Mavzu: XVI-XVII asr birinchi yarmida Germaniya Reja:
1. Germaniyaning iqtisodiy tuzumi.
2.Germaniya reformatsiya arafasida.
3. XV asr oxiri-XVI asr boshlarida dehqonlar harakati.
4. Germaniyaning siyosiy tarqoqligi va imperator hokimiyati.
5. Germaniyada gumanistik harakatning boshlanishi.
6. Lyuteran cherkovi va Lyuter ta’limoti.
7. Germaniyada dehqonlar urushi va uning tarixiy ahamiyati.
8.Dehqonlar urushi mag‘lubiyatidan keyin reformatsiyaning rivojlanishi.
Tayanch iboralar: Katta ushr; kichik ushr; qon ushuri; boshmoq;’’Boshmoq ittifoqi’’;’’Qashshoq konrad’’; Gabsburglar sulolasi; arxiyepiskop; papa; gumanizm; monarx; Reformatsiya; reforma; teologiya; indulgensiya; ’’95 tezis’’; bulla; pamflet; edikt; protestant; krepostniylik; kurfyurst; ’’12 modda’’; ’’Porloq dehqon otryadi’’; ’’Geylbron dasturi’’; ’’Qora otryad’’; ’’Adabiy Kengash’’. XIV va XV asrlarda nemis sanoati ayniqsa kon sanoati ( kumush qazib chiqarish) va metallurgiya rivojlandi. Tirol, Gars, Saksoniya va Vestfaliya kon sanoatining markazlari edi.
Siyosiy jihatdan tarqoq bо‘lsada, XVI asrda mamlakat xо‘jaligi ancha о‘sdi. Jumladan, Germaniya tog‘-kon sanoatida bu davrda 100 ming kishi ishlaganligi fikrimizga dalil bо‘la oladi.
Germaniyada konchilik, tо‘qimachilik, kitob bosish sohalarida manifaktura (lot.”qо‘lda yasalgan buyum”) lar vujudga kelib, kapitalistik manifakturalar ishlab chiqarish rivojlandi.
Qurol-yarog‘ ishlab chiqarish boyicha Reyn viloyati va Yuqori Dunay shaharlarida rivojlandi.
Tо‘qimachilik sanoatining turli sohalari; movut tо‘qish, zig‘ir tola, shoyi tо‘qish va ip-gazlama sanoati ham shu viloyatlarda rivojlandi.
XVI- XVII asrlarda Yevropada qand iste’mol qilish kо‘paydi. XVI asrdayoq Germaniyada qand pishirish bilan shug‘ullanadigan korxonalar bor edi.
G‘arbda Kyoln, Vorms, Aaxen shaharlari, janubda Augsburg, Nyurnberg, Ulm, Reyn bо‘yi hamda yuqori Dunaydagi boshqa shaharlar Yevropa savdosining eng yirik markazlari edi.
Kо‘plab nemis shaharlari qulay joylashuvi va savdo aloqalari bilan mashhur edi. Mashhur nemis gumanisti Yakov Vimpfelning о‘sha paytda Kyoln haqida shunday deb yozgan edi:”Bu shahar о‘zining keng savdosi va behisob boyliklari bilan Reyn shaharlarining shohi sanaladi”. Nyurnberg- metallga ishlov berishning markazi bо‘lib, XVI asrda 20 mingga yaqin aholisi bor edi. Elzas shaharlari ichida Strasburg о‘zining savdo aloqalari bilan, Mayn bо‘yidagi Frankfurt esa Gollandiya, Flandriya, Italiya, Fransiya, Angliya, Chexiya, Polshadan savdogarlarni yig‘adigan yarmarkasi bilan mashhur edi. XV asr oxirida Germaniya sharqidagi Leypsig yarmarkasi katta ahamiyat kasb etadi. Kichikroq shaharlar Ulm, Konstans, Revesbur va Augsburglar tо‘qimachilik markazlari hisoblanib, ular о‘z mahsulotlarini nafaqat mahalliy bozor balki Ispaniya va Italiya bozorlariga olib chiqardilar. Dunay bо‘yida joylashgan nemis shaharlari orqali Janubi-sharqiy Yevropa bilan savdo olib borilardi.
Sanoatda sex tizimi ustunlik qilardi.
XVI asr oxiri-XVII asr boshlarida Germaniya xalqaro savdo-sotiq ishlarida Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Angliya, Skandinaviya mamlakatlari, Polsha va Rossiya bilan savdo-sotiq olib bordi. Germaniya umumevropa savdosida bog‘lovchi rolini bajarib, Yevropaning janubini shimol bilan, janubi-g‘arbiy mamlakatlarni shimoli-sharqiy mamlakatlar bilan bog‘lardi.
Germaniyada eng kо‘p sonli va asosan ekspluatatsiya qilinuvchi asosiy sinf dehqonlar edi.
Dehqonlar krepostnoylik zulmini boshidan kechirardilar. Feodallar о‘z daromadlarini oshirishga intilib, dehqonlar beradigan tо‘lovlarni har qanday yо‘llar bilan oshirar, dehqonlardan yangi barshchinalar talab qilar, ularning chek yerlarini qirqib, jamoalarga qarashli о‘tloqlar, bо‘sh yerlar, о‘rmon, kо‘llarni о‘z ixtiyorlariga о‘tkazar edilar.
