YONDOSH OLAMDAGI QAMOQXONA
***
Yulduzlarning ham bir kun kelib halokatga uchrashi
haqida bilib oldingiz. Yaʼni yulduzlar oʻzining asosiy
yoqilgʻisi – vodorodni ishlatib boʻlgach portlaydi yoki
ulkan qizil sharga aylanib shishib ketadi. Qizigʻi, bu
hodisadan soʻng yulduz butunlay yoʻq boʻlib ketmaydi,
balki boshqa turdagi yulduzga aylanadi.
Quyoshdan bir necha barobar katta yulduzlar umrining
oxirgi lahzalarida portlab ketadi. Bu portlash natijasida
yulduz parchalari koinotga misli koʻrilmagan energiya
shaklida tarqala boshlaydi. Ammo bu energiyani portlash
natijasida vujudga kelgan gravitatsiya yana ortga –
markazga torta boshlaydi. Favqulodda katta kuchga ega
gravitatsiya yulduz parchalarini shu qadar zichlaydiki,
oqibatda atom zarralari bir-biriga qapishib ketadi. Shu
tariqa, koinotda Quyoshdan million marta kichkina, ammo
trillion marta ogʻirroq neytron yulduzi tugʻiladi.
Neytron yulduzi – koinotning sirli moʻjizalaridan biri.
Tasavvur qiling, agar neytron yulduzining kichkinagina
boʻlagidan bitta qoshiq yasash mumkin boʻlganida bormi,
uni hatto millionta koʻtarma kran ham joyidan qoʻzgʻata
olmasdi. Ishonish qiyin, ammo bu haqiqat!
Neytron yulduzining ikki xil koʻrinishi bor. Ularning biri
fanda pulsar, ikkinchisi esa magnetar deb ataladi.
Pulsarlarni “koinot mayoqlari” deb ham atashadi.
Chunki pulsarning ikki yonidan shoxga oʻxshab nur
taralib turadi. Magnetar esa ulkan magnitning oʻzginasi.
U millionlab chaqirim uzoqlikdagi jismlarni ham xuddi
magnitday oʻziga tortib oladi. Magnetar hatto yorugʻlik
nurini ham oʻziga tortib, yoʻq qilib yuborishi mumkin.
87
Yondosh olamga oʻtish koinotda kamdan kam
fazogirlarga nasib qilgan. Sababi, unga oʻtish uchun neytron
yulduzi atrofida misli koʻrilmagan tezlikda aylanish kerak
boʻladi.
Ayni damda, “Koʻkkezar” oʻzining 13 kishilik ekipaji
bilan neytron yulduzining eng haybatli turi – magnetar
tomon uchib bormoqda.
– Men hozirdanoq magnetarning tortishish kuchini his
qilyapman, – dedi Ahmad.
– Men ham, kema qandaydir silkinib uchayotganday.
– Lekin hali hech qaysi radar yulduzni aniqlamadi, –
ajablandi Moki.
– Ehtiyot boʻlishimiz kerak, bu yulduz juda-juda qudratli.
Birgina kichik xato qilsak bas, u bizni oʻz domiga tortib
ketadi, – dedi Margol tahlikali ohangda.
– Faqat yulduz atrofida juda katta tezlikda aylanibgina
uning gravitatsiyasini yenga olamiz. – Ahmad shunday deb
Yondosh olamga oʻtish rejasini puxta tuzib chiqa boshladi. –
Yer sayyorasing orbitasidagi sunʼiy yoʻldoshlar yerga qulab
tushmasligi uchun soniyasiga kamida 8 km tezlik bilan
harakat qiladi. Bu tezlik Yerning tortishish kuchini yengib
oʻtishga yetarli. Neytron yulduziga qulab tushmaslik uchun
esa “Koʻkkezar” yorugʻlik tezligida – soniyasiga 300 000
km tezlikda harakatlanishi kerak boʻladi. – U boshqaruv
rulini tutib turgan Margolga qarab dedi: – Siz yulduzga juda
yaqin bormang va juda uzoqlashib ham ketmang. Moki, sen
kemaning tezligini nazorat qilasan. Men esa Yondosh olam
tuynugi ochilishi bilan kemani unga qarab buraman.
Ahmadning rejasini hamma birday maʼqulladi. Koʻp
oʻtmay “Koʻkkezar” neytron yulduziga yaqinlashdi. Ulkan
magnetar yulduzi qoraga moyil, tim koʻk rangda edi.
