina zarar ko’rib ishlaydigan korxonalarning mavjudligi; respublika milliy daromadida jamg’arish bilan iste’mol o’rtasidagi nisbatning iste’mol tomonga ko’plab sarflanayotgani va jamg’arishning investitsiya manbayi sifatida kamayib borayotganligi; O’zbekistonning tabiiy boyliklarga boyligi va bu erda ko’plab qayta ishlovchi korxonalarni qurish imkoniyating mavjudligi; aholi sonining o’sib borayotganligi (mehnat resurslari) va kichik zamonaviy ixcham korxonalarni barpo etish, ularni mehnat resurslarining manbayi bo’lmish qishloqqa yaqinlashtirish zarurligi; respublika eksportida xom ashyo salmog’ini kamaytirish va ko’plab tayyor mahsulotlar chiqarish imkoniyatiga ega bo’lish zarurligi va boshqalar.
2-rasm. Hududlar kesimida asosiy kapitalga investitsiyalar
Investitsiya faoliyatining rivojlanishida turli manabalar hisobidan mablag’larning jalb etilishi holati o’rganilishi va ular hisobiga investitsiyalarni moliyalashtirish holatining rivojlanishini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi va quyidagi jadvallarda so’nggi yillarda turli manbalar hisobiga investitsiyalarning moliyalashtirilish tarkibi va uning o’zgarishi keltirilgan.
Asosiy kapitalga investitsiyalarning hududiy tarkibida hamon Buxoro, Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Qashqadaryo viloyati asosiy kapitalga investitsiyasi Samarqand viloyatidan qariyb 59% ga ko’p ya’ni 3533.1 mlrd. so’mni tashkil qilmoqda. Buxoro viloyati, Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyati jami qolgan viloyatlar ko’rsatkichidan farqi 5.4% ni quramoqda. Bu ko’rsatkich bo’yicha Sirdaryo va Jizzax eng oxirgi o’rinlarda qolyabdi.(2-rasm)
3-rasm. Yanvar-sentabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo’yicha asosiy kapitalga investitsiyalar (jamiga nisbatan % da)
Turar-joy qurilishi, tashish va saqlash kabi faoliyat turlariga investitsiyalar ulushi 2017-yilda 2016-yil mos davridagiga nisbatan kamaygan bo`lsa, tog’-kon sanoati, ishlab chiqarish sanoati, elektr va gaz bilan ta’minlash kabi faoliyat turlariga investitsiyalar hajmi ortdi.(3-rasm)
4-rasm. Asosiy kapitalga investitsiyaning 5-rasm. Asosiy kapitalga xorijiy takror ishlab chiqarish tarkibi investitsiyalar tarkibi mlrd.so’m
O’zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlarning asosiy qismini, 79,7% ini to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiya va kreditlar tashkil etgan bo’lsa, 18,1% ini O’zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar va 2,2% ini boshqa investitsiya va kreditlar tashkil qilmoqda.(5-rasm) [4]
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiyotda tub o’zgarishlarni amalga oshirish imkonini beradi va bu iqtisodiyotda yangi ish o’rinlarini tashkil etish va rivojlanish garovi bo’lib xizmat qiladi. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoyitida Yurtimizga zamonaviy texnoligiyalar olib kelib, sanoat ishlab chiqarishini yangilash va modernizatsiyalash jarayonlarini olib borishni investitsiya faoliyatisiz tasavvuz etib bo’lmaydi. Investitsiya loyihalarini jalb qilish nafaqat davlat iqtisodiyotini yuksaltiradi, balki aholi turmish darajasini yaxshilashda ham katta samara beradi. Yani maishiy muhtojliklarning katta bo’limi qanoatlantiriladi, ishlab chiqarish kengayadi, yangi mehnat kuchlari shakillanadi, eski va og’ir mehnat turmishidan yangi, yengil va samarali mehnat faoliyatiga o’tiladi. Davlatning kelajakdagi iqtisodiy yuksalish darajasini bugingi jalb qilingan investitsiya loyihalari va investitsion jarayonlar belgilab beradi.