Butun Germaniyada katolik cherkovi uchun don bilan «katta ushur» (ushr.arab.о‘ndan bir-dehqonchilik mahsulotlaridan daromadning о‘ndan biri hisobida olinadigan soliq turi) olinardi. Kо‘p joylarda sabzavot bilan tо‘lanadigan «kichik ushur» va chorva mollari bilan tо‘lanadigan «qon ushuri» ham olinardi.
Bunday hollar dehqonlarning ahvolini yomonlashuviga olib keldi va XV asr oxiri va XVI asr boshlarida dehqonlarning g‘alayonlariga sabab bо‘ldi.
1476-yilda Sharqiy Frankoniyada yepiskop Vyursburgskiy mulkida birinchi dehqonlar qо‘zg‘oloni boshlanib, bunga Niklasgauzen qishlog‘idan chiqqan Gans Begaym degan podachi boshchilik qildi. U dehqonlarga hamma obroklar, barshchinalar, soliqlar va pomeshchiklarga tо‘lanadigan boshqa tо‘lovlar bekor qilinishi kerak, hamma ishlamog‘i va hech kim boshqalardan ortiq narsaga ega bо‘lmasligi kerak, deb tushuntirdi.
Gans Begaymga kо‘plab dehqonlar ergashgan. Yepiskop Vyursburgskiy о‘z xizmatchilariga podachini ushlab qamashni buyurgan, shundan keyin dehqonlar о‘rtasidagi harakat tо‘xtab qolgan.
Hokimiyat daydi dehqonlar haqida qonunlar qabul qildi, shahar kо‘chalarida sadaqa sо‘rash ta’qiqlandi, uni buzganlar ayovsiz jazolandi. Germaniyaning Kyoln shahrida uch marta “qonunsiz” sadaqa sо‘rashda qо‘lga tushgan daydi dehqonlar osib о‘ldirishga hukm qilinardi. Bunday shafqatsiz qonunlar va dehqonlar ommasining og‘ir ahvoli natijasida Germaniyada turli xil tashkilotlar tuzila boshlagan. Ana shunday tashkilotlardan biri 1493-yilda Elzasda «Boshmoq ittifoqi» tuzildi. (Boshmoq-dvoryanlar, ritsarlar poyafzali-etikka qarama-qarshi о‘laroq, dehqonlar boshmog‘i (yog‘och poshnali bо‘lardi) nazarda tutilgan edi.
U bostirilgandan keyin bu harakat Reynning о‘ng qirg‘og‘iga-Baden va Shvabiyaga о‘tgan. 1502 yilda «Boshmoq»ning yangi qо‘zg‘oloni tо‘g‘risidagi rejasi tuziladi. Bunga Ioss Frid degan dehqon rahbarlik qilgan. «Boshmoq»ning xurujlari 1513 va 1517 yillardagi fitnalar bо‘ldi. Bu fitnalar ham fosh bо‘lgandan sо‘ng, uning tashkilotchilari Shveysariyaga qochib ketdilar, ba’zilari esa 1525 yilgacha yashab, dehqonlar urushida ishtirok etdilar.
«Boshmoq» tarafdorlari tarqatgan varaqalarda dvoryanlarni dehqonlar ustidan hukmronlik qilishdan mahrum etish, jamoa ixtiyoridagi yorlardan foydalanish uchun dehqonlarga erkinlik berish, sudxо‘rlar oladigan foizlarni bekor qilish, cherkov mulkini isloh qilib, bu yerlarni xalqqa berish haqidagi talablar bor edi.
1503-yilda Vyurtemburgda dehqonlarning «Qashshoq Konrad» degan inqilobiy tashkiloti tuzildi. 1514-yilda «Qashshoq Konrad»ning fitnasi Vyurtemburg gertsogiga qarshi ochiqdan-ochiq qо‘zg‘olonga aylanib ketdi. Bu harakatda shaharliklar ham ishtirok etdi. Gersog avvaliga yon berdi, ammo keyinchalik bu yon berishlardan voz kechib, Vyurtemburgning qо‘zg‘olon kо‘targan qishloqlarini tor-mor qildi, bu tashkilotning rahbarlarining bir qismi qо‘lga olindi, bir qismi esa Shveysariyaga qochib ketdi.
Bu tashkilotlar yashirin tarzda faoliyat olib borardi, ya’ni fitna uyushtirardi.
XV asrning oxiri — XVI asrning boshlarida Germaniya hali siyosiy jihatdan tarqoq mamlakat edi. Bu vaqtga kelib markazlashgan Angliya va Fransiyaga qarama-qarshi о‘laroq, Germaniya hali ham ayrim feodal knyazliklar va erkin shahar federatsiyasi bor edi. Bularning mahalliy boshqaruvi bor edi.
Imperiyaning eng yirik knyazlari avstriyalik Gabsburglar edi. (Gabsburglar sulolasi 1273-1918 yillarda Germaniyada, Avstriyada, Chexiyada, Vengriyada, Italiyaning ba’zi joylarida, Ispaniyada, Niderlandiyada hukmronlik qilishgan). Ularga XVI asrda Yuqori va Quyi Avstriya, Tirol, Janubi-g‘arbiy Germaniyaninig bir qator hududlari, Shtiriya, Karintiya va Krayna kabi slavyan yerlari qarashli edi. Shu davrdayoq Chexiya va Vengriyaning bir qismi qо‘shib olinib, kо‘p millatli Avstriya monarxiyasiga asos solindi.