Belgilangan joyga yetib kelgan “Koʻkkezar” neytron
88
yulduzining atrofida yorugʻlik tezligida aylana boshladi.
Bunaqa katta tezlik va kuchli gravitatsiyada oqibatida vaqt
ham, hatto makon ham egri-bugri boʻlib qiyshayib, soʻng
sariyogʻday erib ketadi. Bir necha daqiqalik parvozdan
soʻng “Koʻkkezar” ekipaji ana shu gʻayritabiiy holatni seza
boshladi. Avvaliga ularning tovushlari oʻzgarib, aks sadoga
oʻxshab bordi. Keyin hamma narsa sekinlashib qoldi. Qoʻl-
oyoqlarning oddiy harakati bir necha soatga choʻzilganday
boʻlardi. Soʻng birdan hammasi tezlashib ketdi. Bu xuddi
videotasmadagi tasvirni tezlashtirib koʻrganday edi. Bu
hol biroz davom etganidan keyin kemaning ichi kengaydi,
hamma narsa, hatto ularning tanasi ham rezinaday choʻzila
boshladi. Sodir boʻlayotgan bu voqea-hodisalar tushdagi
kabi algʻov-dalgʻov edi... Shu vaqtda Yondosh olamga
oʻtadigan tuynuk ham ochiladi...
Ahmad yomon tush koʻrgan odamday koʻzini ocharkan,
radar oldida turgan Mokiga koʻzi tushdi.
– Neytron yulduzi koʻrinmay qoldi, – dedi Moki
uskunalarni tekshirib koʻrarkan.
– Ha, biz allaqachon Yondosh olamdamiz, – dedi Margol
oʻrnidan turib kema tuynugidan ochiq fazoga qarar ekan.
Yondosh olam bizning olamdan unchalik farq
qilmasdi. Unda ham galaktika, yulduz va sayyoralar bor.
Bitta farqi, Yondosh olam nisbatan kattaroq edi. Shunday
ekan, undagi osmon jismlari ham bizning koinotdagiga
nisbatan kattaroq boʻlishi tabiiy. Albatta, bu olamda biz
bilgan ayrim fizik qonuniyatlar ham oʻzgargan boʻlishi
mumkin. Ammo hozircha buni “Koʻkkezar” ekipaji
sezganicha yoʻq.
Endi qahramonlarimiz Qoʻshyulduzli tizimni qidirib
topishlari kerak. Chunki Qoʻmondon Dordon yotgan zindon
Qoʻshyulduzli tizimdagi tim qora sayyorada edi.
Aytganday, koinotdagi yulduzlarning hammasi ham
89
yolgʻiz emas. Olimlar ikki yulduz, uch yulduz, hatto,
toʻrt yulduzli tizimlarni ham aniqlashgan. Bunday yulduz
tizimida kattaroq yulduz kichkinasini oʻziga tortib turadi.
Kichkinasi kattasining atrofida xuddi yoʻldoshday aylanib
turgani uchun ular toʻqnashib ketmaydi. Ammo baʼzan bu
yulduzlar toʻqnashib ketishi, katta yulduz kichigini “yeb”
qoʻyishi ham mumkin.
Qora sayyora esa oʻzidan nur taratmaydi. Aniqrogʻi,
oʻz yulduzining nurini aks ettirmaydi. Sababi, sayyora sirti
qalin koʻmir bilan qoplangan. Koʻmir esa qora boʻlgani
uchun atrofdagi barcha yorugʻlikni yutib yuboradi...
– Uskunalar 180 million km masofada sayyora borligini
aniqladi. Menimcha, bu oʻsha Qora sayyora boʻlsa kerak, –
dedi Moki.
– Uni koʻrsak boʻladimi? – soʻradi Margol.
– Ha, mana u!
Moki aniqlangan sayyora suratlarini monitorga uzata
boshladi. Bu tim qora, har joyida vulqonlar otilib turgan
bahaybat sayyora edi. Uning sirtida daryoday oqib turgan
lavalar uzoqdan xuddi insonning qon tomirlariga oʻxshab
koʻrinardi. Faqat bu qizil emas, olovli “tomir”lar edi.
– Qaroqchilar bu sayyorani bekorga qamoqxonaga
aylantirishmagan, – dedi Margol sayyoraning har bir joyini
sinchiklab kuzatar ekan. – Bunaqa joydan hatto yorugʻlik
nuri ham qochib qutula olmaydi!
