II.4. TASMASIMON ChUVALChANGLAR (SESTODA) SINFI Tasmasimon chuvalchanglar voyaga yetgan davrida umurtqali hayvonlar va odam ichagida parazitlik qiladi. Ularning lichinkasi umurtqasiz va umurtqali hayvonlar tanabo‘shlig‘i va ichki organlarida parazitlik qiladi.
Tuzilishi. Tanasi ko‘pincha uzun tasmasimon bo‘lib, ko‘p sonli bo‘g‘imlar proglotidlarga bo‘lingan. Tanasining oldingi qismi kichik boshcha - skoleksni hosil qiladi. Tananing skoleksdan keyingi bo‘g‘imlarga bo‘linmagan qismi bo‘yin deyiladi, undan keyinda esa proglottidlar joylashgan.
4-rasm. Qoramol tasmasimon chuvalchangi: A – boshchasi; B – germafrodit bo‘g‘im; D -uxumga to‘lgan bo‘g‘im: 1 – so‘rg‘ich; 2 – bo‘yin; 3 – bachadon; 4 – tuxumdon; 5 – urug‘donlar
Tasmasimon chuvalchanglar boshchasida yopishuv organlari bo‘ladi. Yopishuv organi monogeneyalarnikiga o‘xshash so‘rg‘ichlar tipida yoki ikkita tirqishsimon chuqurchadan iborat bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik tasmasimon chuvalchanglar boshchasining uchida har xil shakldagi ilmoqchalar ham bo‘ladi. Ba’zi turlarida ilmoqchalar xartumda joylashgan bo ‘ladi. Ba’zan xartum to‘rtta bo‘lib, juda ko‘p ilmoqlar bilan ta’minlangan.
Proglottidlar uchtadan bir necha mingtagacha bo‘ladi. Oldingi, ya’ni tanasining bo‘yindan keyingi qismida joylashgan proglottidlar juda mayda yosh proglottidlardan iborat. Chuvalchang bo‘yin qismidan yangi proglottidlar hosil qilib o‘sadi. Proglottidlar tananing keyingi qismiga siljigan sayin o‘sib, yiriklashaboradi. Tasmasimon chuvalchanglarning ana shunday judako‘pbo‘g‘imlardan iborat tanasi zanjir, ya’ni strobila (ssifoid meduzalarning ssifistomalari strobilasiga o‘xshashligi uchun) deyiladi.Tasmasimon chuvalchanglar tanasining uzunligi lmm dan 10 mm gacha bo‘ladi.
Tasmasimon chuvalchanglar teri-muskul xaltasi, tana qoplag‘ichi va tegumentining tuzilishi kiprikli chuvalchanglar va monogeneyalarga o‘xshash bo‘ladi. Ulardan sitoplazmatik qoplam yuzasida juda ko‘p o‘simtalar (mikrotrixiyalar) bo‘lishi bilan farq qiladi. Faqat elektron mik-roskopdako‘rinadigan mikrotrixlar oziqlanish vazifasini bajaradi. Bazal membrana ostida tashqi halqa muskullar va ichki bo‘ylama muskullar joylashgan. Ko‘pincha bu ikki qavatga uchinchi halqa muskullar qavati va orqa - qorin muskul qavati ham qo‘shiladi. Chuvalchanglar parenximasida zaxira modda glikogen to‘planadi.
Tasmasimon chuvalchanglar hazm qilish sistemasi reduksiyaga uchragan. Ular ichak bo‘shlig‘ida hazm bo‘ladigan oziq moddalarni butun tana yuzasi bilan so‘rib oladi. Mikrotrixlarga ega bo‘lgan tegument bunga yordam beradi.
Ayirish sistemasi protonefridiy tipidagi buyraklar tana bo‘ylab o‘tadigan ikkita ayirish naychalaridan iborat. Naychalar tananing keyingi qismidan boshlanadi; oldingi bosh qismiga yaqinlashgach, yana orqaga burilib, tanasining keyingi qismiga ketadi va u yerda tashqariga ochiladi. Tasmasimon chuvalchanglarda yon ayirish naylari o‘zaro ko‘ndalang naylar orqali qo‘shilganidan ayirish sistemasi narvon ko‘rinishga ega. Tananing keyingi tomonida ayirish naylari birlashib kichikroq qovuqni hosil qiladi. Tasmasimon chuvalchanglar tanasining keyingi yetilgan bo‘g‘imlari bilan birga qovuq ham uzilib tushadi; yangi qovuq hosil bo‘lmasdan yon naylar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanadan tashqariga ochiladi. Nerv sistemasi kuchsiz rivojlangan. Markaziy nerv sistemasi bir juft miya gangliylari va ulardan tana bo‘ylab orqaga ketadigan nerv tomirlaridan iborat. Nerv tomirlari ko‘ndalang nervlar bilan o‘zaro qo‘shilib, ortogon sistemasini hosil qiladi.Tananing ikki yonida joylashgan ikkita nerv tomirlari boshqalariga nisbatan kuchliroq rivojlangan. Nerv tomirlaridan tarqalgan tolalar teri ostida qalin nerv to‘rini hosil qiladi. Sezgi organlari tana yuzasida tarqoq joylashgan sezgir hujayralardan iborat. Bunday hujayralar skoleksda ayniqsa ko‘p bo‘ladi;
Jinsiy sistemasi germafrodit, so‘rg‘ichlilarnikiga o‘xshash tuzilgan.
