Mavzu : XI-XV asrlarda Hindiston Reja: 1. Dehli sultonligi davrida feodal tuzumning о‘ziga xos xususiyatlari.
2. XIV asrda Dehli sultonligining ichki va tashqi siyosati.
3. Janubiy Hindiston davlatlari – Baxmani va Vijayanagar.
4. Hindistonga Yevropaliklarning kirib kelishi.
5. Dehli sultonligining tushkunlikka uchrashi.
6. Hindistonning Bobur tomonidan zabt etilishi.
Tayanchi iboralar: Bxarat; G’aznaviylar sulolasi; G’ulomlar sulolasi; Shamsiylar sulolasi; Balban sulolasi; Xiljiylar sulolasi; Tug’laqiylar sulolasi; Sayyidlar sulolasi; Lodilar sulolasi; roja; shiki; pargana; patta; mukaddamlar; chaudxrlar; xuta; panchayatlar; Dehli sultonligi; ‘’Buyuk mo’g’ullar davlati’’; Boburiylar sulolasi. Hindiston-Janubiy Osiyoda joylashgan. Hududi-3,39 mln.km.kv. Aholisi-1mlrd.21 mln.kishi. Aholisining soni bо‘yicha dunyoda Xitoydan keyin ikkinchi о‘rinda turadi. Ma’muriy jihatdan 25 ta shtat va 7 ta markazga bо‘ysungan hududlardan iborat. Mamlakatning rasmiy nomi qadimgi fors sо‘zi “hindu” dan olingan bо‘lib, uning Konstitusiyasida ikkinchi nomi “Bxarat” deb kо‘rsatilgan. Hindiston aholisi eng kо‘p tilda gaplashadigan mamlakat hisoblanadi. Mamlakat Konstitusiyasida 1 mlndan ortiq aholi gaplashadigan 21 ta rasmiy til qayd etilgan. Mamlakatning pul birligi-rupiyaning qiymati har bir banknotda ana shu 21 tilda bayon etilgan. Bundan tashqari, Hindistonda 1650 dan ortiq lahjalar mavjud.
1148-1206 yillar-Guriylar faoliyati davri bо‘lib, bu davlatga Surilar xonadoniga mansub Gur sultonlari sulolasi asos soldi. G‘aznaviylar (X- XII asrlarda О‘rta Sharqda mavjud bо‘lgan feodal davlatning va uni boshqargan sulolaning nomi)dan sо‘ng afg‘onlarning guriy sulolasi hukmdori Muhammad Guriy 1193 yili Dehlini ishg‘ol qiladi. Uning sarkardasi Qutbiddin Oybek 1192 yilgi Taraori va 1194 yili Chanadavar janglarida g‘olib bо‘lgandi. Guriylar davlati aka-uka G‘iyosiddin Muhammad (1162-1202 yillar hukmronlik qilgan) va Shahobiddin yoki Muhammad Guriy (1203-1206 yillarda hukmronlik qilgan) davrida hoz.Afg‘oniston va Hindistonning katta qismini о‘z ichiga oladi. Davlat markazi Gur viloyati, poytaxt shaharlari Feruzkо‘h va G‘azna bо‘lgan.
1206 yilda Muhammad Guriy vafotidan keyin Hind daryosidan Gang daryosigacha bо‘lgan butun Shimoliy Hindiston musulmonlar qо‘liga о‘tdi. XII asr oxirida poytaxtini Lahorga kо‘chirgan Muhammad Guriy tez-tez Hindistonning shimoli-g‘arbiga yurish qilib turgan. Unga noib Qutbiddin Oybek (1206-1210) voris bо‘ldi. U 1290-yilgacha hukmronlik qilgan G‘ulomlar, Shamsiylar va Balbanlar sulolasining asoschisi edi.
1206-yilda G‘azna sultonlaridan mustaqil bо‘lib olgan Dehli sultonligi XIII asr va XIV asr davomida ancha katta davlat sifatida yashadi.
Dehli sultonligini boshqargan sulolalar ; 1) G‘ulomlar sulolasi (1206-1211 yillarda boshqargan), bular Qutbiddin Oybek(1206-1210), Oromshoh ibn Oybek(1210-1211) lardir.