– Endi xavfsizroq joy topib tezroq kemani qoʻndiraylik,
– dedi Ahmad Mokiga.
Tez orada Moki “Koʻkkezar” qoʻnishi uchun Qora
sayyoradagi eng xavfsiz joyni izlab topdi. Ular sayyora
sathiga qoʻnishi bilan shatakka olingan ikkinchi qismdan
Miksning jasur askarlari birma-bir chiqib kelishdi.
– Xoʻsh, endi qutqaruv rejasini tuzib olsak, – dedi
qamoqxonaning har bir qarich joyi tushirilgan chizmani
90
yozib olgan Miks sarkardasi. – Qamoqxona bizdan bir
chaqirim masofada joylashgan. Yayov boramiz. Binoni 2
mingta qurollangan soqchi qoʻriqlaydi. Qoʻmondonimiz esa
qamoqxonaning 91-qavatidagi kamerada saqlanadi. Xullas,
yoʻlda uchragan har qanday soqchini mahv etib, asosiy
darvozani buzib kiramiz. Soʻng liftga chiqib, 91-qavatga
koʻtarilamiz. Qoʻmondonni ozod qilib, zudlik bilan ortga
qaytamiz. Qani, olgʻa!
U shunday deb qoʻlidagi qurolni yuqoriga koʻtarib
yugura boshladi. Uning ortidan boshqa askarlar ham
hayqirgancha ergashishdi.
– Toʻxtang! – Ahmadning qichqirigʻidan hamma joyida
qotdi. – Nima, endi shu sizning rejangizmi?!
– Ha, bu eng yaxshi reja! – javob berdi Miks sarkardasi.
– Yoʻq, bu reja emas, oʻzini oʻzi oʻldirish. Siz 10
kishi bilan 2 ming qoʻriqchini yengmoqchi boʻlyapsiz,
axir! Bunday vaziyatda ochiq jang qilish gʻirt ahmoqlik.
Shuncha masofa bosib kelib, bekordan bekorga oʻlib
ketadigan ahmoq yoʻq.
Bu gaplardan soʻng sarkardaning ham hovuri pasaydi.
Ahmad bino loyihasini bir-ikki daqiqa oʻrganib chiqqanidan
keyin dedi:
– Eng muhimi, binoga sezdirmay kirishimiz kerak.
Buning uchun Moki binoning asosiy kompyuteriga
ulanib xavfsizlik tizimini qoʻlga oladi. Barcha kuzatuv
kameralarini ishdan chiqarish kerak. Binoga esa siz aytgan
janubiy darvozadan emas, mana bu yerosti quvurlaridan
sezdirmay kiramiz.
Shu vaqt chizmalarni oʻrganib chiqqan Margol ham
Ahmadga qoʻshildi:
– Binoni shamollatib turadigan havo quvurlari orqali
lift shaxtasiga oʻtib olamiz. Liftning ichida koʻtarilish
xavfli, shuning uchun lift tomiga chiqib olib, 91-qavatga
91
koʻtarilamiz. Ammo shu yerda qoʻriqchilardan birma-bir
xalos boʻlish kerak.
– Qurol bilan shovqin koʻtarish ham notoʻgʻri. Mana bu
elektr-falaj quroli bilan ularni falaj qilib qoʻysak, kifoya, –
deya qurolini koʻrsatdi Ahmad.
– Qoyil, sizlarni noyob fazogir desak, tengsiz qaroqchi
chiqib qoldingiz-ku, xa-xa-xa... – hazil qildi sarkarda.
Xullas, Ahmad va Margolning rejasi eng maʼqul va
xavfsiz deb topildi. Qutqaruvchilar 10 daqiqa yayov
yurishganidan soʻng balandligi Toshkent teleminorasidek
keladigan osmonoʻpar qamoqxona yaqiniga yetib kelishdi.
Bino hovlisi katta mayoqlar bilan yoritilar, uning har
bir qarich joyida qoʻriqchilar va robotlar kezib yurardi.
Qahramonlarimiz shu joydan yerosti quvuriga tushib,
binoga qarab yoʻl olishdi. Bu vaqtda Moki markaziy
kompyuterga ulanib, himoya tizimini ishdan chiqardi.