Fridrix III (1440-1493) hukmronligidan keyin imperator hokimiyatining ahvoli о‘zgardi. Imperator Maksimilian I (1493— 1519) Gabsburglarning meros yerlarini ancha kengaytirdi. Gabsburglar Avstriya, Shtiriya, Karintiya va Kraynadan tashqari yana Tirolni, Shvabiyadagi yerlarni hamda Maksimilian I Mariya Burgundskayaga uylanganda «sep» tariqasida Niderlandiyaga ham ega bо‘ldi.
Ritsarlik va shaharlardan tuzilgan Shvabiya ittifoqi (1488 yil) Frankoniya va Reyn viloyatlarini ham о‘z ta’siriga oldi; bu ittifoq imperatorning homiyligida edi. Maksimilian butun Germaniya ustidan markaziy hokimiyatni kuchaytirmoqchi bо‘ldi, u Germaniyada ham markaziy muassasalar tuzib, yirik feodallarni ham о‘z hokimiyati ostiga olishga urindi.
1495 yilda reyxstag umumimperiya sudini tuzishni lozim topdi, sud tarkibida knyazlar ham kо‘pchilikni tashkil qilishi kerak edi, ya’ni umumimperiya qо‘shini reforma natijasida knyazlarga tobe bо‘lib qolishi kerak edi.
Yangi imperator, Maksimilian I ning nabirasi Karl V (1519—1555) imperiyada о‘z о‘rni bor edi.U ona tomondan Ferdinand va Izabellaning nabirasi sifatida Ispaniyaning ham qiroli edi, u Yevropadagi eng qudratli imperatorlardan biri edi, chunki u Ispaniya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya qiroli ham edi, shuning uchun ham u Germaniyada markazlashgan siyosiy hokimiyat о‘rnatishi qiyin edi.
Karl V jahon davlati tuzish rejasi bor edi va Fransiya qiroli Fransisk I ga qarshi kurashish bilan band bо‘lganligi uchun Germaniyaning ichki ishlariga kо‘p e’tibor bermas edi, bu ishi uning obrо‘sini pasaytirdi.Uni Ispaniyada Karl I deb atashar edi.
Katolik cherkovi boshqa Yevropa xalqlari kabi nemis xalqiga ham katta jabr-zulm yetkazdi.
Mamlakatda cherkovga qarashli yerlar kо‘p edi.
Reyn daryosi sohillaridagi eng gо‘zal va unumdor yerlar, ularda joylashgan о‘nlab shahar va qishloqlar xristian cherkoviga qarardi.
Mamlakatda bir nechta arxiyepiskoplar (xristian cherkovidagi ruhoniylik unvoni, yepiskoplar ustidan nazorat qilish huquqiga ega bо‘lgan kishilar) mustaqil knyaz edilar. Germaniya imperatorini saylab qо‘yadigan yettita knyazning 3 tasi (Kyoln, Mayns, Trir) arxiyepiskopi edi.
Rim papasi (papa. yunon.ota-katolik cherkovi boshlig‘i, 1389 yildan boshlab kardinallar orasidan saylangan) esa Germaniyada ushur sifatida juda katta daromad olardi.
Qirol hokimiyati kuchli mamlakatlarda cherkovning Rimga yuboradigan tо‘lovlari cheklab qoyilgandi. Imperator zaif, mayda knyazliklardan iborat Germaniyada katolik cherkovi xalqni talar edi.
XVI asr boshlarida ham Germaniyada katolik cherkovi qudratli edi. Germaniyada oddiy dehqondan tortib, to knyazlargacha о‘z daromadlarining 10/1 qismini cherkovga tortiq qilinardi.
XVI asr boshlarida Germaniya aholisining barcha toifalari katolik cherkovidan norozi edilar.
XV asrning oxiri-XVI asrning boshlarida Germaniyada gumanizm (lot.humanizm, ya’ni insoniy degan ma’noni bildiradi, gumanistlar avvalo inson va uning ishlari bilan qizoqqanligi uchun ularni insonparvar, ya’ni gumanistlar deb atadilar), о‘zining kо‘plab yozuvchi va olimlariga ega edi.
XVI asrning boshlarida Erfurt universiteti huzurida vujudga kelgan tо‘garak gumanizmning markazi bо‘lib qoldi.
Tо‘garak rahbari Musian Ruf (1471—1526) edi. Musian Ruf sxolastikani (quruq ta’lim) qoralab chiqdi.
Ulrix fon Gutten ham (1488—1523) Musian Ruf maktabidan chiqqan edi. U asli ritsarlardan bо‘lib, Lyuter reformatsiyasiga qо‘shilgan edi. Nemis gumanistlari Guttenning ta’biricha: «Germaniyaning ikki kо‘zi», ikki filolog olim-Erazm Rotterdamskiy (1467-1536) bilan Iogann Reyxlin (1455-1522) edi.
Erazm Rotterdamskiy Gollandiyaning Rotterdam shahrida tug‘ilgan. U XV asrning 90- yillari va XVI asrning birinchi о‘n yilida turli mamlakatlarda Fransiya, Angliya, Germaniya va Italiyada yashadi. 1513 yildan boshlab, u Bazelda yashay boshladi. U grek va latin tilini yaxshi bilardi. Uning adabiy asari «Betamizlik madhiyasi» (1509 yil) degan satirasi bilan shuhrat qozondi. Minbarda turib va’z о‘qiyotgan xotin timsolida berilgan «Betamiz» о‘z xislatlarini maqtaydi, odamlarni о‘z maslahatlariga amal qilishga chaqiradi.
