Mazmunli-rolli o‘yinlar va ularning ahamiyati. Bolalar bog‘chada
asosan mazmunli va rollarga bo‘linib o‘ynaladigan
o‘yinlarni o‘ynaydilar. Ular o‘zlarining turli o‘yinlarida kattalarning
oilaviy hayot sharoitlariga doir hodisalarni, mehnat
faoliyatlarini, bayramlarni, muhim sanalar kabi hodisalarni
qayta tiklaydilar.
Ko‘pincha bolalar aks ettirayotgan tashqi muhit hodisalari
ular o‘yin faoliyatining mazmunini tashkil etadi. Bolalar
aks ettirayotgan muhit qanchalik keng va xilma-xil bo‘lsa,
bolalar o‘yinining mazmuni ham shunchalik keng va xilmaxil
bo‘ladi. Ana shuning uchun kichik bog‘cha yoshidagi bolalar
o‘yinlarining mazmuni nihoyatda tor bo‘ladi. Bolalar o‘sib
ulg‘aygan sari ular o‘yinining sujeti tobora boyib, xilma-xillashib
boradi. O‘yin turining ko‘payishi bilan
birga o‘yinga sarf qilinadigan vaqt ham ortib boradi. Masalan, uch yoshli bolalar 10–15 daqiqa mobaynida o‘ynaydigan bo‘lsalar, 4–5
yoshli bolalar esa 40–50 daqiqa davomida o‘yin faoliyati bilan
shug‘ullanadilar. Katta yoshdagi bog‘cha bolalarida o‘yin faoliyati
bir necha soat va hatto bir kundan ortiq vaqt mobaynida
davom etishi mumkin
Bolalarning mazmunli-rolli o‘yinlari.
Bir xil mazmundagi o‘yinlar kichik yoshdagi bog‘cha
Bolalarida ham, katta yoshdagi bog‘cha bolalarida ham uchraydi
(masalan, «Ona-bola» o‘yini «Bog‘cha» o‘yini kabi). Turli
yoshdagi bog‘cha bolalari o‘yinlarining nomi bir xil bo‘lsa
ham, mazmuni har xil bo‘ladi. Chunki, kichik yoshdagi bolalar
voqelikning ayrim tomonlarini aks ettirsalar, katta yoshdagi
bolalar o‘z o‘yinlarida voqelikning boshqa tomonlarini aks ettiradilar.
Katta yoshdagi bog‘cha bolalari mazmunli o‘yinlardan
tashqari rollarga bo‘linib o‘ynaladigan o‘yinlarni ham juda
mohirlik bilan o‘ynaydilar. Rollarga bo‘linib o‘ynaladigan
o‘yinlarda bolalar tevarak-atrofdagi narsalarni aks ettiradilar.
Bunday o‘yinlar amalga oshirilishi jihatidan birmuncha murakkabdir.
Bunday o‘yinlarda oldin rollar taqsimlab olinadi.
O‘yinda ishtirok etuvchi har bir bola rolini ustalik bilan bajarishi
kerak bo‘ladi. Hamma bolalar ham bunday vazifaning uddasidan
chiqavermaydilar. Kichik yoshdagi ayrim bolalar tasavvur
doiralari keng bo‘lmaganligi sababli o‘z rollarini hali yaxshi
bajara olmaydilar. Shuning uchun rollarga bo‘linib o‘ynaladigan
o‘yinlar asosan katta yoshdagi bog‘cha bolalariga taalluqlidir.
Bog‘cha yoshidagi bolalarning mazmunli va rollarga bo‘linib
o‘ynaladigan o‘yinlari deyarli hamma vaqt jamoa holida amalga
oshiriladi. Mazmunli va rollarga bo‘linib o‘ynaladigan o‘yinlar
bolalarning ko‘pgina psixik jarayonlari va shaxsiy psixologik
sifatlarini rivojlantirishga yordam beradi. O‘yin sharoitining
o‘ziyoq bolalar diqqatini atrofdagi narsa va hodisalarga faol
yo‘naltirishni talab qiladi. Bu esa, o‘yin faoliyati davomida
bolalarni nihoyatda faollashtiradi, ya’ni ular kuzatuvchan, tez
esda olib qoladigan, har bir narsani atroflicha va chuqur analiz
qiladigan bo‘ladilar.
O‘yinlar jarayonida bolalarning bir-birlari bilan faol munosabatda
bo‘lishlariga imkon yaratiladi. Bu esa, bolalar nutqining
tez rivojlanishiga olib keladi. Ma’lumki, mazmunli va rollarga
bo‘linib o‘ynaladigan o‘yinlarning o‘z qonun-qoidalari
mavjud. Bu qonun-qoidalarga rioya qilishda bolalar o‘z iroda
kuchlarini ishga soladilar. Binobarin, o‘yin faoliyati davomida
bolalarning irodaviy sifatlari ham jadal rivojlanadi.
Demak, bog‘cha yoshidagi bolalar o‘yinlari quyidagicha
psixologik xususiyatlarga ega:
1) o‘yin mavzusining haddan tashqari sermazmunligi va
boyligi;
2) bolalar o‘yin faoliyatlarida milliy tuyg‘uning aks etishi;
3) o‘yin jarayonida vatanparvarlik tuyg‘ularining namoyon
bo‘lishidadir. O‘rta va katta bog‘cha yoshidagi bolalar
o‘yinlari, o‘yinchoqlari, yasagan buyumlari milliy urf-odatlar,
an’analarga asoslanganligi;
4) bolalar o‘yini jarayonida psixik jarayonlarining diqqati,
sezgi va idroki, xotirasi, tafakkur va nutqi, xayoli, his-tuyg‘u,
irodasi, xarakteri va qobiliyatining namoyon bo‘lishidir.
Bog‘cha yoshidagi bolalarning turli-tuman o‘yin faoliyatlari
sekin-astalik bilan ularni o‘qish faoliyatiga tayyorlaydi. Bolalarning
o‘yin faoliyatlariga tarbiyachilar ta’lim elementlarini
kiritadilar. Natijada bolalar o‘yin orqali juda ko‘p narsalarni
bilib oladilar, ularning bilishga bo‘lgan qiziqishlari orta boradi.
Demak, o‘yin faoliyati bolalarning har tomonlama rivojlanishlarida
qudratli vositadir.