2. Yahudiylik. Buxoro yahudiylari jamoasi tarixi. Yahudiylik dunyoda
keng tarqalgan monoteistik dinlardan biridir. Eng yirik yahudiy jamoalari
Isroilda 5,6 mln., AQSHda 5,6 mln., Kanadada 350 ming, Rossiyada 230 ming,
G‘arbiy Yevropa davlatlaridan Fransiyada 310 ming, Germaniyada 230 ming,
Buyuk Britaniyada 280 ming, Argentinada 200 ming, Avstraliyada 110 ming,
Braziliyada 110 ming kishini tashkil qiladi.
Yahudiylik miloddan avvalgi II ming yillikning oxirlarida Falastinda
vujudga kelgan yakkaxudolik g‘oyasini targ‘ib qilgan dindir. Yahudiylik millat
dini bo‘lib, faqatgina yahudiy xalqiga xos.
Falastin hududidan Rim imperiyasining turli tomonlariga butunlay
badarg‘a qilinadilar. Shu tariqa, bu davrlarda yahudiy xalqining katta qismi asir
qilib olingan yoki bu yerlardan quvg‘in qilingan. Aynan mana shu hol
yahudiylarning keyinchalik Falastin hududidan tashqariga, jumladan, Markaziy
Osiyoga tarqab ketishiga sabab bo‘ldi. Mavjud ma’lumotlarga qaraganda,
28
miloddan avvalgi VII asrdayoq yahudiylar Isroilni tark etib, Misr, Eron va boshqa
yurtlarda panoh izlashgan.
Yahudiylar O‘rta Osiyoga qadim zamonlardan ko‘chib kelganlar. Ularning
bu kelishlari haqida turli xil rivoyatlar mavjud. Miloddan avvalgi 722 yilda Isroil
podshohligi Ossuriya tomonidan, miloddan avvalgi 586 yilda esa Bobil davlati
tomonidan bosib olingach, yahudiy xalqining bir qismi o‘lkadan haydab
chiqarildi. Bu esa yahudiylarning Osiyo o‘lkalari bo‘ylab tarqalib ketishiga sabab
bo‘ldi. Hatto miloddan avvalgi VIII asrlarda ba’zi yahudiylar Isroilni tark etib,
Misr, Eron kabi o‘lkalarda boshpana topganliklari haqida ham ma’lumotlar bor.
Fors davlati ma’lum muddat O‘rta Osiyoni o‘z hukmi ostida tutib turgan va
xuddi shu davrda yahudiylarning ko‘chib kelishi boshlangan. Yahudiylar O‘rta
Osiyoda So‘g‘diyona davlati davrida, ya’ni miloddan avvalgi II asrda paydo
bo‘ldilar. Ular Eron orqali Marvga kelib, so‘ng u yerdan Buxoro, Samarqand,
Shahrisabz va boshqa shaharlarga tarqaldilar.
Yahudiylarning O‘rta Osiyoda paydo bo‘lishi tarixi juda murakkabdir.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar ularning bu yerda paydo bo‘lishlarini milodning
birinchi asrida vujudga kelgan «Buyuk ipak yo‘li» faoliyati bilan bog‘laydilar.
Buyuk ipak yo‘li, darhaqiqat, bo‘yoqchilik bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan
yahudiylarning xom ashyo manbalariga yaqinroq mintaqalarga tarqalishiga sabab
bo‘lgan. Yahudiylarning Balx shahrida paydo bo‘lishlari esa faqatgina milodning
IV asriga to‘g‘ri keladi. Milodiy IX-X asrlarda yahudiy jamoalari ancha ko‘psonli
va erkin bo‘lganlar. Ulardan faqat urushga yaroqli bo‘lgan erkaklargina soliq
(jizya) to‘laganlar. Yig‘ilgan soliqlarning faqatgina yarmi davlat xazinasiga
topshirilgan. Qolgan qismi esa jamoa boshlig‘i ixtiyorida qolgan.
Yahudiylarning O‘rta Osiyoda yashaganliklariga guvohlik beruvchi
arxeologik topilmalar ilk bor 1954 yili olimlar tomonidan Turkmanistonning
Marv va Bayramali shaharlarida aniqlangan. Bular qadimgi sinagoga qoldiqlari,
yahudiy yozuvlari va nomalari bitilgan sopol buyumlardir. Topilmalar Yunon-
Baqtriya va Parfiya davlatlari hukmronlik qilgan miloddan avvalgi II - milodiy I
asrlarga tegishli bo‘lgan.