2) Shamsiylar sulolasi (1211-1265 yillarda boshqargan), bular Shamsiddin Eltutmish (1211-1236), Feruzshoh ibn Eltutmish (1236), Roziya xotun bint Eltutmish (1236-1240), Bahromshoh ibn Eltutmish (1240-1242), Ma’sudshoh I ibn Feruzshoh (1242-1246), Mahmudshoh I ibn Eltutmish (1246-1265)lardir.
3) Balban sulolasi (1265-1290 yillarda boshqargan), bular G‘iyosiddin Balban (1265-1287), Kayqubod ibn Mahmud (1287-1289), Kayumars ibn Kayqubod (1289-1290) lardir.
4) Xiljiylar sulolasi (1290-1320 yillarda boshqargan), bular Feruzshoh II ibn Yag‘rush (1290-1296), Ibrohimshoh I ibn Feruzshoh (1296), Muhammadshoh I ibn Shihobiddin (1296-1316), Umarshoh ibn Muhammadshoh I (1316), Muborakshoh ibn Muhammadshoh I (1316-1320) lardir.
5) Tug‘laqiylar sulolasi (1320-1414 yillarda boshqargan), bular G‘iyosiddin yoki Alovuddin Tug‘laqshoh I (1320-1325), Muhammadshoh II ibn Tug‘laqshoh I (1325-1351), Mahmudshoh ibn Muhammadshoh II (1351), Feruzshoh III ibn Rajab (1351-1387), Muhammadshoh ibn Feruzshoh (1387-1388), Tug‘laqshoh II (1388-1389), Abu Bakrshoh ibn Zafar (1389-1390), Muhammadshoh III ibn Feruzshoh III (1390-1393), Iskandarshoh II ibn Muhammadshoh III (1393), Mahmudshoh II ibn Muhammadshoh III (1393-1395), Nusratshoh ibn Muhammadshoh III (1395-1399), Mahmudshoh II ibn Muhammadshoh III (1399-1413) lardir.
6) Sayyidlar sulolasi (1414-1451 yillarda boshqargan), bular Sayyid Xidr ibn Malik Sulaymon (1414-1421), Muborakshoh II ibn Sayyid Xidr (1421-1435), Muhammadshoh IV ibn Muborakshoh II (1435-1446), Olamshoh ibn Muhammadshoh IV (1446-1451) lardir.
7) Lodilar sulolasi (1451-1526 yillarda boshqargan), bular Bahlul (1451-1489), Iskandar II ibn Bahlul (1489-1517), Ibrohim II ibn Iskandar II (1517-1526) lardir.
Dehli sultonligi yerlarida XII- XIII asrlar mobaynida siyosiy vaziyat murakkab bо‘lsa-da, musulmonlarning mustahkam hokimiyati о‘rnatildi. Dastlabki sulton Qutbiddin Oybek otdan yiqilib о‘lgandan sо‘ng, taxtga sulolaning mashhur uchinchi vakili Shamsiddin Eltutmish (1211-1236) о‘tirdi. U Dehlini о‘ziga qarorgoh qilib, Shimoliy Hindistonda о‘rnashib oladi. Uning davrida Chingizxon boshliq mо‘g‘ullar Afg‘onistonni talon-taroj qilgan bо‘lsa-da, Hind daryosida tо‘xtatildi.
Uning sultonligi davrida Panjob, Sind, Bengaliya yerlari bosib olindi. Sultonlikning shimoliy rayonlariga 1221 yili bostirib kirgan Jaloliddin Manguberdi Panjob va Sind yerlarida uch yil bо‘lib, yana о‘z yurtiga Chingizxonga qarshi kurashish uchun qaytib ketadi.
XIII asr oxiri va XIV asr boshlarida Dehli sultonligi kengaydi, uning tarkibiga Shimoliy Hindistondan tashqari, Markaziy Hindiston viloyatlari va Dekan yassi tog‘idagi kо‘pchilik davlatlar kirdi.