Papalar, kardinal (kardinal. katolik cherkovi iyerarxiyasida Rim papasidan keyin, yepiskopdan oldin turuvchi ruhoniy)lar,yepiskop (yepiskop. nazorat qiluvchi-pravoslav, katolik, anglikan cherkovlarida oliy martabali ruhoniylaridan biri bо‘lib, cherkovga qarashli ma’muriy-hududiy birlik boshlig‘i)lar, monaxlar, ruhoniy olimlar Betamizning muxlislaridir.
Erazm dunyoviy feodallarni bekorchiliklari, ovga berilib ketganliklari, shuhrat ketidan quvib, urushlar olib borishlarini tanqid qiladi.
U papani va katolik cherkovini ag‘darib tashlashga da’vat qilmaydi. U asosiy zarbasini sxolastlarga, bekorchi monaxlarga qaratadi. Erazmning eng yuksak orzusi-bid’atlardan «pok», «ma’rifatli» cherkov edi.
Uning yana bir boshqa asari- «Jahon shikoyati» asarida Yevropadagi urushlar, xalqaro ahvolni bayon qiladi. Erazm bu urushlar tо‘xtatilishini va Yevropada tinch davrn boshlanishini orzu qiladi, urushlarni monarxlar о‘z boyliklarini oshirish maqsadida olib boradilar, bunda yepiskoplar, ruhoniylar va monaxlar esa monarx (davlatni yakka hukmdori) larni urushdan tiyib turish о‘rniga, bu ishga yо‘l berib beradilar deydi. Erazm jafokash xalqqa murojaat bilan chiqadi, ya’ni “Barcha kishilar urushga qarshi birlashsinlar!”deb da’vat qiladi.
Reyxlin ham filolog bо‘lib, universitetda grek va qadimiy yahudiy tillaridan dars berardi. Reyxlin yahudiy tilidagi kitoblarning kuydirilishiga qarshi 1509-1510 yillarda norozilik bildirib chiqqan edi, yahudiy tilidagi kitoblarning kuydirilishini esa Kyolndagi teologiya professorlari talab qilgan edilar.
Erfurt tо‘garagining a’zolari Reyxlinni qо‘llab-quvvatladilar. Kyoln universiteti professorlari orasidagi sxolastlar Reyxlinga qarshi chiqdilar.
«Johillarning maktublari» degan asar sxolastlarga qarshi reyxlinchilarning olib borgan kurashining yodgorligidir. Bu ikki tomlik «Maktublar» 1515 va 1517 yillarda nashr qilindi. Birinchi tomning muallifi Krot Rubian (Musian Rufning shogirdlaridan biri va Erfurt tо‘garagining a’zosi), ikkinchi tomning muallifi Ulrix fon Guttendir. Bu asar Kyoln teologi Ortuin Gratsiyga qaratilgan edi. Bu kitobda sxolastlarning soxta olimligi, ular ishlatadigan о‘rta asr latin tilining buzuqligi, ularning bekorchiligi, sxolastlar munozarasining bema’niligi fosh qilingan. Gumanistlar yosh avlodining vakili Ulrix Fon Gutten katolitsizmni tanqid qilishda Erazm bilan Reyxlindan о‘tdi.
Gutten 1512 yilda Italiyada bо‘lgan vaqtidayoq papa cherkovidan nafratlanib, Germaniya boshiga tushgan hamma balolarning asosiy sababchisi о‘sha cherkov deb hisoblay boshlagan edi.
Lyuter maydonga chiqqanida gumanistlar orasida birinchi bо‘lib Gutten uning tomonini oldi. Gutten ham xuddi guschilar singari zо‘rlik ishlatmay turib, reformatsiyani amalga oshirib bо‘lmaydi degan edi.
U Germaniyadan katolik ruhoniylarini haydab yuborishni qattiq talab qildi. U 1522 yilda Frankoniyada ritsarlar qо‘zg‘oloni rahbari Frans Fon Zikengenning eng yaqin yordamchisi va safdoshi bо‘lib maydonga chiqdi.
Knyazlar bu qо‘zg‘olonni osongina bostirgach, Gutten Shveysariyaga qochib ketadi va Syurix kо‘li orollaridan birida vafot etdi.
Germaniyada XVI asr boshida keskinlashib ketgan sinfiy ziddiyatlar oqimi natijada keng inqilobiy harakatga aylandi. Reformatsiya- XVI asrda katolik cherkovi ta’limotini isloh qilish maqsadida Germaniyada bо‘lib, о‘tgan va XVII asrning I-yarmida G‘arbiy Yevropaning qator davlatlarida ham yoyilgan ijtimoiy harakatdir. Bu harakat natijasida katolik cherkovida bо‘linish yuz berib, yangi oqim-protestantlik vujudga keldi.
