114
va portlab ketadi. Hozirgi tumanlik shu portlashning
asoratidir. Yana ming yillar oʻtib bu tumanlik ham tarqab,
fazoda faqat mitti oq yulduzning oʻzi qoladi.
“Koʻkkezar” Qumsoat tumanligiga yetib borish uchun
bir oyga yaqin uchdi. Fazogirlar yoʻl davomida ancha
zerikib ham qolishdi. Chunki yoʻl
davomida kema faqat
gravitatsiya toʻlqini boʻylab yuradi. Bu toʻlqinning ichi esa
xuddi tunnelga oʻxshaydi – atrofda hech vaqo koʻrinmaydi.
Lekin ularga salmirliklarning uyqu eliksiri juda asqatdi.
Bu eliksir koinotda uzoq safar qiladiganlar uchun maxsus
yaratilgan boʻlib, uni ichgan odam bir necha haftaga uxlab
qoladi. Mana, hozir ham uyquchi fazogirlarimizni yoʻl
boʻyi faqat bir nuqtaga qarab kelgan Moki uygʻotdi. Sababi,
ularning kemasi allaqachon Qumsoatga yetib kelgan edi.
Tumanlikning ichiga kirish haqiqatda juda xavfli. Chunki
u vodorod, geliy kabi gazlarning quyuq bulutlaridan tashkil
topgan. Bu gaz bulutlarining tubida juda kuchli kimyoviy
jarayonlar sodir boʻladi. Yaʼni vodorod atomining yadrolari
oʻzaro urishib, geliy gazini hosil qiladi. Mazkur jarayonda
juda katta energiya ajralib chiqib, xuddi atom bombasi
portlaganday boʻladi. Bundan tashqari, fazoviy chang ham
turli hajmdagi metall va tosh boʻlaklaridan iborat. Ular
kemaga urilib uni chil-parchin qilib yuborishi mumkin.
Shuning uchun “Koʻkkezar” ekipaji, mana bir kun oʻtsa
ham, aniq reja tuza olmay tang holatda. Bu xavfli vaziyatda
nima qilishni bilmay boshi berk koʻchaga kirib qolishgan.
– Menimcha, tumanlik ichiga kira olmaymiz. Bu mening
oxirgi xulosam, – dedi Margol qatʼiy ohangda.
– Tumanlikka kirmasdan
qanday qilib qanotni olib
chiqamiz?!
Ayni shu savol hammaning boshini ogʻritayotgan edi.
Hatto Moki ham bu savollardan charchagan, shekilli, oxiri
oʻzini oʻzi uxlatib, yaʼni oʻchirib qoʻydi.
115
– Margol, menda bir zoʻr gʻoya bor! – Ahmad
oʻrnidan sakrab turdi. – Burgʻilovchi qurilmangiz necha
kilometrgacha chuqur qazir edi?
– 50 kilometrgacha.
– Oʻsha qurilma yer qazishning oʻrniga oʻz quvurini
fazoda muallaq choʻza oladimi?
–
Bu qaytaga osonroq-ku, lekin nima naf?
– Duraduning qanoti – noyob metall. Yaʼni metall
tarkibidagi atomlar murakkab tuzilmaga ega. Sizning
burgʻilovchi
qurilmangiz ham N
2
G, yaʼni oʻta murakkab
atom tuzilmali moddani qidiradi. Demak, oʻsha burgʻilovchi
qurilmaning maxsus uskunalari metallarni bir-biridan
farqlay oladi. Aytmoqchimanki,
qurilma tumanlikdagi
turli-tuman metall boʻlaklari ichidan biz uchun keraklisini
topib, qayerda joylashganini koʻrsatib beradi. Buning
uchun tumanlikka imkon qadar yaqinlashib, burgʻilovchi
qurilmaning quvurini 50 kilometrga choʻzamiz. Agar shu
hududda noyob metall aniqlansa, demak, u biz izlayotgan
qanot boʻlib chiqadi.
– Aqlingga qoyil! – Margol oʻzida yoʻq xursand boʻlib
ketdi, ammo birdan yana oʻylanib qoldi. – Qanotni aniqladik
ham deylik, biroq uni qanday olib chiqamiz?
– Juda kuchli magnit yordamida! – javob berdi Ahmad
koʻrsatkich barmogʻi bilan taʼkidlab.
– Axir bizning kemada unday magnit yoʻq-ku.
– Margol, shu yerda fizikadan olgan bilimlarimiz bizga
qoʻl keladi. Kemada magnit boʻlmasa ham, abadiy energiya
generatori
va yetarlicha sim bor, shundaymi?! Bundan
tashqari, siz elektr toki magnit maydonini hosil qilishini
ham bilsangiz kerak?
– Ahmad, sening aqlingga yana bir bor qoyil qoldim!
Juda toʻgʻri, bu reja albatta amalga oshadi!