Eltutmish vafotidan keyin Dehli sultonligida taxt uchun kurashlar va feodallarning о‘zaro kurashlari avj oldi. Eltutmishning vafotidan sо‘ng 30 yil davom etgan ichki nizolardan sо‘ng, taxtga G‘iyosiddin Balban о‘tirdi.U davlatni jangari rajputlar va mо‘g‘ullardan himoya qilishi kerak edi.
XIII asr yakunida Dehli sultonligi zо‘r qudratga erishdi. 1290-yili Balbanning vorisi Kayumars zaharlab о‘ldirilgach, taxtga Xiljiyning noibi Jaloliddin chiqdi. U Xiljiylar sulolasiga (1290-1320) asos soldi. Uning davrida musulmonlar mulki janubiy Hindistongacha bordi.
77 yashar amakisini xoinlarcha о‘ldirib sultonlik taxtiga о‘tirgan G‘iyosiddin yoki Alovuddin Xiljiy (1303-1025 yillarda boshqargan) bir qator islohotlar о‘tkazgan. Ularning asosiy mohiyati davlat daromadlarini kо‘paytirish, yirik jangovar qо‘shin tuzish, feodallar ustidan sultonning tо‘liq hukmini о‘tkazishdan iborat edi.
Sultonning iqtisodiy sohadagi asosiy tadbiri jamoalardan olinadigan yer solig‘ini 2 baravar kо‘paytirish bо‘ldi. Endilikda dehqon olingan hosilning 4/1 qismini emas, 2/1 qismini soliqqa berishi lozim edi.
Alovuddin Xiljiy 1306-1310 yillarda Dekan yarim orolini istilo qildi.
U mо‘g‘ullarning Dehliga hujumini bir necha marta qaytardi, bunday hujumlar 1304-1305 yillarda tо‘rt marta bо‘ldi.
Alovuddin Xiljiy О‘rta Osiyo va Arabistondan minglab otlar sotib oldirib keldi. Bu borada suiste’molliklar bо‘lmasligi uchun sulton Hindiston tarixida birinchi marta otlarni tamg‘alashni buyurdi. Uning sultonligi davrida davlat qonunlarini buzgan amaldorlarga nisbatan beshafqat bо‘lingan. Uning о‘limidan keyin turmalardan 17 ming turli jazo muddatini о‘tayotgan amaldorlar bо‘shatilgan.
Keyingi sulton Muhammad Tug‘laq (1325-1351 yilllar boshqargan)ga sultonlik 1325 yilda otasidan о‘tgan. U о‘z hukmronligini otasi paytida ajralib ketgan knyazliklarni bо‘ysundirishdan boshladi. U о‘zini Iskandar Zulqarnaynning davomchisi deb e’lon qildi va Hindiston yarim oroli uning qо‘l ostida birlashtirildi, u hatto Eron bilan Xitoyni zabt etishni orzu qilgan edi.
Uning soliq siyosati ya’ni hosilning 4/1 qismini undirish amalga oshmay qoldi. Sulton davrida Hindistonda 7 yil qatorasiga misli kо‘rilmagan qurg‘oqchilik bо‘lib, xalqqa kulfatlar keltirdi. Kо‘chalarda о‘lik otlarning terisi uchun talashayotgan odamlarni kо‘rish mumkin edi. Aholi orasida odam gо‘shti yeyish hollari ham uchradi.
Tug‘laq hokimiyatini inqirozini uning 2 ta noma’qul tadbiri yana ham tezlashtirdi.
1) U Davlatobod janubida yangi poytaxt qurish bilan muammoni yechish mumkin degan qarorga keldi va poytaxtni kо‘chirib, qadimgi Devagiri shahrini Davlatobod deb о‘zgartirib, unga saroy ahllari va Dehlining hunarmandlari va savdogarlarini kо‘chirishga majbur qildi. Lekin hokimiyatni boshqaruviga putur yetayotganligini sezgan Tug‘laq bir necha yildan sо‘ng Dehliga qaytadi. Bu tadbir kutilgan natija bermadi.Uning qо‘shini Maduraygacha bordi, keyinroq о‘sha yerda Maduray sultonligi tashkil topdi.1347-yili Dekan zodagonlari Dehli hukumatini tan olmadi. Dehli sultonligidan ajralib chiqqan hududda Bahmoniylar sultonligi yuzaga keldi.