Reformatsiya 1517-yilda Germaniya aholisining katolik cherkovini reforma (isloh) talab qilib chiqishdan boshlandi. Reformatsiyani, knyazlarning bir qismi, shaharliklar va dehqonlar qо‘llab-quvvatladilar. Reformatsiya tо‘lqinini kuchayishiga Vittenburg universiteti teologiya (ilohiyot) fanidan dars beruvchi professori Martin Lyuter (1483-1546) katta ta’sir kо‘rsatdi.
Martin Lyuter 1483 yilda Saksoniyaning Eysleben shahrida о‘ziga tо‘q tadbirkor oilasida tug‘ilgan. Uning otasi mis eritish korxonasi va mis konlarining egasi edi. 18 yoshida Lyuter Erfurt universitetiga о‘qishga kirib, u yerda gumanistlar tо‘garagining a’zolari bilan tanishdi. Universitetni tugatgach u monastrga ishga kiradi va monaxlar uni Saksoniyaning Vittenberg shahridagi universitetga dars berish uchun yuboradi. Lyuter tez orada teologiya (ilohiyot) doktori ilmiy darajasini oladi.
Martin Lyuter indulgensiya yorliqlarini sotishga qarshi 1517yil 31 oktabrda cherkov eshigiga о‘zining dindorlarga qarata yozgan mashhur “95 tezis” (yunoncha.qoida, isbot) deb atalgan xitobnomasini yopishtirib qо‘yadi. Bu mashhur “95 tezis” indulgensiyalarni sotishga qarshi e’tirozlar edi. Aslida faqat ilmiy munozara uchun mо‘ljallangan ushbu tezislar lotinchadan nemis tiliga tarjima qilinib, butun Germaniyani tо‘lqinlantirib yuboradi.
Papa vakillari bulla matnini Germaniya bо‘ylab tarqatib, Lyuter asarlarini yoqishni tashkil qildi. Bunga javoban Lyuter 1520 yil 10 dekabrda universitet professorlari va talabalari huzurida papaning farmonini universitet hovlisida gulxanda kuydirdi.
1521 yil boshida Lyuter va uning tarafdorlari cherkovdan haydaldi.
Lyuter Rim sudiga borishdan bosh tortdi va 1521 yilda uni Vorms shahridagi imperatorlik sudiga chaqirishdi. Nemis knyazlari katolik qirollar Ferdinand va Izabellalarning nabirasi ispan qiroli Karl I imperator qilib saylashdi. Yangi imperator endi Karl V deb atalardi. О‘z boshida bir necha tojlarni yiqqan Karl V Ispaniya, Niderlandiya, nemis yerlari, Neapol va Sitsiliyaga hukmronlik qilardi. Karl V haqida uni “vatani yо‘q qirol” deyishardi. Niderlandiyada tug‘ilib, u yerda 17 yoshgacha turdi. О‘smirligida Karl har tomonlama ma’lumot oldi, ispan, nemis, fransuz, italyan tillarini bilardi. U dunyo xristianlarining katolik mamlakatini tuzishni orzu qilardi.
Lyuter о‘z tezislarida papa cherkovi bilan aloqani mutlaqo о‘ylamagan edi. Papa Lev X ham dastavval Lyuterning bu chiqishlariga e’tibor bermadi.
1519 yilda Leypsigdagi munozaralarda Lyuter, cherkov papasiz ham yashay oladi, degan fikrni ilgari surdi. U ruhoniylarning alohida bir uyushmaligini rad qildi va xudo qoshida har bir xristian ma’lum darajada о‘zi ruhoniydir, dedi. U Yan Gus bilan hamfikr ekanligini umum oldida e’lon qildi, chex reformatorini gulxanda kuydirganlarni qoraladi. Kо‘p о‘tmay Lyuter papa bullasini haqorat qilib, «Dajjolning bullasiga qarshi» degan pamflet yozdi.
Lyuter bu talabnomasida yangi imperator Karl V ga murojaat qilib, Rimni papa qо‘lidan tortib olishni va German imperiyasidagi cherkov yerlarining hammasini musodara qilishni taklif etdi.
1521 yil 28 yanvarda Vorms shahrida imperator Karl V ishtirokida reyxstag ochildi. Imperator papani quvvatladi. Papa imperatorga Fransiyaga qarshi Italiya olib boradigan urushda ittifoqchi sifatida kerak edi.
Seymga chaqirib keltirilgan Lyuterga о‘z qarashlaridan voz kechish taklif etildi. Lekin u о‘z qarashlaridan voz kechmadi.
“Mendan hamma narsani kutinglar, faqat qochishni va voz kechishni emas. Men qochmayman va eng sо‘nggi kunimgacha tan oladiganim, о‘z ta’limotimdan voz kechmayman!”, degan edi mardlarcha Lyuter.
1521 yil may oyida, reyxstag a’zolari tarqalib ketgandan keyin, Karl V Lyuterni qamoqqa olish tо‘g‘risida edikt(ya’ni qirolning alohida muhim farmoni) ni chiqardi.
Vorms shahridagi suddan keyin kо‘pchilik Lyuterni ham Yan Gusning (1369-1415) taqdiri kutyapti, deb о‘ylagandi. Ammo Saksoniya kurfyursti Fridrix III (1463-1525) uning qochishiga yordam berdi, Lyuterni о‘zini qasrlaridan biriga yashirib qо‘ydi. U yerda Lyuter ritsar Georg nomi bilan yashadi bu yerda 1522 yil martigacha ya’ni edikt о‘z kuchini yо‘qotgunga qadar turdi va Injil va boshqa diniy yozuvlarni nemis tiliga tarjima qildi.