Qoʻriqchilar eʼtiborini tortmaslik uchun kuzatuv
kameralarini oʻchirmadi, ammo bir xil tasvir aylanib
turadigan qilib qoʻydi. Bundan foydalangan qutqaruvchilar
binoga osongina, sezdirmay kirib olishdi. Soʻng havo
quvuri orqali lift shaxtasiga oʻtishdi va liftning tomidan
joy olishdi. Moki esa yana kompyuterga ulanib liftni
harakatlantirdi. Ular bir zumda kerakli joyga koʻtarilib,
yana havo quvurlari orqali butun qavat boʻylab tarqalib
ketishdi.
Miksning mohir askarlari bino qoʻriqchilarini birma-
bir falaj qila boshladi. Margol, Ahmad va Mokiga esa
qoʻmondon turgan kamera eshigini buzish vazifasi
yuklatildi. Koʻrinishidan bank seyfining eshigiga oʻxshab
ketadigan kamera eshigi juda ham katta, boz ustiga, zirhli
edi.
– Eshik qulfi mexanik ekan. Eshikni faqat qoʻl bilan
ochish mumkin, – dedi Moki.
92
– Bunga qancha vaqt ketadi?
– Bilmadim, balki, 2 daqiqa, balki, 30 daqiqa... Axir, bu
kompyuter emas...
– Nima boʻlsa ham tezroq harakat qil. – Margol shunday
deb atrofni kuzatib turish uchun eshikdan uzoqlashdi.
Moki bor imkoniyatini ishga solib qulfni buzishga
kirishib ketdi. U oldiniga eshikning har joyini chertib koʻrdi.
Keyin bir joyga kelganida oʻsha joyni 3-4-marta qayta
chertdi. Eshikdan chiqayotgan ovozdan bir nimani sezgan
Moki shu joyni belgilab, chap qoʻlidan burgʻilab teshadigan
qurilmani chiqardi. Sekin-asta juda ham mustahkam poʻlat
eshik da kichkina teshikcha hosil boʻla boshladi. Ammo
oradan 5-6 daqiqa oʻtar-oʻtmas uzoqdan oʻq ovozlari
eshitildi. Zum oʻtmay binoda xavfdan ogohlantiruvchi
tovush ham yangray boshladi...
– Boʻla qolinglar, ular sezib qolishdi, – dedi halloslagancha
yugurib kelgan Miks sarkardasi. Uning butun tanasi qonga
botgan, aftidan, yelkasidan yaralangan edi.
– Hozir, hozir, juda oz qoldi, – dedi Moki uzun simga
oʻxshash qurilmani yaqindagina oʻzi ochgan teshikchaga
tiqarkan.
Shovqin-suron kuchayib, oʻq tovushlari borgan sari
yaqinlashib kelardi. Shu paytda Margol ham chopib keldi.
– Boʻldi, hammasi tamom, barcha qoʻriqchilar biz
tarafga koʻtarilishyapti...
Moki esa bu gap-soʻzlarga parvo qilmas, oʻzining eng
yoqimli ishini qilayotganday bamaylixotir ishlardi. Buni
koʻrib Miks sarkardasining jahli chiqdi.
– Nega imillaysan? – oʻshqirdi sarkarda.
– Unga baqirmang, – tez eʼtiroz bildirdi Ahmad. – U
droid – siz va men kabi hayajonlanishni bilmaydi. Shundoq
ham bor tezligida harakat qilyapti.
– Mana boʻldi! – Moki qulfni buzib boʻlgan edi.
93
Hammalari birgalashib ulkan eshikni arang ochib
olishdi. Ichkaridagi kichkinagina xonada oʻtirgan Dordon
oʻz sarkardasini koʻrgach hammasini tushunib yetdi.
– Qoʻmondon, tezroq chiqing, shoshilmasak boʻlmaydi,
– dedi miks sarkardasi Dordonga qoʻlini choʻzib.
Ularning yoniga miksning boshqa askarlari ham yetib
kelishdi. Ayrimlarining jiddiy jarohati bor edi. Soʻng
hammalari devordagi tuynuk orqali birma-bir havo quvuriga
kira boshladilar. Ular endi lift tomiga yetib kelishganida
Ahmad sarosima bilan yon atrofiga qaray boshladi.
– Shoshmanglar, Moki qani?!
Moki ularning orasida yoʻq edi. Boshqalar havo quvuriga
kirayotganda uning qoʻliga ulangan simsimon qurilma qulf
teshigidan chiqmay qolgandi.