2) Uning pul sohasidagi islohoti bо‘ldi. Uning mо‘ljali boyicha oltin va kumush pullar bilan teng muomalada bо‘lishini mо‘ljallagan mis pullar tez orada qadrsizlanib, mamlakat moliyasiga katta zarar yetkazdi.
1338-yili Muhammad Tug‘laqqa qarshi jiyani Malvada isyon kо‘tardi. 1340-yili quyi Bengaliyada isyon kо‘tarildi, natijada Bengaliya mustaqillikni qо‘lga kiritdi. 1344-yili janubdagi Karnata va Telinga shohliklari о‘zlarini mustaqil deb e’lon qildilar. Muhammad Tug‘laq ularga qarshi yurish qildi, lekin Gujarotda boshlangan askarlar isyoni hamda Malv va Sinddagi qо‘zg‘olonlar sabab ortiga qaytdi. U 1351-yili quyi Hinddagi isyonni bostirishda halok bо‘ladi.
Uning о‘g‘li sulton Feruzshoh Tug‘laq (1351-1393) davrida soliqlarni kamaytirish, davlat yerlarini dehqonlarga ijaraga berish natijasida qishloq xо‘jaligining, hunarmandchilik va savdoning birmuncha yuksalishiga erishildi. U kо‘plab kanallar qazdirdi, karvonsaroylar, maktablar, masjidlar, shifoxonalar va kо‘priklar qurdirdi. Bengal va Dekandagi sultonliklarning mustaqilligini tan olishga majbur bо‘ldi. Shuningdek, uning hukmronligi davrida Gujarot mustaqillikni qо‘lga kiritdi. Feruzshohning iqtisodiy siyosati tufayli uning obrо‘si oshdi. Feruzshohning vafotidan sо‘ng tug‘laqiylar sulolasi isyonlar natijasida tanazzulga uchradi.
XIII-XVI asrlarda Hindistonda feodal tuzum о‘ziga xos tarzda rivojlandi. Hindistonda musulmon yer egaligi tizimi qaror topdi, shu tufayli butun yerlar davlat boshlig‘i-sultonning mulki deb qaralardi.
Kelgindi musulmon feodallari sultonni harbiy xizmatchisi bо‘lib, undan iqta-vaqtincha yoki umrbod foydalanish uchun yer olardilar. Ular aholidan renta undirib olish huquqiga ega edilar. Ikkinchi tomondan, mamlakatda mahalliy feodallar (rojalar) saqlanib qolgan edi, ular о‘z viloyatlarini mustaqil ravishda boshqarib, sultonga boj tо‘lardilar.
О‘rta va mayda hind feodallari-rajputlar qisman meros bо‘lib qolgan feodal mulkchilik huquqi asosida, qisman harbiy xizmat evaziga in’om tariqasida yerga egalik qilardilar.
Yerlarning katta qismi har ikkala din – mahalliy hind dini (eski ibodatxona yer egaligi) va yangi musulmon, vaqf dinidagi ruhoniylarning qо‘lida edi.
Musulmon hukmdorlari yangi ma’muriy-hududiy bо‘linishni joriy qilganlar. Dehli sultonligi 23 ta provinsiya (ma’muriy-hududiy birlik) ga bо‘lingan. Yirik provinsiya-lar shiki (viloyat)larga bо‘lingan edi. Undan keyingi ma’muriy-hududiy birlik - pargana (tuman) bо‘lgan. Uning tarkibiga bir qancha qishloqlar va patta - bir-ikki qishloq kirgan.
Dehli sultonligida ham ma’lum darajada braxman-kshatriylarning yuqori tabaqasi boshchiligidagi jamoalarning о‘zini о‘zi boshqaruvi saqlanib qolgan edi. Musulmon hukmdorlari hind jamoalarini, ayniqsa yirik jamoalarni tо‘liq bо‘ysundira olmaganlar.