Lyuter ta’limotining asosiy mohiyati shundaki, inson “qalbini qutqarish” ga, “gunohlardan forig‘ bо‘lish” ga cherkov va uning marosimlari orqali emas, insonga xudo tomonidan in’om etilgan e’tiqod orqaligina erishish mumkin. U inson e’tiqodini uning xudo bilan aloqasidagi yagona vosita deb biladi.
Katolik cherkovining ta’limotiga qarama-qarshi о‘laroq, Lyuter cherkov va ruhoniylar inson bilan xudo о‘rtasida vositachilik qila olmaydi, deb e’lon qildi. Rim cherkovining odamlar “gunohlarini kechirish” ga bо‘lgan da’vosini esa tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri yolg‘on deb atadi. Bu, albatta cherkovning mutlaqo keragi yо‘q, degani emas, u boshqacha bо‘lishi kerak, xolos. Ruhoniylar dindorlarga Injilni tushuntirsinlar, ularga muqaddas kitoblarni о‘qishni о‘rgatsinlar.
Lyuter ruhoniylar ham uylana olishlari, odatdagi kiyimlarni kiyishi, oddiy odamlar qanday bо‘lsa, shunday bо‘lishi kerak, deb hisoblardi. Cherkov ham “arzon” bо‘lishi kerak- uzoq chо‘ziladigan marosimlardan ozod bо‘lishi, ruhoniylarning qimmatbaho kiyimidan voz kechmog‘i kerak. Lyuter cherkovi esa dunyoviy hokimlarga –knyazlar va imperatorlarga bо‘ysunmog‘i kerak. Bunday ta’limot knyazlarning ham manfaatlarini ifodalardi. Cherkov islohoti shiori ostida monastrlarning yerlarini tortib olish hollari uchray boshladi.
1529 yili Karl V knyazlarga monastr va cherkov mulkini olib qо‘yishni ta’qiqladi. Shunda Lyuterning izdoshlari unga norozilik bildirdilar. “Protestant” (lot. norozi bо‘lish, kelishmaslik) sо‘zi ana shunday paydo bо‘ldi. Cherkov islohotchilarni protestantlar deb atay boshladilar. Protestantlar ruhoniylarning inson bilan xudo о‘rtasidagi vositachilik rolini inkor etadi. Ularda ruhoniylar bilan oddiy dindorlar farqlanmaydi. Cherkov iyerarxiyasi yо‘q, toat-ibodat soddalashtirilgan, ruhoniylarning oila qurishi man etilmaydi. Protestantlar asosan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Skandinaviya mamlakatlarida, Niderlandiya, Shveysariya, Avstraliya, Kanada, Boltiq bо‘yi mamlakatlariga tarqalgan. Ularning umumiy soni 750 mln.ga yaqin. Germaniyaning shimoli va shimoli-sharqiy yerlari, shuningdek, Markaziy Germaniyaning ham ba’zi bir knyazliklari lyuteranlikni qabul qildilar, janub esa katolikligicha qoldi. Keyinchalik bu diniy urushlarga olib keldi.
1524 yilga kelib katolik cherkoviga qarshi boshlangan harakat dehqonlarning krepostnoylik (krepostnoylik, feodal davlatlarda dehqonlar qaramligining tо‘liq va mash’um kо‘rinishini mustahkamlagan huquqiy hujjat) zulmiga qarshi urushga aylanib ketdi. Qо‘zg‘olonning yetakchisi ruhoniy Tomas Myunser (1493-1525 yillarda yashagan) edi.
Myunserning g‘oyalari о‘z ustozi Lyuternikiga nisbatan ancha xalqchil bо‘lib, u ezilgan omma manfaatlarini kо‘zlardi. Myunser “hokimiyat oddiy xalqqa berilishi kerak”, chunki xudoning irodasi shu der edi. U о‘z targ‘ibotida xudo haqiqiy dindorlar bilan, tanlanganlar bilan gaplashadi va xalq poplarga emas xudoga quloq solmog‘i kerak, deydi. Qachon qо‘rg‘on va monastrlar hamda “boylar va kambag‘allar dushmanlari” yо‘qolsa, xususiy mulk bо‘lmasa, о‘shandagina Germaniya baxtli bо‘ladi, deydi Myunser.
Myunser xalqni о‘z hukmini о‘tkazishga, hokimlarni ag‘darishga chaqirdi.
U reformatsiyani shunday tushungan; reformatsiyaning asosiy vazifasi dinning yangi kо‘rinishini yaratish emas, balki dehqon va shahar kambag‘allari yordamida ijtimoiy-siyosiy tо‘ntarish qilish deb tushunardi. Uning ma’ruzalarida “Yerdagi hayotni yaxshilash, yovuzlikni yо‘qotib, jannatni Yerda yaratish” zarurligini targ‘ibot qilar edi.
Myunserning g‘oyalarida dehqonlarning kichik mulklarini yaratish, ularni feodallar zulmidan ozod qilish mujassamlashgan edi.
Myunser 1525 yilgi dehqonlar urushi vaqtida Myulgauzen shahridagi inqilobiy harakatga boshchilik qildi.