Ahmad ratsiya orqali droidni chaqira boshladi: “Moki,
aloqaga chiq, meni eshityapsanmi?”. Lekin droiddan hech
qanday javob kelmadi.
– U qolib ketibdi, hoziroq ortga qaytishimiz kerak, –
dedi Ahmad havo quvuriga qaytib kirmoqchi boʻlib.
– Yoʻq, bitta droidni deb hayotingni xavfga
qoʻyolmayman, – sarkarda Ahmadning qoʻlidan mahkam
tutib oldi.
– Qoʻyib yuboring!
– Axir, u oddiy temir qurilma-ku, nega tushunmaysan?
– Aslo! U boʻlmasa, hozir liftni ham joyidan qoʻzgʻata
olmaymiz, – endi Margol ham eʼtiroz bildira boshladi.
Bu gap Miks sarkardasini oʻylantirib qoʻydi.
Chindan ham shu tobda Mokidan boshqa hech kim lift
kompyuteriga ulana olmasdi. Ammo shu payt lift yurib
ketdi. Ahmadning ratsiyasidan esa Mokining ovozi kela
boshladi: “Ahmad, sizlar boraveringlar, men boshqa yoʻl
bilan pastga tushishga harakat qilyapman. Kema yonida
koʻrishamiz”.
94
Mokining ovozini eshitgan Ahmadning koʻzlariga yosh
keldi. Chunki Moki uning chin doʻstiga aylanib qolgandi.
Mana, hozir ham Moki oʻzi yolgʻiz qolib ketganiga
qaramay, doʻstlarini unutib qoʻymadi. Ularning joniga ora
kirib, liftni yurgizib berdi.
– Seni tushundik, oʻzingni ehtiyot qili, droid doʻstim!
Qutqaruvchilar kelgan yoʻllari bilan tashqariga chiqib
olishganida qamoqxona qoʻriqchilari uzoqdan ularni
sezib qolishdi. Yana hamma qoʻriqchilar bir boʻlib
qahramonlarimiz ortidan quva boshlashdi. Chopagʻon
Margol Ahmadni dast koʻtargancha oldi-orqasiga qaramay
qochib qoldi. Miksliklar ham ularga qoʻshilib yugurishdi.
“Koʻkkezar”ga birinchi boʻlib yetib kelgan Ahmad va
Margol ratsiya orqali Mokini chaqira boshladilar: “Moki...
Moki, qayerdasan?” Ammo Mokidan hech qanday xabar
kelmadi. Bu orada miksliklar ham yetib kelishdi va zudlik
bilan fazoga koʻtarilishni talab qilishdi. Droid doʻstining
yetib kelishiga qattiq ishongan Ahmad esa qarshilik qilib
turib oldi:
– Yoʻq, hech qachon!
– Nega tushunmaysan, hozir uchmasak oʻsha Mokiga
qoʻshilib hammamiz halok boʻlamiz. Qara, qoʻriqchilar
hademay kelib qolishadi.
Chindan ham qoʻriqchilar juda yaqinlashib qolishgandi.
Ular katta oʻqotar qurollarini “Koʻkkezar” tomonga qaratib
oʻq uzishga tayyorgarlik koʻrishardi.
Miks sarkardasi hech narsaga qaramay Ahmadni
koʻtarib kema ichiga olib kirdi. Vaziyatni tushunib turgan
Margol ham bu safar qarshilik koʻrsata olmadi. Bu orada
bir nechta lazer oʻqlar “Koʻkkezar”ning shundoqqina
yonidan oʻtib ketdi. Xayriyatki, nishonga notoʻgʻri olishdi
deb oʻyladi Margol. Endi Ahmadning boshqa iloji qolmadi.
U yum-yum yigʻlagancha boshqaruv rulini qoʻliga oldi va
95
“start” tugmasini bosdi. “Koʻkkezar” osmonga koʻtarila
boshladi.
– Xayr, doʻstim. Bizni kechir! – pichirladi Ahmad.
Qamoqxona qoʻriqchilari yanada yaqinroqqa kelib endi
oʻq uzmoqchi boʻlib turishganida “Koʻkkezar” yashin
tezligida fazoga koʻtarilib koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Ahmad yoʻl boʻyi oʻzini kechira olmay yigʻlab
keldi. Margol esa uni yupatishga urinar, Mokiga hech
narsa qilmasligini, qoʻriqchilar uchun bunday droidlar
ahamiyatsiz ekanini tushuntirmoqchi boʻlardi.
