79
– Kemada kimlar bor edi, aniqladingmi? – soʻradi
general.
– Bizdagi uskunalar kemadagi ikki kishi va bir droidni
aniqladi. Ikki kishining biri odam ekani aniq.
–
Nima-nima, odam dedingmi?
– Ha, uskunalarimiz odamning DNKsini aniqladi.
– Jin ursin! Odamlarning bu mashmashaga qanday
aloqasi bor ekan-a? Eh, borgan sari kalavaning uchi
chigallashib ketyapti!
– General, ular koʻzdan gʻoyib boʻlgandan soʻng kema
oʻz ortidan gʻalati, yorugʻ bir iz qoldirdi. Changgami,
tumangami oʻxshab ketadigan iz nuri uch-toʻrt
daqiqa
fazoda muallaq turib qoldi.
– Xoʻsh?!
– Biz izni tekshirib kema uchgan yoʻnalishni aniqladik.
Taxminimizcha, ular Al-Toyir yulduzi tomonga uchishdi.
– Tushunarli. Sen ortga qaytaver, endi bu shaldiroq
kemang bilan ularga yetib boʻpsan, – deb general aloqani
uzdi.
Endi Obma sodir boʻlayotgan voqealarni yaxshilab
oʻylashi, tahlil etishi va eng toʻgʻri
qarorni qabul qilishi
kerak. Hammasidan ham bu ishlarga odam bolasining
aralashib qolganidan u hayratda edi. Chunki odamlar shu
choqqacha galaktika ishlariga aralashmagan, hatto oʻzlariga
eng yaqin boʻlgan sayyoralarga ham borishmagan. Aslida,
buning uchun odamda imkoniyat ham yoʻq. Shu sababli
ular bilan hech kimning ishi ham boʻlmaydi. Odamlarda
qandaydir ulugʻvor bir qudrat borligi sabab galaktikaning
biror qavmi ularga zarar yetkazishga jurʼat etmaydi.
Lekin nega endi dabdurustdan
galaktikadagi favqulodda
bir voqeaga odam aralashib yuribdi?.. Shular haqida
oʻylarkan, Obmaning xayolini yana bir fikr egallab oldi:
“Galaktikada oʻzi nimalar boʻlyapti? Shuncha umr koʻrib
80
bunaqa kema haqida eshitmagan ekanman. Yoki bu oʻzga
galaktikaliklar kemasimikan? Nahotki, oʻzga galaktikalarda
ham hayot boʻlsa?!” Obma shu kabi oʻylar bilan bir muddat
chalgʻib qoldi. Soʻng ishongan sarkardasi Ragoni chaqirib
salmirliklarning yulduzlararo uchar kemasini safarga
hozirlashni buyurdi.
– Bugun yangi kemamizda birinchi marta safarga
chiqamiz. Manzil uzoq – Al-Toyir yulduzi. Ammo bizning
kema uchun bu ikki kunlik yoʻl. Qani, koʻraylikchi, oʻzi
galaktikada nima gap ekan?
Shu tariqa general Obma boshchiligidagi eng sara 20
nafar qaroqchi salmirliklardan olib qoʻyilgan kemada yoʻlga
chiqishdi. Yoʻl-yoʻlakay Obma
va Rago safar rejalarini
kelishib olishdi.
Qaroqchilar Al-Toyir yulduziga yaqinlashib, yulduz
tizimidagi sayyoralarga oʻzlarining josuslarini yubora
boshladilar. Bu josuslar osongina oʻz qiyofasini oʻzgartirib,
borgan sayyorasida yashaydigan mavjudotlarga oʻxshab
olishar edi. Ayyor josuslar
sayyoralardagi aholi gavjum
joylarga borib, ularning suhbatini tinglashar, bilmagan
kishiday savol berishar va koʻp narsani aniqlab olishardi.
Mana, hozir ham Zagun sayyorasiga yuborilgan josus
noyob fazo kemasiga ega “kelgindi”lar
ikki kun oldin
Maanen yulduzi tomonga uchib ketganini aniqlab qaytdi.
Bu xabarni olishi bilan Obma vaqtni boy bermay kema
yoʻnalishini Maanen yulduzi tomonga burdi.
– General, Maanen yulduz tizimida miksliklarning
tengsiz lashkari bor, ulardan ehtiyot boʻlishimiz kerak, –
dedi Rago.
– Bilaman, shuning uchun Miks sayyorasiga yaqin
bormaymiz. Oldin vaziyatni bilib kelish uchun eng yaxshi
josusni miksliklar qiyofasida sayyoraga yuboramiz. Balki,
shundan soʻng biror reja oʻylab toparmiz.