Hind jamoalari tepasida mukkadamlar, chaudxrlar (dohiylar) turgan. Ular hukmron bо‘lgan kastalarning boshliqlari edilar. Jamoalar tarkibida bir nechta qishloqlar bо‘lardi. Qishloq tepasida xuta turgan. Mukkadamlar, chaudxrlar, xutalar markaziy apparatning mansabdorlari emas, soliq tо‘lovchilarning vakillari edi. Jamoa mansablari meros bо‘lib о‘tardi, shuningdek merosxо‘rlar о‘rtasida taqsimlanardi. Bu vaqtda jamoa kengashlari - panchayatlar ham mavjud edi. Panchayatlar okrugda, qishloqda hukmron bо‘lgan kastalarning vakillaridan iborat tarkibda bо‘lardi.
Hindiston XII-XIV asrlarda Arab dengizi sohasidagi shaharlar bilan xalqaro savdo aloqasini yо‘lga qо‘ydi. Quyidagi shaharlar Hindistonning savdo-sotiq markazlari edi; Malabar sohilidagi Goa va Kalikut, Kambay qо‘ltig‘i sohilida Kambay shahri edi. Shuningdek karvon savdosi bilan bog‘liq shaharlar bо‘lib, ular Agra, Panipa, Laxor, Multan edi. Hind zirovorlari va gazlamalari Yevropa va Shimoliy Afrikaga olib ketilardi.
Hindistonga yilqi, qalay, mis, oltin, kumush pullar tashib keltirilardi.
XVI asrda Hindiston tamomila tarqoq feodal mamlakat edi. Kо‘plab musulmon va hind feodallari bir-birilari bilan uzluksiz kurash olib borardilar. 50-60 yillar davomida sultonning vassal rojalar bilan olib borgan urushlari natijasida Bengaliya, Sind, Orissa va Gujarot xonavayron bо‘lgan edi.
1366 yilda Gujarotdagi qо‘zg‘olon bostirilgach, sulton Feruzxon hindlarni batamom qirib tashlash haqida buyruq berdi. Tо‘xtovsiz ichki urushlar Dehli sultonligining tanazullining asosiy sabablaridan biri edi. 70-80 yillariga kelib Dehli sultonligi о‘z yerlarini himoya qilishga qodir emas edi.
Dehli sultonligiga qarshi Amir Temur 1398 yilning may oyida 92 ming kishilik qо‘shin bilan Qashqadaryo vohasidan о‘tib, Termiz orqali yurib, avgustda Qobulni egallaydi. U yerdan Hindiston chegaralari tomon kirib borib, Tulumbi, Multon, Dubalpur, Sarasti, Fathobod, Somona, Asandiy, Tо‘qloqpur, Panipat kabi shahar va qal’alarni egallab, dekabr oyida Dehliga yetib boradi.
Bu urushni u Muhammad payg‘ambar e’tiqodini yoyish, payg‘ambar nomini kо‘klarga kо‘tarish, butparast va kofirlarni islom diniga kiritish, bu yerdagi feodal tarqoqlik, о‘zaro urushlarga barham berish bayrog‘i ostida olib boradi.
Dehli sultoni bо‘lgan sо‘nggi tug‘laqiy hukmdor sulton Mahmud (1393-1413) Amir Temur lashkariga qarshi о‘z sarkardasi Malluxon boshchiligida 120ming qurollangan otliq askar; 40 ming piyoda jangchi; 120 zanjirband fillarni tashlaydi. Kamon otuvchilar joylashtirilgan bu fillarning ustiga о‘q, nayza va qilichdan himoya qiluvchi yopqich yopib, fillarni qoziq tishlarini ustiga zahar surtilgan pichoqlar bog‘lab qoyilgan edi. Fillar yonida chо‘g‘ tо‘ldirilgan xumcha, yonayotgan mum yoki neft otuvchi naftandozlar bor edi. Bu dahshatli manzaradan Sohibqiron chо‘chimadi, chunki bunday qurolni u Urganch qamalida qо‘llagan edi.
Ibn Arabshoh bergan ma’lumotlarga qaraganda, fillarga qarshi chetlari qayrilgan uchi о‘tkir uchburchakli temir tikonlardan foydalangan. Fillar kelayotgan tomonga ularni kо‘mib qо‘yishgan. Bu fillar va ularning egalariga kulfat keltirdi.