1165 yilda Sharqqa sayohat qilgan Veniamin de Tudelning xabar
berishicha, Sharqqa tomon qancha uzoqroq kirib borilsa, yahudiylar soni shuncha
ko‘payib borgan. O‘sha davrda Quddus shahrida hammasi bo‘lib 4 ming yahudiy
yashagan bo‘lsa, Basrada ularning soni 2 ming, Damashqda 3 ming, Isfahonda 15
ming, Samarqandda esa 30 ming kishini tashkil qilgan. Biroq bu sayyoh Sharqda
Bag‘dodgacha safar qilib, mahalliy yahudiylarning afsonaviy ma’lumotlariga
asoslangan.
Arab tarixchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Sharqda yahudiylar tomonidan
«Yahudiya» deb ataladigan shaharlar qurilgan. Shunday shaharlardan biri Marv
shahri yaqinida bo‘lgan.
29
X-XIII asrlar Buxoro yahudiylari uchun ma’naviy-ruhiy jihatdan o‘sish
davri bo‘ldi. Ular Iroq yahudiy markazidan uzoqda, O‘rta Osiyo hududlarida
yahudiylikka oid qarashlarini rivojlantirdilar va Tora qonunlariga moslashtirdilar.
O‘zlarini aslzoda deb hisoblagan Bobil yahudiylari O‘rta Osiyo
yahudiylarini kashrut qoidasi (ruxsat etilgan ovqatlarnigina yeyish)ni buzish,
yerli aholi bilan aralashib ketish va yahudiy dinini bid’atlar bilan buzishda
ayblay boshladilar. Albatta, bu ayblovlar asossiz emas edi.
IX-X asrlarda O‘rta Osiyoda karaimlar deb ataladigan yahudiy sektasi
paydo bo‘ladi. Bu sekta tarafdorlari faqat Torani tan olar, Talmudni esa inkor
qilar edilar. X asr O‘rta Osiyo karaimlarining ko‘zga ko‘ringan rahnamolaridan
biri g‘aznalik Menexem Talmud tarafdorlariga qarshi o‘z fikrlarini isbotlash
uchun Iskandariyaga safar qilgan. Karaimlar sektasi namoyandalaridan yana biri
Xivi al-Balxiy ko‘plab asarlar yozib, ularda Talmudni tanqid qilgan va uning
ishonchliligiga shubha bilan qaragan.
XIII asr boshiga kelib, Chingizxon qo‘shinlari Movarounnahr shaharlarini
birma-bir qo‘lga kiritgach, yerli aholini shafqatsiz ravishda qirg‘in qildilar.
Qadimgi yahudiy jamoalari ham inqirozga uchradi. Saqlanib qolgan kam sonli
yahudiylar Buxoro va uning atroflarida yashaganlar. XIII asrda boshlangan
yahudiylar inqirozi, ba’zi istisnolardan tashqari, XVIII asrga qadar davom etdi.
Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahr mintaqasiga Erondan
ko‘pgina yahudiy jamoalari ko‘chirib keltirilgan, ularning bir qismi Buxoroda
yashagan. Temuriylar davrida O‘rta Osiyodagi xristian jamoalari inqirozga
uchragan bo‘lsalar-da, lekin yahudiy jamoalari saqlanib qoldi va o‘zlarining diniy
markazlaridan ajralib va uzoqlashib qolganliklariga qaramay, ular mintaqada o‘z
mavqelarini uzoq vaqt egallab turdilar.
XVIII asrning boshlarida O‘rta Osiyoda yuz bergan siyosiy jarayonlar
tufayli yahudiylar Eron, Afg‘oniston, Xiva, Qo‘qon va Buxoro jamoalariga
bo‘linib ketdi. XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi tomonidan O‘rta
Osiyoning bir qismi bosib olinishi yahudiylarning yana Turkiston va Buxoro
jamoalariga bo‘linib ketishiga olib keldi. O‘rta Osiyo yahudiylari Buxoro amirligi
hududlarida yashaganliklari tufayli «Buxoro yahudiylari» nomi bilan tanilgan
bo‘lsalar-da, ularning asosiy qismi ko‘proq Samarqandda yashagan.
Yahudiylik yagona millatga xos din bo‘lganligi sababli yahudiylar qayerda
yashamasin, biri ikkinchisidan qancha uzoqda bo‘lmasin, ular o‘z diniga va
muqaddas kitoblariga e’tiqod qilishni davom ettiraverdilar. XVIII asrda O‘rta
Osiyo yahudiylari ruhiy tushkunlik davrini boshdan kechirdilar. 1793 yili o‘zi
G‘arbiy Afrikadan bo‘lib, Falastinning Sfat shahrida yashovchi Iosif Mamon
Mag‘ribiy o‘z shahri yahudiylari uchun moddiy yordam to‘plash maqsadida
Buxoroga keladi. U mahalliy yahudiylarning o‘z dinlaridan uzoqlasha
boshlaganliklarini ko‘rib, sh u yerda qolishga va millatdoshlariga diniy ta’lim
30
berishga ahd qiladi. Yahudiylar doimo tinch, kam aholili joylarda yashashni afzal
ko‘rganlar.
