DIQQATNING BO’LINISHI (TAQSIMLANISHI). Diqqatning bo’linishi - psixik faoliyatning shunday tashkil qilinishiki, bunda ayni bir vaqtning o’zida ikkita va undan ham ko’p ish-harakat bajariladi. Diqqatning bo’linishiga misol: bir vaqtning o’zida arifmetik hisoblarni bajarish va biror qo’l mehnati turini bajarish. O’tkazilgan ko’plab tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, diqqatning taqsimlanishining samaradorligi bir qancha omillarga bog’liq ekan. Shular orasidan eng katta rol’ o’ynaydiganlari: kishining diqqatining individual xususiyatlari (diqqatining rivojlanganligi) va bajarilayotgan ishlardan birortasining avtomatlashganlik darajasi. Bajarilayotgan ishlardan birortasi juda yaxshi o’zlashtirilgan bo’lsa, u diqqatni taqsimlashda ko’p murakkablik tug’dirmaydi. Shu sababli ko’pchilik sohalarda birinchi davrda ishni o’zlashtirish, bir vaqtning o’zida bir qancha ishlarni bajarish, ularni boshqarish va muvofiqlashtirish juda qiyin kechadi. Faoliyat o’zlashtirilib borilgach ko’p takrorlanadigan ish-harakatlar avtomatlashadi, ular maxsus ongli nazoratni talab qilmaydi. Shu sababli kishi ishni bajarish davomida boshqa narsalar haqida o’ylashi, kuylashi, ishga "e’tibor bermasdan" ishlashi mumkin.
Diqqatning ko’chishi. Diqqatning muhim xususiyatlaridan biri, uning ko’chishidir, ya’ni bir faoliyat turidan boshqa bir faoliyatga tez o’tish qobiliyatidir. Diqqatning ko’chirilishiga ba’zan ayni bir vaqtning o’zida idrok qilinadigan, ikkita o’zaro farqlanadigan qo’zg’atuvchini aks ettirishga murojaat qilishga to’g’ri keladi. Misol tariqasida KOMPLIEKASIYa deb atalgan tajribani ko’rsatish mumkin. Tajribada 100 qismga bo’lingan sifrblat bo’ylab strelka tez aylanib turadi, ayni shu tez aylanish davomida sifrblatning qayeridadir qo’ng’iroq chalinadi. Tekshiriluvchi qo’ng’iroq chalinganda strelka sifrblatning qaysi bo’lagida turganini aniqlashi kerak. Bu ishni aniq bajarish juda qiyin. Turli tekshiriluvchilar turlicha aniqlaydi, biri 35-chi bo’lagida desa, boshqasi 25 bo’lagida deyishi mumkin. Hayotda esa diqqatning ko’chishi ikkita narsani (ob’ektni) to’g’ri idrok qilishga yordam ham beradi. Masalan, notiqqa qarash va uni eshitish ancha yengil bo’ladi; bu yerda eshitish va ko’rish qo’zg’atuvchilari bir-birini kuchaytiradi.