– Bilasanmi, Salmirga yetib borsak oʻzimning eng aqlli
droidimni senga sovgʻa qilaman, – dedi Margol xuddi yosh
bolani ovutganday.
Albatta, bu Ahmadga yoqmadi:
– U bir oʻyinchoq emas, mening doʻstim edi!
– Tushunaman, lekin na iloj... – shu tobda Ahmadni
yupatishning sira iloji yoʻqligini his qilgan Margol yelkasini
qisgancha joyiga oʻtirdi. Ular soatlar davomida churq etmay
yoʻlda davom etishdi.
– Ahmad, neytron yulduzga yetib qoldik, – kutilmaganda
ratsiyadan kelgan bu tovush Mokiniki edi.
– Moki, senmisan?! – Ahmadning koʻzlari chaqnab
ketdi. U nima boʻlayotganini tushunmay qoldi.
– Ha, menman, – javob berdi Moki juda xotirjam ohangda.
– Axir, qanday qilib, ratsiyalar buncha uzoq masofadan
bir-biriga ulanmaydi-ku!
– Yoʻq, men shundoqqina tepangizdaman, kemaning
ustida.
Bu kutilmagan voqea Ahmad bilan Margolni juda
quvontirib yubordi.
– Sizlar xavotir olmay yoʻlda davom etavering. Axir
men temirdan yasalganman, kislorod ham kerak emas.
Kemaning tashi ham, ichi ham men uchun bir xil...
96
– Qiziqmisan, Moki, nega shuncha vaqtgacha hech nima
demading? – hayron boʻldi Ahmad.
– Axir, mendan hech narsa soʻramadingiz-ku, – yana
xotirjam ohangda javob berdi Moki.
Shundan soʻng Moki ularga boʻlib oʻtgan voqeani
soʻzlab berdi. Qamoqxonaning hamma qoʻriqchilari
ularning ortidan quvib ketganida bino deyarli huvullab
qoladi. Moki esa bemalol lift orqali tushib, asosiy darvoza
bilan binodan chiqadi va jajji gʻildiraklarini ishga solib
shitob bilan kemaga yura boshlaydi. U “Koʻkkezar” endi
koʻtarilayotgan vaqtda yetib kelgan va qoʻlidan chiqarilgan
uzun sim arqon yordamida kemaga ilashib olgan. Soʻng
qoʻl-oyoqlaridagi kuchli magnitlar yordamida kema sirtiga
mahkam yopishib olgan ekan.
“Koʻkkezar” Yondosh olamdagi boshqa bir neytron
yulduzidan foydalanib oʻzimizning olamga oʻtib oladi,
soʻng toʻgʻri Miksga qarab uchadi.
Qahramonlarni Miksda tantanali kutib olishdi. Miksliklar
oʻzlarining xaloskorlarini qattiq olqishlashdi. Bizning
mohir fazogirlarimiz koʻrsatgan jasorat qoʻmondon Dordon
tomonidan munosib taqdirlandi va ularga vaʼda qilingan
xarita boʻlagi topshirildi. Bu xarita boʻlagini qoʻliga olgan
Ahmad oldiniga uning haqiqiy ekaniga ishongisi kelmadi.
Chunki u bir parcha charmsimon qora mato edi. Unda hech
qanday surat yoki belgilar ham yoʻq. Lekin Moki xarita
boʻlagini tekshirib uning asl nusxa ekanini tasdiqladi.
Shundan soʻng Dordon qahramonlarimizga yaqinroq
kelib dedi:
– Sizlar mening xalqimga juda katta yordam berdingiz.
Garchi shartga koʻra faqat xarita boʻlagini berishimiz kerak
boʻlsa ham, men buni kam deb hisoblayman. Shuning uchun
qachondir bizdan biror yordam kerak boʻlib qolsa, tortinmay
soʻrang. Miks qoʻshini yordamga tayyor! – dedi Dordon.
97
Shundan keyin bizning qahramonlarimiz miks
olimlaridan Koinot muzeyiga olib boradigan yoʻlni
soʻrab olishdi. Keyin hamma bilan xayrlashib yana yoʻlga
otlanishdi.
Dostları ilə paylaş: |