Lyuterning cherkovga qarshi isyonga chaqirishi 2 ta siyosiy qо‘zg‘olonga sabab bо‘ldi; 1 chisi, 1523-yilda Frans fon Zikkengen boshchiligidagi dvoryanlar qо‘zg‘oloni; 2 chisi, 1525-yildagi dehqonlar urushidir.
Ritsarlar qо‘zg‘oloni Reyn viloyatida bо‘ldi. Bu viloyatga qо‘shni bо‘lgan Frankoniya, Shvabiyadagi ritsarlar 1522 yil avgustida Landau shahrida sezdga tо‘planib, 6 yil muddatga ittifoq tuzdilar. Bunga qasr egasi Frans fon Zikkengen (1481—1523) bosh bо‘ldi.
1522 yil sentabrda Zikkengen 6-7 ming kishilik ritsarlar otryadi bilan Trir arxiyepiskopi Rixardga qarshi otlandilar, qо‘shni knyazlar-Pfals kurfyursti (saylovchi-knyazlar.Muqaddas Rim imperiyasida XIII asrdan imperator saylash huquqiga ega knyazlar bо‘lib,1356 yilgi Karl IVning oltin bullasi bilan huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan) bilan Gessen landgrafi yordamga keladi va knyazlar ritsarlarni Trirdan uloqtirib tashladilar, ritsarlar qо‘zg‘oloni mag‘lubiyatga uchrab, ritsarlar siyosiy mustaqillikdan mahrum bо‘ldilar.
1524-1525 yillarga kelib, dehqonlar urushi uchta asosiy rayonga: 1) Shvabiya, 2) Frankoniya 3) Tyuringiya — Saksoniyaga yoyildi. Shvabiyadagi dehqonlar qо‘zg‘oloni Shveysariya chegarasidagi Shvarsfald okrugida 1524 yil yozida boshlangan edi.
Qо‘zg‘olon kо‘targan dehqonlar 1524 yil 24 iyunda о‘z pomeshchik graflariga barshchina majburiyatini tо‘lashdan bosh tortdilar. Bularga qо‘shni Vlasiy monastri dehqonlari ham qо‘shildilar va ularning soni 3500 kishiga yetdi.
Ular qurolli otryad tuzdilar va ilgari fransuzlarga qarshi urushda qatnashgan Gans Myuller degan dehqon boshchilik qildi.
Janubiy Shvabiya feodallari о‘zlari yetarli darajada kuchli emasliklarichi sezib, bir necha oylar dehqonlar bilan tinch muzokara olib borib, qо‘zg‘olonning kengayib ketishiga yо‘l qо‘ymaslikka harakat qildilar.
1525 yilning uch oyi mobaynida Shvabiyada qurolli otryadlar soni oltitaga yetdi qurollangan kishilar soni 30-40 mingtaga yetdi.
1525 yil 6-7 martda Memmingen shahrida Shvabiya dehqonlari oltita otryadi rahbarlarining sezdi bо‘lib, unda qо‘zg‘olonchilar yig‘ilishida yagona dastur tuzilib, u «12 modda» dasturi deb ataldi. Bu dasturda muhim hisoblangan 4, 5,10-moddalarda dehqonlardan tortib olingan jamoa mulklari; о‘rmon, о‘tloq, kо‘llarni qaytib berish talab qilingandi.
Dasturning 3 moddasida “Bizni hozirgacha shaxsi qaram kishilar deb hisoblash odat bо‘lib qolgan, biz endi erkin kishilar bо‘lishni istaymiz!”-deb yozilgan edi. Dasturning qolgan moddalarida barshchina, soliqlar va cherkov ushrini kamaytirish, qishloq ruhoniysini jamoaning о‘zi saylash huquqlari talab qilindi. Dastur kitobcha shaklida nashr qilinib, dehqonlar orasida keng tarqaldi.
Shvabiya ittifoqi qо‘shinlari qо‘mondoni Georg Truxzes dehqonlarga sulh muzokaralari boshlashni taklif qiladi va 1525 yil 2 aprelda «12 modda» ni muhokama qilishlarini aytadi.
2-aprel kuni Truxzes dehqonlarning Leyptem otryadiga hujum qiladi.Lekin dehqonlarning Boden va Konstans kо‘li qirg‘oqlarida joylashgan qо‘shinlariga hujum qilgan Truxzes jiddiy qarshilikka uchraydi.
Shundan keyin Truxzes о‘z kuchlarini bu vaqtda qо‘zg‘olon avj olgan Frankoniyaga kо‘chirish imkoniyatiga ega bо‘ladi.
Frankoniyadagi qо‘zg‘olon 1525 yil mart oxirlaridan boshlanib, 1525 yil aprel boshlariga kelib kuchaydi. Bunda ham dehqonlarning birinchi qurolli otryadi tuzildi.
Frankoniyadagi otryadlarning tarkibi Shvabiya otryadlariga qaraganda murakkabroq edi, dehqonlar bilan bir qatorda ritsarlar ham qо‘shildilar, ular komandirlik vazifasini bajarar edilar. Rottenburg, Geylbronn, Vyursburg kabi shaharlar ham qо‘zg‘olonchilarga qо‘shildi.
Frankoniyadagi eng katta otryadlar: 1) Rottenburg rayonida tuzilib, Stefan fon Mensingen va Florian Geyer degan ritsarlar bosh bо‘lgan Taubertal lashkari uning nomi «Qora otryad» edi.
