49
maqsadini oshkor qilishmadi. Sabr kosasi toʻlgan general
shu kunlari juda dargʻazab edi. Chunki u salmirliklarning
judayam muhim topshiriq bilan yoʻlga chiqqanini fahmlar,
ammo bu qanday topshiriq ekanini bilolmay jigʻibiyron
boʻlardi. “Juda muhim ish bilan kelishgan... Aks holda,
Sirius yulduzidan Quyoshgacha 8 yorugʻlik
yilidan ortiq
masofani bosib kelishmasdi, – deya oʻylay boshladi u. –
Balki, ular Yashil sayyoraga kelmoqchi boʻlishgandir?
Lekin Yerda ularga nima kerak boʻlib qoldi ekan?” Obma
ana shunday xayollar bilan hashamatli xonasi markazidagi
taxtida oʻtirarkan, Rago ismli eng ishongan sarkardasi kirib
keldi.
– Qoʻmondon, gapirishga ruxsat ber.
– Gapir!
– Odamlarimiz yulduzlararo kemadagi zahira
kapsulalarning biri kema qoʻlga olinguniga qadar uchib
ketganini aniqlashdi.
– Xoʻsh-xoʻsh! – general
Obma bu yangilikni eshitib
oʻrnidan turib ketdi.
– Kemada hech qanday hujjatlar va abadiy energiya
generatorining yoʻqligini hisobga olsak, demak, biz
izlayotgan asosiy narsalar shu kapsula bilan gʻoyib boʻlgan.
– Bu gapingda jon borga oʻxshaydi, Rago! Unda
kapsulani darhol izlab topish kerak.
– Men josuslarimizni Quyosh tizimiga yubordim. Kemani
Neptun yaqinida qoʻlga olganmiz,
kapsula ham uzoqqa
uchib ketolmaydi. Mars yoki Yupiter yoʻldoshlarining
biriga qoʻngan boʻlsa kerak.
– Yoki uni Yerga uchirishgan, toʻgʻrimi?
– Ha, balki, shundaydir, – tasdiqladi Rago.
Obma bir muddat oʻylanib qoldi, soʻng Ragoga yuzlanib:
– Josuslarni Yerga ham joʻnat. Bu ish bilan shaxsan
oʻzing shugʻullan, – dedi.
50
– Xoʻp,
aytganingday qilaman, – Rago boshini egib
xonani tark etdi.
Tez orada Obma huzuriga salmirliklar kapitani Gedar
Vuni olib kirishdi. Obma bu jasur kapitanni shaxsan
oʻzi soʻroqqa tutib, ularning maqsadini bilib olishga
qaror qilgandi. Gedar Vu bir necha kunga choʻzilgan
qiynoqlardan soʻng tinkasi qurigan, oyoqda bazoʻr turardi.
Ammo uning koʻzlarida qatʼiyat,
mardlik hamon aks
etardi. Uning bu oʻtkir nigohlarini koʻrgan Obma kapitan
bilan boʻladigan suhbat besamar boʻlishini oldindan
sezdi. Lekin buni Gedar Vuga sezdirgisi kelmadi.
– Xoʻsh, mashhur Salmir sayyorasining fazogirlari biz
taraflarda nima qilib yuribdi? – mahbusni mensimay savol
berdi Obma.
– Bu joylar qachondan boshlab qaroqchilarning hududi
boʻlib qoldi? Axir, sizlar Protsion yulduz tizimidagi Giks
sayyorasidan emasmisiz?!
Bunday hozirjavoblikni kutmagan Obma Gedar Vuga
nafrat bilan tikildi. Kapitan esa xotirjam gapida davom etdi:
– E, ha, Giks sayyorasi allaqachon yoʻq boʻlib ketgan
edi-ku. Demak, sizlar shunchaki bevatanlar toʻdasi ekansiz-
da!
– Bas qil! – suhbatning bunaqa tus olishini kutmagan
Obma chidab turolmadi: u
Gedar Vuning yuziga qattiq
musht tushirdi.
Gikslar tabiatan juda baquvvat boʻladilar. Ustiga-ustak,
ularning tanasi salmirliklarga qaraganda 5-marta kattaroq.
Hozir ham Obmaning zarbasidan soʻng Gedar Vu sal qolsa
nobud boʻlayozdi. Shunday boʻlsa-da, u ingragan ovoz
bilan dedi:
– Mayli, istaganingni qil. Bizlarni qiynoqqa sol. Ammo
bilib qoʻy, baribir, maqsadingga yetolmaysan! – Gedar Vu
shunday deb hushini yoʻqotdi.
51
Obma bu jasur salmirliklarni soʻroq qilish befoyda
ekaniga endi iqror boʻlgandi. U salmirliklarni zindonband
etishga buyruq berarkan: “Hozircha menga qoʻlga kiritgan
yulduzlararo uchar kema ham kifoya qilib turadi. Qolgan
gaplarni Quyosh tizimiga uchgan kapsuladagi fazogir orqali
aniqlab olaman”, – deb oʻyladi.
Dostları ilə paylaş: