Elektr tokini hech kim ixtiro qilmagan. U shundoq ham
tabiatda mavjud. Masalan, chaqmoq chaqqanida juda
kuchli elektr toki vujudga keladi. Yana ayrim jonzotlar,
xususan, meduzalar oʻz tanasida elektr toki ishlab chiqarishi
mumkin.
Hozirda hayotimizni elektr tokisiz umuman tasavvur
qilib boʻlmaydi. Bu borada biz Volta, Faradey, Maksvell,
Amper kabi olimlardan minnatdor boʻlishimiz kerak.
Chunki mazkur olimlarning elektr toki borasida qilgan
kashfiyotlari tufayli insoniyat shu darajada rivojlanib ketdi.
Elektr toki oʻz atrofida magnit maydonini hosil qiladi.
Bunga kichik bir tajriba oʻtkazib oʻzingiz ham guvoh
boʻlishingiz mumkin. Buning uchun oʻtkir boʻlmagan
temir boʻlagini sochingizga yaxshilab ishqalaysiz, soʻng
uni mayda qogʻoz parchalariga yaqinlashtirasiz. Temir
qogʻoz parchalarini oʻziga tortib oladi. Chunki ishqalanish
natijasida temir tarkibidagi zarralar zaryadlanib qoladi.
Zaryadlangan zarralar esa boshqa zarralarni oʻziga
tortadi. Yana bir usul: simni gʻaltak kabi oʻrab, uning
ikki uchini batareykaga tegizsangiz, shunda simli gʻaltak
magnitga aylanib qoladi.
Ahmadning rejasiga koʻra ekipaj aʼzolari ochiq
kosmosga chiqib ishlashi kerak boʻladi. Shuning uchun
ular skafandrlarini kiyib birin-ketin “Koʻkkezar” bortiga
chiqa boshladilar. Avval Margol, keyin Moki, oxirida
esa Ahmad chiqdi. Ularning har biri maxsus arqon bilan
oʻzlarini “Koʻkkezar” bortiga boylab olishdi. “Koʻkkezar”
ichida gravitatsiyani meʼyorlashtiruvchi uskuna boʻlgani
uchun fazogirlar vaznsizlikni his qilmaydilar. Ammo ochiq
kosmosda ular uchib yurar edi. Ahmad uchun bu judayam
117
hayajonli jarayon edi, chunki u birinchi marta ochiq
kosmosga chiqqan edi.
– Koinotning haqiqiy chiroyini, mana, endi
koʻrayotgandayman, – dedi Ahmad vaznsizlik holatida
uchib yurarkan.
– Nimasini aytasan, kemamizning jajji oynalaridan
butun manzarani koʻrib boʻlmaydi.
– Qarang, tumanlikning oʻrtasidagi yulduz xuddi koʻzga
oʻxshab ketarkan...
Ular shu tarzda suhbatlashib burgʻilovchi qurilmani ishga
tushirdilar. Qidiruv ishlari uzoq vaqtga choʻzildi. Keyinroq
fazogirlar navbat tashkil qilishdi. Yaʼni ekipajning bir aʼzosi
ochiq fazoda qurilma bilan ishlaganda ikki fazogir dam olib
turadi. Bu esa ishning samaradorligini ancha oshirdi. Toʻrt
kun deganda qurilma noyob metallni aniqladi.
– Margol, Moki, tashqariga chiqinglar, qurilma nimanidir
aniqladi, – Ahmad uxlab yotgan hamrohlarini ratsiya orqali
chaqira boshladi.
Margol shosha-pisha skafandrlarni kiyib Moki bilan kema
bortiga chiqdi. Ular ham birma-bir qurilma koʻrsatayotgan
maʼlumotlarni tekshirib koʻrishdi. Haqiqatda bu noyob
metall edi. U yulduzning portlashidan soʻng hosil boʻladigan
metall parchalariga sira oʻxshamasdi.
– Ha, bu oʻsha qanot boʻlsa kerak, – Margol xursand
edi, – Ahmad, menimcha, ishning ikkinchi bosqichiga
oʻtishimiz kerak. Qani, magnitni yasaylik unda.
Fazogirlar shu zahoti ichkariga kirib kemadagi barcha
simlarni yigʻa boshladilar. Ular hozircha ishlatilmayotgan
qurilmalarning ichidagi simlarni chiqarib oldilar. Hatto
Moki ham oʻzining ichidagi ortiqcha simlarni chiqarib
berdi. Keyin Ahmad simni gʻaltak kabi oʻray boshladi.
‒ Gʻaltak qancha katta boʻlsa, magnit ham shuncha
kuchli boʻladi, – tushuntirdi u.
118
Shundan soʻng gʻaltakning bir uchi generatorning
musbat, yana bir uchi manfiy tarafiga ulandi. Gʻaltak
atrofida kuchli magnit maydoni hosil boʻlib, atrofdagi temir
qurilmalarni, hatto Mokini ham oʻziga tortib oldi.
Qoʻlbola magnit sinovdan oʻtganidan soʻng ular
yana kema bortiga chiqishdi. Burgʻilovchi qurilmaning
50 kilometrga choʻziladigan quvuri uchiga magnitni
mahkamlashdi. Soʻng quvurni yana tumanlik tomonga
choʻzishdi. Ammo aniqlangan metall olisda ekan,
magnitning quvvati uni tortib olishga yetmadi. Hamma
urinishlar zoye ketdi.
– Margol, tumanlikka yaqinroq bormasak boʻlmaydi.
Magnitning quvvati yetmayapti, – dedi Ahmad.
– Bundan ortiq yaqinlasholmaymiz. Qara, hatto shu
yerning oʻzi ham ancha xavfli-ku!
– Margol toʻgʻri gapiryapti – dedi Moki tumanlikka
razm solib. – Huv anavi tinimsiz chaqmoq chaqib turgan
hududni koʻryapsizmi? U yerda olmos yomgʻiri boʻlyapti.
Bitta olmos donasining kattaligi mening boshimday keladi.
Halokatga uchrashimiz uchun shu olmosning bittasi yetarli.
Biz izlayotgan metall esa aynan oʻsha hudud yaqinida.
– Ahmad, bilasan-ku, olmos eng qattiq tosh hisoblanadi.
U joyga yaqinlashish oʻlim bilan barobar.
***
Siz rivoyatlardagi qirgʻogʻi oltindan, oʻzani dur-u
yoqutdan boʻlgan daryolar haqida koʻp eshitgansiz,
toʻgʻrimi? Ammo bunday daryolarni odamzod hali oʻz
koʻzi bilan koʻrmagan. Shuning uchun ayrimlar bunday
rivoyatlarga ishonmaydi. Lekin yaqindagina AQSHdagi
Medison universiteti olimlari koinotdagi ayrim sayyoralarda
olmosli daryo va ummonlar borligini aniqlashdi. Masalan,
Yupiter ana shunday sayyoralar sirasiga kiradi.
119
Oldingi boblarda Yupiter haqida maʼlumot bergan edik.
Yupiter gaz sayyorasi boʻlib, uning sirti qattiq jismlardan
emas, balki vodorod, geliy, metan kabi gazlardan tashkil
topgan. Sayyoraning quyuq gazli atmosferasida esa tinimsiz
chaqmoq chaqib turadi. Bu chaqmoq koʻrinishidan Yerdagi
chaqmoqlarga oʻxshaydi, lekin bir necha oʻn barobar
kuchliroq chaqnaydi.
Chaqmoq tufayli Yupiter atmosferasida oʻta yuqori
harorat yuzaga keladi. Natijada quyuq gazli bulutlarda
yomgʻir tomchilari oʻrniga kristallar hosil boʻladi. Bu
aynan sizu biz bilgan olmos kristallining ayni oʻzidir.
Boshqacha aytganda, vodorod, geliy, metan va boshqa
turdagi gazlarning favqulodda kuchli haroratda qizdirilishi
uglerod moddasini, yaʼni olmosni hosil qiladi. Soʻng
olmos “yomgʻiri” gazdan ogʻir boʻlgani uchun pastga –
Yupiterning yadrosiga “yogʻa” boshlaydi. Ammo yadro
juda-juda issiq. Olmoslar bunday haroratga dosh berolmay
erib ketadi. Suyuq olmoslar esa daryo va dengizlarni hosil
qiladi.
Qumsoat tumanligi ham biz yuqorida sanab oʻtgan
gazlardan xoli emasligini hisobga olsak, u yerda ham olmos
yomgʻirlari kuzatilishi mumkin.
Olmos yomgʻiri har qancha xavfli boʻlmasin, shu tobda
Margol ham, Ahmad va Moki ham oldilarida boshqa yoʻl
yoʻqligini yaxshi bilishar edi. Maqsadga yetishlari uchun
“Koʻkkezar” imkon qadar olmos yomgʻiriga yaqin borishi
shart. Balki, oʻshanda fazogirlarning omadi kelib, metallni
tortib olishning imkoni tugʻilar. Qahramonlarimiz shu
umid bilan turgan joylaridan qoʻzgʻalib, tumanlikka yanada
yaqin borishdi. Ular olmos kuchli yogʻayotgan hududdan
sal uzoqroqda toʻxtashdi. Bu joyda tarvuzday keladigan
olmoslar onda-sonda qulab turgani uchun “Koʻkkezar”
120
ularga chap berishni uddalay oladi.
– Endi bu yerdan bir metr ham qoʻzgʻala olmaymiz, –
Moki kema rulini tutib olgancha olmos boʻlaklariga chap
berishga urinardi.
– Boʻldi, qani, ishga kirishaylik, Ahmad, biz sen bilan
tashqariga chiqamiz. Moki esa kemani boshqarib turadi, –
Margol skafandrni kiyishni boshladi.
Ular ochiq fazoning eng xavfli sharoitida ishlashni
boshlashdi. Avvaliga bu urinishlar hech qanday natija
bermadi. Ammo oʻn daqiqadan keyin qurilma noyob
metallning sekin-asta yaqinlashib kelayotganini koʻrsatdi.
Koʻp oʻtmay metall butunlay magnitga yopishdi.
– Qoyil, Ahmad, biz uddaladik, doʻstim, koʻryapsanmi?!
– Margolning sevinchi ichiga sigʻmay ketdi.
– Moki, vaqt ziq, sen kemani ortga buraver. Biz esa
yoʻl-yoʻlakay kemaning ichiga kirib olamiz, – dedi Ahmad
burgʻilovchi qurilmaning quvurini yigʻishtirib olarkan.
“Koʻkkezar” xavfsiz joyga kelib toʻxtadi. Bu vaqtga
kelib 50 kilometrga choʻzilgan quvur ham yigʻilib qoldi.
– Ana-ana! Bu haqiqatda Duraduning qanoti ekan! –
qich qirdi Margol yaqinlashib qolgan metall parchasini
koʻrsatib.
Ha, bu chindan ham qadimiy kemaning dum tomonidagi
qanoti edi. Koʻrinishidan avtomobilning eshigiga oʻxshab
ketadigan qanot boʻlagi tilla rangda boʻlib, ayrim joylariga
naqsh tushirilgan, yana ayrim joylariga meriya alifbosida
bir nimalar yozilgan edi. Fazogirlar qanotni kemaga ortib
tezlik bilan Koinot muzeyi tomon otlanishdi. Yoʻlda esa
Margol va Ahmad yana uyqu eliksirini ichib uzoq muddatli
uyquga ketishdi.
|