Bundan tashqari Amir Temur fil va askarlarga qarshi tuyalardan foydalanib, ularning dumiga arqon bilan xashak va tikon bog‘lamlarini bog‘lab, ularni yoqib, dushman tomon haydaganlar. Bu nafaqat fillarni, hatto askarlarni ham qо‘rquv va dahshatga solgan va yopirilib kelayotgan fillar orqaga qochganlar va sulton Mahmud Dehlaviyning askarlarini yengib, tо‘zg‘itib tashlagan. Bundan Amir Temur foydalanib, ularni yakson qilgan.
1399-yil boshlarida Amir Temur sulton Mahmud qо‘shinlarini yengib, 15 ming askar bilan Dehliga kirib boradi. Temur 150 mingdan ortiq asir olingan hunarmandlarni, behisob о‘ljalar bilan Hindiston fillarini olib 1399 yil bahorida Samarqandga qaytadi. Sulton Mahmud qochib ketadi. Shundan keyin mamlakat mayda knyazliklarga bо‘linib ketdi. Oradan 10 yilcha vaqt о‘tib hokimiyatga qisqa muddatga yangi sulola Sayyidlar (1414-1451) keldi.
Sayyidlar sulolasi davrida Markaziy Osiyodagi temuriylar davlati bilan elchilik munosabatlari yо‘lga qо‘yilgan. 1441-1444 yillarda Shohruh Mirzo Hindistonga Abdurazzoq Samarqandiy (1413-1482 yillarda yashagan) boshchiligida elchilar yuboradi. U Kermon viloyati, Hо‘rmuz va Fors qо‘ltiqlari orqali Afanasiy Nikitindan 25 yil, Vasko da Gamadan 56 yil oldin Hindistonga dengiz orqali borgan sayohatchi va elchi hisoblanadi.
Keyinchalik Dehli shimolidagi afg‘onlar qabilalari boshlig‘i Bahlul Lodi (1451-1489 yillar yashagan) Sayyidlarni hokimiyatdan chetlatdi va 1451-1526 yilgacha Hindistonni Lodilar sulolasi boshqardi.
XIV-XV asrlarda Hindistonning janubida ancha yirik davlatlar mavjud edi. Ulardan biri Baxmani davlati bо‘lib, u G‘arbiy Dekan hududida joylashgan bо‘lib, poytaxti Bidar (hoz. Hindistonning Karnataka shtati, Bidar okrugi markazi) shahri edi. Bu davlat 1347 yilgacha yashadi va shundan keyin bir necha knyazlikka bо‘linib ketdi. Rus sayyohi, savdogari va yozuvchisi Afanasiy Nikitin (1433-1475 yillarda yashagan) shu davlatda 1469-1472 yillarda bо‘lgan. U uch yillik sayohati davomida mahalliy aholining turmush tarzi, ularning mashg‘ulotlari, hindlarning qanday ovqat tayyorlashi, otlar va uy hayvonlarini qanday boqishi, qanday kiyinishi va savdo qilishi kabi ma’lumotlarni qiziqarli tarzda ifodalagan. Ushbu sayohat natijasida “Uch dengiz osha sayohat” (Kaspiy, Arabiston va Qora dengiz) nomli tarixiy-geografik va adabiy qiymatga ega bо‘lgan asarini yozgan.
Baxmanidan janubda joylashgan yana bir davlat bu Vijayanagar davlati edi. Bu davlatga 1336-yilda asos solingan va 1486 yilgacha yashagan.
Bu davlat qо‘shnisi Baxmani bilan deyarli urushlar olib bordi va urush natijasida ikkala davlat ham zaiflashdi va mayda knyazliklarga bо‘linib ketishini tezlashtirdi.
Vijayanagarga qaraydigan Malabar sohili G‘arbiy Yevropa mustamlakachilari tomonidan XV asr oxirlariga kelib hech qanday qarshiliklarsiz ishg‘ol qilindi.
1498 yilda Vaska da Gama eskadrasi Malabar qirg‘og‘ida paydo bо‘lib, Kalukut shahriga tushadi. Portugallar XVI asr boshlaridayoq Hindistonning g‘arbiy va janubiy qirg‘oqlarida bir qancha joylarni egalladilar. Portugallar Hind okeani, Fors qо‘ltig‘i va Qizil dengizda hukmron bо‘lib oldilar.
