Inkvizitsiya – katolik cherkovida XIII asrdan to XIX –asrgacha mavjud bo’lgan bid’atchilar ishi yuzasidan ish ko’ruvchi maxsus cherkov sudi.
Ionnitlar – XI asrning ikkinchi yarmida Falastinda tuzilgan ana shu nomdagi xayr-ehson birodarligidan kelib chiqqan diniy-ritsarlik ordeni.
Kaboshchilar –Yuz yillik urush davrida, ya’ni 1413-yida Parijda bo’lgan feodallarga qarshi shahar qo’zg’olonining ishtirokchisi.
Kal’mar uniyasi (1397y) – Daniya, Shvetsiya va Norvegiyaning bitta qirol hokimiyati ostida birlashuvi to’g’risida Kal’mar shahrida tuzilgan shartnoma.
Kapetinglar – fransuz qirollari sulolasi bo’lib, Fransiyaning yagona markazlashgan davlat bo’lib shakillanish jarayoni shu sulola tarixi bilan chambarchas bog’langandir. Kapetinglar Fransiyada karolinglardan so’ng 987 –yildan to 1328-yilgacha hukmronlik qildilar. Kapetinglar davrida feodal davlatining yangi formasi – toifaviy monarxiya vujudga keldi.
Kardinal – katolik cherkovining oliy mansabdori. Kardinallar majlisi – konklav papani saylaydilar.
Karolinglar – 751-yilda Merovinglar sulolasi o’rnini egallagan frank qirollari sulolasi. Bu nom shu sulolaning eng ulug’ namoyondasi bo’lgan va deyarli butun G’arbiy Yevropani o’ziga boysundirgan (800-yilda u imperator bo’lgan) Buyk Karl nomidan kelib chiqqandir. Ammo uning o’limidan (814y) va imperiyaning uchga bo’linib ketganidan so’ng hamma yerda karolinglar hokimiyati yemirilib ketdi: Italiyada 887-yilda, Germaniyada 911-yilda va 987-yilda Fransiyada karolinglar o’rnini kapetinglar egalladilar.
Katarlar – XI –XIII asrlarda G’arbiy Yevropada eng keng tarqalgan bid’at tarafdorlari.
Kirill va Mefodiy – slavyan ma’rifatchilari, xristianlikning targ’ibotchilari, diniy kitoblarni slavyan tiliga tarjima qilgan birinchi tarjimonlar Kirill (taxm. 827-869 yil) va uning akasi Mefodiy (820-885.y.) bo’lgan. 863-yilda Kirill slavyan alifbesini tuzadi Kirill va Mefodiy 866-yil papaning chaqirig’iga muvofiq Rimga keldilar. Kirill og’ir kasalga chalinadi va Rimda vafot etadi. Mefodiy Moraviya va Pannoniya arxiyepiskopi lavozimiga tayin etildi va slavyancha toat-ibodat qilishni yoyish boyicha katta ishlar olib bordi; u Moraviyada Bibliyani (Injilni) slavyan tiliga tarjima qilish bilan shug’ullandi. Kirill va Mefodiy slavyan yozuvi va adabiyotiga asos soldilar.