Tasmasimon chuvalchanglarning har bir bo‘g‘imida jinsiy organlar takrorlanadi. Bo‘g‘imlarga bo‘linmagan tasmasimonlarning (Caryophyllaeus) jinsiy sistemasi bitta bo‘ladi. Quyida tanasi ko‘p bo‘g‘imlardan iborat bo‘lgan qoramol tasmasimon chuvalchangi (Taeniarhynchus saginatus) ning jinsiy sistemasini ko‘rib chiqamiz. Bo‘yindan keyin joylashgan yosh bo‘g‘imlarning jinsiy organlari rivojlanmagan. Bunday organlar tanasining o‘rta qismida, taxminan 200 segmentdan boshlab rivojlangan bo‘ladi. Bu bo‘g‘imlarda erkaklik jinsiy organlari parenximada sochilgan judako‘p urug‘donlar; ulardan boshlanadigan urug‘ chiqarish naylari va naychalar birlashib, hosil qiladigan umumiy urug‘ yo‘lidan iborat. Uryg‘ yo‘li bo‘g‘im chetida joylashgan kuyikish organi ichidan o‘tadi. Kuyikish organi muskulli naydan iborat bo‘lib, u yon tomondagi chuqurcha -jinsiy kloakaga kirib turadi.
Urg‘ochilik jinsiy organlari shoxlangan bitta tuxumdon va undan chiqadigan tuxum yo‘lidan iborat. Tuxum yo‘li ootipga ochiladi. Ootipga bo‘g‘imning keyingi qismida joylashgan to‘rga o‘xshash tuzilgan sariqdon yo‘li ham ochiladi. Ootipdan ikkita nay boshlanadi; ulardan biri jinsiy qinkloakaga ochiladi. Ootipdan oldinga yo‘nalgan ancha keng ikkinchi nayning uchi berk bo‘lib, bachadon deyiladi. Yetilgan tuxum va spermatozoidlar ootipga tushadi. Tuxum hujayra ana shu joyda urug‘lanib, qobiq bilan qoplanadi. Urug‘langan tuxumlar bachadonda to‘planadi. Bachadon to‘lgan sayin kengayib, bo‘g‘imning hamma qismini egallab oladi (qarang, 11-rasm). Pirovardida jinsiy sistemaning boshqa qismlari asta-sekin yo‘qolib boradi. Tuxum bilan to‘lgan "etilgan" bo‘g‘imlar chuvalchang tanasining keyingi qismidan bir nechtadan uzilib ichakka tushadi; u yerdan axlat bilan tashqariga chiqariladi. Tasmasimon chuvalchanglar juda serpusht bo‘ladi. Masalan, odam ingichka ichagida parazitlik qiladigan qoramol tasmasimon chuvalchangi o‘rtacha 18-20 yil yashaydi va har yili 600 mln gacha, umri davomida 11 mid ga yaqin tuxum qo‘yadi. Shunday qilib, tasmasimon chuvalchanglarning hamma bo‘g‘imlari o‘zining mustaqil jinsiy sistemasi (tuxumdon, urug‘don, tuxum va urug‘ yo‘llari, jinsiy kloaka) ga ega. Qoramol tasmasimon chuvalchangi kloakasi navbat bilan bo‘g‘imlarning goh o‘ng, goh chap chetiga ochiladi. Tasmasimon chuvalchanglar jinsiy sistemasi tuzilishi bir xilda bo‘lmaydi. Masalan, keng tasmasimon chuvalchang (Diphyllobothrium) bachadoni tananing bir tomonidan tashqariga ochiladi. Yetilgan tuxumlar esa xo‘jayini ichagiga tushadi. Qovoqsimon zanjirli (Dipylidium cammm) ning bo‘g‘imlarida jinsiy organlari juft-juft bo‘lib joylashadi.
Ko‘payishi va rivojlanishi. Tasmasimon chuvalchanglar har xil urug‘lanadi. Xo‘jayin ichagida bir necha chuvalchang bo‘lganida ular bir-birini urug‘lantiradi. Xo‘jayin ichagida faqat bitta chuvalchang bo‘lganida esa har xil bo‘g‘imlar bir-birini urug‘lantirishi, hatto bitta bo‘g‘im o‘zini o‘zi urug‘lantirishi mumkin.