Portugallar Yevropaliklar ichida birinchi bо‘lib Hindistonni mustamlaka qildilar, keyinchalik XVI asr oxiri va XVII asr boshlariga kelib, ularga gollandlar va inglizlar qо‘shildilar.
XV asr mobaynida Dehli sultonligini buyuk davlat deb bо‘lmas edi. Dehli sultoni buyuk sulton degan dabdabali unvonga ega bо‘lsa-da, u shimoliy Hindistondagi oddiy davlat knyazliklaridan biri edi. Eng yirik davlat-qо‘shni Bengaliya knyazligi edi, biroq u ham shimoliy Hindiston uchun gegemonlik rolini bajara olmas edi.
Tarqoq, sinfiy kurash keskinlashgan, musulmon va hind feodallaridan iborat bir-biriga dushman ikki guruhga bо‘lingan Hindiston Bobur zarbasiga dosh berolmadi.
Shayboniyxon avlodlaridan Ubaydulla sulton va Muhammad Temur sultonlar boshqa mahalliy sultonlarning yordamiga tayanib, 1513-yil boshlarida Movarounnahrga bostirib kirdilar. Bobur mirzo 50 ming kishilik qо‘shin bilan ularga qarshi chiqdi, ammo yengilib Movarounnahrdan tamomila umidini uzib Qobulga qaytdi. U 21 yil mobaynida, ya’ni 1526 yilga qadar Qobulni idora qildi. Sо‘ngra Qobulni ikkinchi о‘g‘li Kamron mirzoga qoldirib, о‘zi Hindiston tomon yurish boshlaydi.
Hindistonga 1525 yili 12 ming yaxshi qurollangan qо‘shin bilan hujum boshlagan Bobur Dehli sultonligidagi vaziyatni yaxshi bilar edi. U Hindistondagi sulton va rojalarning kelishmovchiligidan foydalanib, ularni kо‘pchiligini yakkama-yakka jangda yengdi.
Bobur boshchiligidagi turkiy va afg‘on qabilalaridan tuzilgan qо‘shin hind yerlarini bosib olib, yangi davlatga asos soldilar. О‘sha paytlarda hindlar mamlakatida shimoldan kelgan barcha istilochilarni “mugxal” deb atashgan, yevropaliklarni bu sо‘zni buzib aytishlari natijasida Boburiylar davlati tarixshunoslikda “Buyuk mо‘g‘ullar davlati” deb notо‘g‘ri nom olgan.
Dastlabki jang 1526 yil 21 aprelda Panipat shahri yaqinida bо‘ldi. Bobur о‘zining qо‘shinidan bir necha baravar kо‘p bо‘lgan raqibi Ibroxim Lodi qо‘shinini tor-mor etdi. Sulton jangda halok bо‘ldi. Bobur Dehli va Agra shaharlarini egalladi. Shundan sо‘ng Bobur о‘zini Hindiston shohi deb e’lon qildi. 1529 yili Bobur davlati hududiga Sharqiy Afg‘oniston, Panjob va Gang vodiysidan Bengaliyagacha bо‘lgan hududlar kirardi.
Bobur о‘z tarafdorlariga, shuningdek, mahalliy feodallarga ham yirik yerlar in’om qildi.
Mamlakatda hokimiyatni mustahkamlash kо‘p jihatdan Boburning xavfli dushmani Rajput rojasi Rana Sanga bog‘liq edi. 1527-yilda Rana Sanga musulmon va hind knyazlari ittifoqini tuzib, 100 ming kishilik qо‘shin bilan Sikri jangida (1527 yil) Bobur lashkaridan yengiladi. Mamlakatda hokimiyat mustahkamlandi. 1526-yil 27-aprelda Dehli shahrida Bobur podshoh nomiga xutba о‘qildi, shu tariqa, yangi saltanat- Boburiylar saltanatiga asos solindi.