XIX asrga kelib yahudiylar O‘rta Osiyoning Qarshi, Marv, Xatirchi,
Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on, Karmana, Marg‘ilon, Dushanba shaharlarida
yashaganlar. Ular odatda bir mavzega jam bo‘lib yashar edilar. 1843 yilda
mahalliy yahudiylarga Samarqandning sharqiy qismidan 2,5 gektar yerni 10000
kumush tangaga sotish haqida shartnoma tuzildi. Bu shartnomani yahudiylar
jamoasining 32 a’zosi imzoladi, davlat uning haqiqiyligini to‘rt muhr bilan
tasdiqladi. Shunday qilib, yahudiylar o‘zlarining birinchi mahallalariga ega
bo‘ldilar. Jamoa boshlig‘i Moshe Kalontar sotib olingan yerda qurilishlar qilish
uchun yahudiylardan pul yig‘di. Ular yangi joyda birinchi bulib Bani Isroil
qabilalari soniga mos 12 ta hovlida uy-joy, maktab, hammom, sinagoga qurdilar.
XIX asrning 80-yillarida buxoro yahudiylaridan 1,5 mingga yaqini, XX
asrning 20-30-yillari esa - 4 mingga yaqini yahudiy tilida o‘qish uchun Falastinga
ko‘chib ketgan.
O‘rta Osiyoda 1940 yilgacha yahudiylarning ivrit tilidagi maktablari,
davriy va maxsus nashrlari mavjud bo‘lgan. 1932 yilda Samarqandda yahudiylar
teatri tashkil qilingan. Keyinchalik yahudiy tilida o‘qitish va madaniy faoliyat
yuritish to‘xtatilgan. SSSR parchalanib ketguniga qadar Buxoro yahudiylari
asosan (28396 kishi) O‘zbekiston hududida istiqomat qilganlar.
Yahudiylarning turmush tarzlari, urf-odatlari qadimiy yahudiy, fors va
mahalliy madaniy an’analarning qorishmasidan iborat. Tarixning turli
jarayonlarida bu uch madaniyatdan ba’zilarining ta’siri kuchayishi yoki aksincha,
susayishi kuzatilgan.
Yahudiylikda ovqatlanishda qat’iy cheklovlar (kosher qoidalari) mavjud.
Iste’molda foydalaniladigan mol, qo‘y, echki kabi hayvon go‘shtlarini muayyan
diniy qoidalar asosida so‘yilishi lozim hisoblangan. «Shoxet»lar (qassoblar)
hayvonni so‘yishdan avval uning terisi, o‘pkasi, jigari sog‘lom bo‘lishi, qorni yorib
ko‘rilganda uning ichida o‘limiga sabab bo‘luvchi jismlar (tosh, temir, oynak)
bo‘lmasligini tekshirib ko‘radilar. Shuningdek, so‘yilgan hayvon go‘shti tarkibidan
qoni butunlay chiqarib yuborilishi kerak bo‘ladi. Baliq go‘shtini tanovul qilganda,
uning tangali va suzkichli bo‘lishiga e’tibor qaratilgan.
Buxoro yahudiylari orasida islom dinini qabul qilganlar ham bo‘lib,
bundaylar chala deb yuritilgan. Islomni qabul qilgan yahudiylar musulmonlar
orasida yashaganlar. Biroq ko‘p hollarda ular o‘zlarining eski urf-odatlarini
yashirincha saqlab qolganlar. Buxoroda Eshoni Pir mavzeida 100 tacha, Chor
karvonsaroy mavzeida esa bir nechta mana shunday chala yahudiy oilalari
yashagan. Ularning asosiy mashg‘uloti hunarmandlik, paxta savdosi bo‘lgan.
Jamoa oqsoqoli kalontar deb atalib, u o‘z qavmidan soliq va o‘lponlar yiqqan. U
jamoaning rasmiy vakili hisoblangan.
31
1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng barcha dinlarga,
shu jumladan, yahudiy diniga erkin e’tiqod qilish uchun barcha sharoitlar yaratib
berilgan. Hozirda Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida Buxoro hamda
Yevropa yahudiylarining milliy madaniy markazlari, shuningdek sinagogalari
faoliyat ko‘rsatib turibdi.
Hozir respublikada jami 8 ta yahudiy jamoasi, shu jumladan, Toshkent
shahri (3), Buxoro (2), Samarqand (2) va Farg‘ona viloyatlarida (1) faoliyat
ko‘rsatib kelmoqda. Ulardan biri (Toshkent sh.) Yevropa yahudiylari (ashkinazlar)
yo‘nalishiga, qolganlari sefardlar (sharqiy yahudiylar)ga mansub.
Dostları ilə paylaş: |