Smola laklar. Sintetik smolalarni organik eritmalarda eritish yo‘li bilan moysiz sintetik laklar olinadi. Qurilishda eng ko‘p ishlatiladigan bunday laklardan biri mochevinaformaldegid va gliftal smolalardan olinadigan MЧ-26 yoki MЧ-52 markali laklardir. Ular juda qattiq, rangsiz, tiniq, yuqori haroratga va suvga chidamli, shuningdek, ishqalanishga mustahkam bo‘lgan parda hosil qilib qotadi. MЧ-26 va MЧ-52 markali laklar pollar yuzini qoplash va boshqa ishqalanishga ko‘p ishlatiladigan buyumlarni laklash uchun ishlatiladi.
Moyli bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan yuzalarni laklash uchun, ko‘pincha, XСЛ, СНИЛX-3 markali perxlorvinil
(ПХВ) laklari ishlatiladi. Ular ПХВ smolasini atseton, butila-atsetat-toluol va boshqa eritmalarda eritib, plastifikatorlar qo‘shib tayyorlanadi. ПХВ laklar suvga, atmosfera, ishqor va kislotalar ta’siriga hamda o‘tga chidamli bo‘ladi.
Gliftal smolasining og‘irligi bo‘yicha 33 qism eritmalar, etil spirti — 34 qism, atseton — 18 qism, benzol yoki toluol — 15 qism bilan suyultirib, gliftal laki tayyorlanadi. Eritmalarning uchib ketishi hisobiga va kislorod ta’siri natijasida yuzaga surtilgan lak qotadi va qattiq, suvga chidamli, yaltiroq parda hosil bo‘ladi. Gliftal lakdan bino ichida va ochiq havoda ishlatiladigan buyumlarni pardozlash uchun foydalaniladi. Bu lakning kamchiligi uning juda uzoq qurishidir.
Bulardan tashqari, qurilishda poliefir, novolak (etinol laki), epoksid, poliuretan, bakelit va shu singari smolalar asosida olinadigan laklar ham ko‘p ishlatiladi.
Bitumli yoki asfaltli laklar.Bitum va asfalt kabi qora organik bog‘lovchilarni benzin, kerosin, benzol va boshqa organik eritmalarda eritib, bitum laklari tayyorlanadi. Bitum laklari ishqor, kislota va suv ta’sirida buyumlarning chidamliligini oshirish uchun ishlatiladi.
Spirtli laklar — tabiiy va sun’iy smolalar og‘irligi hisobida 30-35% spirtda eritib tayyorlanadi. Ular sariq, ko‘k, havorang, jigarrang va boshqa tuslarda tayyorlanadi. Spirtli laklar olishda parda hosil qiluvchi smolalar sifatida kanifol, shellak, archa va beresta smolasi ishlatiladi. Eritma sifatida, ko‘pincha, 92—96% li etil spirti ishlatiladi.
Polituralar— laklar singari smolalarning juda kuchli etil spirtidagi eritmasi. Polituralarda smolalar miqdori 5—15% dan oshmaydi. Shellakli politura qurilishda eng yaxshisi hisoblanadi.
Nitrolaklar — nitro va etil selluloza laklar efirselluloza guruhiga kiruvchi smolalarni organik eritmalarda eritib olinadi. Rangli nitrolaklar tayyorlash uchun unga bo‘yoqlar ham qo‘shiladi. Nitrolakning sifatini oshirish maqsadida unga plastifikatorlar hamda tabiiy, sun’iy yoki sintetik smolalar (gliftal smola, efir yoki kanifol) qo‘shiladi.
Nitrolakka qo‘shiladigan plastifikatorlar sifatida kanakunjut moyi, dibutilftalat, eritmalar sifatida — atseton, metil spirti, atsetat va boshqalar, suyultirgichlar sifatida esa benzol, toluol, etil va butil spirtidan foydalaniladi. Nitrolaklar yog‘och buyumlarini laklash uchun ko‘p ishlatiladi. Ular yuzasida qattiq, mustahkam va yaltiroq parda hosil qilib qotadi. Qurilishda ishlatiladigan laklar karbamidkoloksilin smolasi asosida olingan (940, 754, 9-A, KK-25) НЦ-312 va mebelbop НЦ-315 M kabi markalarda chiqariladi.