2) markazi Geylbronn shahrida bо‘lgan, Georg Metsler degan dehqon va Vendel Gipler degan dvoryan boshchilik qilgan Odenvald lashkari.
3) Yakov Rorbax degan dehqon boshchiligidagi (Nekkar daryosi vodiysida) tuzilgan Nekkar lashkari.
4) Vyurtemburgda byurger Feyerbaxer boshchiligidagi «Porloq dehqon otryadi» edi. Odenvald va Nekkar lashkarlari 1525 yil aprel oyi о‘rtalarida «Porloq otryad» bilan birlashib, qо‘shinga Gets fon Berlixengen degan ritsar boshchilik qildi.
Frankoniyadagi qо‘zg‘olonchilar yuzlab qasr va monastrlarni bosib oldilar va vayron qildilar, ular Vensberg qasrini bosib olib, о‘zlarini dasturlari bilan chiqdilar.
«Geylbronn dasturi» deb atalgan 14 moddadan iborat dasturni Vendel Gipler tahrir qilgan edi.
Bu dastur 1525 yil 9-12 may kunlari tuzilib, ritsarlar manfaati kо‘zlangan edi. Ritsarlar cherkov mulki fondidan yer bilan ta’minlanishi lozim edi, imperiya sudida о‘rin tutishi kerak edi.
Dasturda hukumatga ichki bojxona chegaralarini yо‘q qilish, yagona pul, uzunlik va vazn о‘lchovini joriy qilish, savdodan boj olinishini bekor qilishni talab qilgan edi.
Dehqonlar masalasida esa bu dasturda krepostnoy qaramlikdan tо‘lov berish baravariga ozod qilib, erkin yer egalariga aylantirishni talab qilgan edilar.
Dasturning 5 moddasida, ruhoniylar dunyoviy ishlardan butunlay chetlatilishi kо‘zda tutilgan edi.
Geylbronnda xuddi dastur muhokama qilinayotgan vaqtda, Truxzes Frankoniya qо‘zgolonini bostirishga kirishadi.
7 iyun kuni Truxzes “Qora otryad” qо‘shinlarini tor-mor qilib, Frankoniyaliklarning 5 mingga yaqin kishisi qolgan sо‘nggi otryadini ham qurolsizlantirdi.
1525 yil 6 dekabrda Yuqori Reyndagi qо‘zg‘olonning sо‘nggi tayanchi bо‘lgan Valdsgut shahri ham ishg‘ol qilindi.
Janubiy Frankoniya va Shvabiyadagi qо‘zg‘olon alangasi Frankoniyaning shimoli-Saksoniya- Tyuringiya hududlariga tarqaldi.
Bu qо‘zg‘olonga Tomas Myunser boshchilik qildi. Bu harakatning markazi Myunxauzen shahri bо‘lib, 1525 yil fevralida Myunserning bu yerga kelishi bilan shaharliklar eski Kengashni tarqatib yuborib, yangi “Adabiy Kengash” degan tashkilot tuzildi.
Myunser va uning shogirdi Pfeyfer 8 mingga yaqin qurolli otryad tashkil qildilar. Myunserning о‘zi harbiy ishda tajribasiz edi.
Kuchlarini birlashtirgan knyazlar Filipp Gessenskiy bilan Saksoniya gersogi Georg 1525 yil 16 mayda Frankengauzen shahriga yaqin joyda Myunser qо‘shinini tor-mor qiladi. 8 ming qо‘zg‘olonchidan 5 minggi jangda о‘ldirildi. Myunser asir olinib, qatl qilindi. 25 may kuni Myulgauzen shahri shg‘ol qilindi. Hammasi bо‘lib 100 mingga yaqin kishi qatl qilindi.
1525 yilgi dehqonlar qо‘zg‘oloni Tirol, Shtiriya, Karintiya va Kraynaga yoyildi. Qо‘zg‘olon kо‘targan dehqonlar orasida nafaqat nemis dehqonlari balki slavyanlar dehqonlari ham bor edi, kо‘pgina qal’alar va monastirlarni egallab vayron qildilar.
Lekin qо‘zg‘olonchilar lashkarlari yagona qо‘shin bо‘lib birlashishmadi va uning umumiy rahbari ham yо‘q edi. Har qaysi viloyatning qо‘zg‘olonchi lashkarlari о‘z holicha harakat qildilar.
Lekin qо‘zg‘olonchilar lashkarining harbiy tayyorgarligi zaif, intizomi bо‘sh edi. Dehqonlar lashkari tartibi ham doimo о‘zgarib turardi. Dehqonlarning bir qismi kelib lashkarga qо‘shilsa, boshqalari о‘z uylaridan xabar olish uchun ketib qolar edilar. Dehqonlarning soddaligi va ishonuvchanligi ham feodallarga qо‘l keldi. Dvoryanlarning hamma talablarni bajarish haqidagi va’dalariga ishongan qо‘zg‘olonchilarning bir qismi taslim bо‘lsa, boshqalari uylariga qaytib ketgan. Bundan foydalangan Georg Truxzes kо‘psonli bо‘lmagan qо‘shini bilan dehqon otryadlariga hujum qilib, ularni yakkama-yakka holda yenggan.
Germaniyadagi dehqonlar urushi Yevropada feodal tuzumni inqilobiy yо‘l bilan yо‘q qilish uchun bо‘lgan birinchi urinish edi.