Bobur Hindistonda bir- biri bilan dushman bо‘lgan mayda mustaqil rojalarni ham qilich, ham siyosat yо‘li bilan birlashtiradi va 1530-yilgacha markazlashgan yirik saltanatini barpo etadi. Bu saltanat 332 yil (1526-1858 yillar),eng sо‘nggi boburiy shoh Bahodirshoh II (1837-1858), ya’ni Hindistonni Buyuk Britaniya tо‘liq istilo qilgunga qadar hukm surdi va Dehli sultonligi barham topdi. (bu sultonlik Hindistonni 1206-1526 yilda boshqargan).
Boburning Hindistondagi ijtimoiy tayanchi bu harbiy feodallar guruhi edi. Bular Bobur bilan birga kelgan turk va afg‘on harbiylari edi.
Lodilar sulolasi davrida Hindistonga kо‘chib kelganlar kо‘pchilikni tashkil qilar edilar va ularning asosiysi yangi hokimiyatga qarshi edilar.
Boburning о‘limidan keyin afg‘on qabilalarining Sur sulolasi bilan olib borgan qarshi bunga misol bо‘la oladi.
Boburiylar davrida podsho qо‘l ostidagi barcha yerlar, jamoa-raiyat hosilni 3/1 qismini soliq sifatida davlatga tо‘lar edilar. Soliqning pul shaklida yig‘ilishi haqida farmon chiqarilgan edi.
Yirik yer egalari in’omga olingan yerlardan yuz ming runiy daromad qilardilar. Uning 3/1 qismini podsho xazinasiga berardilar. Har yuz ming rupiy daromad hisobiga feodallar 100 tadan otliq jangchini saqlashi va ta’minlashi zarur edi.
Bobur mamlakat yerlarini о‘g‘illariga bо‘lib berdi. Katta о‘g‘li Xumoyunga-eng boy yerlar Ganga daryosi havzasiga egalik qildi; Panjob, sharqiy Afg‘oniston- Qobul va Qandahor esa uning ukalariga tegdi.
Bobur 1530 yil 25 dekabrda vafot yetadi, 29 dekabrda taxtga Xumoyun о‘tiradiva 1530-1556 yillarda boshqaradi. U taxtga о‘tirgach, ukasi Komron mirzoga Panjob viloyatini berib, uni Kobul va Qandahor hokimi etib tayinlaydi. Askariy mirzoga Mо‘lton viloyatini, Hindol mirzoga Mevor, Marvar va Gujarotni in’om etadi.
1530-yilda Xumoyunga qarshi afg‘onlarning sur qabilasi g‘alayon kо‘tardi. Hindistondagi siyosiy vaziyat ancha vaqt tangligicha qoldi.
Humoyun va Bixor va Bengaliyada joylashgan afg‘on qabilalarining yetakchisi Sherxon Sur о‘rtasidagi jangda Sherxon Surning qо‘li baland keldi. Mag‘lubiyatga uchragan Humoyun Eronga qochadi. Sherxon Sur Hindiston taxtini egalladi va shoh deb e’lon qilindi (1540-yilda).
Sherxon Sur va uning о‘g‘illari 1554-yilgacha hokimiyatni boshqardilar.Bu davr Hindiston tarixida shafqatsiz о‘zaro ichki kurashlar davri bо‘ldi. Oqibatda Hindistonda og‘ir siyosiy vaziyat vujudga keldi. Bundan Humoyun ustalik bilan foydalanib, u turk, fors, turkman va о‘zbeklardan iborat kuchli qо‘shini bilan 1555-yilda hokimiyatni qaytarib oldi, lekin unga Hindiston taxtini boshqarish kо‘p yil nasib etmadi, 1556-yilda u tasodifiy falokat tufayli halok bо‘ldi. Uning о‘rniga о‘g‘li Akbar (1556-1605 yillarda boshqargan) taxtni egalladi.
Boburning о‘g‘illari Humoyun (1508-1556), Kamron (1509-1557), Askariy (1512-1558), Hindol (1518-1551) yillarda yashaganlar va Boburiylar davlatini boshqarishda о‘z hissalarini qо‘shganlar, va faqatgina Humoyun (1530-1556) yillarda sulolani shoh sifatida boshqargan, xolos.